Markaziy osiyo xalqlari tarixi


Download 0.9 Mb.
bet10/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

Bu harakat 1924 yilning oxirigacha hozirgi Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida davom etdi. Bu davrda xalqning og‘ir ahvoli yanada murakkablashdi. Buxoro mamlakati hududlaridagi qurolli harakat qizil armiya va bolsheviklarning tajovuzkorligi, zo‘ravonligi va talonchiligiga qarshi qaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Kurashchilarning asosiy maqsadi qizil qo‘shinlarni haydab yuborish, milliy qadriyatlar, asriy e'tiqod va urf-odatlarning poymol qilinishi, xo‘rlanishiga barham berish edi. Shu maqsadlar yo‘lida kurash olib borish uchun Buxoro respublikasi rahbarlaridan Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev, Muhiddin Maxsum Xo‘jaev, Ali Rizo Afandi, Abdulhamid Oripov, Qulmuhamedov va boshqalar qo‘zg‘olonchilar saflariga borib qo‘shildilar. Bir guruh harakat yo‘lboshchilari Buxoro respublikasi hukumatiga yo‘llagan maktublarida Buxoroda bolsheviklar bo‘lmasligi lozimiligini, «favqulodda komissiya orqali kambag‘al aholining mol-mulki va hayoti tortib olinganligini, bolsheviklar jabr va zulmni avj oldirib yuborganliklarini va Buxoroning mustaqilligi quruq so‘z bo‘lib qolganligini, haqiqatda undan darak yo‘q»ligini ta'kidlagan edilar.
Shu bilan birga, Buxoro hududida kurash olib borgan aksariyat qo‘rboshilarning qarashlarida ziddiyatli tomonlar ham mavjud bo‘lgan. Qo‘rboshilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, hamjihatlikning yo‘qligi, mamlakatni rivojlantirishning aniq dasturi yo‘qligi harakatni kuchsizlantirdi, uning kengayishiga halaqit berdi. Bundan tashqari, Buxorodagi harakatning Turkistondan, xususan, Farg‘ona vodiysidagi harakatdan farq qiladigan asosiy tomoni shundan iboratki, ular ikki jabhada turib kurash olib bordilar.
Bir guruh qo‘rboshilar (Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor va boshqalar) amirlik tuzumi tarafdorlari bo‘lib, ular faqat qizil armiyaga emas, yosh Buxoro hukumatiga ham qarshi kurash olib bordilar. Bu qo‘rboshilar amir hokimiyatini qayta tiklash g‘oyasini ilgari surib, sobiq amir Said Olimxondan yo‘l-yo‘riq olib turdilar. Lekin, amir hokimiyati o‘z vaqtida xalq noroziligini oshirgan, mamlakat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilgan edi.
Ikkinchi guruh qo‘rboshilar (Anvar Poshsho, Davlatmandbek, Jabborbek va boshqalar) muqaddas Buxoro tuprog‘idan qizil askarlarning chiqib ketishi, Buxoro respublikasi mustaqilligi amalda qaror topishi uchun kurashdilar. F.Xo‘jaev boshliq Buxoro Xalq Respublikasi hukumati ular bilan yashirin aloqa o‘rnatib, muzokara asosida tinchlik yo‘li bilan murosa qilishga intildi. Bolsheviklarning tazyiqidan norozi bo‘lgan Buxoro hukumati a'zolarining bir qanchasi muxolifat kuchlarga qo‘shilib ketdi.
Afsuski, F.Xo‘jaev boshchiligidagi Buxoro hukumati tarkibidagi milliy vatanparvar kuchlar (sobiq Yosh buxorolik jadidlar) bilan muxolifatdagi qurolli guruhlar yo‘lboshchilari o‘rtasida kelishuv amalga oshmadi. Bu totalitar rejim sharoitida amalga oshishi mumkin ham emas edi.
Xorazm vohasida bolsheviklar, qizil armiya kuchlariga qarshi qurolli kurash 1918 yil o‘rtalarida boshlanib ketgan edi. Tajovuzkor kuchlar Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To‘rtko‘l)ni Xiva xonligiga qarshi hujum bazasiga aylantira boshladilar. Chorjo‘ydan Amudaryo orqali harbiy kuchlar keltirildi.
Xorazmning o‘ng qirg‘oq hududi XIX asrning 70-yillarida podsho Rossiyasi tomonidan bosib olinib, harbiy istehkomga aylantirilgan edi. Xorazm sovet hokimiyatidan Petro-Aleksandrovskni qaytarib berishni talab qildi, ammo rad javobini oldi. Aksincha, qizil qo‘shinlar shu istehkomdan Xorazm vohasiga bostirib kirib, xon hokimiyatini ag‘darib tashlashda foydalandilar.
Xorazm respublikasida 1920 yil bahoridan boshlab misli ko‘rilmagan talonchilik va zo‘rliklarga qarshi ommaviy qurolli kurashlar boshlandi. Bunga, ayniqsa, 1920 yilda qizil askarlar tomonidan Urganch aholisi, ulamolari norozilik yig‘inining qonli bostirilishi, Qo‘chmamadxon boshchiligidagi turkman yigitlarining o‘ldirilishi, turkman aholisi ustiga jazo otryadlarining bostirib borishi, 1921 yil boshida Polvonniyoz Hoji Yusupov hukumatining fitna yo‘li bilan ag‘darilishi, begunoh kishilarning qamalishi, o‘ldirilishi, mol-mulkining talanishi sabab bo‘ldi.
Qurolli kurashni turkman yovmut urug‘ining boshlig‘i Qurbon-Mamed Sardor-Junaidxon (1857—1938) guruhlari boshlab, qator yillar davom ettirdi. Uning qo‘shini saflarida o‘zbek, qoraqalpoq va qozoqlar ham bor edi. O‘zbek dehqonlari va hunarmandlaridan iborat guruhlarga Madraimboy, Sa'dulla bola, Shokir bola, Mavlonbek va boshqalar rahbarlik qildilar. Xususan, Ko‘hna Urganch, Ilyali, Toshhovuz, Mang‘it, Qo‘shko‘pir, Chimboy, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘lda harakat qilgan o‘nlab guruhlar qizil askarlarga jiddiy zarba berdi. Junaidxon boshchiligidagi isyonchilar hujumga o‘tib, Ko‘hna Urganch, Xo‘jayli, Ilyali va Taxtani qayta egalladi, ko‘plab qizil askarlarni asir oldi. 1921 yil yozida Qo‘ng‘irotda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bunday ko‘tarilishlar tez-tez takrorlanib turdi. Rasmiy axborotlarda respublika hududida, qumlar orasida «bosmachilar sonining o‘sishi», ularning kuch to‘plab jangga kirganlari qayd etilgan. Qishloq va shaharlarning aholisi ularga xayrixohlik bildirgan. 1922-1923 yillarda olib borilgan jangovar harakatlar qizil armiya qo‘mondonligini tang ahvolga solibgina qolmay, balki respublikadagi siyosiy muhitga ham jiddiy ta'sir qildi.
Isyonchilar qatoriga mahalliy xalq vakillari, shuningdek Xorazm respublikasi hukumatining ayrim a'zolari qo‘shildilar. 1922 yil aprel oyida Porsu shahri va uning atrofi qizil askarlardan ozod qilindi. Ko‘hna Urganch atrofidagi qishloqlarda shiddatli janglar bo‘ldi. 1923 yil qishida Pitnak, Hazorasp, Bog‘ot, Xonqa tumanlarida dehqonlarning qo‘zg‘olonlari boshlanib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar sovet tashkilotlarini tugatdilar, qizil askarlarga qarshi hujumni kengaytirdilar. Harakatning shiddat bilan o‘sib borishiga xunrezlikning kuchayishi, 1923 yil yozidan aholi qator qatlamlariga nisbatan ko‘rilgan siyosiy-iqtisodiy tazyiq choralari, ko‘plab kishilarning bolsheviklar tomonidan qamoqqa olinishi va otib tashlanishi sabab bo‘ldi. Xorazmda ham qizil qo‘shinlar qo‘mondonlik buyrug‘i bilan qishloqlarni vayron qildilar, tinch aholini ayamasdan o‘ldirdilar. O‘zbeklar bilan turkmanlarni bir-biriga qarshi qo‘yish kuchaydi. Xorazm respublikasida sotsialistik tadbirlarning amalga oshirilishi respublika markazida ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. Xiva atrofida 1924 yil yanvarida 10-15 ming qo‘zg‘olonchi to‘planib, shaharni qamal qilish kabi jiddiy talablarni ilgari surishi voqyealarning cho‘qqisi bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilarning bir qismi shahar ichiga bostirib kirib, ko‘cha janglarini olib bordi. 26-yanvar kuni kechqurun bo‘lgan muhoraba janglari ayniqsa shiddatli kechdi. Qo‘zg‘olonchilar o‘z harakatlari davomida bir qator zo‘rliklar va g‘ayriinsoniy kirdikorlarning oldini olishga muvaffaq bo‘ldilar. Xiva atrofida to‘plangan g‘alayonchilarning qat'iy talabi natijasida gunohsiz qamalgan mahbuslar hibsdan ozod etildilar. Soliqlar va o‘lponlar masalasida ham ashaddiy adolatsizlikka, dehqonlarning mollari zo‘rlik bilan tortib olinishiga yo‘l qo‘ymadilar. Xorazmda qurolli kurashlar natijasida tajovuzkor qizil qo‘shinlarga qator jiddiy zarbalar berildi. Qo‘mondonlik yangidan-yangi harbiy qismlarni to‘plab, aeroplanlarni Xorazmga keltirib, isyonchilarga qarshi jangga tashladi. Ular orasida Rossiyadagi fuqarolar urushida qatnashgan, jangovar tajribaga ega bo‘linmalar, chunonchi, mashhur Budyonniy qo‘mondonligi ostidagi sara otliq qo‘shin ham bor edi.
Bolsheviklar, qizil armiya qo‘mondonligi, harakat rahbarlari bilan hyech qanday muzokaraga kirishmay, ularni faqat qurol kuchi bilan bostirish rejasiga amal qilib bordilar. Shuningdek, harbiy munofiqlik, aholidan o‘ch olishni ham keng qo‘lladilar. Respublikada «bosmachilikka qarshi kurash uchun «favqulodda uchlik» tuzilib (1922-yil oxiri), «bosmachilar» va ularga yordam berishda shubha qilingan yuzlab kishilar oliy jazoga hukm qilindilar va 24 soat ichida otib tashlandilar. Shuningdek, turkman qabilalari boshliqlari o‘rtasida kelishmovchilik va adovat keltirib chiqardilar, turkmanlar va o‘zbeklarni qarama-qarshi qo‘yishga urindilar. Respublikada turli millatlar o‘rtasida munosabatlar murakkablashib, jiddiy tus oldi. Ammo hiyla-nayranglar kutilgan natijani bermadi. Qurolli kuch asosiy vositaga aylandi. Chunonchi, Xiva atrofida bo‘lgan 1924 yil boshlaridagi qo‘zg‘olonni bostirish uchun 4-Aktyubinsk, 82-Turkiston otliq polki va aviaeskadrilya, To‘rtko‘ldan qo‘shimcha qizil askar qismlari tashlandi. Bu kuchlar tazyiqi ostida qo‘zg‘olonchilar Xiva qamalini to‘xtatib, chekinishga majbur bo‘ldilar. Aeroplanlardan qumlarga chekinganlarni shafqatsizlarcha o‘qqa tutdilar. Qo‘zg‘olonchilar ashaddiy qirg‘in qilindi. Xorazmda vatanparvarlar harakati ayrim guruhlar tomonidan 1935 yilgacha davom ettirildi. Buxoro, Xorazm respublikalari, umuman, Markaziy Osiyo hududidagi sovet hokimiyati va qizil armiyaga qarshi kurashlar tarixiga yakun yasar ekanmiz, ularni keng xalq ommasi, birinchi navbatda dehqonlar qahr-g‘azabi, noroziligining yuksak darajaga ko‘tarilganligi ifodasi, deb e'tirof etishimizga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston XKS raisi F.Xo‘jaev 1927 yilda bu harakatga baho berib, u «shiddatli siyosiy, sovetlarga qarshi xususiyat kasb etdi va butun Markaziy Osiyoning mavjud uch respublikasi — Buxoro, Turkiston va Xorazmdagi dehqonlar aholisining deyarli ommaviy harakatiga aylandi...», deb ta'kidladi.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling