Markaziy osiyo xalqlari tarixi


-mavzu. XX ASRNING 20-YILLARIDA MARKAZIY OSIYODA XO‘JALIK IQTISODIY VAZIYAT


Download 0.9 Mb.
bet18/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

6-mavzu. XX ASRNING 20-YILLARIDA MARKAZIY OSIYODA XO‘JALIK IQTISODIY VAZIYAT.


Reja:
1. «Harbiy kommunizm» siyosati va uning oqibatlari. Markaziy Osiyoda yangi iqtisodiy siyosat (YaIS)ning tatbiq etilishi.
2. Boy-quloq xo‘jaliklarning tugatilishi. Xo‘jalik hayotining izdan chiqishi.


Tayanch so‘z va iboralar: YaIS (NEP), kollektivlashtirish, boy-quloq xo‘jaliklar, quloq, agrar islohotlar, Qo‘shchi, dehqonlar, sovet hukumati, «harbiy kommunizm», VKP(b), xo‘jalikni tiklash, kooperatsiyalar, erkin savdo, ma'muriy buyruqbozlik tizimi.


S «Harbiy kommunizm» siyosati va uning oqibatlari. Markaziy Osiyoda yangi iqtisodiy siyosatning tatbiq etilishi.
J Turkiston o‘lkasining xalq xo‘jaligi Birinchi jahon urushi va oktyabr to‘ntarishi natijasida yuzaga kelgan umumiy vayronagarchilik va qahatchilik holatini boshidan kechirayotgan edi. 1917 yilda ekin ekiladigan maydonlar 1915 yildagi 3,5 mln desyatinadan 2,3 mln desyatinaga tushib qoldi. Qishloq xo‘jaligining tanazzuli 1917 yilgi hosilsizlik tufayli yanada keskinlashdi, bu vaqtda butun o‘lkada bor-yo‘g‘i 52 mln. pud g‘alla yig‘ib-terib olindi, holbuki, g‘allaga bo‘lgan ehtiyoj 111 mln. pudni tashkil etardi. Natijada ocharchilik boshlandi.
Vayronagarchilik sanoatni ham chetlab o‘tmadi. Sanoatning yetakchi tarmog‘i bo‘lgan paxta tozalash sanoatida ishlab chiqarish hajmi 1917 yilda 1915 yilga nisbatan 2 barobardan ko‘proq qisqardi. Sanoat ishlab chiqarishining kamayib ketishi va Rossiyadan sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelish tobora qisqarib borishi natijasida qimmatchilik to‘xtovsiz ortib bordi.
Bolsheviklar rejimining xususiy mulkchilikni yo‘qotishga, xo‘jalik hayotining barcha sohalarida ijtimoiy-davlat mulkchiligini avj oldirishga, xalq xo‘jaligiga rahbarlikni nihoyatda markazlashtirishga, shu bilan birga iqtisodiy usullar bilan emas, balki ma'muriy-buyruqbozlik usullari bilan ish yuritishga qaratilgan iqgisodiy siyosati ocharchilik va vayronagarchilikni yanada chuqurlashtirdi.
Turkistonning ekstremistik kayfiyatdagi rahbarlari bolsheviklar rejimining olib borayotgan iqtisodiy siyosatini Markazga qaraganda yanada keskinroq choralar va jadal sur'atlar bilan amalga oshirishga intildilar. 1917 yilning oxirlaridan e'tiboran o‘lkada ishlab chiqarish ustidan ishchi nazorati joriy qilina boshladi. 1918 yil mart oyiga kelib sanoat korxonalarining taxminan 10 %i ishchi nazorati bilan qamrab olindi. Bunday nazorat barcha korxonalarda yoki hyech bo‘lmaganda ulardan ko‘pchiligida o‘rnatilishini ham kutib o‘tirmay, Turkiston sovet huqumati sanoatning butun-butun tarmoqlarini natsionalizatsiya qilishga o‘tdi. 1918 yilning birinchi yarmida o‘lka sanoatining yetakchi tarmoqlaridagi korxonalar - paxta tozalash, yog‘-moy zavodlari, paxtaning mavjud barcha zahiralari, shuningdek, bosmaxonalar, banklar, temir yo‘llar, ko‘mir konlari, neft konlarining bir qismi, sanoatning boshqa tarmoqlaridagi ayrim korxonalar - umuman olganda 330 dan ortiq sanoat korxonasi davlat mulki qilib o‘tkazildi.
Natsionalizatsiya qilingan ana shu sanoat tarmoqlari (matbaachilik tarmog‘idan tashqari) Birinchi jahon urushiga qadar o‘lkadagi yalpi sanoat mahsulotining 80%idan ko‘prog‘ini berardi. Turkiston sanoatni natsionalizatsiya qilish sur'atlari bo‘yicha RSFSRning boshqa mintaqalaridan, shu jumladan, uning sanoat markazlaridan ancha ilgarilab ketgan edi. Natsionalizatsiya qilingan korxonalarning aksariyat ko‘pchiligi, ayniqsa, paxta tozalash korxonalari, bolsheviklar hukumati mulki bo‘lib o‘tgach, xom ashyo, mablag‘, ishchi kuchining yetishmasligi va ularga «yangi xo‘jayinlar»ning uquvsiz rahbarlik qilishi oqibatida umuman ishlamay qo‘ygan edi. Sovet organlarining paxtani qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarni natsionalizatsiya qilganligi faqat korxona egalarigagina emas, balki paxtakor dehqonlarga ham katta zarba bo‘ldi, natijada paxtaning narxi keskin pasayib ketdi, bu esa pirovard natijada chigit ekishning birmuncha qisqarib ketishiga olib keldi.
Ma'murlar sovetlarning II Butunrossiya s'ezdi (1917 y. oktyabr) qabul qilgan yer haqidagi dekretni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgiladilar, ularga muvofiq yerga bo‘lgan xususiy mulkchilik bekor qilindi, barcha mehnatkashlar ixtiyoriga o‘tkazilgan yerlardan qishloq axli teng asosda foydalana boshladi. 1917 yil 6 dekabrda o‘lka xalq komissarlari kengashi qabul qilgan qarorda bunday deyilgan edi: «Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan yerlardan tashqari, barcha yerlar darhol viloyat va uezd yer qo‘mitalari hisobiga o‘tkazilsin, bunday qo‘mitalar bo‘lmagan joylarda dehqon va musulmon deputatlari viloyat va uezd kengashlari ixtiyoriga berilsin, ular endi yer qo‘mitalarini tashkil etishga kirishmoqlari lozim». Ana shu direktiva asosida 1918 yil kuzida Sirdaryo viloyatida 51 ta, Samarqand viloyatida 50 ta, yettisuv viloyatida 25 ta yer qo‘mitalari tuzildi. Farg‘ona viloyatida ham bunday qo‘mitalarni tuzish boshlandi.
Yer qo‘mitalari o‘ziga to‘q dehqonlarning yerlarini hisobga olar edilar. Dehqonlar sovet ma'murlarining joylarda yer qo‘mitalarini tuzish-harakatini jiddiy qarshilik ko‘rsatish bilan kutib oldilar. Shu munosabat bilan sovetlarning IV o‘lka s'ezdida (1918 y. yanvar) yer ishlari xalq komissarligi vakili bunday degan edi: «er qo‘mitalarini tuzish oson ish emas. Bizning tashviqotchilarimiz hatto saylov bo‘ladigan joylarga ham bora olmadilar... Komissarlarimiz ketishga majbur bo‘ldilar, chunki hatto qurol bilan qarshilik ko‘rsatishga da'vatlar bo‘ldi». Ayni vaqtda yer qo‘mitalari tuzilishi bilan 1918 yilning birinchi yarmida bir necha o‘nlab podsho, pomeshchiklarga qarashli mol-mulklar va badavlat dehqonlarning yirik xo‘jaliklari natsionalizatsiya qilindi.
1918 yilning ikkinchi yarmidan e'tiboran bolsheviklar amalga oshirayotgan o‘zgarishlar Rossiyada avj olib ketgan fuqarolar urushi munosabati bilan yanada qat'iy va keng miqyosli xususiyatga ega bo‘ldi.
Bolsheviklarning to‘satdan hokimiyatni bosib olishi, mamlakat demokratik yo‘ldan rivojlanishining sun'iy ravishda to‘xtatilishi, bolsheviklar o‘rnatgan o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik, ma'muriy chora-tadbirlar bilan sotsializm qurish uchun boshlangan xalqqa qarshi tajriba xalqning bolshevistik rejimga nisbatan ommaviy noroziligini vujudga keltirdi. U pirovard natijada fuqarolar urushiga qo‘shilib ketdi, bu urushga ko‘p millionli rossiyaliklar va uning mustamlaka o‘lkalari ham jalb qilingan edi.
Bolsheviklar rejimiga qarshi kurash Turkistonni ham chetlab o‘tmadi. 1918 yil o‘rtalarida bu yerda Zakaspiy, Orenburg-Aktyubinsk va yettisuv frontlari tashkil etildi. Istiqlolchilik harakati Farg‘ona vodiysida avj olib ketdi. Natijada Turkiston Avtonom Respublikasi tayanchi bo‘lgan Markazdan uzilib qoldi. Bolsheviklar rejimining tang ahvoli, shu jumladan, Turkistonda ham jiddiy bo‘lib qolgan edi.
Bunday, g‘oyat murakkab vaziyatda Sovet hukumati harbiy chora-tadbirlar bilan bir qatorda favqulodda iqtisodiy chora-tadbirlar ham belgiladiki, ularning jamini bu rejim boshlig‘i Lenin keyinroq «harbiy kommunizm siyosati» deb atadi. Bu siyosat bir ko‘rinishda umumiy vayronagarchilik tufayli ochlik girdobiga tortilgan xalqni oziq-ovqat bilan keskin ta'minlashga qaratilgandek ko‘rinadi. Aslida esa bu siyosat shahar bilan qishloq o‘rtasida bozordan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot ayirboshlashga, lekin bu tadbir iqtisodiy va harbiy tarzdagi zo‘ravonlik bilan amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, ocharchilikka mubtalo xalqni emas, balki frontda inqilobni himoya qilayotgan qizil armiyani va mamlakat ichkarisida bolsheviklar rejimining bosh tayanchi va sovet hokimiyatining «xo‘jayini» bo‘lgan ishchilar sinfini oziq-ovqat bilan ta'minlashni maqsad qilib qo‘ygan edi. Shu bilan birga, «harbiy kommunizm» siyosati ayni vaqtda inqilobni harbiy yo‘l bilan himoya qilish va sotsializm qurish usuli sifatida bolsheviklar tomonidan o‘rtaga tashlangan siyosat edi. Mazkur siyosat natijasida jamiyatni boshqarishda, «inqilobiy» o‘zgarishlarni amalga oshirishda, istiqbolsiz va halokatli «shturmchilik» usuli, shuningdek, «kommunizm»ga birdaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita o‘tish, boshqaruvni qatiy markazlashtirish va tartibga solish, harbiy buyruqbozlik tizimi sovet ijtimoiy hayotiga shu darajada o‘rnashib qoldiki, u Rossiyadagi fuqarolar urushi nihoyasiga yetganida ham jamiyatni boshqarishning asosiy va yagona usuliga aylandi va sovet hukumati tanazzulining oxirgi yillarigacha boshqaruv vositasi sifatida qo‘llandi. «Harbiy kommunizm» siyosati markschilarning eskicha tasavvurini aks ettirardi, ya'ni proletar inqilobi g‘alaba qozonishi bilan «qiymat qonuni» o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, tovar-pul munosabatlari va bozor barham topadi, ularning o‘rnini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot ayirboshlash egallaydi, degan fikrlarini ifodalardi. Shu tariqa, bolsheviklar «harbiy kommunizm» siyosatini jamiyatni «bir sakrash» bilan «kommunizmga» o‘tish usuli deb talqin qildilar.
«Harbiy kommunizm» siyosati o‘z mohiyatiga ko‘ra xalqqa qarshi qaratilgan bo‘lib, sotsializm qurish usuli sifatida mutlaqo yaroqsiz edi. U, ayniqsa, Turkistonning muayyan tarixiy sharoitida keraksiz va zararli siyosat edi. Biroq Turkiston Avtonom Respublikasi va TKP rahbarlari mahalliy shart-sharoitlarni butunlay hisobga olmasdan, «harbiy kommunizm» siyosatini qat'iyat bilan amalga oshira boshladilar, uning ayrim tarkibiy qismlarini ro‘yobga chiqarishda hatto ancha taraqqiy etgan mintaqalarni ham orqada qoldirib ketdilar.
«Harbiy kommunizm» siyosatining mohiyatiga ko‘ra faqat yirik sanoatnigina emas, balki o‘rta va hatto mayda korxonalarni ham davlat qo‘lida umumiylashtirishni taqozo qilar edi. Turkiston ma'murlari uchun bu tadbirni amalga oshirishda dastur va asos bo‘lib RSFSR Xalq Komissarlari Kengashining 1918 yil 28 iyundagi yirik sanoatni va transportni yalpisiga natsionalizatsiya qilish to‘g‘risidagi dekreti xizmat qildi. Ana shu dekret asosida va uni amalga oshirish uchun 1918 yilning ikkinchi yarmidan - 1919 yil birinchi yarmigacha qabul qilingan hukumat qarorlari, xususan, xalq xo‘jaligi kengashlari va mahalliy kengashlarning qarorlari asosida bu yerda fabrika-zavod tipidagi barcha yirik va o‘rta korxonalar, shuningdek, hunarmandchilik va yarim hunarmandchilik tipidagi mayda korxonalarning bir qismi deyarli hyech qanday haq to‘lanmasdan davlat ixtiyoriga olindi. 1919 yilning oxirida butun-butun sanoat tarmoqlarini (tamakichiliqdan tashqari) natsionalizatsiya qilish tugallandi va keyingi yillarda esa Turkiston qishloqlarida faqat ayrim mayda korxonalarni umumiylashtirish amalga oshirildi. Markaziy sovet hukumatining boshqa mintaqalariga nisbatan Turkiston sanoatini natsionalizatsiya qilish xususiyatlaridan biri shu bo‘ldiki, bu tadbir o‘lka bolshevik rahbarlarining «tashabbusi» bilan ancha jadal sur'atlar bilan amalga oshirildi. Agar 1919 yil kuziga kelib, umuman RSFSR bo‘yicha ishlayotgan sanoatning faqat 57 foizi davlat mulki qilib o‘tkazilgan bo‘lsa, Turkiston Avtonom Respublikasida tarmoq korxonalarining aksariyat ko‘pchiligi davlat mulkiga aylantirilgan edi.
Turkiston Avtonom Respublikasi hamda partiya xo‘jalik rahbarlari o‘zlarining kapitalizmni «shturmchilik» usuli bilan tugatishga va «sotsialistik jamiyat» barpo etishga zo‘r berib intilishlari bilan sanoatni natsionalizatsiya qilishni ko‘p hollarda zarur tayyorgarlik ko‘rmagan holda, shoshma-shosharlik bilan va hatto hyech qanday iqtisodiy zaruriyatsiz amalga oshirdilar. Ko‘pincha butunlay tanazzuldagi korxonalar umumiylashtirildiki, ularni ishga tushirish uchun katta mablag‘ va vaqt talab qilinardi, ko‘pchiligi esa davlat uchun zarar keltirar va ortiqcha bir narsaga aylanib qolgan edi. Sanoat korxonalarini tartibsiz ravishda jadallik bilan natsionalizatsiya qilish, ishlab chiqarishni izdan chiqarib, tarmoqning orqaga ketish sabalaridan biriga aylangan edi.
Turkiston rahbarlari o‘lkadagi sanoat ishlab chiqarishi jilovini tezroq o‘z qo‘llariga kiritishga intilib, fabrika-zavodlar bilan bir qatorda ko‘pgina hunarmandchilik va yarim hunarmandchilik tipidagi korxonalarni ham umumiylashtirdilarki, buni xo‘jalik zaruriyatidan emas, balki butun sanoat ishlab chiqarishini jadal umumiylashtirib, markaziy hukumatga hisobot berish va «sotsializm»ga tez sur'atlar bilan o‘tishga intilish deb baholashni taqozo etadi. Sovet ma'murlarining bu xildagi ekstremistik xatti-harakatlari hunarmand-kosiblar orasida norozilikning kuchayishiga sabab bo‘ddi, o‘lkadaga ijtimoiy-siyosiy vaziyatni yanada ko‘proq keskinlashtirdi. Hunarmandchilik-kosibchilik sanoati barcha sanoat muassasalarining deyarli 80 %ini o‘zida jamlagan bo‘lib, Turkistondagi butun sanoat mahsuloti qiymatining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini ishlab chiqarardi. To‘g‘ri, keyinchalik sanoatni natsionalizatsiya qilishdagi bu nuqsonlarga barham berilgandek bo‘ldi. Masalan, birgina Toshkent shahrining o‘zida 1920 yilda hunarmandchilik tipidagi mayda ko‘nchilik korxonalaridan 16 tasi egalariga qaytarildi, xususan, Samarqand viloyatida 31 ta mayda va o‘rta hunarmandchilik korxonasi avvalgi egalariga qaytarib berildi va hokazo. Lekin, bu choralar vaqtinchalik bo‘lib, noroziligi kuchaygan aholining bir oz bo‘lsa-da taftini tushirishga qaratilgan edi.
Bolsheviklar tomonidan 1920 yil oxirlarida Turkiston respublikasida 1075 ta sanoat korxonasi (ularning ko‘plari mayda korxonalar edi) shturmchilik usullari bilan natsionalizatsiya qilindi va proletar davlati mulkiga aylantirildi. Natijada, davlat korxonalari barcha yollanma ishchilarning 90%ini va o‘lka sanoatida mavjud bo‘lgan mexanik dvigatellarning 80 %dan ko‘prog‘ini qamrab oldi. Yalpi sanoat mahsulotining deyarli 3/4 qismi davlat sektori ulushiga to‘g‘ri kelardi. Bu davrga kelib xususiy va kooperativ mulkchilik ixtiyorida faqat eng mayda-chuyda korxonalar (asosan hunarmandchilik va kosibchilik) qolgan bo‘lib, ulardagi o‘rtacha yollanma ishchilar soni 4 tadan oshmasdi, yoki yollanma mehnat umuman tatbiq etilmasdi.
Sovet hokimiyati Turkistondagi barcha fabrika-zavod shaklidagi sanoatni zo‘rlik bilan o‘z qo‘li ostida to‘plab, undan avvalo mudofaaga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalandi, bunday mahsulotlar ishlab chiqarish maxsus harbiy-xo‘jalik organi bo‘lgan Markaziy harbiy tayyorlov bo‘limi qo‘lida markazlashgan edi. Uning korxonalari faqat 1920 yil mobaynida 172,5 ming donadan ortiq gimnastyorka, 81 mingta kalta po‘stin, 324 ming donaga yaqin ko‘ylak, 202 mingdan ortiq bosh kiyim, 111,2 ming juft poyabzal va boshqa narsalar ishlab chiqardi.
Yirik, o‘rta va hatto mayda fabrika-zavod tipidagi korxonalarni natsionalizatsiya qilish bilan bir vaqtda bolsheviklar rejimi ko‘pgina hunarmandchilik ustaxonalarini ham o‘z nazoratiga oldi. Hunarmandchilik ustaxonalari asosan ma'muriy usullar bilan birlashtirilib, hunarmandchilik artellari tashkil qilindi. To‘liq bo‘lmagan ma'lumotlarga qaraganda, 1920 yil dekabrga kelib, Turkistonda qariyb 800 hunarmandchilik artellari (shu jumladan, 10 tasi - xotin-qizlar ishlaydigan artel) bor edi, ularga 25 mingdan ortiq hunarmand birlashgan edi. Hunarmandchilik artellari mustaqil faoliyat ko‘rsatishdan butunlay mahrum etilgan bo‘lib, turli davlat va harbiy tashkilotlarning buyurtmalarini bajarar edilar. Bolsheviklar tuzumi organlarining xalq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hunarmandchilik tarmoqlari ustidan qat'iy nazorat o‘rnatishi bilan Turkistonda moddiy ishlab chiqarishning keng tarqalgan bu sohasida xususiy mulkchilikni tugatish borasidagi vazifasi umuman hal etildi va shu asosda bolsheviklarning shturmchilik, harbiy-ma'muriy usullar bilan «mustabid sotsializm tuzumi»ni qurish yuzasidan o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini hal qilishda katta qadam tashlandi.
Bolsheviklar «harbiy kommunizm» siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatida umumiy mehnat majburiyatini joriy qildilar. 1918 yil 9 sentyabrda Turkiston Avtonom Respublikasi Xalq Komissarlari Kengashi «Umumiy mehnat majburiyatini hayotga tatbiq etish» to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ana shu direktivaga muvofiq «mehnat bilan shug‘ullanmaydigan» unsurlar zo‘rlik bilan jamoat ishlariga jalb etila boshlandi. 1919 yil martda sovetlarning VII o‘lka s'ezdida «umumiy mehnat majburiyatini o‘rnatish» maqsadida respublikaning 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan barcha erkak va ayol aholisini hisobga olishga qaror qilindi, bundan maqsad kelgusida ularni sanoatning ishchi kuchi yetishmayotgan tarmoqlariga ishga yuborish edi. Shu bilan birga, umumiy mehnat majburiyati mahalliy xotin-qizlar uchun ham majburiy edi, ular o‘sha vaqt urf-odatlariga ko‘ra jamoat korxonalarida ishlash u yoqda tursin, hatto jamoat joylarida ochiq yuz bilan namoyon bo‘lishlari ham mumkin emasdi. Bolsheviklar rejimi dastlabki davrda qatiy sinfiy siyosatga amal qilib, mehnat majburiyatini bajarishga faqat «ekspluatatsiya qiluvchi unsurlar»ni, shuningdek, ishsizlarni jalb qildi. Lekin joylarda mehnat majburiyati pala-partish, uyushqoqsizlik bilan o‘tkazildi, jamoat ishlariga safarbar etilganlar haqida hyech qanday g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmadi, do‘q-po‘pisa qilish, zo‘ravonlik keng tatbiq etildi, bu esa aholi orasida kuchli norozilik keltirib chiqardi. Aholining musulmon qismi mehnat majburiyati bahonasida o‘z oilalari va tug‘ilgan joylaridan ajratilib, majburan front ortidagi ishlarga yuborildi, buning uchun podsho hukumatining 1916 yilda «mardikorlik» haqida e'lon qilgan safarbarligi ro‘kach sifatida ko‘rsatildi.
1920 yil 29 yanvarda Lenin hukumati «Umumiy mehnat majburiyati tartibi to‘g‘risida» dekret qabul qilgandan so‘ng 1920 yilda mehnat majburiyati, ayniqsa, keng ko‘lam kasb etdi. 1920 yilda - 1921 yilning birinchi yarmida Turkiston Respublikasida umumiy mehnat majburiyatiga qariyb 300 ming kishi jalb etilgan edi. Umumiy mehnat majburiyatini o‘tkazishda o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik misli ko‘rilmagan darajada quloch yoydi. Markaziy hukumat dekreti o‘lkada Markazga nisbatan yanada «inqilobiyroq» qabul qilindi. Ko‘plab kishilar bir hududdan boshqasiga ko‘chirildi, jamoat joylarida odamlarni qurshab olib ularni tutish va majburiy mehnatga yuborish kabi usullar qo‘llandi. Turkiston Avtonom Respublikasi MIQ raisi Nazir To‘raqulov Turkiston KP VI s'ezdida (1921 y. avgust) qilgan ma'ruzasida bolshevik ma'murlar tomonidan umumiy mehnat majburiyati o‘tkazishdan iborat g‘ayriinsoniy tajribasi haqida chuqur g‘azabilanafrat bilan bunday degandi: Mehnat safarbarligini «shunday o‘tkazishdiki, mehnatga yaroqli shahar aholisining yarmi qishloqlarga qochib ketdi... Ahvol shu darajaga yetdiki, mehnat safarbarligi uchun zarur miqdorda odam to‘plash uchun masjidlarda va boshqa joylarda odamlar qurshab tutib olindi».
Bolsheviklarning xalqqa qarshi qaratilgan «harbiy kommunizm» siyosati, ayniqsa, dehqonlarga katta zarba bo‘lib tushdi. Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelishi bilan o‘lkada oziq-ovqat sohasidagi ahvol yanada yomonlashdi. 1918 yil oxiriga kelib 1 mln.dan ortiq kishi ocharchilikka duchor bo‘ldi, ularning aksar ko‘pchiligi mahalliy aholi vakillari edi. Shaharlarda non berish normasi kishi boshiga kuniga 1/8 funtgacha, ya'ni 50 grammgacha qisqardi.
Sovet hokimiyati mamlakatni qamrab olgan oziq-ovqat tangligini biroz yumshatish uchun urinib ko‘rdi. 1918 yil 11 iyunda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi «Oziq-ovqat direktoriyasi haqida Nizom» qabul qildi, unga muvofiq Turkiston Respublikasida oziq-ovqat diktaturasi o‘rnatildi. 1918 yil 2 avgustda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Turkiston Avtonom Respublikasi hukumati hosilni foiz tarzida ajratish haqida buyruqni e'lon qildi. yer egalari davlat foydasiga qatiy narxlar bo‘yicha 1-4 desyatina ekin maydonidan 4 puddan, 10-50 desyatina yerdan har desyatina hisobidan 6 puddan g‘alla ajratish majburiyatini oldilar. 1918 yilning ikkinchi yarmida - 1919 yilning boshlarida ichki va tashqi bozorda ulushli g‘alla ajratish va xarid qilish asosida Turkiston Avtonom Respublikasida oziq-ovqat organlari 3.430.196 pud g‘alla tayyorladi. Biroq bu g‘alla armiyani va shahar aholisini ta'minlash uchun mutlaqo yetarli emasdi.
1921 yildan e'tiboran bolsheviklar rejimi oziq-ovqat resurslarini safarbar etish yuzasidan qattiq va xalqqa qarshi qaratilgan chora-tadbirlar belgiladi. 1919 yil 11 yanvarda RSFSR XKS oziq-ovqat razverstkasi to‘g‘risida dekret qabul qildi. Bu dekretga ko‘ra, dehqonlardan ularning barcha ortiqcha g‘allasi qat'iy belgilangan narxini to‘lab tortib olinadigan bo‘ldi. Oziq-ovqat razverstkasi armiya va ishchilar sinfi manfaatlari yo‘lida joriy etildi. Bu haqda bolsheviklar rahbari Lenin ham oshkora gapirgan edi. Masalan, 1920 yilning yozida mamlakat umumiy iste'molidan qizil armiya ulushiga 25% un, 50% yorma, deyarli shuncha miqdorda yem uchun don, 60% baliq va go‘sht, 40% yog‘, 100% tamaki va hokazolar to‘g‘ri kelardi.
RSFSR rahbariyatining tutgan qat'iy yo‘liga amal qilgan Turkiston Avtonom Respublikasi rahbar organlari ham oziq-ovqat resurslarini safarbar qilish yuzasidan qattiq choralar ko‘rdi. 1919 yil iyunda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi g‘alla monopoliyasi haqida dekret qabul qildi, uning mohiyati «hukumatga oziq-ovqat komissarligi orqali to‘g‘ri taqsimlash maqsadlarida qatiy belgilangan narxlar bo‘yicha barcha ortiqcha g‘alla»ni topshirishdan iborat edi. O‘sha kuniyoq Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi maxsus dekret bilan oziq-ovqat komissariga TASSRda oziq-ovqat siyosatini o‘tkazish yuzasidan favqulodda vakolatlar berdi.
G‘alla monopoliyasining joriy etilishi, oziq-ovqatning monopoliyalashtirilgan turlarini erkin ravishda sotishning taqiqlanishi haqiqatda bozorlarning yopilishini nazarda tutardi, bu esa oxir-oqibatda ochlikka xalqni mahkum etish demak edi. Bu holatlarni e'tiborga olib ko‘pgina musulmon jamoat arboblari g‘alla monopoliyasiga qarshi chiqdilar. Chunonchi, Munavvar Qori sovetlarning VIII o‘lka s'ezdida (1919 y. sentyabr) quyidagilarni aytib o‘tdi: «Rossiyada g‘alla monopoliyasi allaqachon o‘tkazilgan, bizda esa hali o‘tkazilgan emas. Bizning Turkistonda Markazda o‘tkazilgan hamma narsani ham o‘tkazib bo‘lmaydi». Turar Risqulov Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi majlisida so‘zlagan nutqida bozorlarning berkitilishiga va dehqonlarning ortiqcha oziq-ovqatlari tortib olinishiga qarshi qat'iy fikr bildirdi. Ko‘pgina mahalliy sovetlar va musulmon kommunistik tashkilotlari g‘alla monopoliyasining joriy etilishiga qarshi chiqdilar (Andijon sovetlari uezd s'ezdida, Farg‘ona viloyat musulmon-kommunistlar konferensiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar). Musulmon tashkilotlari va jamoat arboblarining g‘alla monopoliyasi haqidagi dekretga qarshilik ko‘rsatishi shu qadar kuchli bo‘ldiki, Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi 1919 yil 1 dekabrda bozorlarda g‘allani erkin ravishda sotishga ruxsat etishga majbur bo‘ldi. Bu bilan aslida ilgari e'lon qilingan g‘alla monopoliyasi bekor qilingan edi.
1920 yil fevraldan boshlab oziq-ovqat razverstkasi faqat ko‘chirib keltirilgan rus dehqonlariga nisbatan tatbiq qilina boshlandi. Mahalliy dehqonlar esa Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining 1920 yil 9 martdagi natura shaklidagi g‘alla majburiyati haqidagi dekreti bo‘yicha ulushli ajratma asosida ekin ekiladigan maydon hajmiga muvofiq o‘rtacha hosilning 1/10 dan 4/10 gacha ulushini davlatga topshirishlari lozim edi. Bu dekret Turkiston dehqonlariga muayyan yon bosish edi. Biroq bu dekret nisbatan ozroq muddat amal qildi, xolos. Turkkomissiya va TKP o‘lka qo‘mitasining ko‘rsatmasiga ko‘ra 1920 yil yozidan boshlab oziq-ovqat razverstkasi mahalliy dehqonlarga ham tatbiq qilindi. 1920 yil 16 avgustda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi bu masala yuzasidan maxsus qaror qabul qildi. Unga ko‘ra oziq-ovqat razverstkasi dastlab g‘alla va xashak tayyorlashda joriy etildi. So‘ngra u go‘sht, mol yog‘i va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari turlariga ham tatbiq etildi. Oziq-ovqat razverstkasini o‘tkazish uchun ishchilardan harbiy oziq-ovqat otryadlari tashkil qilindi. Ularning umumiy soni 56 ta bo‘lib, ularda 3 mingdan 4 ming nafargacha ishchi qatnashdi. Oziq-ovqat otryadlari qishloq aholisidan faqat ortiqcha g‘allani emas, balki ularning oilasini boqish uchun qoldirgan g‘allasini va boshqa mahsulotlarini ham zo‘ravonlik bilan tortib olar edilar. Bu manzarani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlardan birining yozishicha, «oziq-ovqat razverstkasi qishloqlarni rasman talashdan iborat edi...»
Oziq-ovqat organlari va harbiy oziq-ovqat otryadlari dehqonlar ommasiga nisbatan yovuzlarcha o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik qilish hisobiga 1920 yil avgustdan 1921 yil iyulgacha oziq-ovqat razverstkasi bo‘yicha 9.708.703 pud don, 1.606.201 pud go‘sht, 465.889 pud sabzavot, 584.977 pud quritilgan meva va 6.358.144 pud yem-xashak tayyorlandi. Razverstka bo‘yicha g‘alla rejasi 44%ga, yem-xashak bo‘yicha esa 42%ga bajarildi.
Bolsheviklar rejimining xalqqa qarshi qaratilgan «harbiy kommunizm» siyosati asosida o‘tkazgan oziq-ovqat siyosati dehqonlarni yoppasiga talashga aylanib ketdi va ularning anchagina qismini ochlik va o‘limga mahkum etdi. Turkistonning taniqli jamoat arboblaridan biri bo‘lgan Sobir Yusupov 1918 yil 15 mayda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi majlisida qilgan ma'ruzasida Farg‘ona viloyatining uezdlarida «ochlik vabosi avj olmoqda, har kuni 60 kishi ochlik tufayli o‘lmoqda», degan edi. Haqiqatda ochlik kun sayin ortib bordi. Turkiston Avtonom Respublikasi Oziq-ovqat xalq komissari V.Lapin sovetlarning VII o‘lka s'ezdida (1919 y. mart) quyidagilarni e'tirof qilishga majbur bo‘lgan edi: «Bir qator uezdlarning xabarlaridan ma'lum bo‘lishicha, aholining (musulmon aholining) deyarli yarmi o‘lgan, xususan, ko‘chmanchi aholi ko‘p o‘lgan».
Oziq-ovqat razverstkasining joriy etilishi mahalliy aholining, avvalo qishloq mexnatkashlarining oziq-ovqat sohasidagi ahvolini yanada yomonlashtirdi. «Qishloq aholisi, - degan edi shu munosabat bilan N.Xo‘jaev 1920 yil oxirlarida bo‘lib o‘tgan Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi majlisida qilgan ma'ruzasida, — turli-tuman o‘t-o‘lanlar bilan ovqatlanadi, shu tufayli o‘lish hollari yuz bermoqda, o‘lim, ayniqsa, bolalar orasida ko‘p». Ma'ruzada keltirilgan ma'lumotlarga qaraganda, Faryuna viloyatida aholining 35-40%i, shu jumladan, Marg‘ilon uezdida - 60%i, Qo‘qon uezdida - 50%i ochlikka duchor bo‘lgan va h.k. O‘lkada, shu jumladan, Farg‘onada avj olgan dahshatli ocharchilik haqida Farg‘ona viloyati ocharchilikka qarshi kurash komissiyasining raisi Kamolxo‘jaevning hisoboti aniq tasavvur beradi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov o‘z ma'ruzalaridan birida ana shu hisobotdan quyidagi parchani keltirgan edi: «Vayron bo‘lgan qishloqlarda va ocharchilik avj olgan rayonlarda ko‘chalar va yo‘llarda har kuni ochlik tufayli o‘lganlarning jasadlari sochilib yotardi, shuningdek, shunday hollar ham bo‘lganki, ancha vayron bo‘lgan ayrim qishloqlarda ochliqdan o‘lgan kishilar jasadlarini yig‘ishtirib oladigan hyech kim yo‘q edi».
Shunday qilib, «harbiy kommunizm» siyosatining joriy qilinishi, birinchidan, xalq uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy masalani hal qilishga emas, balki bolsheviklarning siyosiy hokimiyatini saqlab qolishida va fuqarolar urushida yengib chiqishida yordam berdi. Ikkinchidan, bu siyosat ochlikka mutbalo bo‘lgan aholini oziq-ovqat bilan ta'minlashga emas, aksincha, ularning bor-yo‘g‘ini tortib olib, bolsheviklar rejimi himoyachilari bo‘lgan qizil armiyani va ishchilar sinfini boqish uchun xizmat qildi. Turkiston xalqini esa «xalqparvar» bolsheviklar ochlikdan himoya qilmadi, aksincha, uning manfaatlarini oyoqosti qildi. Bu siyosat turkistonliklar uchun juda qimmatga tushdi.
Mintaqadagi murakkab vaziyat bolsheviklarni o‘lkada iqtisodiy siyosatni o‘nglab borish lozimligini ko‘rsatdi. Xalq xo‘jaligi birinchi jahon urushi, fuqarolar urushi natijasida vayron qilingan edi. Bolsheviklar iqtisodiy inqiroz sabablari nafaqat urushlar oqibatida, balki “harbiy kommunizm” oqibatida yuz berganligini tushunishar edi. Markaziy Osiyoda sovet rejimi mustahkamlanganidan so‘ng xo‘jalik hayoti markazdan andoza olingan holda tuzila boshlangan. Bu mintaqani Markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam va ishonchli shakli edi. Barcha qarorlar va ko‘rsatmalar Markazda qabul qilinib, o‘lkalarga, shu jumladan, Markaziy Osiyoga ham bajarish uchun jo‘natilardi. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimi avj oldi. Amaldorlar qatlami - sovet rejimining boshqaruv elitasi shakllandi. Ular xalqdan ajralib qolgan, uning orzu-umidlarini nazariga ilmas edi. Mar­kazdan uzluksiz kelib turgan «partiya va sovet xodimlari», aslida VKP(b) ko‘rsatmalari bajarilishini hushyorlik bilan nazorat qilib turishgan.
Markaziy Osiyo xalqlari tarixida XX asrda yuz bergan ko‘plab fojiali voqyealar kommunistik partiya faoliyati bilan bog‘liqdir. Ma'muriy-buyruqbozlik usullari bilan ish olib borgan partiya qo‘mitalari joylardagi har qanday mustaqil fikr va tashabbusni bo‘g‘ardi. Markaz VKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi orqali mintaqadagi vaziyatni boshqarib turgan.
1917 yil oktyabr to‘ntarishidan so‘ng og‘ir sharoitlarda vujudga kelgan ishchi-dehqonlar ittifoqi parokanda bo‘lish bo‘sag‘asida turar edi. Shu davrgacha ularni bog‘lab turgan iqtisodiy baza o‘zini oqlamayotganligini, endilikda ishchi va dehqonlarni, shahar va qishloqni bog‘lab turuvchi yangi usullar lozim ekanligi bilinib qoldi. RKP (b)ning 1921 yil mart oyidagi X s'ezdida Lenin yangi iqtisodiy siyosatni ilgari surdi. Bu inqirozga qarshi dastur bo‘lib, uning mohiyati ko‘p tarmoqli iqtisodni vujudga keltirish va rahbarlikni bolsheviklar qo‘lida qoldirgan holda kapitalistlarning tashkiliy-texnik tajribasidan keng foydalanishni ko‘zda tutar edi. Jamiyatni iqtisodiy va siyosiy richaglari davlat qo‘lida bo‘lishi nazarda tutildi. Shuningdek sanoatda davlatning boshchiligi, markazlashtirilgan moliyaviy tuzilma va tashqi savdo borasida monopoliyani tarkib toptirish rejalashtirildi. Yangi iqtisodiy siyosatning bosh siyosiy maqsadi-ijtimoiy keskinlikni yumshatish, ishchi va dehqonlar ittifoqi shaklidagi sovet hokimiyatining ijtimoiy bazasini mustahkamlashdan iborat edi. Bu siyosatning iqtisodiy jihatdan maqsadi - vayronagarchiliklarni to‘xtatish, inqirozdan chiqish va xo‘jalikni tiklash, ijtimoiy maqsadi bo‘lsa sotsialistik jamiyat qurishning asoslarini yaratishdan iborat bo‘ldi. Yangi iqtisodiy siyosatga o‘tish MIQ va XKSning, shuningdek Butunrossiya sovetlarining 1921 yil dekabridagi s'ezdi qarorlari bilan mustahkamlandi. YaIS qator iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni ko‘zda tutar edi. Bular “harbiy kommunizm” prinsiplaridan voz kechish, xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ichki savdoga erkinliklar berish, dehqonlarning bir qator talablarini qondirishdan iborat bo‘ldi. Yangi iqtisodiy siyosatni tatbiq etish, qishloq xo‘jaligidan, oziq-ovqat razvyortkasini mahsulotlar solig‘iga almashtirishdan boshlandi. Soliq ekin ekishgacha bo‘lgan vaqtda belgilanib, yil davomida o‘zgartirilmas, razvyortkadan ikki barobar kam edi. Davlat majburiyatlarini bajargandan so‘ng qolgan mahsulotlarni erkin sotish huquqi berilar edi. Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jalik maxsulotlarini ko‘proq yetishtirish uchun sharoitlar yaratdi. YaISning navbatdagi tadbiri quyidagilardan iborat bo‘ldi. Majburiy mehnat bekor qilindi, erkin savdo qilishga, yer ijarasi, yollanma mehnatga ruhsat berildi, kooperatsiyani rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi, xo‘jalik shartnomalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Katta miqyosdagi o‘zgarishlar sanoatda ham amalga oshirilish boshlandi. Birinchi navbatda sanoatni yoppasiga natsionalizatsiya qilish to‘xtatildi. Endilikda mayda va o‘rta korxonalar avvalgidek xususiy sektorga berila boshlandi. Hatto ayrim yirik korxonalar ijaraga berilishi yo‘lga qo‘yildi. Hatto chet el investitsiyasini jalb qilgan xolda qo‘shma korxonalar tashkil qilish tadbirlariga ham ruhsat berila boshlandi. 1922 yilda mamlakatda pulni isloh qilish maqsadida reforma amalga oshirildi va muomalaga dunyo valyuta bozorida o‘rniga ega bo‘lgan sovet (chervonets 10 r.) puli chiqarila boshlandi. Yangi iqtisodiy siyosat davrida transportdan foydalanganlik, aloqa va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar ham joriy qilindi.
1921 yil yozida Qozog‘istonni kuchli qurg‘oqchilik qamrab oldi. Ural, Orenburg, Aktyubinsk, Kustanay viloyatlarida deyarli barcha hosil nobud bo‘ldi. Qozog‘istonda ochlikka mubtalo bo‘lganlar soni deyarli 2,3 mln kishiga yetdi. Qishloq xo‘jaligidagi bunday parokandalik 1923 yilgi hosilgacha davom etdi. 1922 yilga kelib Qozog‘iston aholisining soni 1914 yilga nisbatan 1 mln kishiga kamayib ketdi.
Yangi iqtisodiy siyosat 20 - yillar o‘rtalariga kelib o‘zining samaralarini bera boshladi. 1925 yilda xalq xo‘jaligi deyarli tiklab olindi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning salmog‘i urushdan oldingiga nisbatan 2/3 qismiga yetdi. Korxonalarning 60% ishga tushirilib, transport xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ekin maydonlarining hajmi 3 mln gektarga keltirilib, hosildorlik urushdan oldingi darajaga keltirildi. Qoramol soni ko‘payib, 1922 yilga nisbatan 26 mln boshga yetkazildi. Umumiy savdo aylanmasi 20-23 mln so‘mni tashkil qilgan Uil, Temir, Kuyan kabi jami 128 ta yarmarkalar ishi qayta tashkil qilindi.
Qozog‘iston mehnatkashlari hayotida sovet hokimiyatining Rossiya imperiyasining yer masalasidagi siyosatini oqibatlarini bartaraf etish bo‘ldi. Shu munosabat bilan Qozog‘istonda 1921-1922 yillarda yer-suv islohoti o‘tkazildi. Uning natijasida Irtish bo‘yi va Ural daryosining so‘l qirg‘og‘ida joylashgan, Sibir va Ural kazaklari foydalanishi uchun olib qo‘yilgan, shuningdek yettisuv va Janubiy Qozog‘istondagi qozoq yerlari qaytarib berildi. Jami bo‘lib dehqonlar foydalanish uchun 1 mln.385 ming sarjin yerni qabul qilib oldilar.
1921 yilda yettisuvda yer reformalari o‘tkazilib, 1916 yilgi qo‘zg‘olonni bostirish davomida qozoq, qirg‘iz, uyg‘urlardan tortib olingan 460 ming sarjin yer egalariga qaytarib berildi. Shu bilan birga Rossiya imperiyasi tomonidan sobiq zobitlar va ko‘chib keluvchilar uchun maxsus ajratilgan yerlar musodara qilinishi hisobiga 1 mln sarjin yer fondi vujudga keltirildi. Agrar sohadagi bunday o‘zgartirishlar 1916 yilda Xitoyga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan 300 mingdan oshiq qirg‘iz va qozoqlarni qaytib kelishiga olib keldi.
Ammo joylarda islohotlarni amalga oshirishda jiddiy kamchilik va nuqsonlarga ham yo‘l qo‘yildi. Qator ko‘chib kelgan kambag‘al xo‘jaliklar yerdan mahrum qilindilar. Ko‘pchilik ko‘chib kelganlar quloqlar bilan tenglashtirildi va bu o‘z navbatida mahalliy aholi bilan milliy dushmanchilik kayfiyatini keltirib chiqardi. 1921 yilda kambag‘allarning “Qo‘shchi” ittifoqi tashkil qilindi. Uning a'zolari bo‘lsa mamlakatda yer islohotlarini amalga oshirishda faol ishtirok etishdi.
Turkmanistonda ham 1921-1922 yillarda birinchi yer-suv islohoti amalga oshirildi. Islohot natijasida 7,8 ming yersiz dehqon 37,5 ming desyatina yer oldi. Turkmaniston Rossiyadan 3 mln. so‘m qishloq xo‘jalik krediti, irrigatsiya ishlari uchun 6 mln. so‘m kredit oldi. yer-suv islohoti agrar masalani hal qilishga imkon berdi.
Shunday bo‘lsa-da, mintaqa iqtisodiyoti XX asrning 30-yillari bo‘sag‘asida ham agrar xususiyatga egaligicha qolayotgan edi. 1927 yilda Markaziy Osiyo xalq xo‘jaligida qishloq xo‘jaligining salmog‘i 62,6%, sanoatning salmog‘i 37,4% ni tashkil etar, shu bilan birga sanoat ishlab chiqarishning 90% qishloq xo‘jaligi xom ashyosini qayta ishlashga asoslangan edi. Iqtisodiyot xom ashyo yo‘nalishida bo‘lgani sababli mintaqa sanoati faqat bir tomonlama ixtisoslashtirilayotgan edi.
Biroq, XX asr 20-yillari oxiridan boshlab Markaziy Osiyoda YaIS o‘z mohiyatini yo‘qotib, erkin savdo va tadbirkorlikka chek qo‘yila boshlagan. To‘rachilik siyosati avj olgan, mamlakatda vaziyat murakkablashgan. Industrlashtirish siyosati qishloq hisobidan amalga oshirildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xarid narxlari pasaytirildi. Natijada dehqonlar qashshoqlashdi. Mintaqada oziq-ovqat muammosi keskinlaщdi. Vaziyatdan chiqish uchun yana ma'muriy choralar ko‘rildi. Dehqonlar ixtiyoridagi mahsulotlar zo‘rlik bilan tortib olina boshlandi, shaharlarda kartochka tartibi joriy qilindi. Ayrim hududlarda dehqonlarga soliq miqdori keskin oshirildi. Qishloq xo‘jaligida boshlangan yakkahokimlik siyosatiga qarshi turganlar partiyaning bosh yo‘liga qarshi turganlar sifatida qoralandi. 1925-1929 yillarda Markaziy Osiyoda yer-suv islohotining 2-bosqichi o‘tkazilgan. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab 3 bosqichda amalga oshirilgan. Birinchi bosqich 1925—1926 yillarda, ikkinchi bosqich 1927 yilda, uchinchi bosqich - 1928-1929 yillarda amalga oshirildi. Qabul qilingan dekretlar asosida belgilangandan ortiq yerlar, ish hayvonlari va mehnat qurollari tortib olingan. Boylar, yirik savdogarlar, ulamolar va b. mulkdorlarning yerlari va butun mol-mulki musodara qilingan. Keyinchalik qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzildi. Biroq sovetlar hokimiyati o‘ziga to‘q dehqon xo‘jaliklarini «quloq» («mushtumzo‘r») sifatida tugatish siyosatini olib borgan.
Markaziy Osiyoda bu davrda qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari tashkil qilingan. Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini shartnoma asosida to‘plab, sanoatga topshirish faoliyati dehqon xo‘jaliklari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mayda tovar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan dehqon xo‘jaligi rivojlana boshladi. Biroq sovet tuzumi 1927 yildan kooperativ uyushmalarni «davlatlashtirish» siyosa­tini boshladi. Soliq va kredit siyosatida sinfiy prinsip ustuvor yo‘nalishga ega bo‘ldi. Davlat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash va sotish baholarini belgiladi. Tashkiliy-iqtisodiy tadbirlar ma'muriy-buyruqbozlik asosida olib borildi. Yangi iqtisodiy siyosatdan voz kechish kooperativ qurilishga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. 1929 yil kuzidan boshlab qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasining ilgarigi shakllariga barham berildi.
Markaziy Osiyoda o‘tgan asrning 20-yillari oxirlariga kelib amalda Yangi iqtisodiy siyosat tugatildi.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling