Markaziy osiyo xalqlari tarixi


-mavzu. MARKAZIY OSIYO VA QOZOG‘ISTONDA O‘TKAZILGAN MILLIY CHEGARALASH SIYOSATI VA UNING OQIBATLARI


Download 0.9 Mb.
bet20/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

7-mavzu. MARKAZIY OSIYO VA QOZOG‘ISTONDA O‘TKAZILGAN MILLIY CHEGARALASH SIYOSATI VA UNING OQIBATLARI.


Reja:
1. Mintaqada milliy chegaralanish siyosatining o‘tkazilishi. Milliy manfaatlarning poy-mol etilishi.
2. Xalqlarning ijtimoiy-siyosiy holati. Milliy chegaralanish davrlari, uning oqibatlari.


Tayanch so‘z va iboralar: Sovet davlati, totalitar rejim, Markaziy Osiyo, Qozog‘iston, Turkkomissiya, RKP(b), shaxsga sig‘inish, milliy chegaralanish, sovet respublikalari, Patskudskiy, ijtimoiy hayot, kundalik hayot, milliy ziyolilar.


S Mintaqada milliy chegaralanish siyosatining o‘tkazilishi. Milliy manfaatlarning poy-mol etilishi.
J Markaziy Osiyo hududida qadim-qadimdan tili, dini, tarixi, madaniyati, an'analari bir-biriga juda yaqin va mushtarak qardosh va qondosh xalqlar yashab kelganlar. Bu yerda istiqomat qilgan o‘zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlarning xo‘jalik hayoti, turmush tarzi, udumlari ham o‘xshash bo‘lib, shu muqaddas ona zaminni o‘zlarining asl Vatanlari deb bilganlar. Biroq, afsuslar bo‘lsinki, pixini yorgan Sovet hokimiyati arboblari tarixan bir yagona hududda yashab kelgan birodar xalqlarni bir-biridan ajratib tashlash, ularning birlashib, yagona davlat tuzishlariga izn bermaslik uchun butun choralarni ishga soldilar. Bundan kuzatilgan bosh maqsad - o‘lka xalqlarining birlashuviga, o‘z istiqlolini va istiqbolini birgalikda bunyod etishiga yo‘l qo‘ymaslik va shu asosda Markazning bu yerdagi hukmronligiga, sotsialistik qayta qurish jarayonining avj olishiga keng maydon yaratish edi. Shu maqsadda Turkistonni milliy o‘ziga xoslik, til birligi asosida bo‘lib tashlash g‘oyasi ilgari surildi. Markaz irodasini bajarishga da'vat etilgan Turkiston ishlari bo‘yicha maxsus komissiya - Turkkomissiya zimmasiga o‘lkada milliy davlat chegaralanishini o‘tkazish va shu asosda bu hududda bir qator sovet milliy va muxtor respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan edi. Markaz mo‘ljallayotgan milliy siyosat mazmuni, mohiyatidan xabardor bo‘lgan Turkistonning ilg‘or ziyolilari, uzoqni ko‘ra bilgan donishmand arboblari o‘lka birligi, yaxlitligini, uning qardosh xalqlari jipsligini zo‘r berib himoya qilishga urindilar.
Turkiston xalqlarining ildizi bir degan g‘oya avloddan-avlodga o‘tib, milliy yetakchilar, jamoat arboblari va milliy ziyolilar qarashlari hamda faoliyatlarida o‘z aksini topib kelgan. Tarixan tarkib topgan uchta davlatni tugatib, o‘rniga yangi tuzilmalarni vujudga keltirish Markaz va o‘lkadagi bolshevistik rahbarlar tashabbusi bo‘ldi. 1920 yil boshidayoq Turkkomissiya Turkiston ASSRni bo‘lib tashlab, milliy til belgisiga qarab muxtor respublikalar tashkil qilish masalasini qo‘ygan edi. Bu o‘sha yili iyun oyida RKP (b) ning Turkistonga oid qabul qilgan hujjatlarida o‘z aksini topdi. Lenin Turkistonning “O‘zbekiya, Qirg‘iziya, Turkmaniya”ga bo‘lingan xaritasini tuzish kerakligini uqtirdi. Bu rejaning amalga oshishi qurolli harakat tufayli bir oz kechikdi. Turkistonni milliy jihatdan qayta chegaralash Markaz va RKP(b) Markaziy Osiyo byurosi tomonidan ishlab chiqildi va 1924 yilda qat'iylik bilan amalga oshirildi.
Turkistonning ma'muriy okruglarga qayta taqsimlanishi borasidagi amalga oshirilgan tadbirlar uning milliy tarkibi tufayli isyonchilik harakatida alohida aks-sado berdi. Turkistonning partiya rahbariyati 1920 yil kuziga kelib Farg‘ona vodiysida isyonchilik harakatining ayniqsa keskin tus olganligini qayd qilib, uning asosiy sabablaridan biri «Turkiston mahalliy xalqlarining milliy o‘z taqdirini o‘zi belgilash to‘g‘risida»gi masalaning qo‘yilishi ekanligini e'tirof qilishga majbur bo‘ldi. Ana shu yillarda, ya'ni 1920 yil kuzidan 1923 yilga qadar bu harakat o‘ziga jalb qilingan ishtirokchilar ko‘lami bo‘yicha ham, kurashning shiddatli tus olganligi bo‘yicha ham alohida miqyos kasb etdi. U Farg‘ona vodiysidan keyin Samarqand viloyatini qamrab oldi. Buxoro va Xorazm respublikalariga ham yoyildi.
Xorazm va Buxoro xalq respublikalarining mustaqilligi bu davr oxiriga kelib nihoyatda xayoliy xususiyatga ega edi. Haqiqatda ular mustaqillikni qo‘ldan boy bergan edilar. Uchta respublikaning iqtisodiy jihatdan birlashuvi va Markaziy Osiyo iqtisodiy kengashining tuzilishi, Xorazm va Buxoro kommunistik partiyalarining RKP(b) tarkibiga kirishi va RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosining tashkil etilishi, Rossiya bilan Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rtasida yangi iqtisodiy bitimlarning tuzilishi, pul muomalasining birxillashuvi (unga Rossiya chervonining asos qilib olinishi) natijasida, bu davlatlarga siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy jihatdan hukmronlik qilish butunlay Moskva ixtiyoriga o‘tdi.
Mustaqillik sekin-asta yo‘qolishi bilan uning uchun kurash olib borish yanada keskinlashdi va umumxalq xususiyatini kasb etdi. Bu kurash qatnashchilari mintaqadagi barcha xalqlarning, barcha ijtimoiy qatlamlarning vakillaridan iborat edi. Yangi ijtimoiy-siyosiy tuzumning ana shu yalpi hujumi sharoitida Markaziy Osiyo xalqlari ongida o‘zlikni, ma'naviyatni himoya qilish bilan, qadimiy milliy davlatchilikni saqlab qolish va uni mustahkamlash harakati uzviy holda mujassamlashib ketgan edi.
Markaziy Osiyo davlatlarining har biri o‘ziga xos noyob, asrlar davomida qaror topgan milliy tuzilmalar bo‘lib, ularda xalqlarning tarqoq holda (ora-sira) joylashganligi ularning umumiy jamiyat bo‘lib shakllanishida o‘z izini qoldirgan, ular taraqqiyotida iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy, madaniy turmush sohalarida va o‘zaro munosabatlarda an'anaviy o‘ziga xoslik hamisha saqlanib qolgan. Ana shu o‘ziga xoslik Markaziy Osiyo xalqlarini 20-yillarning birinchi yarmidagi ozodlik harakatida birlashtiruvchi omil sifatida zo‘r kuch bilan namoyon bo‘ldi. Bu vaqtda «Turkiston — turkistonlik xalqlar Vatani. Vatan chegaralaridan dushmanni quvib chiqaramiz!» degan shiorlar ostida barcha Markaziy Osiyolik xalqlarning vakillari o‘z Vatani mustaqilligi uchun bir safda turib kurash olib bordilar.
Shu tariqa, RSFSR tarkibiga kirgan Turkiston Avtonom Respublikasini yangitdan chegaralash haqidagi bolsheviklar g‘oyasi 20-yillarning o‘rtalariga kelib, ancha keng miqyos kasb etgan vazifaga — chegaralanishga faqat Turkiston Respublikasigina emas, balki Buxoro va Xorazm xalq respublikalarining ham tortilishi masalasiga aylanib ketdi. Bu vaqtda Buxoro va Xorazm respublikalari huquqiy jihatdan hali mustaqil suveren davlatlar hisoblanardi. Markaziy Osiyoning milliy chegaralash masalasi Moskvada to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Chunki bu vaqtga kelib Markazning partiya rahbariyatida chegaralash masalasi aniq ifodalangan asosiy maqsadga aylanib qolgan edi.
RKP(b) MQ ning bevosita ko‘rsatmasiga muvofiq Turkiston, Buxoro va Xorazmning rahbar partiya organlari uning ilgari surgan milliy-hududiy chegaralanish g‘oyalarini amalga oshirishga tortildi. 1924 yilning fevralidayoq Buxoroga RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosining a'zosi, TKP MQning mas'ul kotibi Abdulla Rahimboev yuborildi, bu yerda u BXSR rahbar xodimlari kengashida milliy-hududiy chegaralanish to‘g‘risida ma'ruza bilan so‘zga chiqdi. Kengash asosan chegaralanish o‘tkazishni ma'qulladi.
1924 yil 25 fevralda bu masala Buxoro kompartiyasi MQ Plenumi muhokamasiga qo‘yildi. Plenumda Fayzulla Xo‘jaev ma'ruza qildi. Plenumda asos sifatida qabul qilingan BKP MQning tezislari BKP MQ komissiyasi tomonidan qarab chiqildi va qayta ishlandi, uning Ijroiya byurosi majlisida 1924 yil 10 martda tasdiqlandi. BKP MQ Ijroiya byurosi Markaziy Osiyoning milliy chegaralanishini kompartiya e'lon qilgan millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hayotga tatbiq etishning muhim bosqichi sifatida talqin etib, tezislarda qayd etilgandek, chegaralanishning sxemasini quyidagicha taklif etdi: Markaziy Osiyoda O‘zbekiston, Turkmaniston ittifoqdosh respublikalarini, O‘zbekiston Respublikasi tarkibida avtonom Tojikiston viloyatini tuzish, shuningdek, Turkistonning qozoq tumanlarini Qozog‘iston Respublikasiga birlashtirish. Alohida bandda yangi tashkil etilayotgan O‘zbekiston Respublikasining «ixtiyoriy asosda» SSSR tarkibiga kirishi aytib o‘tildi.
Turkiston Kompartiyasida ham bu masala xuddi shunday tarzda rivojlandi. Buxoroda bo‘lgani kabi oldindan 1924 yil 10 martda TKP va TurkMIQ mas'ul xodimlarining kengashi chaqirildi. Ma'ruzachi A.Rahimboev Markaziy Osiyoning milliy belgi bo‘yicha chegaralanishi sovet hokimiyatini mustahkamlashning birdan-bir chorasi ekanligini yana bir karra ta'kidlab, bu tadbirning haqiqiy maqsadini quyidagicha aniq ifodalab berdi: «.... partiyamiz nuqtai nazaridan bu tashkil etish (bir xil milliy respublikalarning tuzilishi) shuning uchun ham qulayki, agar o‘zbek kambag‘ali o‘zbek qulog‘iga qarshi, turkman kambag‘ali turkman qulog‘iga qarshi, qirg‘iz kambag‘ali qirg‘iz qulog‘iga qarshi kurashadigan bo‘lsa, u holda bizdagi sinfiy kurash milliy jihatlar bilan xaspo‘shlab ketilmaydi».
Kengashda Rahimboevning ma'ruzasini muhokama qilish borasidagi muzokaralar bir xil yo‘nalishda bormadi. Garchi bir guruh milliy partiya rahbarlari (Asfandiyorov, Aytoqov, Jurgenov, Orolboev va boshqalar) uning milliy-hududiy chegaralanish va milliy respublikalar tashkil etilishi haqidagi taklifini ma'qullagan bo‘lsalar-da, lekin bu fikrga qo‘shilmagan muxoliflar ham bo‘ldi. Jumladan, ularning bir guruhi (Patskudskiy, Sexer va boshqalar) ayrim milliy respublikalar tashkil etilishiga hali vaqt erta deb hisoblab, ular uchun tegishli iqtisodiy baza yaratilmaganligini aytdilar. Turkiston, Buxoro va Xorazmni Kavkazorti Federativ Respublikasiga o‘xshash bitta respublika qilib siyosiy birlashtirishni yoqlab chiqdilar.
Natijada, muzokaralarda so‘zga chiqqanlar fikri bir joydan chiqmadi, kengash yagona nuqtai nazarni ishlab chiqa olmadi. Kengashda raislik qilgan TKGT MQning mas'ul kotibi I.Vareykisning taklifi bilan kengashning stenografik yozuvini TKP MQ Ijroiya byurosiga topshirishga qaror qilindi.
Milliy chegaralanishni o‘tkazish to‘g‘risidagi masala TKP MQning 1924 yil 23—24 martda bo‘lib o‘tgan plenumida uzil-kesil hal qilindi. Plenum milliy chegaralanish zarurligini e'tirof qilib, biroq uni faqat Turkiston Respublikasi doirasi bilan chekladi: uning hududida uchta milliy respublika — O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston respublikalarini tashkil etish mo‘ljallandi. Shu bilan birga plenum TKP MQga Buxoro va Xorazmning partiya organlari bilan aloqa o‘rnatish, hamda birgalikda Markaziy Osiyoning milliy chegaralanishi to‘g‘risidagi masalani kelishib olishni topshirdi.
Xorazm Kompartiyasining rahbariyatida milliy chegaralanishga turlicha munosabat paydo bo‘lgan edi. 1924 yil 3 martdayoq partiya MQ Ijroiya byurosi majlisida axborot tartibida RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosining a'zosi I.Mejlaukning milliy-hududiy chegaralanish to‘g‘risidagi ma'ruzasi tinglandi. Biroq majlis ma'ruzani ma'lumot uchun qabul qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatma bilan cheklandi.
Martning o‘rtalarida Xivada bo‘lib o‘tgan partiya-sovet faollari yig‘ilishida bu masala yana qo‘yildi. Yig‘ilish qabul qilgan qarorda e'tirof qilinishicha, «Xorazm Respublikasi milliy belgi bo‘yicha chegaralanadi va tegishli rayonlar Markaziy Osiyoning yangi tashkil etilayotgan respublikalariga (O‘zbekiston, Turkmaniston va hokazo), bordi-yu, shunday respublikalar ajraladigan bo‘lsa, kiradi».
Shunday qilib, ikki oy mobaynida RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi a'zolari Turkiston, Buxoro va Xorazm kompartiyalari rahbariyatini Markaziy Osiyoning milliy chegaralanishi to‘g‘risidagi Markaz g‘oyasini amalga oshirish zarurligiga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldilar. 1924 yil 5 aprelda Markaziy Osiyo byurosining a'zosi A.Rahimboev bu haqda RKP(b) MQ Siyosiy byurosi Majlisida ma'ruza qildi. Garchi majlis bu masala yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilmagan bo‘lsa-da, biroq u Markaziy Osiyo kommunistik tashkilotlarining milliy chegaralanish haqidagi «taklifi»ni ma'qullashini bildirdi. Shu tariqa A.Rahimboevning «Turkiston, Buxoro va Xorazm haqida (milliy respublika tuzilishi to‘g‘risida)» degan ma'ruzasini RKP(b) MQ oldiga qo‘yish bilan go‘yo chegaralanish to‘g‘risidagi g‘oyaning paydo bo‘lishida tashabbus respublikalarning o‘zidan kelib chiqdi, degan fikr tug‘dirildi.
Siyosiy byuro masalani uzil-kesil hal qilish uchun TKP, XKP, BKP delegatsiyalariga barcha zarur materiallarni tayyorlash va RKP(b)ning XIII s'ezdiga keltirish vazifasini yukladi, Markaziy Osiyo byurosiga milliy-hududiy chegaralanish to‘g‘risidagi o‘z mulohazalarini geografik xaritalarga tushirib uni ilova qilgan holda, MQ Siyosiy byurosiga taqdim etish topshirildi.
Markaziy Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishni amalga oshirishning dastlabki bosqichi shu bilan tugallandi. Uning mohiyati shundan iborat ediki, Turkiston, Buxoro va Xorazmning partiya rahbariyati RKP(b) MQning xohish-istagini itoat bilan bajardi va chegaralanish hamda milliy respublikalar tashkil qilinishini yoqlab fikr bildirdi. Ular qabul qilgan hujjatlarda fikrlar ifodasining o‘xshashligi jihatidan RKP(b) MQ ning yagona maqsadi va irodasi yaqqol sezilib turardi, markazning bu irodasini sodiq bajaruvchisi RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosining raisi, Markazning partiyaviy dastyori, o‘lkaning o‘ziga xos xususiyatlarini zaif biladigan Ya.Rudzutak bo‘ldi.
1924 yilning 31 yanvarida RKP (b) MQning Tashkiliy byurosi Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi masalasini ko‘rib chiqdi va Ya.E.Rudzutakka mazkur respublikalarning mas'ul xodimlari bilan birgalikda bu g‘oyani amalda qanday ro‘yobga chiqarish mumkinligini oldindan muhokama qilishni topshirdi. 1924 yil fevralida qator ziyolilar, milliy rahbar kadrlar milliy chegaralash masalasi to‘g‘risidagi chiqishlarida Markazning turkiy xalqlarning ildizi birligini hisobga olmayotganligi, chegaralash g‘oyalari o‘tmish istilochilari siyosatidan farq qilmayotganligi aytildi.
Biroq o‘lka jilovini qo‘lda mahkam tutgan bolshevik mutassadilar ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Bugina emas, yagona va mustaqil Turkiston g‘oyasi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda, turkparastlikda va sovet hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar. Shunday qilib, Markaziy Osiyoni milliy - hududiy jihatdan alohida respublikalarga bo‘lib tashlash masalasi bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida, ularning Kompartiyalari plenumlarida, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi organ – RKP(b) MQ Markaziy Osiyo Byurosi Plenumida muhokama etilib, mahalliy xalqqa kuchli bosim o‘tkazib borildi. Milliy - hududiy chegaralanish masalasi 1924 yil 5 aprelda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosida, 11 mayda RKP(b) MQ Markaziy Osiyo Byurosida ko‘rib chiqildi. Unda Markaziy Osiyo respublikalarida milliy chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komissiya tuzildi. Loyiha RKP(b) Markaziy Osiyo Byurosining 1924 yil 2 iyundagi yig‘ilishida muhokama etilib, asosan ma'qullandi. Bundan norozi bo‘lgan mahalliy aholi vakillari, xususan Xorazm respublikasining bir guruh mas'ul xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinaev, ichki ishlar noziri Abdusalomov, Turkiston va Buxoro vakillari: Xo‘janov, Asfandiyorov va boshqalalar yagona Turkistonni bo‘lib tashlash maqsadga muvofiq emas, deb e'tiroz bildirdilar. 1924 yil 25 sentyabrda RKP(b) MQ Siyosiy Byurosi, 9 va 11 oktyabrda RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi bu masalani ko‘rib chiqib, milliy chegaralanshshsh rasmiylashtirishni maqsadga muvofiq deb topadi. Bu qaror 14 oktyabrda SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan ham ma'qullanadi. Shu tariqa, Sovet xukumati, RKP(b) MQ va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining 1920-1924 yillar davomida Markaziy Osiyoda olib borgan, xalqqa katta va'dalar berishni ko‘zda tutgan «lenincha milliy siyosat»ni hayotga tatbiq etish bobidagi amaliy ishlari yakun topdi. Nihoyat, 1924 yilning 27 oktyabrida bo‘lib o‘tgan SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi II-sessiyasida Markaziy Osiyoda milliy davlat chegaralanishi o‘tkazish tadbirlari to‘la ma'qullandi. Shunday qilib, hukmron Markaz sa'y-harakatlari orqasida Markaziy Osiyoning siyosiy jug‘rofiyasi sun'iy ravishda o‘zgartirildi. Markaziy Osiyo hududidagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida oltita milliy davlat birlashmalari tashkil etildi. Turkmaniston SSR, O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR, Qirg‘izlar yashagan hududlar RSFSR tarkibida Qoraqirg‘iz (Qirg‘iziston) muxtor viloyati, Qozoqlar yashaydigan tumanlari RSFSR tarkibida Qozog‘iston ASSR, Qoraqalpoqlar yashaydigan hududlar Qozog‘iston ASSR tarkibida Qoraqalpoq muxtor viloyati etib belgilandi. Natijada yagona Turkiston xalqlari bir - biridan sun'iy ravishda uzoqlashtirildi. Bu hol sovetlarga o‘lkada o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratib berdi.
1924 yil aprel-iyun oylarida markaziy organlar, mintaqa kommunistik tashkilotlari va RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosida milliy chegaralanish masalalari yuzasidan amaliy takliflar va tegishli materiallar tayyorlash yuzasidan zo‘r berib ish olib bordilar. Bunday materiallarni tayyorlashni ulardan RKP(b) MQ Siyosiy byurosining 1924 yil 5 apreldagi majlisi talab qilgan edi. Milliy chegaralanish masalalarini yanada batafsilroq, chuqurroq o‘rganish uchun Turkiston va Buxoro kompartiyalari markaziy qo‘mitalari huzurida maxsus komissiyalar tuzildi. Bunday komissiya Markaziy Osiyo byurosi huzurida ham ish olib borardi, bu komissiya huzurida milliy kichik komissiyalar ham tashkil etilgan edi.
Kichik komissiyalarning ma'ruzalari RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi Komissiyasining 1924 yil 10 maydagi majlisida, 11 mayda esa RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosida tinglandi, byuro maxsus komissiya va uning kichik komissiyalari ishining yakunlarini muhokama qilib, ular ishlab chiqqan Markaziy Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishining aniq rejasini tasdiqladi. Qabul qilingan qarorda bunday deyilgan edi:
«1. Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarini milliy-hududiy belgilariga ko‘ra chegaralash zarur deb topilsin, yangi tashkil etilayotgan milliy-hududiy birlashmalardan federatsiya tashkil etilmasin.
2. O‘zbekiston va Turkmaniston respublikalari tashkil etilsin va ular mustaqil SSR huquqlariga ega bo‘lsin va bevosita SSSRga kirsin. O‘zbekiston Respublikasi doirasida Tojikiston avtonom viloyati tashkil etilsin. Qirg‘iziston avtonom viloyati tashkil etilsin: Qirg‘iziston avtonom viloyati qaysi respublika tarkibiga kiritish masalasi ochiq qoldirilsin.
3. Turkiston Respublikasida yashaydigan qozoqlar hozirgi vaqtda mavjud bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasiga kiritilsin».
Biroq Markaziy Osiyo byurosi bu qarorni qabul qilar ekan, vaziyatning o‘zgarishini hisobga olmagan edi. 1924 yil 8 maydayoq Markaziy Osiyo iqtisodiy konferensiyasida qatnashish uchun Toshkentga kelgan Xorazm delegatsiyasi a'zolari RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi raisiga «Xorazmda milliy masalaning hal qilinishi to‘g‘risida maktub» topshirdilar, unda Xorazmni mustaqil ma'muriy rayon sifatida o‘zining doirasida qoldirish, shuningdek, Xorazm Respublikasi bilan Turkiston Respublikasining Amudaryo viloyatini birlashtirish taklif qilingan edi. Aslida, bu Xorazmning chegaralanish o‘tkazilishini rad qilishi edi. Shunga qaramasdan, Markaziy Osiyo byurosi bu fikrni inkor etdi, o‘z qarorlarining birinchi bandiga Xorazm Respublikasini ham kiritdi. Lekin iyunda XKP MQ Ijroiya byurosi o‘zining telegrammasi bilan maktub mualliflarining nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladi. Shu munosabat bilan 1924 yil 12 iyunda bo‘lib o‘tgan RKP(b) MQ Siyosiy byurosi Markaziy Osiyo byurosining majlisga tayyorlagan materiallariga tegishli tuzatishlar kiritishiga majbur bo‘ldi. Siyosiy byuro Xorazm Respublikasini oldingi holida qoldirishga qaror qildi.
Lekin RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi Xorazm Kompartiyasi MQ tarkibini yangilashga kirishdi. Natijada 26 iyunda Xorazm kommunistik partiyasi MQning yangilangan tarkibi 9 iyundagi qarorni bekor qildi va Xorazm uchun ham milliy chegaralanishning zarurligini e'tirof etdi. RKP(b) MQ Siyosiy byurosi Markaziy Osiyo byurosining taklifi bilan yana bu masalaga qaytdi va Xorazmni Buxoro hamda Turkiston bilan bir qatorda milliy-hududiy chegaralanish jarayoniga qo‘shdi.
Aslida, RKP(b) MQ Siyosiy byurosining 1924 yil 12 iyundagi qaroridan boshlab milliy-hududiy chegaralanishni tayyorlash jarayoni yangi bosqichga kirdi. 15 iyulda MQ Markaziy Osiyo byurosi yangi tashkil etiladigan milliy respublikalar va viloyatlarning muvaqqat byurosini tashkil etdi. Rejalashtirilgan yangi milliy tuzilmalarini mazmunan to‘ldirish, ularning hududlarini aniqlab chiqish, chegaralarni ajratish va belgilash lozim edi. Bu ish birmuncha oldinroq RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi tashkil etgan hududiy komissiyada, uning milliy kichik komissiyalarida va janjalli masalalarni hal qilish uchun tuzilgan maxsus komissiyalarda boshlangan edi.
Hududiy komissiya (uning tarkibiga yanga tashkil etilayotgan respublikalar va viloyatlarning vakillari kirgan edi) majlislarining stenografik hisobotlari bugungi kunda bu ishni bajarganlardan birining obrazli iborasi bilan aytganda, «aholini milliy guruhlarga ajratish» muammolarining murakkabligi va xilma-xilligiga chinakam baho berish imkonini tug‘diradi. Agar o‘zbek va turkman kichik komissiyalarining vakillari umuman bitta nuqtai nazarda: chegaralanish asosida mustaqil «milliy sovet» respublikalari va avtonom viloyatlari tashkil etilishini yoqlagan bo‘lsalar, Xorazm delegatsiyasi Xorazm Respublikasining daxlsizligini himoya qilishda davom etdi, qozoq kichik komissiyasi esa Markaziy Osiyo sovet respublikalari federatsiyasini tuzish g‘oyasini yana bir marta ilgari surdi. Markaziy Osiyo hududini mo‘ljallanayotgan milliy tuzilmalar o‘rtasida chegaralarga ajratib olishda yanada ko‘proq xilma-xillik ko‘zga tashlandi. Chegaralanish uchun asos qilib olingan ikki prinsip — milliy-hududiy va iqtisodiy prinsiplar Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan sharoitga to‘g‘ri kelmadi. Hududiy komissiya a'zolari oldiga hal etilishi qiyin bo‘lgan vazifalarni keltirib chiqardi, ular o‘rtasida norozilik va kelishmovchiliklarni chuqurlashtirdi, ba'zida esa g‘alati va jiddiy vaziyatlarni yuzaga keltirdi.
Majlis qatnashchilari tayanch masalalarni ilmiy jihatdan yanada chuqurroq o‘rganib o‘tirmasdan oddiy ovoz berish yo‘li bilan Markaziy Osiyo federatsiyasi tashkil etilishi g‘oyasiga (majlisda bu g‘oyani S.Xo‘janov asoslab bergan va himoya qilgan edi) qarshi fikr bildirib, O‘zbekiston, Turkmaniston respublikalari tashkil etilishi va ularning bevosita SSSRga kirishini, O‘zbekiston Respublikasi tarkibida Tojikiston avtonom viloyati va Qirg‘iziston avtonom viloyati tarkib topishini yoqlab chiqdilar.
Umuman olganda, RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosining hududiy komissiyasi majlisi ishtirokchilari milliy-hududiy chegaralanish masalalari yetarli darajada tayyorlanmaganligini, bu masalalar taxminan hal etilganligini, ularni ilmiy jihatdan asoslab berish ehtiyoji borligini tushunib yetdilar, qo‘shimcha materiallar, statistik ma'lumotlar jalb qilish zarurligi, tegishli xaritalarga ega bo‘lish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Ana shularga asoslanib, xususan, yangi tuzilmalarning chegaralari haqidagi masalani qarab chiqish qoldirildi.
Hududiy komissiya faoliyatining natijalari Markaziy Osiyo byurosida va Markaziy Osiyo kommunistik tashkilotlari rahbar organlarida muhokama qilindi. 1924 yil 14 sentyabrda TASSR MIQ va Taftish komissiyasining qo‘shma plenumida hududiy komissiyaning ishi to‘g‘risida komissiya raisi, TKP MQning mas'ul kotibi I.Vareykis ma'ruza qildi. Ma'ruzaning kirish qismida uning chegaralanishni amalga oshirishning chinakam mexanizmini ochib beradigan ikkita mulohazasi e'tiborni jalb qiladi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytdiki, «bu xalqlarning baxtiga mazkur masala yuzasidan haqiqatda birdan-bir rahbar bizning partiyamiz hisoblanadi».
Ma'ruzada hududiy komissiyada yuzaga kelgan ixtiloflarga birmuncha e'tibor berildi. Vareykis o‘z ma'ruzasida yakunlab berilgan hududiy komissiya ishining mazmunini tahlil qilib, milliy-hududiy chegaralanish singari g‘oyat murakkab masalaga yondashuvda biron-bir ishlab chiqilgan ilmiy uslubning yo‘qligini, bu hol ayniqsa janjalli hududlarga doir masalalarni hal qilishda ko‘zga tashlanganligini ko‘rsatib o‘tdi. Markaziy Osiyodagi yangi milliy tuzilmalar hududini va chegaralarini belgilashda partiya rahbarligi haqiqatda real qiyinchiliklarga duch keldi. Mintaqadagi turli xalqlarning asrlar mobaynida qaror topgan tarqoq holda (ora-sira) joylashganligi, ularning xo‘jalik, sof turmush aloqalari faqat milliy jihatni e'tirof qilishni emas, shu bilan birga xalqlarning tarixiy rivojlanishini, xo‘jalik, maishiy shart-sharoitlar kabi omillarini, hududlarning iqtisodiy yaxlitligini, ularning iqtisodiy intilishini va hokazolarni hisobga olishning ahamiyatli ekanligini ko‘rsatdi. Bunday ish shak-shubhasiz ancha uzoq va sinchiklab tayyorgarlik ko‘rishni, etnograf, iqtisodchi, tarixchi olimlar va boshqalarning fikrlarini hisobga olishni talab qilardi. Holbuki, ulardan birortasi ham hududiy komissiya tarkibiga kiritilmagan edi, komissiya, yuqorida aytib o‘tilganidek, faqat
Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling