Markaziy osiyo xalqlari tarixi


S Markaziy Osiyoda industrlashtirish siyosatining ijobiy va salbiy jihatlari. J


Download 0.9 Mb.
bet26/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

S Markaziy Osiyoda industrlashtirish siyosatining ijobiy va salbiy jihatlari.
J 1928 yil - SSSRda zo‘ravonlik bilan industrlashtirish amalga oshirildi, kollektivlashtirish boshlandi (1928-1930 yillarda quloqlarga qarshi keskin kurash bo‘ldi).
Markaziy Osiyo respublikalarida industrlashtirish siyosati amalda Markaz tomonidan o‘tkazildi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, ushbu siyosat o‘z vaqtida amalga oshirila boshlandi. Chunki 1920 yillarning ikkinchi yarmida ham ushbu respublikalar hanuzgacha agrar mintaqalar qatoridan joy olib kelmoqda edi. Sovet hukumati tomonidan e'lon qilingan besh yilliklarda (1928 yil 1 oktyabr) Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston respublikalari bo‘ylab yuzlab yangi sanoat korxonalari qurildi va foydalanishga topshirildi. Sanoatning yangi tarmoqlari metallurgiya, neftni qayta ishlash, yengil va oziq ovqat sanoati jadallik bilan rivojlandi. Birgina yengil sanoatning ko‘nchilik, poyabzal ishlab chiqarish, tikuvchilik sohalari va ip gazlama ishlab chiqarish sur'atlari jadallik bilan rivojlandi. Shu davrda Markaziy Osiyoda paxta va boshqa xom ashyolarni qayta ishlovchi mashinasozlik sanoatlari tez rivojlandi. Sanoatning rivojlanishi energetika bazasini kengaytirishni talab qilar edi. Bu maqsadlarda respublikalar hududida yangi elektrostansiyalar qurilib foydalanishga topshirildi.
Industrlashtirish siyosatini sun'iy jadallashtirish oshkora ma'muriy taz'yiq o‘tkazish, haybarakachilik bilan ta'minlanar, bu esa sanoat qurilishi sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatardi. Korxonalarning aksariyat qismi texnologik jihatdan eskirgan asbob-uskunalar bilan jihozlanar edi. Industrlashtirish siyosati katta mablag‘larni talab qilar, Markaz bo‘lsa bu mablag‘ni qishloq xo‘jaligi va ichki zayomlarni ko‘paytirish yo‘li orqali olishga harakat qilar edi. Markaziy Osiyoning barcha respublikalari sanoati asosan xom ashyo yetkazib berish vazifasini o‘tar edi. Qozog‘iston, O‘zbekiston kabi sanoati “gurkirab” o‘sgan respublikalarda neft, gaz, metalni qayta ishlash, mashinasozlik, stanoksozlik, asbob uskunalarni ishlab chiqarish va avtomobilsozlik korxonalari yo‘q edi. Ushbu respublikalar Ittifoq miqyosida elektr quvvati ishlab chiqarish va temir yo‘llarni mavjudligi bo‘yicha hanuzgacha orqada qolayotgan edi. Sovet davlatining go‘yoki sanoati gurkirab rivojlanayotgan respublikalarni ishchi kuchi bilan ta'minlash bahonasida Rossiya, Ukraina, Belorussiya hududlaridan katta miqdordagi migratsiya oqimini vujudga keltirishi, mahalliy ishchi kadrlarga bo‘lgan talabni keskin tushishiga yoki ularni tayyorlash ishlarini amalga oshirmaslik uchun asos bo‘ldi.
Sovet hokimiyati tomonidan mamlakatda sanoatni rivojlantirishning besh yillik rejalari ishlab chiqilganligiga qaramasdan, bu rejalarning ko‘pchiligi amalda bajarilmay qolaverdi. Ittifoq miqyosida bo‘lgani kabi, Markaziy Osiyo respublikalarida ham birinchi besh yillikning o‘ta yuqori qilib belgilangan rejalarini amalga oshirishning iloji bo‘lmadi.

  • Sanoat qurilishidagi zarur nisbatlarning buzilishi;

  • noaniq topshiriqlar;

  • mutaxassis kadrlarning yo‘qligi sanoatni rivojlantirishga ajratilgan mablag‘lardan to‘liq foydalanish imkonini bermadi.

  • Bunday sharoitda mamlakat yuqori siyosiy rahbariyati umuman industrlashtirish siyosatini bo‘lmasada, uning amalga oshirilish sur'atlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. Ikkinchi besh yillik rejalari (1933-1937) keskin pasaytirildi, xo‘jalik hisobida ish yuritishning ayrim tomonlarini tiklashga harakat qilindi. Markaziy Osiyo respublikalarida ikkinchi besh yillik rejada, ularni asosiy paxta bazasi sifatida ixtisoslashuvini yanada kuchaytirish, mahalliy resurslar, mis, qo‘rg‘oshin, oltin ishlab chiqarish, azot tayyorlash va boshqalar asosida sanoatni butun choralar bilan rivojlantirish ko‘zda tutilgan edi.

  • To‘qimachilik;

  • oziq-ovqat sanoatini;

  • mashinasozlik;

  • energetika;

  • kimyo sanoatini;

  • ipakchilik;

  • bog‘dorchilik;

  • uzumchilik va agrar majmuaning boshqa tarmoqlarini, birlamchi qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirish sur'atlarini ko‘paytirish mo‘ljallangan edi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, besh yillik rejalarida asossiz va amaliy jihatdan bajarib bo‘lmaydigan vazifalar belgilangan bo‘lib, targ‘ibotchilikdan boshqa narsa emas edi. Ikkinchi besh yillikda Markaziy Osiyo respublikalarida barpo qilinadigan sanoat korxonalari mahalliy sharoit va milliy manfaatlarni emas, balki Markaz ehtiyojlari hisobga olinib rejalashtirilgan edi. Ko‘plab yangi sanoat korxonalarining ishga tushirilishi Markaziy Osiyoda ikki besh yillik mobaynida uning uchun mutlaqo yangi bo‘lgan, chunonchi ip, gazlama, ipak yigiruv, tikuvchilik, mo‘ynachilik, poyabzal, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va boshqa tarmoqlar vujudga keltirildi. Urushdan oldingi uchinchi besh yillikda sanoat rivojlanishida yangi qadamlar qo‘yildi. Urushning boshlanishiga kelib 300 dan ortiq korxonalar qo‘shimcha ravishda ishga tushirildi.

Shunga qaramasdan Markaziy Osiyo respublikalari va Markaz o‘rtasidagi imperiyacha munosabatlar tizimi “yuqoridan” tazyiq qilish amaliyoti, rahbarlikning buyruqbozlik-rasmiyatchilik usullari respublikalar sanoatida chuqur iz qoldirdi.
Mustabid tuzum tomonidan Markaziy Osiyoning sanoatini jadallashtirish siyosatining olib borilishi natijasida respublikalar metropoliyaning rangli va nodir metallar, neft, oltingugurt, ozokerit, volfram, molibden, paxta tolasi, xom ipak bilan ta'minlovchi yirik sanoat xom ashyosi mintaqasiga aylanib qoldi, bu esa Sovet davlatini boshqa mamlakatlarga xom ashyo qaramligidan xalos etdi. Chunki Markaziy Osiyo hududida qurilgan sanoat korxonalarining aksariyati xom ashyo yoki nari borsa, chala mahsulot tayyorlashga ixtisoslashgan edi. Shu sababli ham tayyor mahsulotdan tushadigan mo‘may daromad, Markaziy Osiyo respublikalari xom ashyosini qayta ishlovchi markaziy korxonalar cho‘ntagiga tushar edi. Shu bois ham SSSRning umumiy xalq xo‘jalik majmuida Markaziy Osiyoning ixtisoslashuvi oxirigacha butunlay o‘zgarmadi, u Rossiya imperiyasi podsholigi davrida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaverdi. Markaziy Osiyo iqtisodiyotining ataylab industrial-agrar yo‘nalishga burilishi Ittifoqning markaziy mintaqalari sanoat jihatidan rivojlanishini ta'minlash bilan mustahkam bog‘liq edi. Natijada respublikalarning o‘ziga xos iqtisodiy manfaatlari nazar-pisand qilinmadi, ularning tabiiy iqlimi, xom ashyo resurslaridan ayovsiz foydalanildi, bu esa agrar sektorda tubsiz burilishlarga olib keldi. Urushdan oldingi besh yilliklarda va undan keyin ham Markaziy Osiyoda barpo qilingan va tashkil etilgan korxonalarning hammasi ham uning o‘ziga tegishli emasligini, ulardan ko‘plari, avvalo, eng muhimlari va Ittifoq xo‘jaligi ahamiyatiga ega bo‘lganlari Markaz tasarrufiga olinganligini nazarda tutish lozim.
Jadal industrlashtirish usullari juda katta miqdordagi mablag‘larni talab qilar, bu esa mehnatkash kishilar yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib tushar edi. Keng xalq ommasining ijtimoiy ehtiyojlari Sovet davlatining byudjet siyosatida ikkinchi o‘ringa tushib qolgan edi. Sanoatni kadrlar bilan ta'minlash jarayoni ziddiyatli xususiyatga ega bo‘ldi. Umuman, shiddatli industrlashtirish sur'atlari ishchilar va muhandis-texnik kadrlar bilan ta'minlashning miqdor jihatidan o‘sishiga ob'ektiv sharoit yaratdi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ular orasida mahalliy millat vakillari ozchilikni tashkil qilar edi.
Respublikalarda sanoat ishchilarini shakllantirish jarayoniga ittifoq respublikalaridan, asosan RSFSRdan ishchi kuchining oqib kelishi sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Ammo bundan siyosiy maqsadlar ko‘zlanganligi ayon edi. Joylarning o‘zida malakali ishchi kadrlarni keng miqyosda tayyorlash tashkil etilganda, bu hol ancha oqilona va tejamli bo‘lishi mumkin edi. Biroq sovet tuzumi sharoitida mafkura iqtisodiyotdan ustunlik qilar edi. Moskva milliy o‘lkalarda imperiya tuzumining tayanch ijtimoiy qatlamlarini vujudga keltirishdan manfaatdor edi. Sun'iy migratsiya stalincha ma'muriyat ruslashtirish siyosatining muhim vositasi, mahalliy millatlardan malakali ishchilar va muhandis-texnik xodimlar tayyorlashga to‘siq qo‘yishning o‘ziga xos yo‘li edi. Shu asosda mahalliy aholi bilan yevropalik aholi o‘rtasida o‘ziga xos mehnat taqsimoti qaror topdi. Mahalliy aholi asosan qishloq xo‘jaligida band bo‘lib, bu tarmoq haddan tashqari markazlashuvdan, paxta yakkahokimligidan zarar ko‘rayotgan, og‘ir mehnat talab qiladigan va kam haq to‘lanadigan tarmoqqa aylanib borayotgan edi. yevropalik aholi vakillari esa sanoatning muhim tarmoqlarida va aqliy mehnat va xizmat ko‘rsatish sohasida, ya'ni agrar sektorga qaraganda ancha yuqori xaq to‘lanadigan, yaxshiroq sharoitga ega bo‘lgan tarmoqlarda ishlar edi. Bu tamoyil jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilar, mahalliy aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqarar, millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi uchun omil bo‘lib xizmat qilar edi.
Sovet davlatining siyosiy rahbariyati xalq xo‘jaligini boshqarishda o‘zlari yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan yo‘qotishlar o‘rnini ma'muriy-buyruqbozlik orqali majburlash va yuqoridan tashkil qilingan “sotsialistik musobaqa”, “staxanovchilik” va boshqa bir qator ishchilar harakatlari vositasida ommaning inqilobiy g‘ayrat shijoatini avj oldirish bilan qoplashga intilardi. Bu harakatlar orqali stalincha ma'muriyat navbatdagi “katta sakrash” ni, sanoat ishlab chiqarishini bir yo‘la keskin oshirishni nazarda tutgan edi. Umuman ittifoqda bo‘lgani kabi Markaziy Osiyo respublikalarida ham ko‘zga tashlanib turgan sanoat sohasidagi yangilanish sururi, xalqning uyushtirilgan muayyan “g‘ayrat-shijoati”dan partiya-davlat rahbariyati hyech tortinmay foydalanib qolishga intildi. Lekin, aslini olganda, sotsialistik mehnat musobaqasining ishlab chiqarish samarasi qatnashchilarning ko‘pchilik bo‘lishiga qaramasdan past bo‘ldi. “Sotsialistik musobaqa” avval boshidanoq rasmiyatchilik bilan sug‘orilgan ijodkorlik edi, u xo‘jalik yuritishning o‘ta mafkuraviylashganligi sababli, mehnatkashlarning tashabbuskorlik ijodini yetarli darajada ochib berishga, haddan tashqari markazlashtirilgan sovet iqtisodiyoti boshqaruvidagi byurokratik illatlarni yengishga qodir emas edi. Sanoat qurilishini sun'iy jadallashtirishning chuqur nuqsonlari Sovet davlati hududidagi barcha sanoat ishlab chiqarishida sifat ko‘rsatkichlarining past bo‘lishini taqozo etdi.
Sovet davlati bo‘ylab bo‘lganidek, Markaziy Osiyo respublikalarida ham industrlashtirish siyosati quyidagi usullarni qo‘llagan holda amalga oshirildi:

  • industrlashtirish dehqonlardan haddan tashqari ortiq soliq olish yo‘li bilan amalga oshirildi;

  • industrlashtirish ma'muriy-buyruqbozlik, Markazdan boshqarish, rejalashtirish yo‘li bilan bajarildi;

  • respublikalar byudjetiga kelayotgan mablag‘larni umumiylashtirish, davlat ixtiyoriga olib qo‘yish jadallashtirildi;

  • davlat qo‘lida ishlab chiqarish, mahsulot sotish va ta'minot markazlashtirildi;

  • repressiyaga duchor qilish siyosatining qo‘llab-quvvatlanishi, lagerlar yordamida dunyodan mutloqo uzib qo‘yish;

  • mahalliy aholini asrlar davomida amal qilib kelgan an'ana, qadriyat va urf-odatlaridan mahrum qilish.

Shunday qilib, Markaziy Osiyoda industrlashtirish Markazning xohish-irodasi bilan uning manfaatlari asosida amalga oshirildi. Sanoat ishlab chiqarishini belgilash va ishchi, mutaxassis kadrlarni shakllantirishda imperiyacha maqsadlar ustuvorlik qildi. Shu yo‘sindagi yondashuv Sovet davlatining keyingi bosqichlarida ham namoyon bo‘ldi. Bularning barchasini oktyabr to‘ntarishidan keyin qaror topgan ijtimoiy tuzum, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan kommunistik metropoliya o‘rtasidagi imperiyacha munosabatlar mantiqini yuzaga keltirgan edi.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling