Markaziy Osiyoda diniy bag`rikenglik
Markaziy osiyoda diniy bag`rikenglik
Download 35.92 Kb.
|
Markaziy Osiyoda diniy bag`rikenglik KURS ISHI
Markaziy osiyoda diniy bag`rikenglik
Markaziy Osiyoning sug‘diy va turkiy etnoslari orasida zardushtiylik e’tiqodi ko‘p asrlik (miloddan avvalgi I ming yillik – milodiy VIII–IX asrlargacha) tarixga ega. Turkiy qabilalar orasida Tangri, ya’ni yakkaxudolik g‘oyasi yetilib, bu turkiy xoqonlardan 552–576 yillarda hukmronlik qilgan Istami xoqonning podsholik yillariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun VII asr oxiri va VIII asr boshlarida kirib kelgan islom dinini qabul qilish ancha oson kechgan. Chunki xalq yakkaxudolik g‘oyasini qabul qilishga deyarli tayyor edi, degan fikrlar ham tadqiqotchilar tomonidan ilgari suriladi. Tarixchi Azimxo‘ja Otaxo‘jayev ilk o‘rta asrlarda turk-sug‘d munosabatlariga bag‘ishlangan monografiyasida sug‘diylarning yetakchi dini zardushtiylik ekani, sug‘d kolonial harakati orqali zardushtiylik mintaqaga tarqalganini e’tirof etadi. Xitoy sayyohi va buddaviy rohibi Syuan Szan (VIII asr) «Turklar olovga e’tiqod qilar edi. Shu bois ular yog‘och taxtdan foydalanmasdi», — deb yozgan bo‘lib, tadqiqotchi buni turkiylarning zardushtiylikka bo‘lgan e’tiqodini nazarda tutganini taxmin qiladi. 568 yilda Yettisuvga kelgan Vizantiya elchisi Zemarxning yozishicha, elchilar Istami yabg‘u qarorgohi oldida sharqqa qarab cho‘kkalab o‘tirgan. So‘ngra bo‘ri kallasi tasviri tushirilgan bayrog‘ga ta’zim bajo keltirib, yonib turgan olov bilan poklangan. Shundan so‘nggina Istami yabg‘u o‘tirgan ulkan chodir — qarorgohga kirgan. Bunda u turk-sug‘d umumiyligining bir jihatini — turklarning tangrichilik an’anasi: sharqqa qarab o‘tirish va ko‘k bo‘ri totemiga e’tiqod hamda zardushtiylikka xos bo‘lgan muqaddas olov orqali poklanish udumlari qorishmasini ko‘rgan edi. Sug‘diylar Markaziy Osiyo bo‘ylab tarqalgan bo‘lib, ularning shimoliy-sharqiy hududlarda tarqalgan guruhi turkiy xalqlarni doimiy ravishda zardushtiylikka targ‘ib qilgan va ular bilan diniy rituallarni bajargan. Buning isboti sifatida Sharqiy Turkistonda Sug‘ddagi kabi ehrom — «vag‘n» bunyod etilib, kohinlar — «vag‘npatlar» diniy amallarni bajo keltirgan. Turkiylarga xos samimiylik va bag‘rikenglik tufayli manbalarda tangrichilikka e’tiqod qilgan turkiy qavmlarning bu jarayonga monelik qilingani haqida ma’lumot uchramaydi. Markaziy Osiyoda turkiy va sug‘diylar yonma-yon yashagan manzilgohlardan topilgan ostadonlar misolida bu ikki qavmning zardushtiylik ta’sirida umumiylikka ega bo‘lgan urf-odati mavjud bo‘lganini kuzatamiz. Markaziy Osiyoda mavjud zardushtiylik Sosoniylar davlatidagi zardushtiylikdan farqlangan. Xususan, Eronda zardushtiylik rasmiy davlat dini maqomida, siyosiy vositalar orqali belgilangan qat’iy qoidalar asosida rivojlangan. Markaziy Osiyoda esa diniy tolerantlik negizida unga amal qilingan. Sug‘d zardushtiyligi mazdachilik yoki mazdayasna dini deb yuritiladi. Yuqoridagi fikrlar isboti sifatida, hududda ikki qavm o‘rtasidagi diniy va etnik xarakterga ega mojarolar haqida manbalarda ma’lumotlar uchramasligini aytib o‘tish lozim. Tolerantlik masalasi hududda asosiy aholi e’tiqod qilgan tangrichilik va zardushtiylik dinidan tashqari boshqa dinlar uchun xam xos xarakterga ega. Xususan, Xitoy tomonidan doimiy ravishda buddaviy rohiblar Markaziy Osiyoga yuborib turilgan. Mashhur sayyoh Syuan Szandan tashqari, Chjang Chyan, Ban Chao, Chju Sishing, Fa Syan, Sung Yun Xuey Sheng, Shyuan Zang Vu Kung kabi rohiblar turli maqsadlarda ushbu mintaqaga tashrif buyurgan. Mazkur din antik davr va ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoga yoyilganini qator arxeologik ashyolar va yozma yodgorliklardagi ma’lumotlar tasdiqlaydi. Turk xoqonligida yashagan xalqlarning diniy e’tiqodi, tasavvurlari ham turlicha bo‘lgan, ko‘p xudolilik hukm surgan. Bu esa ularda turli xil osmoniy va yer jismlari — quyosh, oy, yer, suv, hayvonlar va boshqa narsalarga sig‘inishni keltirib chiqargan. Osmon xudosi Tangri turk qavmlarining eng oliy xudosi hisoblangan. Hozirda ham Tangri iborasi Alloh nomiga nisbat sifatida qo‘llanadi. Tadqiqotchi E.Ibragimov tomonidan xristianlikning yurtimizga kirib kelish tarixi Marv shahri bilan bog‘liq ekani, shaharda 334 yillarda xristian yeparxiyasi mavjud bo‘lgani keltirib o‘tiladi. Mazkur keltirilgan ma’lumot, hududga xristianlik dini yuqorida keltirilgan sanadan ancha oldin kirib kelganini tasdiqlaydi. Markaziy Osiyoda tarixiy nasroniylik cherkovlari Marv, Samarqand, Xorazm, Talas, Yettisuv kabi shaharlarda mavjud bo‘lib, bu ushbu shaharlarda xristianlik dini keng tarqalgani va faoliyat yuritganini ko‘rsatadi. Xristianlikning Markaziy Osiyo hududiga tarqalishiga bu mintaqadagi davlatlarning Buyuk ipak yo‘li orqali Vizantiya bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari sabab bo‘lgan. Bu yo‘ldan nafaqat missionerlar, balki guruh-guruh bo‘lib hunarmandlar, dehqonlar ham kelgan. Markaziy Osiyo hududlariga kirib kelgan xristianlikning ilk oqimlari monofizitlik va nestorianlik hisoblanadi. Monofizit yunon tilida (monofitsia) yagona tabiat ma’nosini bildiradi, lekin bu yo‘nalish tarafdorlari o‘zlarini pravoslavlar yoki apostol cherkovi tarafdorlari deb ataydi. Dunyo bo‘yicha monofizitlarning umumiy soni 36 millionga yetadi. Ilk xristian yo‘nalishlaridan yana biri — nestorianlik milodning V asri boshlarida shakllandi. Nestorianlar oqimiga 428–431 yillarda rohib Nestoriy tomonidan asos solingan. U Iso Xudoning o‘g‘li emas, balki «vujudida Xudo yashagan inson bo‘lgan» degan ta’limotni targ‘ib qilgan. Umuman olganda, ikkala oqim ham hukmron Konstantinopol cherkovi tomonidan ta’qib qilingan, quvg‘inda bo‘lgan va ularning Suriya hamda Eron orqali Markaziy Osiyoga kirib kelishi shu omil bilan izohlanadi. Markaziy Osiyoga kirib kelgan ilk xristian oqimlari ichida nestorianlar ko‘p sonli bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Markaziy Osiyoda nestorian va monofizit oqimlari bilan bir qatorda, «mulkiylar» oqimi (Xorazm) ham mavjud bo‘lib, ular missionerlik faoliyatidan tashqari, tabiblik, olim, amaldor va tadbirkor sifatida faoliyat yuritgan. Mazkur omil ham hududda turli din vakillari bag‘rikenglik ruhida yashaganidan dalolat beradi. Islom kirib kelgandan so‘ng zardushtiylik otashxonalari kabi nasroniylik cherkovlari ham dastlabki masjidlar uchun tag joy vazifasini o‘taganini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Narshaxiyning ma’lumotiga ko‘ra, Buxorodagi Attaron darvozasi yaqinidagi cherkov arablar tomonidan buzilib, o‘rniga masjid qurilgan. Uni Narshaxiy «otashparastlar kalisiyo (ibodatxona)si bo‘lgan», — deb yozadi. Nasroniylik dini aynan shu hudud orqali Sharqiy Turkistonga kirib borgan. Bu esa Markaziy Osiyo diniy murosa va bag‘rikenglik, madaniyat qorishuvi uchun qulay mintaqa ekani xristianlik misolida o‘z tasdig‘ini topadi. Markaziy Osiyo tarixida Moniy (216–276/277) ta’limoti va u targ‘ib qilgan din zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik kabi dinlar qorishmasi bo‘lib, moniy ta’limoti zardushtiylikdan dualistik nazariyani, xristianlikdan xoch timsolini olgan. U diniy reformator bo‘lish bilan bir qatorda olim va shoir sifatida ham tanilib, 21–23 harfli oromiy yozuvi asosida 29 harf belgili maxsus yozuvni yaratgan. Markaziy Osiyoda bu din Uyg‘ur xoqonligi, qadimgi Xakas, Qirg‘iz va Kimak kabi turkiy davlatlarda to IX–X asrlarga qadar mavjud bo‘lgan. Dinlararo sintez mahsuli sifatida mintaqa xalqlari hayotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘ldi. Ammo Moniy qarashlari Eronda zardushtiy kohinlar tomonidan salbiy qarshi olinishi natijasida 275 yilda Bahrom I (275–282) farmoni bilan Moniy qatl etilgan. Uning tarafdorlari Erondan quvg‘in qilinishi natijasida Moniy jamoalari Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkiston (Koshg‘ar)dan panoh topdi. Markaziy Osiyoda bu ta’limotni Mar (Ustoz) ismli shaxs targ‘ib qilgan. IV asrda dastlabki moniy ibodatxonalari — monastirlari paydo bo‘ldi. Ta’limotning VI asrda turkiylar orasidagi targ‘ibotida samarqandlik Kan Syuan — Chan Min («Mangu yog‘du»)ning munosib hissasi bor edi. Sug‘diylar ta’sirida Moniy ta’limoti Xitoyga yoyilib, 584 yilda Xitoy sharqida moniy jamoalarining ilk ibodatxonasi qurildi. 694 yilda esa bu ta’limot poytaxt Chan’angacha yetib bordi. Yahudiylar Buxoroga Ossuriyadagi qatag‘onlardan Eron orqali qochib kelib najot izlagani aytiladi. Buxoro yahudiylari atamasi birinchi bo‘lib XVI asrda paydo bo‘lgani ilgari suriladi. Ingliz missioneri Volf amir Nasrullaxon hukmronligi davri (1826–1860)da Buxoroda 10 ming yahudiy yashaganini ko‘rsatib o‘tgan. Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, 1926 yilda O‘zbekistonda 18 ming 172, 1989 yilda esa 28 ming 369, shu jumladan, Buxoroda 4200 Buxoro yahudiylari yashagan. Bugunga kelib Buxoro yahudiylari deb nom olgan bu jamoa ilk davrlarda Samarqandda yashagani aytiladi. Umuman olganda, Markaziy Osiyo hududida qadimdan turli din jamoalari o‘zaro bag‘rikenglik ruhida yashagani, bu ,ayniqsa, mazkur dinlar ushbu hududga kirib kelgan dastlabki davr, ya’ni ilk o‘rta asrlarda eng cho‘qqisiga chiqqanini ko‘rishimiz mumkin. Zero, mazkur hudud dinlarning turli hududlarga tarqalishida tranzit vazifasini o‘tagani, qadimgi turkiy xalqlarda bag‘rikenglik g‘oyasi davlat boshqaruvida ustuvor ahamiyat kasb etganini guvohi bo‘lamiz. Bag‘rikenglik masalasi bugungi kunda ham turli konfessiyalar mavjud hududda ma’lum qonunchilik mexanizmlari bilan bir qatorda mahalliy xalq orasida tarixiy ildizga ega qadriyat sifatida shakllangan. Download 35.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling