Marosim folklori


Download 1.18 Mb.
bet13/79
Sana07.04.2023
Hajmi1.18 Mb.
#1337502
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   79
Bog'liq
Alisher Navoiyning hayoti va ijodi.

Muhammad Shayboniy


Muhammad Shayboniy temuriylar sulolasi o’rniga kelgan shayboniylar sulolasining asoschisidir. U 1451 yilda tug’ildi. Yoshligida otasi Shoh Budog’ vafot etib, ukasi Mahmud Sulton bilan birga bobosi Abulxayrxon qo’lida tarbiya topdi. U zamonasining donishmandlaridan, harbiy sarkardalaridan ta’lim oldi. Buxoroda ikki yil madrasada o’qidi. 90-yillarning so’ngida taxt uchun kurash boshladi. 1499— 1504 yillarda Movarounnahrni Abusaid avlodlari qo’lidan tortib oldi. 1505 yilda Xorazmni, 1507 yilda Xyposonni egallab, temuriylar hokimiyatiga barham berdi. Eron va Iroqni bosib olishga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Biroq 1510 yil 10 sentyabrda Murg’ob daryosi bo’yidagi Ismoil Safaviy qo’shini bilan bo’lgan jangda halok bo’ldi. Shayboniyxon ko’p jihatlardan Amir Temur tutumiga ixlos va rioya bilan qarar, jumladan. saroyga olim va shoirlarni, san’at ahlini to’plab, ijodga targ’ib-tashviq etar edi. O’zi esa turkiy va forsiyda yaxshigina she’r yozar, surat chizar, xushovoz qiroatxon edi, musiqa bilan shug’ullanardi. To’ng’ich o’g’lining ismini Temur Sulton qo’ygan edi. Shayboniyxondan bizga bir «Devon» va «Baxr ul-hido» («Xidoyat dengizi») nomli doston yetib kelgan.
Shayboniyxon devoni Istambulda To’pqopi saroyi muzeyida, 1508 yilda yozilgan dostoni esa Britaniya muzeyida saklanadi. Uning she’rlaridan ayrim namunalar unga bag’ishlangan turli kitoblarda, jumladan, Muhammad Solihning «Shayboniynoma» dostonida keltirilgan. Masalan, Nisoriyning ma’lumotiga karaganda, Shaybo­niy mo’g’ullar istilosida shahid bo’lgan xorazmlik mashhur Najmiddin Kubroga bag’ishlab «Shahi shuhado» («Shahidlar shohi») degan ta’rix-she’r yozgan. She’r muxlislari orasida keng yoyilgan «yobu» so’zining urug’ va otning turi ma’nosini anglatishidan ustalik bilan foydalanib yozilgan quyidagi tajnisli tuyuqni ham Shayboniyxonga nisbat beradilar:
So’g’d ichinda o’lturubdur yobular,
Yobularning mingan oti yobular.
Yobularning ilgidin el tinmadi,
Yo bular bo’lsin bu yerda, yo bular.
Devonidagi g’azallarda o’z taqdiridan mamnun va minnatdor, hayotining har bir daqiqasi uchun Ollohga shukrona keltiruvchi mo’min musulmon qiyofasi namoyon bo’ladi. Muallif:
Ey Sha(y)boniy, bandalik tavrin ilikdin bermagil
Kim, jahonning podshohi hazrati jabbor erur,—
deb yozadi va «hazrati jabbor»ga «bandalik» (qullik)ni «ilik» (qo’l)dan bermaslikka chaqiradi. Uning may, ishq xaqidagi fikrlari ham ilohiy mazmunga xizmat qiladi. Masalan, ishq shahri ta’rifiga bag’ishlangan she’riga «Barobar» so’zi radif qilib tanlangan. G’azal
Kezdim bu ishq shahrin ayshu tarab barobar,
Ko’rdum aning bozorin hap ro’zu shab barobar
bayti bilan boshlanadi. Darhaqiqat, bu shaharda hamma teng («barobar»), hamma ayshu ishratda (Ollohning zavqi va ishtiyoqi bilan band). Sening ham yo’ling bu tomonlarga tushsa, «piri muton» (shayx)ga bor, «mayxona»dan «may ich» (shayx suhbatini ol), «jomi shariat» seni «ishq ahli» bilan «barobar» qiladi. Bu shaharning kishilari barcha g’am-g’ussadan ozoddirlar. Shayboniyxon she’rlarida Samarqand va Buxoroning baland, ko’tarinki ta’rifi beriladi. U qayerga bormasin, shu ikki shaharni qo’msaydi. Hatto, go’zal Hirot ham unga tatimaydi:
Har kishi ketsa Samarqapd shaxridin, nochor kelar.
Jannat ul-ma’voda ham bo’lsa. Samarqandni tilar
Man Hirining shahrida turmoqqa bir yep topmadim.
Vah, Samarqandu Buxoro, qayda bo’lg’aymu ular
Kormonu, SHodmonu Qoxliqu Darg’om suyi
Ha qilay. man, ketmadi, hargiz ko’nguldin ushbular
Kim Samarqanddek jahonda bo’lmag’ay xush marg’zor.
Do’stlar, men naylayin, ketmas ko’nguldin sabzalar.
Bu Hirining donish ahli hap necha ayb etsangiz.
Qaydakim bo’lsa Sha(y)boniy, ul Samarqand orzular
Shoir ayrim she’rlarining yozilish tarixini ham qayd etgan. Masalan, y Samarqandga bag’ishlangan «Ko’ngul qoni bilan bitgan o’shul lola yuzungdandur» deb boshlanadigan g’azaliga saj’ yo’li bilan shunday izoh bergan: «Samarqandni gul vaqtida qabaduq. Tog’larni gasht qilduq, Bog’larni barcha asbobliq, har tarafi alqobliq, har yoni latofatliq va ichlari mushk-anbar bo’yluq.
Ul gulistonlarning tafarrujgohinda borib turduq. Ko’rarman: dilbar og’zidin g’unchalar bog’lanib turur. Mahbubning la’di labindin ochilgon gullar yoqutrang bo’lub turur. Ba yana yorning alin ko’rub, lolaning ichinda dog’ bog’lanib turur. Ba sanubarlar aning qaddining misolinda andak havodan ohista tebranur va taqi taxt al-anhor va jannat ul-ashjortek bu bog’larning qushlari xap sanubar sarvlari bo’stonida qo’nub, qar turluk nag’malar birla ishqibozlik qilur.
Faqir bulbulning rangi sarg’arib, gul vasfidin dimog’i qurub, ishq-ushshoq navosinda har turluk nolon qilurman. Faqir bularning bu hollarin ko’rdum, o’zumdin kettim, sanam zulfitek parishon bo’ldum. Ishqim o’tig’a boshimdin shamtek yonib, mijmardek ichimdin kuyub, bu g’azalni ayttim».
Shayboniy va undan boshlangan shayboniylar davri she’riyati adabiy til va ifodaning soddalashuvida, adabiyotning xalq jonli tiliga yaqinlashuvida muhim ahamiyatga ega bo’ldi.
Tayanch tushunchalar:


g’azal, ruboiy, qit’a, tuyuq, masnaviy, qasida, ta’rix, muammo, mustazod, fard, tarkibband, tarje’band, muvashshah, murabba’, muxammas, musaddas


Savol va topshiriqlar:



  1. XV asrning ikkiichi yarmi va XVI asrni nega adabiyotimizning eng yuksak davri deymiz?

  2. XVI asrda shayboniylar timsolida dasht o’zbeklarining hokimiyat tepasiga kelishi adabiy til takomiliga qanday ta’sir ko’rsatdi?

  3. Badiiy njod bilan shug’ullangan temuriy hukmdorlardan kimlarni bilasiz? Shayboniylardan-chi?

  4. Adabiyotdagi zullisonaynlik va uning sabablari haqida nima deya olasiz? Jomiy va Navoiy munosabatlari haqida-chi?

  5. Bu davr poetik janrlaridan qaysilarini aytib bera olasiz?

  6. G’azal haqida ma’lumot bering. Muammo janrini tushuntiring.

  7. Muhammad Shayboniyning hayot yo’li va ijodiy faoliyati haqida hikoya qilib bering.

Adabiyotlar:





  1. S.Matjon, Sh.Sariyev. O’zbek adabiyoti. T., 2007

  2. B.Qosimov, N.Jumaxo’ja. O’zbek adabiyoti. 10-sinf uchun darslik.T., 2001

  3. B.Jalilov va bosh. O’zbek adabiyoti. T., 2006

  4. B.To’xliyev. Adabiyot . T., 2005



Download 1.18 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   79




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling