Fuqarolar urushining davom etishi
Poytaxt Kobul shahrida AXDP rahbarlaridan biri, 1986-yilda B. Karmal o'rniga kelgan Najibullo hokimiyatni saqlab turdi. Ayni paytda muxolifat kuchlar ham o‘z hukumatini tuzdilar. Sibhatullo Mujadaddiy mamlakat prezidenti etib tayinlandi.
Muxolifat kuchlar 1992-yilda Najibullo hukumatini ag‘darishga muvaffaq bo'ldilar. Najibullo BMT ning Afg‘onistondagi vakolatxonasida boshpana topdi. Shu tariqa SSSR ning Afg‘onistondagi tayanchi quladi. Jahon jamo- atchiligi 10 yil davom etgan va mamlakatni vayronaga aylantirgan, millionlab kishilar boshiga cheksiz kulfatlar solgan urush shu bilan tugadi, deb umid qilgan edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Afg‘onistonda fuqarolar urushi davom etaverdi. Buning sababi muxolifat kuchlar g‘alabasidan so‘ng ular o'rtasida hokimiyat uchun boshlangan kurash edi. Muxolifat kuchlar Afg‘onistonda yashovchi turli etnik (pushtunlar, tojiklar, o‘zbeklar va boshqalar) hamda diniy guruhlarning vakillari edilar.
Najibullo ag‘darilgach, Kobul shahrini birinchi bo‘lib general Ahmad Shoh Mas’ud boshchiligidagi tojiklarning qurolli kuchlari egalladi. Shu etnik guruh vakili Burhoniddin Rabboniy esa prezidentlik lavozimini egalladi.
Tojiklarning hokimiyatni egallaganligiga pushtunlar lideri Hikmatyor toqat qila olmadi. Boshqa etnik guruhlar esa o‘zlari egallab kelayotgan hududda mustahkamlanib ola boshladi. Ba’zilari goh u tomon, goh bu tomon bilan kelishishga intildi. Shu tariqa fuqarolar urushi yangi bir sharoitda davom etdi. Buning oqibatida minglab begunoh tinch aholi halok bo‘ldi. B. Rabboniy mamlakatning kelgusi taqdirini hal etishi lozim bo'lgan Ta’sis majlisini chaqirishni istamadi.
Bosh vazir Hikmatyor esa norozilik belgisi sifatida iste’fo berdi. Qurolli kurash yana avj oldi. Mamlakatda siyosiy vaziyat borgan sari og'irlashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |