Yonish jarayoni, asosan, ikki xil bо‘lishi mumkin. Birinchidan, qattiq jismlar yonish jarayonida havo muhitidan ajralgan holda bо‘ladi. Bunday yonish havo harorati natijasida yonish zonasini kislorod bilan ta’minlaganligi uchun diffuziyali yonish deyiladi, uni yog‘och, kо‘mir va boshqa moddalar yonganda kuzatish mumkin. Yonishning ikkinchi xili yonuvchi gazlar va suyuqliklarning parlari, yonuvchi moddalarning changlari havo bilan aralashgan holatdagi yonishi bо‘lib, u kinetik yonish deb yuritiladi. Bunday yonish hajmli yonish jarayonida о‘tadi.
Yonish tezligi modda tо‘yinganligiga, harakatiga bog‘liq bо‘ladi. Agar bunday yonish yopiq hajmlarda yoki idishlarda bо‘lsa, portlash hodisasi rо‘y beradi.
Yonish quyidagi turlarga bо‘linadi:
- yonuvchi aralashmaning bir lahzada yonib, о‘chishi;
- qizdirish natijasida yonishning vujudga kelishi;
- uchqunlanish natijasida alangaga aylanish;
- organik moddalar ichida rо‘y beradigan ekzotermik reaksiyalar natijasida, yonuvchi aralashmaning tashqaridan qizdirishsiz о‘z-о‘zidan yonib ketishi;
- о‘z-о‘zidan alangalanish, о‘z-о‘zidan yonishning alanga bilan davom etishi;
- portlash - kimyoviy jarayonning bosim va quvvat hosil qilish bilan о‘tishi.
Yonuvchi modda ma’lum haroratda о‘zidan yonuvchi bug‘ ajratishi natijasida alangalanishni ta’minlasa, bu harorat alangalanish harorati deb yuritiladi, Ba’zi bir organik moddalar (torf, qipiq, paxta, kо‘mir mahsulotlari) о‘z-о‘zidan yonib ketish xususiyatiga ega. Chunki bular g‘ovak asosga ega bо‘lganligi va oksidlanishi mumkin bо‘lgan yuza juda kattaliga tufayli, ochiq, joylarda ma’lum miqdorda yig‘ilib, ob-havo о‘zgarishi, kislorod ta’sirida qizib, yonib ketadi. Buning asosiy sababi, organik namlanganda uning ichki qismida mikroorganizmlar rivojlanadi va natijada issiqlik ajralib chiqadi. Bu hodisa organik moddalarning о‘z-о‘zidan qizish jarayoni deb ataladi.
Yonish jarayoni yonuvchi modda molekulalarining kislorod molekulalari bilan birikish hodisasi hisoblanadi. Uni akademik N.N.Semyonovning zanjirli reaksiya nazariyasi asosida tushuniladi. Oksidlanish reaksiyasi natijasida odatda issiqlik ajralishi ma’lum sharoitda tezlashib ketishi mumkin. Mana shu tezlanish davri yonishga о‘tgan davrga tо‘g‘ri kelib, buni о‘z-о‘zidan alangalanish hodisasi deb yuritiladi.
О‘z-о‘zidan alangalanish issiqlik ta’sirida yoki zanjirli reaksiya asosida yuz berishi mumkin. Issiqlik ta’sirida yonishda reaksiya natijasida ajralib chiqayotgan issiqlik tashqi muhitga tarqalayotgan issiqlikdan katta bо‘lgan taqdirdagina vujudga keladi.
Yong‘in – bu maxsus manbadan tashqarida sodir bo‘ladigan va katta material zarar hamda talofatlar keltirib chiqaradigan nazoratsiz yonish jarayonidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |