Ma’ruza I markaziy Osiyo xalqlari etnologiyasi fаnigа kirish. Etnоlogiya fаni prеdmеti, mаqsаd vа vаzifаlаri, tаdqiqоt usullаri. Markaziy Osiyo xalqlari etnologiyasigа оid mаnbаlаr va tаriхiy-etnologik tаsnifi Reja


Download 80.07 Kb.
bet7/8
Sana02.01.2022
Hajmi80.07 Kb.
#200875
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
1-mavzu (3)

3-savolning bayoni: Tarixdan ma'lumki, XVI – XVII asrlarda Markaziy Osiyo hududlarida Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari paydo bo‘lgandan keyin, Rossiya davlati bilan muntazam ravishda savdo va diplomatik munosabatlar o‘rnatila boshlandi. XVI asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyodan Rossiyaga sakkiz marta elchilar yuborilgan bo‘lsa, XVII asrda Xiva xonligidan 12 marta, Buxorodan esa 13 marta elchilar jo‘natilgan. Bunga javoban Rossiya davlati ham o‘z elchilarini o‘zbek xonliklariga yuboradi va ularga diplomatik vazifalardan tashqari mazkur o‘lkalar to‘g‘risida ma'lumotlar to‘plash topshiriladi. Shuni qayd etish kerakki, rus elchilarining ma'lumotlari hozirgacha ilmiy jihatdan o‘z qimmatini yo‘qotmagan.

Bu sohadagi tashabbusni dastlab 1558 yilda Xitoydan Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan savdo yo‘lini aniqlash maqsadida Moskvaga kelgan Angliya savdo kompaniyasining vakili Antoniy Jenkinson boshlab bergan edi. U Moskva hukumati yordamida Astraxan va Kaspiy dengizi orqali Mang‘ishloq yarim oroliga chiqib, u yerdan savdo karvoni bilan Xiva va Buxoroga boradi. Qishni o‘sha yerda o‘tkazib, 1558 yilda Buxoro va Xivadan qo‘shib yuborilgan elchilar bilan Moskvaga qaytib keladi. Jenkinson o‘z maqsadiga erishmasa-da, Rossiya va o‘zbek xonliklari o‘rtasida muntazam munosabatlarning o‘rnatilishiga sababchi bo‘ldi, hamda bu o‘lkalar to‘g‘risida ayrim ma'lumotlar to‘pladi.

Mazkur munosabatlar ayniqsa XVIII asrda kuchaydi. Pyotr I imperatorlik qilgan davrdan boshlab Rossiya iqtisodiy jihatdan rivojlanib, xom ashyo manbaiga va sanoat mahsuloti sotadigan yangi bozorlarga muhtoj bo‘lib qoladi. Natijada qo‘shni mamlakatlarga, shu jumladan, Markaziy Osiyoga ham diplomatik savdo vakillari yubora boshlaydi va maxsus ekspeditsiyalar tashkil qilinadi. Pyotr I Markaziy Osiyoni o‘z ta'siri ostiga olish va bu boy o‘lka bilan savdo munosabatlarini kuchaytirish maqsadida ikkita ekspeditsiya tuzadi. Ekspeditsiyaning bittasiga knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiyni, ikkinchisiga Ivan Buxgolsni boshliq qilib tayinlaydi. Bu ekspeditsiyalar mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Pyotr I umrining oxirigacha xonliklarning hayoti va shu o‘lkaga yo‘l ochish imkoniyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarga to‘liq ega bo‘lish maqsadidan voz kechmadi. Uning buyrug‘i bilan 1718 yilda Kaspiy dengizini tekshirish uchun yangi ekspeditsiya tashkil qilindi. Bu va undan oldingi ekspeditsiyalarning to‘plagan materiallari asosida 1720 yili Kaspiy dengizining birinchi xaritasi tuzilgan edi. Kelasi yili Buxoroga elchi bo‘lib kelgan Florio Beneveni Xivaga ham borib, 1725 yilda Rossiyaga qaytgan va bu mamlakatlar to‘g‘risida qimmatli geografik, tarixiy hamda etnografik ma'lumotlar olib kelgan.

O‘zbek xalqi etnografiyasiga oid ilmiy ahamiyatga ega materiallar to‘plash davri keng ma'noda XIX asrdan boshlandi. Bu davrdagi ko‘pgina yirik ekspeditsiyalarning asosiy bazasi bo‘lgan Orenburg shahri bu sohada katta rol o‘ynaydi. Orenburgning ilmiy markazga aylanishiga uning birinchi gubernatori geograf N. K. Kirillov sababchi bo‘ldi. XIX asrning I yarmida N. N. Muravyov, A. F. Negri, N. V. Xanikov, G. I. Danilevskiy va boshqalar o‘tkazgan tadqiqotlar Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, o‘zbeklar etnografiyasini o‘rganishdagi muhim ilmiy qadamlar edi. Ular ichida 1819–1870 yillarda Xiva xonligiga sayohat qilgan N. N. Muravyov haqida aytib o‘tish lozim. U o‘z taassurotlarini yozib, chop ettirgan. Bu asarning ba'zi boblarida o‘zbeklarning tabiati, diniy e'tiqodlari, urf-odatlari, ma'rifati, kiyim-kechagi, uy-ro‘zg‘orlari, urug‘-aymog‘iga oid sof etnografik ma'lumotlar keltirilgan. Rossiya bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ko‘p asrlik savdo va diplomatik munosabatlar, Sibir liniyasi va Orenburg guberniyasining tashkil topishi, bu ikki o‘lkani iqtisodiy jihatdan bir-biriga yaqinlashtirib, bosqinchilik siyosatiga o‘tgan podsho hukumatining talonchilik niyatlarini amalga oshirishga shart-sharoit yaratgan edi. Natijada XX asrning 60–80 yillarida Rossiya podsholigi Buxoro va Xiva xonliklarining ancha qismini, Qo‘qon xonligini to‘liq bosib olib, Rossiya imperiyasiga qo‘shib oladi.

O‘zbeklarni ilmiy-etnografik jihatdan o‘rganish ham aslida mana shu davrdan boshlangan. O‘sha paytgacha jahon fani o‘zbeklarni faqat sayyoh va elchilarning (ayrim tasodifan kelib-ketgan ilmiy shaxslarni e'tiborga olmaganda) bergan ma'lumotlari orqaligina bilar edi. Ayrim sayohatchilarning to‘plagan etnografik ma'lumotlari esa noaniq bo‘lib, ko‘pgina faktlar buzib ko‘rsatilgan. Rossiya podsholigi va unga xizmat qilayotgan rus fani o‘lkani to‘la bo‘ysundirish niyatida Markaziy Osiyo hududida har tomonlama tadqiqiy ishlarni o‘tkazishga yo‘l ochib berdi.

Markaziy Osiyodagi xalqlar tarixi va etnografiyasini o‘rganishda ikki oqim mavjud edi. Ulardan biri ulug‘ davlatchilik intilishlariga asoslangan burjua-dvoryan madaniyati manfaatlariga, ikkinchisi esa demokratik madaniyat manfaatlariga xizmat qilar edi. Birinchi oqimga katta amaldorlar, generallar, yuqori martabali shaxslar va Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatini ifoda etuvchi boshqa kishilar, ikkinchi oqimga esa ilg‘or tafakkurga ega bo‘lgan o‘qituvchilar, doktorlar, muhandislar, oddiy amaldor va xizmatchilar kirar edi.

Markaziy Osiyo xalqlarini etnografik jihatdan o‘rganishda 1872 yilda Moskvada ochilgan politexnika ko‘rgazmasiga qo‘yilgan Markaziy Osiyo xalqlarining kiyim-kechaklari, hunarmandchilik mahsulotlari va asboblari zo‘r qiziqish tug‘dirdi. O‘sha ko‘rgazmada ko‘rsatilgan kolleksiyalarning ta'rifi keyinchalik nashr qilingan maxsus katalogda berilgan. Ko‘rgazma munosabati bilan tayyorlangan Turkiston foto albomi ayniqsa katta ahamiyatga egadir. 1700 dan ortiq rasmni o‘z ichiga olgan bu albom fan jamoatchiligi tomonidan yuksak baholandi. Albomning asosiy g‘oyasi Turkiston va undagi hayotni tarix, antropologiya, etnografiya va san'ati jihatidan tasvirlab berishdan iborat edi. Albom faqat bir necha nusxadagina tuzilgan bo‘lib, uning bir nusxasi hozir Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasida saqlanmoqda va XIX asrdagi Markaziy Osiyo xalqlarning tarixi va etnografiyasini o‘rganishda noyob manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadqiqotchi V. P. Nalivkin mahalliy aholining etnografiyasini o‘rganishda ko‘zga yaqqol tashlanadigan ishlarni amalga oshirgan. V. V. Bartoldning ta'rificha, V. P. Nalivkin “Ruslar orasida o‘zbeklarning tili, turmushini eng yaxshi bilgan olimdir”. U rafiqasi bilan birgalikda 1886 yili Qozon shahrida “Farg‘onadagi o‘troq mahalliy aholi xotin-qizlarining turmushi haqida ocherk” nomli etnografik asar nashr etgan.

Etnografik materiallarni keng ommaga yetkazish va ularni saqlab qolishda ilmiy jurnallar, statistik komitetlarning to‘plamlari hamda “Turkestanskie vedomosti” gazetasining xizmatlarini alohida qayd qilib o‘tish lozim. Mazkur davriy nashrlarda A. A. Kun, A. A. Divaev, A. P. Ostroumov, N. S. Likoshin, N. Gabbin, A. N. Kushakevich, V. K. Razvadovskiy, A. A. Semyonov, N. A. Kirpichnikov, A. D. Kallyakov, F. Pospelov va boshqalarning asarlari tez-tez bosilib turgan.

Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, o‘zbeklarning tarixi va etnografiyasini o‘rganishda XIX asrda atoqli rus olimlarining tashabbusi bilan tashkil topgan ilmiy jamiyatlarning roli nihoyatda kattadir. Rus geografiya jamiyatining Turkiston bo‘limi, tibbiyot, antropologiya va etnografiya havaskorlari jamiyatining Turkiston bo‘limi, Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagi, Turkiston qishloq xo‘jalik jamiyati, Xomutov to‘garagi, O‘rta Osiyo olimlar jamiyati, Rus texnika jamiyatining Turkiston bo‘limi, sharqshunoslik jamiyatining Toshkent bo‘limi, Turkiston tabiatshunoslari va vrachlari jamiyati, Turkiston tibbiyot jamiyati hamda Farg‘ona va Samarqand vrachlari jamiyatlari - bu muassasalar ko‘lamining naqadar keng ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Shunday qilib, XIX asrning II yarmi – XX asrning boshlarida o‘zbeklarni va Markaziy Osiyo mintaqasi boshqa xalqlarini etnografik jihatdan o‘rganishda fanga ancha hissa qo‘shilgan edi. Mus-tamlakachilik siyosatiga amal qilib kelgan fanning tor doiradagi ta'limoti va cheklangan imkoniyatlariga qaramay o‘sha davrdayoq Turkiston o‘lkasidagi elatlarning tarixi va etnografiyasiga oid boy ma'lumotlar va materiallar keyingi tadqiqotlar uchun muhim bir zamin bo‘lgan edi.

1917 yildan so‘ng tadqiqotchilar, shu jumladan, etnograflar orasida tabaqalanish boshlandi. Ya'ni ayrimlari yangi tuzum tarafdori bo‘lsa, boshqalari sovetlarga qarshi tomonga o‘tib ketdilar. Ammo rus olimlari an'analarini davom ettirib yosh etnograflarni yetishtirishda o‘z hissalarini qo‘shdilar. Masalan, etnograf va sharqshunoslardan N. G. Mallitskiy, M. S. Andreev, A. A. Semyonov, A. A. Divaev kabilar O‘rta Osiyo Davlat universitetida qolib, o‘z ilmiy ishlarini davom ettirdilar.

Turkiston universitetida o‘zbeklar etnografiyasi bo‘yicha maxsus kurs kiritilib, etnografiya fanining tashviqotchisi N. S. Likoshinning bu boradagi ishlari diqqatga sazovordir. Keyinchalik O‘rta Osiyo Davlat universitetining maxsus fakultetiga aylangan Sharq instituti o‘quv rejasida etnografiya faniga alohida e'tibor berilganligi tufayli sobiq talabalari ichidan yirik etnograf olimlar yetishib chiqdi.

XX asrning 20 yillarida o‘zbeklar etnogenezi va urug‘ qabilaviy tuzilishi, ijtimoiy va oilaviy turmushi, xo‘jaligi va boshqa masalalarga oid bir necha etnografik asarlar paydo bo‘ldi. Ilk nashrlardan professor ye. D. Polivanov va etnograf L. P. Potapovlarning ishlari diqqatga sazovordir. G. Golser dehqonchilik xo‘jaligi to‘g‘risida kitob chiqardi, hunarmandchilikka bag‘ishlangan asarlarni F. Gavrilov, M. S. Andreev A. N. Samoylovichlar yaratdilar.

Shunday bo‘lsada, bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqlari etnografiyasiga oid qator masalalar atroflicha yoritilmagan, ayniqsa o‘zbek xalqi etnogenezi, moddiy va ma'naviy madaniyati bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar yetarlicha ma'lumotlar bermaydi. Ushbu masalani mamlakatimiz va jahon etnografiya fanining qo‘lga kiritgan so‘nggi yutuqlariga asoslangan holda hal etishimiz mumkin.


Download 80.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling