Ma’ruza II o‘zbek xalqining etnografiyasi, etnogenezi va etnik tarixi Reja


Ayollarning boshqa bosh kiyimlari


Download 108.44 Kb.
bet18/29
Sana02.01.2022
Hajmi108.44 Kb.
#200880
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   29
Bog'liq
2-mavzu (1)

Ayollarning boshqa bosh kiyimlari. Qiz bolalar uzoq yillar davomida qalpoq kiyib yurishgan (do‘ppini ayrim joylarda qalpoq deyishadi). Samarqand, Urgut va uning atrof-tevarakilardagi qishloqlarda keng tarqalgan qalpoqlar tog‘lik tojik va Markaziy Osiyo yahudiy qizlari qalpog‘iga o‘xshagan yumaloq ko‘rinishda bo‘lib, hozirda butunlay yo‘qolib ketgan. Bosh kiyimi bilan bog‘liq bir qancha urf-odatlar mavjud bo‘lgan. Masalan, to‘y o‘tgandan keyin qalpoqcha ustidan peshona durra bog‘lab yurilgan. Birinchi farzand tug‘ilganidan so‘ng qalpoq o‘rniga ro‘mol o‘rashgan. Ko‘pincha qo‘shaloq ro‘mol tikilgan: birinchisi boshlariga shundoq tashlab, uchlarini orqaga yig‘ib qo‘yilgan. Ikkinchi ro‘mol uning ustidan peshonasi bilan bog‘langan.

Ko‘p joylarda, xususan, qishloqlarda bosh kiyimi yoshiga qarab har xil bo‘lgan. Qiz bolalar popuk to‘ppi (do‘ppi) kiyishgan. Turmushga chiqqan kelin yuqorida aytib o‘tganimizdek, birinchi farzand tug‘ilganiga qadar to‘ppi ustidan durra o‘raydi (uni Samarqand va Qashqadaryoda peshonaband deyiladi). Peshonaband xar xil ko‘rinishda bog‘langan. Durraning ikkinchi uchi uch-to‘rt marta taxlog‘liq holda bosh ustidan yonboshga osig‘liq turadigan holda o‘ralgan yoki orqaga tashlangan. Ba'zi yerlarda boshga sarandoz solib yurilgan. Qadimda chetlariga kashta tikilgan yakkaband ishlatilgan. Yakkabandning uchlariga shoh (popuk) o‘rtasiga moh tikilgan.

Birinchi farzand dunyoga kelgach, yosh juvon sochlarini qo‘sh kokil qilib o‘rib boshiga kulut deb atalgan kashtali qalpoq kiygan. Qariya onaxonlar oq qalpoqda yurishgan.

XX asr boshidan ayollar ham erkaklarga o‘xshagan astarining ichiga pilta qo‘yib tikilgan do‘ppi kiyib yuradigan bo‘lishgan. Ayollarning do‘ppisi erkaklarnikiga qaraganda ancha yassi bo‘lib, kashtasi mayda, rangorang, jozibali bo‘lgan. Ayollar do‘ppining araqchi turini ham kiyishgan.

Ayollarning milliy kiyimlari ichida an'anaviy bosh kiyimlari ajralib turadi va u kiyim egasining oiladagi mavqyeini aniq ifodalagan. Chunonchi bosh kiyim va soch turmagiga qarab qiz bolani turmushga chiqqan kelindan, yosh onani farzandsiz ayoldan, o‘rta yoshli ayollarni keksa momolardan ajratish mumkin bo‘lgan. Bosh kiyimlar odatda 2 guruhga bo‘lingan: boshga kiyiladigan kiyimlar [qalpoq, do‘ppi (taqya, kallapo‘sh), quloqchin, bo‘yrak, telpak] va boshga o‘raladigan yoki yopinadigan ro‘mol, peshonaband lochak, durra, durracha, lokki, yog‘liq, yovlik va h. k.

Ayollar yoshlariga qarab, mavsumiy tarzda o‘rashgan ro‘mollar-dudoq ro‘mol, ip ro‘mol, shol ro‘mol, jun ro‘mol, to‘r ro‘mol, ipak ro‘mol, doka ro‘mol, misqali doka ro‘mol, g‘ijim ro‘mol, qalayaki ro‘mol, qurokdi ro‘mol, besh gulli ro‘mol, balxi ro‘mol, gardi ro‘mol kabi nomlar bilan atalgan. Yosh qiz va kelinchaklar oq rangli, yorqin rang, keksalar esa oq nim rang, kichik hajmli ro‘mollar (katta ro‘mollar tagidan) o‘rashgan. Farg‘ona vodiysida ro‘molning alohida turi rasm bo‘lib, u chorsi shaklida, uchlari burchakma-burchak qilib taxlanib, boshga o‘ralib ustidan qora yoki qoramtir tusdagi durracha tashlan-gan. Durracha peshonaga tang‘ilib, uchlari gardanda kesishtiriladi va peshona ustiga o‘tkazilib bog‘lanadi, qora ro‘mol orasiga qistirib qo‘yiladi, so‘ng ustidan bir parcha mato-doka bog‘lanib, uchlari orqaga bog‘lanadi. Buxoroda doka o‘rniga uzun shasha doka ishlatiladi.

Hozirgi kunda ham ro‘mol ustidan bog‘langan durrachani Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida yashovchi ayollar boshida uchratish mumkin. Ko‘p hollarda kichikroq ro‘mol-durra o‘raladi.

Paranji XX asrning 1- choragigacha o‘zbek ayollari ko‘chaga chiqayotganda kiyilishi majburiy bo‘lgan usti-bosh hisoblangan. Har bir ayol, har bir qizning albatta paranji va chachvoni bo‘lishi lozim edi. Paranjisini ustiga yopib, yuz-ko‘zini chachvon bilan bekitgan. Turli yerda uni turlicha atashgan. Jumladan, Samarqandda chachvon “chashmand” deb yuritiladi.

Paranji chachvoni ichkari (xona)dan olib chiqqanidan keyin hovlida avvalo boshiga paranjini tashlab darvoza-hovli eshigidan chiqayotganda, ostonada yuziga chachvon tutilgan. Boy xonadon xotin-qizlari qimmatbaho matodan, rangorang bezak berib tikilgan paranji-chachvon yopinishgan. Kambag‘allarning ojizalari eskirib, ming xil yamoq tushib, ilma teshik bo‘lib ketgan paranji-chachvon tutishgan.

Qishloq joylarda paranji-chachvon kamdan-kam qo‘llanilgan. O‘shanda ham asosan olis safarga chiqqanda, turli marosimlar vaqtida ishlatilgan. Paranji yopinish odat bo‘lmagan yerlarda boshga har xil yopinchiqlar tashlab yurilgan. Ko‘pincha bolalarning choponi-to‘ni bilan yopinib yurilgan. Samarqandda, Shahrisabzda yo‘l-yo‘l matodan tayyorlangan yopinchiq tutilgan. Xorazm va uning atrof-tevaragidagi yerlarda jegda yopish odat bo‘lgan. Jegdaning uchlari ayolning beligacha tushib turadigan darajada uzun bo‘lib, ba'zan yengga o‘xshatib chatib qo‘yilgan. Ish bilan band bo‘lganda jegdaning uchlarini bo‘yinlariga o‘rab olingan. Chachvonni lo‘lilar ot yolidan tayyorlashar edi. Boylarga mo‘ljallangan chachvonlarni havorang yoki pushti munchoqlar bilan bezatilgan. Chachvonning hamma tomoniga mag‘iz tikilgan.

Belbog‘. Belni bog‘lab yurish juda qadimdan qolgan odat. Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘zbekistonning turli yerlarida o‘tkazilgan arxeologik qazilmalar vaqtida topilgan xilma-xil yodgorliklar bu fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Ular orasida devorga solingan rasmlarda belini bog‘lagan erkaklar ko‘p uchraydi. Ajdodlarimiz juda qadim zamonlardan boshlab o‘zlarining ishga, xizmatga tayyor ekanliklarini shu tariqa izhor qilishgan bo‘lsalar kerak. Hozirda ham biron to‘y, marosim o‘tkazilayotgan bo‘lsa, qarindosh-urug‘, yoru-birodarlar, qo‘ni-qo‘shnilar: “E to‘y bo‘lsin, belimizni mahkam bog‘lab xizmat qilamiz”, deyishadi. Ustoz shogirdiga mustaqil ish boshlashga fotiha berayotganida ham shogirdining beliga belbog‘ bog‘langan. Saroy ahillari xizmatda yurganlarida beliga kamar taqishgan. Xon, amir, sulton, hokimlar kiyimi to‘ni ustidan kamar bog‘lashmagan. Ammo ularning xizmatida bo‘lgan saroy amaldorlarining hammasi kamar taqishgan.

Belbog‘ turli hollarda turlicha bog‘langan. Asosan to‘n, chopon tugmalanmaydigan bo‘lgani uchun yurganda, ish qilayotganda halaqit bermasligi uchun belbog‘ bilan mahkam bog‘langan. Agarda chopon ustidan to‘n kiyilgan bo‘lsa, belbog‘ ichdan, chopon ustidan, to‘n yoki chopon o‘zi kiyilganida yaktak ustidan belbog‘ bog‘langan. Belbog‘ning turi ham, nomi ham har xil bo‘lgan chorsi, qiyiqcha va mayonband, qo‘sha-ars, futa va hakozo. Bulardan eng ko‘p tarqalgan chorsi belbog‘ bo‘lib, u kvadrat shaklida guldor, naqshdor qilib tikilgan. Futa juda uzun bo‘lib, belga bir necha marta o‘rab bog‘langan. Ayrim hollarda futa ustidan chorsi ham bog‘lab yurilgan. Hatto bir yo‘la bir necha belbog‘ bog‘lash hollari ham ko‘p uchraydi.

Belbog‘ bog‘lash bilan urf-odatlar ham ko‘p. Masalan, nikoh kuni kuyov chorsi belbog‘ bog‘lagan. Ertasi kuni, kelin salom vaqtida uni yechgan, yaqin kishi qazo qilganda ham to‘n ustidan belbog‘ bog‘langan. Uchinchi kuni o‘ziga yarasha irim bilan yechgan.

Belbog‘ faqat chopon yoki to‘n, yaktak ochilib ketmasligi uchungina bog‘lanmagan. U juda ko‘p va xilma-xil maqsadlarda ishlatilgan. Belbog‘ o‘ramlariga pul, nosqovoq, turli mayda-chuyda kerakli narsalar solib yurilgan. Yo‘lda belbog‘ sochiq sifatida ishlatilgan, joy-nomoz vazifasini o‘tagan, dasturxon o‘rnida qo‘llanilgan, sovuq kezlarda bosh o‘ralgan.

Bora-bora sodda bichimdagi liboslar o‘rnini murakkab bichimli liboslar egallay boshlagan. Kiyimdagi avvalgi uyg‘unlik yo‘qoldi. Bu tarixan hayot o‘zgarishi va ommaviy sanoat ishlab chiqarishning hunarmandchilikdan ustunligi tufayli kelib chiqdi. Shu bilan birga qadimdan iqlim va ijtimoiy hayot sharoitlari belgilagan milliy kiyim shakllari ham o‘zgarib bordi. Milliy bichimdagi kiyimlar qomatning nisbatlariga yaqinlashdi, ayol ko‘ylaklari torayib va kattalashib bordi, oldinroq yuzaga kelgan koketkali va qaytarma yoqali ko‘ylaklar hayotga keng ommalashdi. Yosh yigitlar va o‘rta yoshli erkaklarga yevropa bichimida tikilgan kiyimlarni kiyish rasm bo‘ldi va faqatgina keksalar orasidagina milliy kiyimlar saqlanib qoldi yoki marosimiy kiyimlarga aylandi. Eng muhimi milliy kiyimlar tarkibiga ko‘ra soddaroq va chiroyliroq bo‘lib bordi. XX asrning 20–30 yillarida milliy kiyimga yevropa kiyimi bichimlarining kiritilishi milliy ko‘ylakni shim bilan, ayollar ko‘ylaklarini nimcha bilan kiyilishiga olib kelgan. 40–50- yillar erkaklar kiyimini to‘g‘ri yelkali qomatga moslangan pidjak, keng shimlar tashkil etgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin rahbarlar, ziyolilar va xizmatchilar orasida harbiy kiyimlar: french yoki gimnastyorka, qora yoki ko‘k rangdagi movutdan tikilgan galife shimlarni qora yoki jigarrang etik bilan kiyish rasm bo‘lgan. Yozda yengil kitel va qattiq matodan tikilgan shim etik ichiga tiqib kiyilgan.

60- yillarga kelib, O‘zbekistonda ilk bor kiyim andozalarini rejalash boshlandi. Natijada fabrikada tikilgan yangi bichimdagi kostyum-shimlar kirib kelgan. Bu davrda mintaqada erkaklar kostyum-shimlarni milliy bichimda oldi va yoqasi kashtali ko‘ylaklar bilan kiyganlar, 70- yilarda yoshlar orasida pastki qismi keng qilib tikilgan klyosh-shimlarni yoqalari keng, havo o‘tkazmaydigan neylon ko‘ylaklar bilan kiyish ommaviy tus olgan. Qo‘lga soat taqish urf bo‘lgan. 80- yillar tanaga yopishib turuvchi jun va jinsi shimlar hamda yoqasi birmuncha kichkina bo‘lgan paxtali hamda trikotaj ko‘ylaklar kiyilgan. Yoshlar, ayniqsa, o‘quvchilar orasida oq ko‘ylak va qora shim kiyish ommalashgan. Qishda esa erkaklar fabrikalarda tayyorlangan palto va plashchlar, boshga telpak kiyib, o‘rniga sharf o‘rashgan. Oyoqlariga ham fabrikada ishlab chiqarilgan paypoq, poyafzallar kiyishgan.

90- yillar boshlarida yoshlar orasida G‘arb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan krossovkalarni kiyish ommaviylashgan va mahalliy poyafzal korxonalarida ham krossovkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar kiyimlari ham kattalarnikiday davrga qarab o‘zgarib bordi. Asta-sekin kiyimlar vazifasi ham o‘zgargan va ayrim kasb egalari bilan bog‘liq, (ishchilar, shifokorlar, sotuvchilar, sartaroshlar, o‘qituvchilar kiyimlari va boshqalar) holda maxsus kiyimlar shakllandi.

Mustaqillikdan so‘ng tarixiy milliy an'analarimiz va rasm-rusumlarimizga, milliy liboslarimizga bo‘lgan e'tibor keskin oshdi. Ayniqsa, ayollar milliy matolar – shoyi, atlas, adras, baxmallardan tikilgan kiyimlar kiya boshladilar.

O‘zbek modeler rassomlari ishlarida milliylik xususiyatlari o‘z uyg‘unligini topmoqda va Respublika miqyosida o‘tkaziladigan turli tantana va sayillar, bayramlarda hamda oilaviy marosimlarda milliy rusumda kiyinish ommalashmoqda. Umuman olganda, XX asrning oxiriga kelib o‘zbeklar orasida davr talabiga, kishilar didiga mos keladigan kiyimlarni kiyish ommalashgan bo‘lib, milliy kiyimlarda quyidagi holatni kuzatish mumkin: shaharlarda deyarli barcha yoshlardagi erkaklar asosan yevropacha kiyingan. Faqatgina erkaklar boshga kiyiladigan bosh kiyimi do‘ppi va keksa yoshdagilar milliy choponlari, yaktak, sallalari bilan milliy xususiyatlarni anglatgan.

Hozirgi zamon liboslarida yevropacha uslubi bo‘lsa-da, milliy an'analarning davomiyligi saqlanib qolmoqda. Macalan, shahar va qishloqdagi ayollar zamonaviy ko‘ylaklarni an'anaviy xonatlaslardan tikib kiyadilar. Erkaklar do‘ppisi, chopon an'anaviy ustki libosga aylangan.




Download 108.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   29




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling