Ma’ruza materiallari 1-mavzu: investitsiyalarning iqtisodiy mazmuni va mohiyati reja


-mavzu. Investitsiya faoliyatini rivojlantirishda investitsiya


Download 0.89 Mb.
bet44/125
Sana27.10.2023
Hajmi0.89 Mb.
#1726893
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   125
Bog'liq
Ma’ruza materiallari 1-mavzu investitsiyalarning iqtisodiy mazm

8-mavzu. Investitsiya faoliyatini rivojlantirishda investitsiya
muhitining o’rni
Reja:

    1. Investitsiya muhiti va unga ta’sir etuvchi omillar.

8.2. Investitsiya muhitini baholash usullari.
8.3. Investitsiya muhitida investitsion salohiyatni o’rni. Investitsiya muhitini shakllantirishda huquqiy-me’yoriy tizim.
8.4. O’zbekiston Respublikasida qulay investitsiya muhitini muntazam ravishda yaxshilab borish vazifalari.


Tayanch iboralar: investitsiya muhiti, investitsion salohiyat, inflatsiya, inflatsiya darajasi, BERI indeksi, xorijiy valyuta.


8.1. Investitsiya muhiti va unga ta’sir etuvchi omillar

Mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi, investitsiya faolligining o’sish sur’atlari investitsiya muhitiga ko’p jihatdan bog’liqdir. Investitsiya muhitining jozibadorligi xorijiy investitsiyalar oqimini ko’paytirishning muhim omili hisoblanadi. Iqtisodiyotda investitsiya faoliyatining rivojlanishi, ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishning ko’lami, yo’nalishlari va samaradorligi, bevosita, investitsiya muhitiga bog’liqdir.


Iqtisodchi-olimlardan A.Vaxabov, Sh.Xajibakiev, N.Muminovlar investitsiya muhiti to’g’risida quyidagilarni ta’kidlab o’tadilar: «Investitsiya muhiti – bu xorijiy kapital qo’yilmalarining qaltislik darajasini va ulardan mamlakatda samarali foydalanish imkoniyatlarini oldindan belgilaydigan iqtisodiy, siyosiy, yuridik va ijtimoiy omillar yig’indisidir. Investitsiya muhiti kompleks, ko’pqirrali tushuncha bo’lib, milliy qonunchilik, iqtisodiy shart-sharoitlar (inqiroz, o’sish, stagnatsiya), bojxona rejimi, valyuta siyosati, iqtisodiy o’sish sur’atlari, inflyatsiya sur’atlari, valyuta kursining barqarorligi, tashqi qarzdorlik darajasi kabi ko’rsatkichlarga ega»62. Shuningdek, mamlakatdagi investitsiya jarayonlariga ta’sir ko’rsatuvchi iqtisodiy, siyosiy, me’yoriy-huquqiy, ijtimoiy va boshqa shart-sharoitlar majmui investitsiya muhitini anglatadi.
«Investitsiya muhiti» va «investitsiya iqlimi» sinonim tushunchalar sifatida ishlatiladi. Bu xususda iqtisodchi-olimlardan D.G’ozibekov va T.Qoralievlar tomonidan quyidagi fikrlar bildirilgan: «Investitsiya iqlimi juda keng ma’noda ishlatiladigan tushuncha bo’lib, investor tomonidan hisobga olinadigan barcha muammo va masalalarni mujassamlashtiradi. Investor tomonidan ma’lum bir mamlakatga kapital ajratishning qulay va noqulay tomonlari belgilanadi, shu bilan bir qatorda, o’z kapitalini kiritmoqchi bo’lgan mamlakat mafkurasi, siyosati, iqtisodiyoti va madaniyatiga katta ahamiyat beriladi»63.
Investitsiya muhitining holatini investitsiya faoliyatini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi va jozibadorligini aniqlaydigan iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy, huquqiy, siyosiy, ekologik va boshqa shart-sharoitlarning umumlashtiruvchi xususiyatlari belgilab beradi. Investitsiya muhiti deganda, mamlakat iqtisodiyoti yoki uning ma’lum bir hududiga kiritiladigan investitsiyalarning samaradorligini va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, tashkiliy-huquqiy, ekologik, madaniy va boshqa shart-sharoitlar majmuasi tushuniladi. U muayyan hududga investitsiyalar kiritishning maqsadga muvofiqligi va jozibadorligini belgilaydigan shart-sharoitlarning mavjud ijobiy va salbiy tomonlarini anglatadi. Investitsiya muhiti holati yaratilgan huquqiy baza va uning asoslari, qonun hujjatlarining sifatli tuzilishi va ularga rioya qilinishini talab etadi.
Investitsiyaviy jozibadorlik – mamlakat, tarmoq yoki alohida olingan biror-bir korxona investitsiyalarining daromadliligi, rivojlanish istiqbollari va investitsiya riski darajasi nuqtai nazaridan baholanishi. Investitsiyaviy jozibadorlik investitsiya salohiyati va investitsiya riski darajasini shakllantiradigan ikki guruh omillarning bir vaqtda ta’sir etishi orqali aniqlanadi. Bu kabi ko’rsatkichlarga baho berish orqali investitsiyalarning maqsadga muvofiqligi hamda jozibadorligi, investitsiya riski darajasini aniqlash mumkin. Investitsiya riski darajasi investitsiya muhitiga, bevosita, to’g’ridan-to’g’ri bog’liqdir. Investitsiya muhiti tabiiy shart-sharoitlar, foydali qazilmalar zahiralari, ishchi kuchi malakasi va o’rtacha ish haqi darajasi, iqtisodiy kon’yunktura holati, ichki bozor sig’imi, tovarlarni tashqi bozorda sotish imkoniyatlari, valyuta siyosati, kredit tizimi holati, soliqqa tortish darajasi, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanganligi, xorijiy kapitalga nisbatan davlat siyosati, unga nisbatan imtiyozli shart-sharoitlarning yaratilganligi kabi omillar orqali belgilanadi.
Sodda qilib aytganda, investitsiya muhiti investitsiya munosabatlarini amalga oshirish mumkin bo’lgan imkoniyatlar va qulayliklar majmuasini o’zida aks ettirgan voqelikdir. Investitsiya muhitini yaxshilashdan maqsad investitsiya salohiyatini oshirish uchun zarur va maqbul shart-sharoitlarni yaratish, investitsiya faoliyatini jadallashtirish va pirovardida, iqtisodiyotni yuksaltirish, ijtimoiy muammolarni hal etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini yaratishdan iborat.
Respublikada siyosiy-iqtisodiy sharoitning mavjudligi, ya’ni qulay investitsiya muhitining yaratilishi va xorijiy kapitalni qabul qilish tizimining samarali bo’lishi xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning zaruriy shartidir. Investitsiya muhiti investitsiya resurslarini joylashtirish uchun umumiy mezon bo’lib, birinchi navbatda, kapital mablag’larning daromadliligini ta’minlab beradi.
Mamlakatning investitsiya muhitini shakllantiradigan omillar majmuini 8.1-jadval orqali ifodalash mumkin. Har qanday davlatga investitsiyalarning kirib kelishi va rivojlanishi mazkur mamlakatdagi investitsiya muhitiga ta’sir etuvchi omillarga bevosita bog’liq bo’ladi.
Ta’kidlash joizki, investitsiya muhitiga ayrim qonunlarning yoki me’yoriy hujjatlarning to’laqonli bo’lmasligi salbiy ta’sir etadi. Bunday kamchiliklarning mavjudligi investorning o’z istiqbolini belgilash, qo’yilmaning foydalilik darajasini aniqlash borasidagi qobiliyatini kamaytiradi. Agar investor investitsiya muhitidan qoniqmasa, uning asosiy maqsadi xavf ostida qoladi, ya’ni investitsiyalash natijasida olinishi ko’zda tutilgan daromadning risk darajasi yuqori bo’ladi. Albatta, bunday sharoitda u investitsiyalashni istamaydi. Bu ma’lum omillarning ijobiy yoki salbiy ta’siri natijasida yuzaga keladi.

Download 0.89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   125




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling