Ilmiy uslub. Fan-tеxnikaning turli tarmoqlariga doir ilmiy asarlar, darsliklar ilmiy uslubda yoziladi. Ilmiy uslub aniq ma'lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalar (qoidalar, ta'riflar)ga boy bo‘lishi bilan boshqa uslublardan farq qiladi: Yomg‘ir - suyuq tomchi holidagi atmosfеra yog‘ini. Tomchining diamеtri 0,5-0,6 mm bo‘ladi.
Ilmiy uslubda har bir fanning o‘ziga xos ilmiy atamalaridan foydalaniladi, bu uslubda so‘zlar o‘z ma'nosida qo‘llanadi, qoida yoki ta'rifning mazmunini ochishga xizmat qiladigan ajratilgan bo‘laklar, kirish so‘zlar, kirish birikmalar, shuningdеk, qo‘shma gaplardan ko‘proq foydalaniladi.
Mavzu yuzasidan mashqlar:
1-mashq. Quyida berilgan parchadan mikromatnni bog‘lovchi vositalarni toping.
Mastura! Uning qo‘llariday mayin, iliq, mehribon qo‘llar bormi olamda? Uning barmoqlariday nozik, kishining boshini silaganda qalbini nurga to‘ldirib, dilini ravshan qiladigan barmoqlar bormikin dunyoda? Odatda opa-singil, aka-ukalar uncha inoq bo‘lavermaydilar, biroq Mashrab esini taniydiki, qulog‘ida Masturaning mehribon, muloyim ovozi yangraydi. Ilgari, Mastura turmushga chiqmasdan burun, Gulsum opa yoki A’zam akaning tazyiqi o‘tgan mahallarda yoki biror gunoh qilib qo‘yib kaltak yeyish xavfi tug‘ilgan paytlarda, Mastura bilan Mashrab birga bekinishar, g‘azab va kaltakni birga baham ko‘rishardi. Masturaning sevgisi, chidami, hijron dog‘lari uning o‘ziday pok, chiroyli, samimiy, ehtimol, shuning uchundir, Mashrab vafosizlik to‘g‘risidagi kitoblarni o‘qisa, yo erkaklar og‘zidan xotin-qizlar haqida shaloq gaplar eshitsa, esiga hamisha Mastura tushadi-yu, butun vujudi isyon ko‘taradi, bunday gaplarning birontasiga ishonmaydi.
(O. Yoqubov)
2-mashq. Quyidagi matnni o‘qing. Matn qismlarini bog‘lovchi vositalarni ayting.
KO‘R
Afandining yoshligidan birga o‘sgan bir do‘sti bor edi. Yillar o‘tib, u katta mansabga mindi. Afandi uni lavozimi bilan tabriklash uchun idorasiga kirib bordi. Do‘sti Afandi bilan ko‘rishish o‘rniga:
— Sen kimsan, nima ish bilan kelding? — deb do‘q urdi.
— Meni tanimaysanmi, yoshlikdan birga yong‘oq o‘ynab o‘sgan do‘sting bo‘laman. Seni ko‘r bo‘libdi, deb eshitib, ko‘ngil so‘ragani keluvdim, — dedi Afandi. (Gazetadan)
Do'stlaringiz bilan baham: |