Matnazar abdulhakimning tarjimonlik mahorati hasanboyeva Munisa Atabek qizi


Download 42.37 Kb.
Sana29.07.2023
Hajmi42.37 Kb.
#1663580
Bog'liq
maqola



Hasanboyeva Munisa Atabek qizi 2002-yil 1-iyun Urganch tumanida tug‘ilgan. Hozirda Urganch davlat universitetining Filologiya fakulteti 3-bosqichda tahsil oladi.
MATNAZAR ABDULHAKIMNING TARJIMONLIK MAHORATI
Hasanboyeva Munisa Atabek qizi
Urganch davlat universiteti Filologiya
fakulteti bakalavriyat o‘zbek tili
yo‘nalishi 3-kurs talabasi
Annotatsiya: Maqolada Xorazm adabiy muhiti vakili Matnazar Abdulhakimning tarjimonlik mahorati to‘g‘risida fikr-mulohazalar keltrilgan.
Kalit so‘zlar: tarjimon mahorati, ruboiylar tarjimasi, shakl va mzmun uyg‘unligi.
Xorazmning taniqli farzandi – O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon faxr bilan o‘zi tug‘ilib o‘sgan voha haqida quydagicha yozgan edi: Xorazmda tog‘lar yo‘q emas bor! Xorazm tog‘lari vohani tongda quyoshdan to‘sib qo‘ymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadilar! – Xorazmiy, Beruniy, Shayx Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Hojixon, Komiljon...1
Ular qatoriga shoir, tarjimon, adabiyotshunos – Matnazar Abdulhakim siymosini ham qo‘shishga haqlimiz. Uning nafaqat she’riyatda balki, tarjimonlik yuzasidan qilgan barakali mehnati samarasi natijasida, Pahlavon Mahmudning 400 ga yaqin forsiy ruboiylari o‘zbek tiliga tarjima qilib, “Kim agar ozoddur” nomi bilan alohida kitob holida xalqqa taqdim etdi. Bundan tashqari, “Azizlar anjumani” nomli kitobida Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Bedil, Munis, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Ahmad Tabibiy, Yusuf Rojiy kabi shoirlarning ijodidan tarjimalar keltrilgan. Bilamizki, badiiy tarjima, xususan she’r tarjimasi hamisha u yoki bu darajada tarjimonning muallif bilan botiniy fikrlashuvi, ichki muloqoti uyg‘unligida bo‘lmog‘i lozim. Tarjimon bunday hollarda muayyan darajada asliyat yaratuvchisi bilan o‘z tilida, o‘z darajasida hammualliflikda ijod qiladi, asarlarga o‘z dunyoqarashi ila sayqal beradi. Bu o‘rinda, Matnazar Abdulhakimning tarjimonlik mahorati tahsinga sazovordir. U Pahlavon Mahmudning quydagi ruboiysini forsiydan o‘z an’anaviy vaznida o‘girilgan mana bunday ham shakl, ham mazmun jihatdan asliyatga qoyilmaqom tarjima qilgan:
Chashmi tu, ki dar noz tamom asbob ast,
Bar sozi karashma g‘amzahosh mizrab ast.
Murg‘oni dil ovarida chu mohi ba kanor,
Zulfi tu, ki ham rishtavu ham qullob ast. –
Dil tori uchun ishvalaring barmoqdir,
Nozingdan ishim o‘zimni qutqarmoqdir.
Ko‘nglim balig‘in qochgali hech chorasi yo‘q,
Zulfing o‘zi ip ham qarmoqdir. 2
Pahlavon Mahmud ruboiysi uch vazn – hazaji musammani axrabi makfufi solimi azall, hazaji musammani axrabi maqbuzi solimi azall va hazaji musammani axrabi makfufi ahtam ishtrokida yaratilgan bo‘lib, Matnazar Abdulhakim ham aynan shu vaznlarni saqlagan.
Mutarjim, Matnazar Abdulhakim – Xorazmlik buyuk shayx, irfon va zakovat yulduzi – Najmiddin Kubro ruboiylarini kitobxonlarga manzur bo‘ladigan darajada tarjima qilgan. Buni mazkur nafs haqidagi ruboiysi orqali ham ko‘rishimiz mumkin:
Darvest daruni man, ki pinhoni nest,
Bardoshtani sarash bo osoni nest.
Iymonash hazor bortalqin kardam,
On kofirro sari musulmoni nest –
Bir dev bor ichimda, asti pinhon bo‘lmas,
Boshini egmak aning oson bo‘lmas.
Iymon ne ekanligin ming bor anglatsam ham,
Kofir u ashaddiy, hech musulmon bo‘lmas. 3
Tarjimada shakl ham mazmun ham birdak mushtaraklik kasb etadi. Tarjimon esa bu ikki unsurning o‘zaro hamohangligini saqlab qolmog‘i lozim. Xususan, Ogahiyning forsiy merosi tarjimasida ham ayni shu ikki unsurning mujassamlashgan shaklini Matnazar Abdulhakim tarjimalarida ko‘rishimiz mumkin. Tarjimon Ogahiyning “Omad bahor” radifli g‘azalini o‘zbek tiliga bir xil vazn ramali musammani maqsur vaznini saqlagan holda mohirona tarjima qilgan:
Azmi sayri bog‘ kun, ey gulizor, omad bahor,
Karda sad fayzi tarovat oshkor, omad bahor.
Bog‘horo doda zinat, dashthoro doda fayz,
To kunad ofoqro jannat shior, omad bahor... –4
Bog‘-u bo‘ston sayriga chiq, gulzor, kelmish bahor,
Aylabon ming-ming tarovat oshkor kelmish bahor.
Dashtga fayz-u bog‘-u bo‘stonlarga ham ziynat berib,
Bu jahonni qilmish-u jannatshior kelmish bahor...5
Mazkur g‘azal tarjimasida ham ma’no-mazmun bir tildan ikkinchi tilga o‘girish jarayonida to‘laqonli saqlanganini ko‘rishimiz mumkin. Bu esa tarjimon mahoratining mukammal namunasidir.
Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, tarjimon asarni bir tildan ikkinchi tilga o‘girish jarayonida shakl va mazmun uyg‘unligini saqlab qolishi eng muhim omildir. Matnazar Abdulhakim singari mohir mutarjimlar bor ekan, adabiyot ixlosmandlari turli tillarda yozilgan adabiyot namunalaridan bahramand bo‘ladilar.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Ergash Ochilov. “Pahlavon Mahmud”. Toshkent, 2015.

  2. Matnazar Abdulhakim. “Azizlar anjumani”. Toshkent, 2008.

  3. Muhammadrizo Ogahiy. Devon. Toshkent, 1972.




1 Ergash Ochilov. “Pahlavon Mahmud”. Toshkent, 2015.

2 Matnazar Abdulhakim. “Azizlar anjumani”. Toshkent, 2008. 45-bet.

3 Matnazar Abdulhakim. “Azizlar anjumani”. Toshkent, 2008. 5-bet.

4 Muhammadrizo Ogahiy. Devon. Toshkent, 1972. 385-bet.

5 Matnazar Abdulhakim. “Azizlar anjumani”. Toshkent, 2008. 220-bet.



Download 42.37 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling