Rasmiy ish qog‘ozlari uslubi hozirgi o‘zbek adabiy tilining ma'muriy va yuridik ishlarda amal qiladigan bir ko‘rinishidir.
Leksik xususiyati: kitobiy neytral so‘zlardan iborat bo‘ladi. Ushbu uslubda emotsionallik bo‘lmaydi. Masalan, yuqorida ko‘rsatilganlar, quyidagi imzo chekuvchilar, qabul qilib oluvchi, mazkur, yo‘llanadi so‘z va turg‘un birikmalar. O‘ziga xos terminlar: akt, guvohnoma, qaror, qidirish, elchi, vakil, bayonot, tashrif, xalqaro vaziyat va h.k.
Rasmiy ish qog‘ozlari uslubida eskirgan so‘z va iboralar o‘rni bilan ishlatilishi mumkin. Masalan, janob, hazrati oliylari, janobi oliylari, yuqori martabali mehmon, shoh, shahzoda, malika kabi. Bu kabi so‘z va iboralarni ishlatish hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun xos bo‘lmasa ham ularni qo‘llashda murojaat qilinayotgan tomonning va qolaversa xalqaro munosabat xususiyatlari e'tiborga olinadi.
Grammatik xususiyati:
1.Tilga olinayotgan kishilar o‘z nomi bilan atalmasdan, buning o‘rniga ularning belgisi, biror harakati ishlatiladi: ijrochi, ayblanuvchi, guvoh, javobgar, uyni ijaraga oluvchi,da'vogar va h.k.
2.Harakat nomi: oldini olish, chora ko‘rish, hukm chiqarish.
3.Buyruq-istak mayli 3-shaxs birlik shaklidagi fe'llar: bajarilsin, topshirilsin, yuborilsin.
4.Majhul nisbatdagi fe'llar: qaror qilindi, o‘qib eshittirildi, ko‘rib chiqildi va h.k.
5.Qo‘shma gapning turlaridan shart, to‘ldiruvchi, kesim qo‘llaniladi.
Sizga shuni ma'lum qilamizki,....
To‘lov puli o‘z vaqtida yuborilsa,.....
Bajariladigan ishlar shundan iboratki,......
6.So‘z tartibi ham ilmiy uslubdagi kabi bo‘ladi, hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun norma hisoblangan odatdagi tartibga rioya qilinadi.
Ish yuritishda hujjatlar tuzilishiga ko‘ra ichki va tashqi hujjatlar sifatida farqlanadi. Agar hujjat muayyan muassasaning o‘zida tuzilib, undan shu muassasaning o‘zida foydalanilsa, ichki hujjat hisoblanadi. Ayni muassasaga boshqa tashkilot yoki ayrim shaxslardan keladigan hujjatlar esa tashqi hujjatlar sanaladi.
Tegishlilik jihatiga qarab xizmat yoki rasmiy hujjatlar va shaxsiy hujjatlarga ajratiladi. Biron muassasa yoki mansabdor shaxs tomonidan tayyorlanadigan hujjatlar xizmat hujjatlari (buyruq, ko‘rsatma, bayonnoma kabi)ga kiradi.
Shaxsiy hujjatlar alohida shaxslar tomonidan yozilib, ularning xizmat faoliyatlaridan tashqaridagi yoki jamoat ishlarini bajarish bilan bog‘liq masalalarga tegishli bo‘ladi (shaxsiy ariza, shikoyat, tavsiyanoma kabi).
Muassasalar o‘rtasida xizmat aloqalari asosan xatlar orqali amalga oshiriladi. Bunday yozishmalar orqali turli ko‘rsatmalar, so‘rovlar, javoblar, tushuntirishlar, xabar, taklif, iltimos, kafolatlar beriladi va qabul qilinadi. Xizmat xatlari quyidagi vazifalarni bajarishiga ko‘ra ikki turga ajraladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |