Meksikada mustaqillik urushi.
1810-yilda mustamlakalarda ommaviy qo’zg’olon boshlandi. Lotin Amerikasi xalqlari o’zining ozodlik kurashida ko’pgina ajoyib vatanparvarlarni yetishtirib berdi. Meksika xalqi ozodlik kurashining shonli qahramonlari, kambag’al dehqonlar qo’zg’olonlarining yo’lboshchilari Migel Idalgo va Xose Morelosning nomlarini hozir ham hurmat bilan eslaydi.
Qishloq ruhoniysi Idalgoni mahalliy aholi, ayniqsa, hindular sevar edi. U hindularning tillarini bilardi. 1810-yilda Idalgo dehqonlarning eng kambag’al tabaqalariga mansub bo’lgan hindular bilan mulatlarni mustaqillik uchun kurashga va o’zlaridan tortib olingan yerlarni qaytarib olishga chaqirdi. Qo’zg’olon ko’targan hindular va mulat-lardan butun bir qo’shin tuzildi. Idalgo quldorlarga o’zlarining hamma qullarini o’n kunlik muddatda ozod qilib yuborishni buyurdi va hindu jamoalari mustamlakachi ma’murlarga to’lab kelgan o’lponni bekor qildi.
Biroq, Ispaniya qo’shini qo’zg’olonni bostirdi. Asir olingan Idalgo esa 1811-yilda otib o’ldirildi. Idalgoning eng yaqin safdoshi Morelos uning ishini davom ettirdi. Biroq Ispaniyaning muntazam qo’ shini bu safar ham qo’zg’olonchilardan ustun keldi, Morelos esa otib tashlandi. Keyinchalik ozodlik harakatiga rahbarlikni badavlat pomeshchiklar qo’lga oldilar. Meksikadagi mustaqillik uchun kurash davom etdi. Nihoyat, 1821-yilda Meksika mustaqillikka erishdi. Qullik bekor qilindi. 1824-yilda esa Meksika respublika deb e’lon qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |