Mavzu: antropogenez. Irqlar va ularning birligi
Download 127.93 Kb. Pdf ko'rish
|
Arxantroplar
Dastlabki topilgan tosh qurollar kaynozoy erasining to‘rtlamchi davri boshlariga to‘g‘ri keladi. Topilgan qazilmalarga ko‘ra, eng qadimgi odamlar, asosan, g‘orlarda yashab, yovvoyi otlar, cho‘chqalar, nosoroglar, ayniqsa kiyiklar, kemiruvchilar, yirik qushlar bilan oziqlangan. Ular ba’zan o‘zlariga yirik toshlardan vaqtincha boshpana yasagan va olovdan foydalanishni bilgan. Arxantroplar so‘zlashni bilganligi ehtimoldan uzoq emas. Nutq juda tuban darajada rivojlangan bo‘lishi mumkin. Ularning qiyofasi birmuncha hozirgi zamon kishilari qiyofasiga o‘xshash, bir qancha belgilari bilan ulardan keskin farq qilgan. Chunonchi, 1891—1892 yillarda golland olimi E. Dyubua tomonidan Yava orolidan topilgan pitekantropning kalla suyagi sodda tuzilgan. Jag‘lari oldinga turtib chiqqan, iyagi rivojlanmagan, qosh burmalari yaxshi rivojlangan. Miya qutisining hajmi 900 sm3, demak, har qanday antromorf maymunning miyasidan 1,5 baravar ortiq bo‘lgan. Eng qadimgi odamlarning, pitekantropdan tashqari, Xitoyda sinantrop, Germaniyada geydelberg, Afrikada telantrop kabi formalari ham topilgan. Pitekantroplarda, maymunlarga nisbatan, miyaning oliy nerv faoliyati bilan bog‘liq qismlari rivojlangan. Lekin nutq funksiyasi bilan bog‘liq zona yaxshi rivojlanmagan. Uning bosh miyasining chap yarim shari o‘ng yarim shariga nisbatan kattaroq bo‘lgan. Bu hodisa pitekantrop hozirgi odamlarga o‘xshash o‘ng qo‘lini ko‘proq ishlatganligining nishonasidir. 1927—37-yillarda Pekin atrofidagi g‘orlardan arxantrop boshqa vakilining kalla, pastki jag‘ suyaklari, tishlari topilgan va unga xitoy odami — sinantrop deb nom berilgan. U ko‘rinishidan pitekantropga anchagina yaqin bo‘lsa ham, lekin unga nisbatan ancha rivojlangan bo‘lgan. Sinantroplarning bo‘yi past (erkaklari 156 sm, ayollari 144 sm), peshonasi tor, ammo pitekantropnikiga qaraganda do‘ngroq, pastki jag‘i katta, tishlari yirik bo‘lgan, iyagi yo‘q, miya qutisining hajmi 1000 sm3 ga teng edi. Sinantroplar yashagan g‘orlarda oddiy tosh qurollar, gulxan, turli hayvonlar suyaklarining qoldig‘i, o‘simliklar urug‘i topilgan. Albatta, ular eng oddiy yog‘och qurollar-tayoq va so‘yillardan foydalangan. Biroq ular chirib ketib, bizgacha etib kelmagan bo‘lishi kerak. Sinantroplar har holda olov yoqish, uni o‘chirmasdan saqlash, oddiy qurollar yasash va ulardan ovda foydalanishni bilgan. Odam tarixiy rivojlanishining bu bosqichida dastlab yangi sotsial qonuniyatlar vujudga kelsa ham, lekin tabiiy tanlanish hukmronligi namoyon bo‘lgan. U tik yurishni yanada takomillashtirishga, bosh miyani yanada rivojlantirishga tomon yo‘nalgan bo‘lishi kerak. Tabiiy tanlanish tufayli qadimgi odamlar ichidan nisbatan yaxshi rivojlangan tafakkur, nutq va mehnat faoliyatiga ega formalar yashab qolgan, boshqalari esa qirilib ketgan. Shu tariqa 600000-400000 yil muqaddam avj olib rivojlangan eng qadimgi odamlar Homo erectus keyinchalik qirilib, yangi, o‘zlariga nisbatan progressiv ikki tarmoqqa ajralgan. Ulardan biri: Paleoantrop (neandertal)lar. Yevropa, Afrika, Old Osiyo, O‘rta, Markaziy, Sharqiy Osiyo, Indoneziyaning 400 dan ortiq joyida bundan 200000-40000 yil oldin yashagan va tuzilishiga ko‘ra eng qadimgi odam hamda hozirgi zamon odami o‘rtasida oraliq forma hisoblangan. Bu odamlarning barchasi neandertal odami nomi bilan yuritilgandi. Neandertal odamining suyagi - Kiyik-koba g‘oridan, O‘zbekistondagi Surxondaryo oblastining Boysun tog‘idagi Teshik-toshdan topilgan. Ularning qazilma suyaklari bilan birga tosh qurollar, gulxan qoldiqlari, o‘ldirilgan hayvonlar suyagi ham topilgan. Neandertal odamining bo‘yi 155-160 sm bo‘lib, bukchayib yurgan, peshonasi tor, bir oz nishab bo‘lgan. Uning pastki jag‘ suyaklari ko‘proq odamnikiga o‘xshash, biroq iyak suyaklari oldinga turtib chiqqan, qo‘llari hozirgi odamlarnikiga nisbatan rivojlangan. Bosh miyasining hajmi 1450 sm3 ga teng. Neandertal odamlari to‘rtlamchi davrdagi muzlashning eng og‘ir sharoitda yashagan. Ular o‘t (olov) ni saqlashnigina emas, hatto ikkita yog‘ochni bir-biriga ishqab o‘t chiqarishni ham bilgan va shu bilan o‘zlari yashayotgan g‘orlarni isitgan. Neandertallar yirik hayvon go‘shtini egan, terisini yopinib yurib, sovuqdan saqlangan. Download 127.93 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling