Mavzu: axloqiy qadriyatlar falsafasi (etika)
Axloqning mohiyati va tarkibiy tuzilishi
Download 67.13 Kb.
|
7- Mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- Maqsad qanchalik ezgu bo‘lmasin, vositalar ham axloqiy chegarada bo‘lishi darkor.
Axloqning mohiyati va tarkibiy tuzilishi
Ko‘p asrlar davomida, antik davrlardan boshlaboq mutafakkirlar axloq haqida juda ko‘p asarlar yozdilar. Ular axloqning mohiyatini tushunishga, tushuntirishga harakat qildilar. O‘tgan uzoq tarixiy taraqqiyot davrida axloq quyidagicha talqin qilib kelindi: -kundalik hayot aqliy tajribasi; -individning o‘z xulq-atvoridan qoniqishi; -burchga sadoqat ramzi; -ijtimoiy stabillik va tartibni saqlash vositasi; -ijtimoiy foydani talab qiluvchi ijtimoiy hodisa; -jamiyatda adolatni qaror toptiruvchi vosita; -insonlarning o‘zaro hamjixatligini ta’minlovchi vosita; -vijdon ovoziga bo‘ysundiruvchi vosita; -inson hayotining oliy ma’nosini anglash yo‘li. Har bir inson o‘zining butun umri davomida o‘zining qadriyatlar tizimini, o‘zining hulq-atvor, yomonlik va yaxshilik, baxt, adolat va boshqa axloqiy kategoriyalar xaqidagi tasavvurlarini takomillashtirib boradi. Insoniyat tarixida axloqiy taraqqiyot bo‘lgan va u davom etib kelmoqda. Bu davom etish qat’iy tadrijiylikka ega emas. U goxo susayish, ba’zan esa biroz ortga chekinish, ba’zan bir qancha muddat turg‘un turish xususiyatlariga egadir. Lekin katta davrlar va tarixiy oraliqlarni olib qaraydigan bo‘lsak, axloqiy taraqqiyotning mavjud ekaniga ishonch hosil qilish qiyin emas. Mustabid tuzumlar va shaxslar keltirib chiqargan axloqiy tanazzullar xammasi qisqa muddatli hamda o‘tkinchi hodisalardir. Zero insonning asosiy mohiyati o‘zini va o‘z jamiyatini taraqqiy ettirib borish bilan belgilanadi. Axloq esa ana shu taraqqiyotdan xech qachon chetda turmaydi. Insondagi ixtiyor erkinligi zaruriyat talabi bilan oqilona, aqlga bo‘ysundirilgan ravishda cheklanadi, ya’ni nisbiylashadi. Aks holda, muayyan bir, bir necha inson yoki guruhning betiyiq, erkin ixtiyori na faqat boshqa insonlar va guruhlar,balki nabotot, hayvonat olami, butun dunyo uchun fojeaga aylanishi mumkin. Ixtiyor erkinligini bunday cheklashning, aqlga bo‘ysundirishning asosiy vositasi axloqdir. Ixtiyor erkinligi tufayli inson har qadamda axloqiy tanlov muammosiga duch keladi. Bu muammo kishida mas’uliyat hissi mavjudligidan dalolat beradi. Mas’uliyatni, o‘zgalar va o‘z vijdoni oldida javobgarlikni sezmagan kishi xoxlagan ishga qo‘l urishi mumkin – uni o‘z qilmishining oqibati qiziqtirmaydi, u faqat manfaat ustivorligini tan oladi, xolos. Unday odamni axloqsiz deb ataydilar. Zero inson yo ezgulikni, yo yovuzlikni tanlashi tufayli nimanidir ixtiyor etadi: axloqiy tanlov – har bir xatti-harakat, har bir qilmishning ibtido nuqtasi. Umuman inson va jamiyat axloqiy hayotida tanlovning ahamiyati beqiyos. Dastlabki axloqiy qonun-koidalar ana shu tanlovni ro‘yobga chiqarishga, yana ham aniqroq aytganda, uni osonroq amalga oshirishga xizmat qilgan. Ilk axloqiy qoida «o‘zingga ravo ko‘rmagan narsani boshqaga ham ravo ko‘rma” mazmunida dunyoga kelgan. Uning hozirgi zamondagi o‘zbekchasi «pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa o‘zgaga ur”, “o‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil” kabi maqollarda aks etgan. “Axloqning oltin qoidasi” deb atalgan ushbu qoida, bizningcha, eng qadimiy axloqiy talablardandir. Zero xun olish talabi keyinroq paydo bo‘lgan va insonning asl mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan qoidalardan. Dastlabki axloqiy qonun-qoidalar muqaddas kitoblarda o‘z aksini topgan zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob bermaslik tamoyili asosida yaratilgan. Ana shu, inson axloqiy hayotining asosi bo‘lgan qonun-qoidalar hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Odamlar ularni og‘ir majburiyat deb bilmasdan, dil-dildan bajaradigan zamonning tezroq kelishi uchun tinmay harakat qilishlari ahlokiy taraqqiyotdan dalolatdir. Axloqning tarkibiy tuzilishi murakkab bo‘lib, quyidagi elementlardan iborat: -axloqiy amaliyot-axloqning muhim va belgilovchi komponenti bo‘lib, insonning xatti-harakatlari orqali namoyon bo‘ladi. Faqat inson xulq-atvorining xatti-harakatlarda namoyon bo‘lish orqaligina uning axloqiyligi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Insonning faoliyati, inson tomonidan axloq normalari va prinsiplarining amaliyotga tatbiq qilishi uning axloqiy tarbiyasi, axloqiy madaniyatining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ma’lumki, har bir faoliyatda aniq bir maqsadni ko‘zlab, tegishli vositalar, usullar orqali harakat qilinadi va ma’lum natijalarga erishiladi. Har qanday maqsad albatta axloqiy mazmunga ega bo‘ladi. Bu maqsadlar ma’lum vositalar axloqiy mazmuniga ko‘ra, qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yoki mumkin bo‘lmagan vositalarga ajratilishi mumkin. Maqsad va vosita muvofiqligi muammosi – yuridik etikaning muhim masalasidir. Hozirgi zamon jinoyat jarayonida maqsad va vosita muvofiqligi muammosi muayyan huquqiy va axloqiy asosda hal etiladi. Etikada «maqsad vositani oqlaydi prinsipi, ezgu maqsad yo‘lida har qanday vositalarni qo‘llash mumkin» – degan fikr inkor etiladi. Maqsad qanchalik ezgu bo‘lmasin, vositalar ham axloqiy chegarada bo‘lishi darkor. Axloqiy munosabatlar - ijtimoiy munosabatlarning ko‘rinishi sifatida insonlar tomonidan axloqiy (axloqsiz) xatti-harakatlarni sodir etish jarayonida vujudga keladi. Axloqiy munosabatlarning ob’ektiv va sub’ektiv tomoni mavjud. Sub’ektiv tomoni - bu insonning qiziqishlari, hissiyotlari. Ob’ektiv tomoni esa - inson uchun imperativ xarakterga ega bo‘lgan normalar, ideallar, urf-odatlar, an’analar va boshqa ijtimoiy faktorlar hisoblanadi. Kishilar axloqiy munosabatga kirishar ekanlar, o‘z zimmalariga muayyan axloqiy majburiyatlarni oladilar va muayyan axloqiy huquqlarga ega bo‘ladilar. Axloqiy ong - o‘z ichiga axloqiy amaliyot va axloqiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi bilimlar, qarashlar, hissiyotlar, norma, prinsiplarni qamrab oladi. SHu bilan birga uyat, vijdon azobi, o‘z xatti-harakatidan achinish yoki qoniqish, haqligini anglash kabi axloqiy hissiyotlarni uyg‘otuvchi axloqiy o‘z-o‘zini anglash va axloqiy o‘z-o‘zini baholashni qamrab oladi. Axloqiy ong aksikologik xususiyatga ega, chunki har bir hodisaga muayyan axloqiy norma, prinsip, an’ana, qadriyat, ideallar nuqtai nazaridan yondashadi. Axloqiy ong ijtimoiy taraqqiyot jarayonida kishilarning ijtimoiy hayotlari va ijtimoiy munosabatlarini boshqarish ehtiyoji tufayli kelib chiqadi. Axloqiy ong voqelikni in’ikos ettirar ekan, boshqa ijtimoiy ong shakllari singari haqiqiy yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Uning ham haqiqatligi mezoni ijtimoiy praktika hisoblanadi. SHu bilan birga axloqiy ongning o‘ziga xos xususiyatlari ham mavjud. 1. Axloqiy ong boshqa ijtimoiy ong shakllariga nisbatan kishilarning kundalik hayotidagi xulq-atvoriga faolroq ta’sir ko‘rsatadi. Axloqiy qarashlar, prinsiplar, ideallar inson faoliyatiga bevosita singib ketgan bo‘lib, xatti-harakatga undovchi motivlar hisoblanadi. 2. Fandan farqli ravishda, axloqiy ong insonga kundalik ong, ijtimoiy ruhiyat darajasida ta’sir ko‘rsatadi. Faqat yuqori darajada axloqiy ong ilmiy bilim xususiyatlariga ega bo‘ladi, axloqiy qarashlar va ideallar nazariy bilimlarga aylanadi. 3. Axloqiy ong, axloqiy bilimlar majburiy xarakterga ega (imperativ xarakterga ega). Axloqiy ong ikki ajralmas qismdan iborat: individual axloqiy ong, ijtimoiy axloqiy ong, Individual axloqiy ong tarkibiga shaxsning his-tuyg‘usi, fikr- mulohazasi kiradi, ijtimoiy axloqiy ong tarkibiga jamiyat tomonidan ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etiladigan axloqiy kodekslar, kategoriyalar, normalar, prinsiplar, g‘oyalar va hokazolar kiradi. Axloq ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida jamiyat hayotida muhim o‘rin egallaydi va boshqa ijtimoiy ong shakllari bilan uzviy aloqadorlikda rivojlanib boradi. Masalan, axloq bilan din aloqadorligi masalasida shuni aytish mumkinki, mohiyatan din inson hayotining axloqiyligini taqozo qiladi. SHu bois diniy – shar’iy tamoyillar va me’yorlar, hadisi sharifdagi o‘gitlar axloq-odob qoidalari bilan chambarchas bog‘liq.CHunonchi,inson eng oliy qadriyat sifatida qat’iy muhofaza etiladi. Din insonni axloqiylashtirishning vositasi sifatida ish ko‘radi. Demak, diniy taqvo bilan axloqiy talabning ildizi bir xil. Muayyan jamiyatdagi huquqiy qonun-qoidalar o‘sha mintaqa xalqi tomonidan asrlar mobaynida ishlab chiqilgan axloqiy qoidalar, tamoyillar, me’yorlar, shuningdek, nisbatan umumiy xususiyatga ega bo‘lgan urf-odatlar zamirida vujudga keladi. Huquqiy qonunlar mavjud tuzumga, muayyan shaxs va yosh doirasidagi kishilarga tadbiq etilsa, axloqiy qoidalar, hikmatlar, pand-o‘gitlar barcha tuzumlar hamda turli yoshdagi kishilarga taalluqli bo‘ladi. Axloq bilan san’atning o‘zaro aloqalari ham juda qadimiy. Har bir haqiqiy san’at asarida asosiy ziddiyat ezgulik bilan yovuzlikning kurashi in’ikos etadi, insonparvarlik, haqiqatgo‘ylik, to‘g‘rilik, adolat, muhabbat, sadoqat singari fazilatlar tarannum etiladi, taqdir, o‘lim va o‘lmaslik, hayotning mazmuni, baxtga erishish singari muammolar o‘rtaga tashlanadi. Axloqiy ideal muammosi har bir badiiy asarda ilgari suriladi. Umuman olganda, axloqsiz badiiy asarning bo‘lishi mumkin emas, barcha san’at asarlari uchun axloqiylik umumiy zamin ahamiyatiga ega. Bundan tashqari san’at axloqshunoslik targ‘ibotchisi, axloqiy tarbiyaning eng qulay vositasi sifatida ham namoyon bo‘ladi. CHunonchi, badiiy adabiyotning, kino san’ati, tasviriy san’at va teatr san’atining, ayniqsa, bu borada ahamiyati beqiyos. Bu san’at turlari yoshlarda axloqiy idealni shakllantirishda katta xizmat qiladi. Axloqning fan bilan o‘zaro aloqadorligi masalasi ham muhim. Ayniqsa, axloqning ijtimoiy fanlar bilan aloqasi o‘ziga xosdir. CHunonchi, ko‘pgina ilmiy qarashlar, nazariyalar insonni bevosita yoki bilvosita yuksak axloq egasi, donishmand va halol inson bo‘lishga chaqiradi. Lekin ayrim nazariyalar ham borki, ularni axloqsiz deb atash o‘rinli. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, mashhur “Maltus nazariyasi”. Ingliz iqtisodiyot nazariyotchisi Maltus (1766-1834) ilgari surgan g‘oyaga ko‘ra, aholi geometrik progressiyaga, iste’mol mahsulotlari arifmetik progressiyaga muvofiq rivojlanadi. Aholi o‘sib borib, er yuzida qashshoqlik, oziq-ovqat etishmovchiligi vujudga keladi. SHu bois urushlar olib borish tabiiy hol sifatida o‘zini oqlaydi. Maltus bu o‘rinda urushni targ‘ib qilish bilan axloqsizlikning eng yuksak ko‘rinishini namoyon etmoqda. Ma’lumki, barcha fanlar, xususan, tabiiy fanlar har biri o‘z sohasida haqiqatning ayon bo‘lishiga xizmat qiladi. Axloqning pirovard natijasi esa insonni haqiqatga olib borish, uni komil mavjudot qilib tarbiyalashdir. Ana shu nuqtada axloq va fan bilvosita munosabatga kirishadi. Ayni paytda ilm-fanda erishilgan olamshumul yutuqlar insoniyat jamiyati oldiga yangi-yangi axloqiy vazifalar va muammolarni qo‘yadi. CHunonchi, so‘ngi paytlarda fan-texnika taraqqiyotining yuksak darajasi va ekologik buhronlarning yuzaga chiqishi sababli ekologik axloqshunoslik singari axloq olamining yangi yo‘nalishlari vujudga keldi; noosferadan yoki boshqacha aytganda texnosferadan etosferaga – axloqiy muhitga o‘tish zarurati insoniyat jamiyati axloqiy madaniyati oldidagi eng dolzarb vazifa sifatida qo‘yilmoqda. SHu bois texnikaviy fanlar taraqqiyotining navbatdagi bosqichlari faqat axloq talablariga mos, ta’bir joiz bo‘lsa, axloqiy nazorat ostida amalga oshmog‘i lozim. Axloq mazkur ijtimoiy hodisalar markazida turadi. U nafaqat markaziy ijtimoiy hodisa, balki boshqa ijtimoiy hodisalarni harakatlantiruvchi ma’naviy kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Uni chetlab o‘tishga intilish har qanday mafkurani tanazzulga olib boradi, jamiyatni tom ma’nodagi ma’naviyatdan mahrum etadi. SHu nuqtai nazardan qaraganda, Birinchi Prezident Islom Karimovning: “Aslini olganda, axloq- ma’naviyatning o‘zagi”, degan so‘zlari yuqoridagi fikrlarimiz uchun tabiiy xulosa bo‘lib jaranglaydi. Darhaqiqat, axloq ma’naviyat tizimidagi eng ta’sirchan, eng baquvvat halqa, usiz odamzot ma’naviyatini tasavvur qilish mumkin emas. Download 67.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling