Mavzu: bolalar adabiyoti rivojlanish sari
G‘afur G‘ulom – bolalar shoiri va nosiri (1903-1966)
Download 81.78 Kb.
|
4-AMALIY MASHG\'ULOT(1)
G‘afur G‘ulom – bolalar shoiri va nosiri (1903-1966).
Akademik shoir G‘afur G‘ulom kattalarning ardoqli adibi bolishi bilan birga, bolalarning ham sevimli ijodkoridir. G‘afur G‘ulomning bolalar adabiyotiga aloqasi haqida so‘z yuritilar ekan, dastavval, uning bolalar uchun maxsus yaratgan asarlarini tilga olish joiz. Zero, “Mukofot” (1940), “She’rlar” (1946), “Tongotar qo`shig‘i” (1949), “Bari seniki” (1953), “Bir g‘uncha ochilguncha” (1955), “Siz mening yoshligimsiz” (1958) singari she’riy to‘plamlarda shoir yosh avlodni, jumladan, o‘z farzandlarini ham eng yaxshi umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga ahd qilgan talabchan va mehribon murabbiy, farzandlari kamolidan faxrlanayotgan va Vatan kelajagini ishonchli qo‘llarga topshirayotganidan qalbi quvonchlarga to‘liq mehribon ota sifatida namoyon bo‘ladi. U XX asrning 20-yillaridan 60-yillarigacha bolalar uchun she’rlar, hikoya va o‘kinchlari, quvonchlari ifoda etilgan edi. Ayni damda nasriy asarlaridan “Netay” 1930-yilda, “Tirilgan murda” 1934-yilda, “Yodgor” 1936-yilda, “Shum bola” 1963-yilda chop qilindi. G‘afur G‘ulomning she’riy to‘plamlarini nashr ettirish shoir vafotidan so‘ng to‘xtab qolmadi. 1969-yilda “Bayram maktubi”, 1970-yilda “O‘ylashni o‘rganamiz”, 1983-yilda “Farzandlarimga” she’riy to‘plamlari bosildi. Zero, G‘afur G‘ulomning bolalarga atalgan asarlarisiz o‘zbek bolalar adabiyotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. G‘afur G‘ulom mutafakkir va faylasuf shoir sifatida bolalar yurt kelajagi ekanini, ularning kamoli xalq kamoli ekanini his qiladi, shu tuyg‘ularni she’rlarida goh bola bo‘lib, ularning dunyosini yoritsa, goh kattalarning bolalarga munosabatlarini aks ettirdi. G‘afur G‘ulom bolalarga kattalarning munosabatini “Charog‘larim-qarog‘larim”, “Aziz avlodlarimizga”, “Mening bir satrim”, “O‘qing qizlar”, “Chiroy”, “Siz mening yoshligimsiz”, “Sen salomat bo‘lsang bas” kabi she’rlarida ifodalar ekan, o‘zining bolaparvar shoir ekanini namoyish qila olgan. U xalq shoiri sifatida yurtimizning har bir bolasini o‘ylagan, ularning har birining kelajagi uchun qayg‘urgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. G‘afur G‘ulom: “Men,– deya yozgan bir xatida, – avvalo, bolalar deganimda o‘z bolalarimni o‘ylaganim yo‘q. Butun respublikamizni o‘z oilam deb, respublika bolalarini o‘z bolalarim deb bilaman. Demak, ular uchun yozganim yozgan”. Ma’lumki, har bir asar o‘z davrining mahsuli va unda qay darajadadir shu davr xususiyatlari aks etadi. Binobarin, G‘afur G‘ulomning yuqorida tilga olingan to‘plamlaridagi asarlar ham bundan mustasno emas. Ushbu to‘plamlardagi bir qator she’rlar garchi sho‘ro mafkurasi ta’siridan xoli bo‘lmasa-da, to‘laligicha olganda, shoir ijodiyotida sof lirika ustuvorlik qiladi. Uning bolalar adabiyotimiz bolalarga mo‘ljallangan alohida adabiyot sifatida endigina atak-chechak qilayotgan o`tgan asrning 30-yillarida yaratilgan she’rlarida tarbiyaviylik – pand-nasihat, axloq-odob ruhi hamda fan-texnika yutuqlari targ‘ibi xarakteridagi ma’rifiylik yetakchilik qilsa, 50-60-yillarda yaratilgan asarlarida axloqiy-ma’rifiylik bilan bir qatorda, bola tabiatining turli qirralarini kashf qilish va o‘ziga xos olamini yaratishga intilish ko‘zga tashlanadi. “Ikki yoshlik” (1935), “Tursunali nega varrakdan aynidi?” (1937), “Yasha deyman, o‘g‘lim” (1939) she’rlarida fan-texnika yutuqlarini eski turmush tarzi bilan qiyoslash orqali yosh avlodni ilm-fan nuridan bahramand bo‘lishga chorlash, chaqiriq ruhi ustuvor. Bu o‘rinda shuni ham qayd etish kerakki, 30-yillar o‘zbek adabiyoti, xususan, she’riyatida “agitka”lar ruhidagi targ‘ibiy-tashviqiylik ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan xususiyatlardandir. Biroq hatto shu targ‘ibiy-tashviqiylikda ham haqiqiy shoir asaridagi badiiyat ajralib turadi. Binobarin, “Ikki yoshlik” she’ridagi ilm-fan targ‘ibi shunchaki eski turmush tanqidi yoxud yangi hayot maqtovi emas, balki yangi maktablarda turli sohalar bo‘yicha fan asoslarini egallayotgan farzandlarning kelajakda yangi va yaxshi hayotni qurishi kerak bo‘lgan, har tomonlama kamol topgan insonlar bo‘lib yetishuviga ishonch ruhi bilan to‘liqdir. “Yasha deyman, o‘g‘lim” she’ri shu jihatdan oldingi ikki she’rning mantiqiy davomiday yangraydi. Uchuvchi bo‘lib, ko‘klarga uchishga, yulduzlarni quchishga, sovuq Arktikalarni o‘zlashtirishga otlangan, uchqur xayoli ko‘klarda parvoz qilayotgan o‘g‘il orzu-niyatlari va farzandi kamolidan faxr tuyg‘usi she’rni yolqinlantirib turadi: – Dada, men osmonga uchar bo‘lsam, Cheki yo‘q ko‘kni ham quchar bo‘lsam, Yulduzdan-yulduzga ko‘char bo‘lsam, Sen tubida qolib ne deysan? – Yasha, deyman, o‘g`lim! G‘afur G‘ulom – donishmand shoir. U bolalarga, yosh avlodga katta ishonch bilan qaragan. Yetimlik mavzusi G‘afur G‘ulom ijodida ko‘p uchraydi. Negaki, shoirning o‘zi yetimlik jabrini tortgan inson. U to‘qqiz yoshda otasiz qoladi, o‘pka shamollashidan vafot qilgan otasi to‘rt norasidaga G‘afurni bosh qilib ketdi. Kenja singlisi endi olti oylik edi. U tirikchilikning qaynoqli, alamnok ko‘chalariga kirib chiqar ekan, yashashni o‘rgandi. Oqibat hayot kurashlardan iboratligini angladi. Yetimlik nochorligini, alamlarini “Netay” qissasida Netay fojeasi taqdiri yordamida aks ettirgan bo‘lsa, “Shum bola”da Qoravoy o‘g‘il bola-ku, deb hisobladi, uni yaxshi hayotdan umidvor qilib yaratdi. Qoravoy hayot unga behisob azoblar tayyorlasa ham, qaddini rostlab, yo‘lida davom etdi. Bu ma’lum ma’noda G‘afur G‘ulomning o‘zi edi. G‘afur G‘ulom yangi davlat yetimlarga e’tibor qilayotganini, o‘zbek yetimparvar xalqligini ko‘rib, “Yodgor”da boshqacharoq yetimlikni tasvirladi. G‘afur G‘ulom umrining oxirigacha yetimlik og‘riqlarini unutmadi. Nasrida aks ettirganidan tashqari, she’riyatida ham yetimlikni ifodaladi. Shoir bolalarga “kelajagim, keragim” deb murojaat qilar ekan, yuragi ham bolalarniki ekanini ta’kidlaydi. Shoirning yetimlik motivi mavjud she’rlarida bugungi bolalikka shukrona bor. Istiqlol davrining katta-yu kichigi bu she’rlarni o‘qib, bugungi bolalik uchun mustaqil Vatandan, ozod davlatdan minnatdor bo‘lsa arziydi. Shoir o‘z asarlarida hajvdan mahorat bilan foydalangan. “Shum bola”dagi fojeali bolalikni ham shu qadar satira va yumorga o‘raganki, asardagi qayg‘uli voqealarni ko‘rib turib ham kulaverasiz. “Nortojining kurak tishi” va “Ahmad yomon bola emas-ku, ammo...” she’rlari esa bolalarni toza-pokiza yurishga chorlovchi asarlardandir. Ushbu she’rlarda G‘afur G‘ulomning maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarga mo‘ljallab asar yaratishdagi mahorati bor-bo‘yi bilan namoyon bo‘lgan. Hazil-mutoyiba vositasida kir-chir yuruvchi bolalarni chimdib olish va toza-pokiza yurishga undash har ikkala she’rning asosini tashkil qiladi. Tishini tozalashga erinadigan, “yuzini haftada arang yuvadi”gan olti yashar Nortojining tishi og‘rib qolishi va do‘stlarining uning og‘ziga “ekskursiya” qilishlari tasvirlarini shoir nihoyatda jonli, tabiiy yaratgan. She’rda ijodkorning hajviy portret yaratish mahorati e’tiborga sazovor: Nortojining hozir yoshi oltida, Biroq chollar kabi kemshik bechora; Bir parcha go‘sht yoki non yeb qo‘ydimi, Kechgacha tish kovlab, bo‘lar ovora. Endigina olti yoshga kirgan Nortojining kemshikligi “ta‘rifi”dan boshlangan she’r to‘rtta kurak tishining chirib, darz ketgani, tishlari past-balandligidan “so‘yloq” degan nom olgani, “s” bilan “sh” harfini aytolmay, so‘z o‘rniga tili hushtak chalishigacha mufassal tasvirlanib, portret chizgilari tobora mukammallashtirib boriladi: Ayniqsa, Nortojining og‘ziga “ekskursiya” tasviri jonliligi bilan yosh kitobxon e’tiborini qozonishi shubhasizdir: Bolalar birma-bir tekshiradilar: –Voy-bayov! Bunisini qarang, o‘rtoqlar! Tishlarda istagan narsa topilar: Jiydami, o‘rikmi, pista po‘choqlar. Ayniqsa, oldingi kurak tishida Bir hafta burungi ovqat qoldig‘i; Yonida, boshida, oralig‘ida Saqich bo‘laklari, tuxum sarig‘i. Nortojining og‘ziga “ekskursiya” o‘zining tabiiyligi, hazil-mazax ruhidaligi bilan yosh kitobxonga qiziqarli, ibratli va axloqiy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Mana yarim asrdirki, uning satira va yumor bilan sug‘orilgan bolalarbop she’rlari bolalarni ham, kattalarni ham birday kuldiradi va tarbiya qiladi. 50-60-yillarda bolalar uchun yaratilgan ko‘plab she’rlarida G‘afur G‘ulom, avvalo, mehribon ota sifatida namoyon bo‘ladi. “Bu yil birinchi sinfga kiradigan o‘g‘il-qizlarimga atab yozgan she’rim”, “Yana bir qutlug‘ kun”, “Quyoshning yorug‘ligi barcha xalqqa barobar” she’rlarida o‘sib-unib kelayotgan farzandining maktab ostonasiga ilk bora qadam qo‘yayotganidan faxrlanish, uning ilm cho‘qqilari va kasb-hunar asoslarini egallagan, axloq-odobli, komil inson bo‘lib yetishuviga ishonch tuyg‘ulari barq ursa, “Navqiron naslimiz sinov oldida”, “Oltin medal”, “Imtihon” she’rlarida maktabni tugallab, mustaqil hayotga yo‘llanma olayotgan, oliy o‘quv yurtlariga kirib, xalqimizga munosib farzand bo‘lish tuyg‘ulari bilan yonayotgan yosh avlodga, farzandlariga oq yo‘l tilayotgan mehribon padar qiyofasi namoyon bo‘ladi. Sizsiz kelajak yo‘q, siz axir xalqning Ming yilni ko‘rajak qarog‘larisiz. Sizsiz yorimaydi osmonda Zuhra, Zamonlar tongining charog‘larisiz,– satrlarida barq urib turgan ana shu ishonch, faxr tuyg‘ulari yosh kitobxon ma’naviy-axloqiy kamolotida o‘ziga xos o‘rin tutishi shubhasizdir. G‘afur G‘ulom bolalar uchun yaratgan asarlarning yana bir qirrasi ulardagi hayotga endigina kirib kelayotgan yosh bola obrazining o‘ziga xos shakl va yo‘sinlarda tasvirlanishi bilan xarakterlidir. “Qushchalar she’ri”, “Dadam va men”, “O‘ylashni o‘rganamiz”, “Kekkaymachoq Sobirjon”, “Ahmadjon – fotograf”, “Chaqchaqlashaylik” she’rlarida yosh bolaning o‘ziga xos ma’sum, beg‘ubor, samimiy dunyosi yaratiladi. “O‘ylashni o‘rganamiz” she’rida Muxtorjon olti yashar singlisi Munisxon bilan o‘ylash haqida suhbatlashadi, unga o‘ylashni o‘rgatmoqchi bo‘ladi: – Mana, men o‘ylayapman... – Nimani o‘ylayapsan? – Juda ko‘p o‘ylayapman: Morojniydan tog‘ bo‘lsa. Nuqul gilos bog‘ bo‘lsa, Bir qozon qaymoq bo‘lsa, Tuyaday pishloq bo‘lsa... Bu – o‘g‘il bolaning beg‘ubor dunyosi, cheksiz-chegarasiz xayollarining bir qirrasi. Darhaqiqat, muzqaymoqni yomon ko‘radigan bola bormi? Akasidan o‘ylashni o`rgangan Munisxon esa: Bitta qo‘g‘irchoq bo‘lsa, Kaliti buzilmasa, Ko‘zini yumganida Meni ham ko‘rib tursa... – deb orzu qiladiki, bu – qiz bolaning o‘ziga xos dunyosi, o‘ziga xos qiziqishlari olami. Aka-singilning o‘ylashlari davom etaveradi, o‘rtada ozgina bahs ham kelib chiqadi. Singlisiga yanada jiddiyroq o‘ylashni o‘rgatmoqchi bo‘lgan Muxtorjonning “Sen oyi bo‘lasanmi?”– degan savoliga Munisxon “Sen-chi?”,– deb javob qaytaradi. Jahli chiqqan Muxtorjon: –Men qiz bola emasman, Qizlar oyi bo‘ladi. Men katta bo‘lganimda, Besh yuzga kirganimda Katta dada bo‘laman,– deb javob beradi. Haqiqatan ham “Sen oyi bo‘lasanmi?”,– degan savoldan qaysi o‘g‘il bolaning jahli chiqmaydi?! Shu sababli ham “katta dada bo‘lganida yuzta qizi bo‘ladigan” Muxtorjon qizlarining otini “Punis” qo‘yadi. Akasining zardasiga Munisxonning javobi ham tappa-tayyor. U “oyi bo‘lganida mingta o‘g‘li bo‘ladi, oti Puxtor bo‘ladi”. Ushbu kichik she’rda G‘afur G‘ulom yosh bola dunyosini, fikrlash tarzini, obrazini ulkan mahorat bilan yaratgan. “Chaqchaqlashaylik” she’rida yana o‘sha – ozgina maqtanchoqroq, ozgina hovliqmaroq, ozgina vahmachiroq bolakaylar dunyosi yaratiladi. Yozgi ta’tildan qaytib, maktabda o‘qishlarini boshlagan bolalarning har biri yozda nima ish qilgani, qayerda dam olgani-yu nimalarni ko‘rgani haqida navbati bilan gapirib beradi: Ahmad, Meli, Jo‘ravoy Tyan-Shanga chiqibdi, Nishon kaltak tiqibdi. Tusharda o‘n bo‘rining Qazibdilar go‘rini. Yog‘lab turib tayoqni Savabdilar ayiqni. Shu tarzda boshlangan suhbat (chaq-chaq) to‘xtovsiz davom etaveradi. Har bir bola yozda ko‘rsatgan ‘karomat”lari haqida shu tariqa lof ura boshlaydilar. Oysha o‘z qo‘ltig‘ida o‘n besh jo‘ja ochib, jo‘jalarga “A” va “V” vitaminlarni don o‘rnida berib, uch kunda jo‘jalarini tovuq-xo‘rozga aylantiribdi, Zokir boqqan baliqlar akvariumga sig‘may, devorni yorib chiqib, daryo izlab yig‘labdi va hokazo. Aytish kerakki, bolalarning beg‘ubor, o‘ziga xos sodda olamini yaratishga bag‘ishlangan shu tarzdagi asarlar jahon bolalar adabiyotida alohida o‘rin tutadi. G‘afur G‘ulom esa ushbu she’rlari bilan o‘zbek bolalar adabiyotida “Lofchilar-aldoqchilar” turkumida o‘ziga xos olam yaratadi. G‘afur G‘ulomning bolalar shoiri va nosiri qiyofasiga otalik va murabbiylik tuyg‘ulari chuqur singib ketgan. Bunda yetimlikda kechgan bolalik xotiralari ta’siri ayricha rol o‘ynaganini alohida ta’kidlash joiz. Shu holat uni qo‘liga qalam olib, ilk she’rini yozishga undagan edi. “Bir kuni, – deb yozgan edi u o‘zining “Kechmish va kechirmishlarimdan” xotiranomasida, – bolalar bog‘chasidagi yetim bolalardan 15 tasini bizning internatga o‘tkazdilar. Men bu go‘daklar bilan birga tunab qoldim. Kechasi uxlamay, kuzatuvchilik qilib chiqdim. Shu kecha o‘z yetimligim, boshimdan kechirganlarim va shu yetim bolalar ahvoli... to‘g‘risida she’r yozdim. Shu she’rimni birinchi she’rim desam bo‘ladi”. O‘sha ilk she’ridayoq u bolalarning ham hazrati Odam farzandi ekanligini, binobarin, ular ham insonday yashash va ulg‘ayish huquqiga ega ekanliklarini ularning o‘z tillaridan favqulodda bir ko‘tarinkilik bilan ifoda etgan edi. Biz Odam bolasimiz, Odamning donasimiz. Biz o‘sib ulg‘ayamiz, Olim bo‘lish g‘oyamiz. G‘afur G‘ulom yetimlikda ulg‘ayganini umr bo‘yi unuta olmadi. Yetimlik uni o`ksik qalb sohibiga aylantirgan va mudom ta’qib etganligi tufayli bolalarga atab qaysi mavzuda she’r yozmasin, o‘sha zahoti xotirasi qatlaridagi yetimlik armonlari uyg‘onishi tabiiy edi. Kattalar uchun yozilgan va XX asr o‘zbek she’riyatida voqeaga aylangan “Sen yetim emassan”da ham, bolalarga atab bitilgan “Bayram maktubi” va boshqa qator she`’rlarida ham bu holni kuzatish mumkin. Jumladan, “Bayram maktubi”da o‘qiymiz: O‘ttiz sakkiz yil burun Bugungi siz bilan teng O‘n to‘rt yoshlarda edim. Tongsiz, uzun kechqurun Qora qo‘ynin ochar keng Ko‘z o‘ngida uchurum. Maktab qayoqda deysiz? Nonning hatto o‘zi yo‘q, Bo‘z yaktak, yirtiq ishton, Eshiksiz, o‘tsiz, nursiz, Vayronalar qup-quruq, Xalq tentirar parishon Oq podshoning urushi Yurtni yergacha toptab, Tekkan edi tinkaga. Och qo`shinning yurishi Yer yuzini gur o‘rtab, O‘xshardi alangaga. Qonxo‘r fashistlar ming-minglab bolalarni ota-onalaridan ayro etib, yetim qoldirayotganidan jirkangan shoir yana o‘sha “o`ninchi yillar sargardonligi”ni eslamay, o‘tolmaydi: Yetimlik nimadir– Bizlardan so‘ra. O‘ninchi yillarning Sargardonligi; Isitma aralash Qo‘rqinch tush kabi Xayol ko‘zgusidan O‘chmaydi sira Men yetim o‘sganman, Oh, u yetimlik... Voy bechora jonim, Desam arziydi, Boshimni silashga Bir mehribon qo‘l, Bir og‘iz shirin so‘z Nondek arzanda. Men odam edim-ku... Inson farzandi... Download 81.78 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling