Mavzu: bolalar adabiyoti rivojlanish sari


Nosir Fozilov ijodida bolalar va o‘smirlar ruhiyati talqini (1929-2018 )


Download 81.78 Kb.
bet9/13
Sana09.06.2023
Hajmi81.78 Kb.
#1476341
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
4-AMALIY MASHG\'ULOT(1)

Nosir Fozilov ijodida bolalar va o‘smirlar ruhiyati talqini (1929-2018 )
Nosir Fozilov 1929-yili Qozog‘istonning Chimkent viloyati Turkiston tumanining Koriz qishlog‘ida tavallud topadi. Uning ota va onalari dehqonchilik bilan shug‘ullangan. “Ijod deb atalmish yo‘lning boshi,– deb yozgan edi N.Fozilov,– tom ma’noda, tug‘ilish, bolalik dunyosi, bu dunyoning ulg‘ayib, katta yo‘llar yaratishi bilan chambarchas bog‘liq”. Bu o‘rinda yodga albatta, ota-ona, oila va muhit tarbiyasi keladi, zero bu har bir shaxs uchun hayot maktabi.
Bo‘lajak yozuvchining otasi Fozil, onasi Jahonbibi – ismi-jismiga monand xulq-atvorli, mehnatsevar insonlar bo‘lishgani adibning o‘zi tomonidan e’tirof etiladi. Nosir Fozilovning bolaligi 1930-1933-yillardagi ocharchilik va urush davriga to‘g‘ri kelgan. Adibning xotirlashicha, ularning qishlog‘ini ikkiga bo‘lib yuborishadi. Ular ko‘chib o‘tgan Yoyilma degan qishloqdagi 70-80 xonadon chorva bilan shug‘ullangan. U paytlarda odamlar o‘qish-yozishga havas qo‘yishdan ham ko‘proq qorin qayg‘usi bilan qattiq bog‘langan edi. Qishloqda faqat bitta – Qahhor degan odamda patefon bo‘lib, salgina bo‘lsa-da, dillardan g‘amlarni yuvib, kishini xayolan uzoqlarga olib ketardi. Biroq kitobxonlik kuchli bo‘lgan. Odamlar o‘qish-yozishni deyarli bilmasalar-da, Nosir Fozilovga o‘xshash 7-8 yoshdan maktabga borib, sharillatib o‘qishni qoyillatadigan bolalarga kechalari xalq dostonlari – “Go‘ro‘g‘li”dan “Hasanxon”, “Ravshanxon”, “Avazxon” dostonlarini takror va takror o‘qitishgan, sel bo‘lib tinglashlardan charchashmagan. “Keyinchalik tushunsam,– mushohada yuritadi adib, – ular shu dostonlarda ushalmagan armonlarini ko‘rishar, ular bilan birga tug‘ilib, birga yashab, g‘am-hasratlarini unutishar ekan. Adabiyotning kuchini qarang-a”... Bo‘lg‘usi adib ham o‘qib, ham mehnat qilgan. U o‘z tengdoshlaridan ancha kech, ya’ni 1949-yilda o‘rta maktabni tugatgan. So‘ng Toshkentga kelib, universitetda o‘qishga kiradi va uni 1954-yilda tugatadi. Shundan keyin “Gulxan”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarda, “Yosh gvardiya”, G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida turli lavozimlarda ishlaydi. Adibning birinchi hikoyasi “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida 1953- yilda bosilgan bo‘lsa, uning birinchi kitobi 1959- yilda “Irmoq” nomi bilan chop qilinadi. So‘ngra, “Oqim”(1962), “Robinzonlar”(1964), “Qush qanoti bilan”(1965), “Qorxat”(1968), “Ko‘klam qiyoslari”(1970), “Diydor”(1979), “Tanlangan asarlar” 2 jildlik (1983-84), “Shum bolaning nabiralari”(1985), “Ustozlar davrasida”(1988), “Bolaligim-poshsholigim”(1989), “Topdim-u yo‘qotmadim”(2010) kabi kitoblari nashrdan chiqadi. 1985-yilda unga “Shum bolaning nabiralari” kitobi uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining G‘.G‘ulom nomidagi, 1986-yilda esa qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining Boyimbet Maylin nomidagi, “Ustozlar davrasida” asari uchun esa Hamza nomidagi Davlat mukofoti beriladi. 1990-yilda esa u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Qozog‘iston Prezidentining “Tinchlik va ma’naviy hamjihatlik uchun” xalqaro mukofoti (1994), Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining “Olosh” nomli xalqaro Mukofoti (2000), G‘alabaning 50 yilligi munosabati bilan medal (1995), “El-yurt hurmati” ordenlari (1999) sohibidir. Yozuvchi qissalari mavzusiga ko‘ra o‘tmish va zamonaviy voqealarni ifoda etishi bilan ajralib turadi. O‘tmish deganimiz, o‘tgan asrning birinchi yarmi. Bunda milliy tariximizdagi dolg‘ali yillarda xalq hayoti, bolalar va o‘smirlar olami o‘quvchi ko‘z o‘ngida yorqin gavdalanadi. N.Fozilovning o‘ziga xos badiiy mahorati shundaki, u nafaqat o‘zbek, balki qardosh xalqlar turmush tarzi, tilini ham yaxshi biladi va ularni tabiiy aks ettira oladi. Shu ma’noda, uning qissalarida turli davr va turli millat o‘smirlarining obrazlari gavdalanadi. Binobarin, “Shum bolaning nabiralari” qissasi oddiy voqeadan boshlangan. Bolalar maktabdagi “Qizil iztoparlar” to‘garagiga a’zo bo‘lishadi va bu a’zolar ro‘yxati “Gulxan” jurnaliga yuborilgach, muharririyat bolalarga maxsus xat yo‘llab, urush veteranlari jasoratini o‘rganish bilan bog‘liq topshiriq beradi. Anvar Furqat nomiga kelgan shunday xatni pochta qutisidan o‘g‘irlayotgan payt o‘rtog‘ining o‘zi kelib qoladi va xatni na o‘zi o‘qiy oladi, na do‘stiga ko‘rsata oladi. Ammo Furqat maktabdagi yana bir shunday to‘garak a’zosi G‘ayrat nomiga kelgan xatdan xabardorligi uchun bu topshiriqni bajarish haqida Anvarga maslahat soladi. Yozuvchi Anvar obrazini tasvirlashda G‘afur G‘ulomning shum bolasiga taqlidan yondashgani sezilib turadi. Faqat Anvar taraqqiy etgan davr bolasi ekanligidan, uning shumliklari ham zamonaviyroq. Masalan, u maktabda fizika to‘garagiga ham a’zo. Sababi, temir-tersak uning jon-u dili. Radiomi, eski televizormi, zvonog-u dazmolmi-ey, xullas qo‘llariga nima tushib qolguday bo‘lsa, bilsa-bilmasa kavlagani-kavlagan. Shuning uchun hatto choraklik baholari ham pasayib ketadi... Uyda ham shu sababli turli hangomalarni qo‘zg‘ab yuradi. Anvar maktabdan kelganida singlisi Mahfuza chiqib qoladi.
– Endi o‘lasan!
– Nega o‘lar ekanman?!–deydi Anvar hangu-mang bo‘lib.
– Radioni buzibsanku...
–Buzganim yo‘q. Proigrevatelni olib, maktabdagi radioga qo‘ydik. Anu maktabda muzika to‘garagidagi radio ishlamas ekan... Shunga qizlar tansa tusholmay... Shu orada oyisi chiqib qolgach, bu chorakda “ikki” tushmaganligidan maqtanmoqchi bo‘lgan Anvarning sumkasidan dazmol ham chiqib qolib, tag‘in bahona izlashga tushadi. Oyisining avzoyi buzuqligini sezgach esa, devordan oshib, qochib qoladi. Anvar oyisidan ham ko‘ra singlisi Mahfuzadan jahli chiqqan edi. Go‘yo hammasini o‘sha oyisiga chaqib bergan. Endi ko‘chada sovqotib, qayerga borishni bilmay asabiylashayotib, undan qasd olish rejasini tuzib, navbatdagi hangomani boshlaydi. Barcha qo‘ni-qo‘shnilarni bola-chaqasi-yu, butun oilasi bilan mehmonga, onasining “Tug‘ilgan kuni”ga aytib chiqadi. Maqsadi esa mehmon ko‘p kelsa, qozon-tovoq yuvishni yomon ko‘radigan singlisiga ish ko‘paytirib, o‘ch olmoqchi... Rostdan ham kechqurun hovli mehmonga to‘ladi. Mahfuzaga ish ko‘payib ketadi. Anvarning shumtakaligi kattalar tomonidan kulgi bo`lib, uning bobosiga o‘xshagani, Nazarbekdagi voqealarda kimlar ishtirok etgani tilga olinadi, shu tariqa qissada o`tgan asrning 20-yillaridagi voqealar hikoya qilinadi...
Nosir Fozilov ijodida qissadan qissaga ko‘chib yuruvchi obrazlar (Karim ko‘zoynak, Izatulla, Jalil, Abdunabi, Po‘lat amaki, A’zam...), tasvir va tashbehlar, (chalov o‘rish, “eshak karvon” bilan g‘alla tashish, o‘smir yigitlar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar) talaygina... Bu uning o‘ziga qadrdon dalalar, ang‘iz va jing‘il kabi buta-yu to‘qayzorlar, bolaligidanoq ko‘z o‘ngiga jo bo‘lgan manzaralar (masalan, “qishlog‘imiz oqshomini bir ko‘rsangiz: odamlar daladan qaytib kelayotgan, poda orqasida bulutdek chang qoldirib, qishloq sari siljiyotgan, kunbo‘yi ang‘iz ustida donlab, g‘ujg‘on o‘ynayotgan qora zag‘chalar qishloq osmonini ajib bir kuyga to‘ldirib, Sir bo‘yiga – qo‘noq joyiga shoshilayotgan...” Yoki, “bolalarning qiy-chuvi-yu, sigirlarning mo‘rashi, itlarning vovullashi, ...sigirlarning tuyoqlaridan ko‘tarilgan oppoq changning kattakon juldur ko‘rpaga o‘xshab havoda muallaq qalqib yurishi” kabi); odamlar va voqealar ekanligini anglash mumkin. Uning adabiy qahramonlari va sujet chizig`idagi tasvirlar ham betakror: Iriskeldi, Supabek otalarning podachilik sir-u sinoatlari, ularga yordam beradigan Qalmaqon, Karim, Kamola kabi o‘smir yigit-qizlarning balog‘at pallasiga yetishdagi tuyg‘ulari... Bolalarning uyma- uy yurib osh-u halol yig‘ishlari, chalov o‘rishi-yu, xirmonda ishlab, eshak, ot va tuyada shahar bilan qishloq o‘rtasida sut-u qatiq sotib, oilani tebratishga yordam berishi, “eshak karvon”larda g‘alla tashishi, dala-dashtni kezib, to‘qayzorlar kechib ov qilishi, daryo -yu dengizda baliq tutib, o‘z mehnati lazzatini anglab yetishi kabilar yosh kitobxon uchun ohorli hikoyalardir. Qolaversa, bu qissalarda qozoq, o‘zbek, tatar, qirg‘iz, ukrain, polyak kabi turli millat vakillarining umumlashma obrazi mavjud. Qissa qahramonlari qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zaro bir yoqadan bosh chiqarib, ishlaydilar, qahramonlik ko‘rsatadilar, yoxud o‘zaro birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yadilar. N.Fozilov talqin etgan obrazlar chindan ham o‘z asosiga ega. Turkistonlik, qoraqalpog‘istonlik o‘zbek-u qozoqlar ana shunday qon-qarindosh bo‘lib yashayotgani ayni haqiqat. Demak, bu tabiiy jarayonni o‘smirlar kitobxonligida N.Fozilov maromiga yetkazib tasvirlagani e’tirofga loyiq. Ayni paytda qissalarda bu yoshlarning o‘zboshimchaliklar qilib, ba’zan tashvish ham tug‘dirishi yoki, o‘zlarini katta bo‘lib qolgandek mustaqil ish tutishga intilishlari bolalar adabiyoti tabiatini ochishga xizmat qiladi.
O‘tgan asr bolalar qissachiligidagi tarixiy, avtobiografik, sarguzasht, detektiv, fantastik yo‘nalishlar uning alohida tamoyillarini belgilagan bo‘lsa, yangi asr bo‘sag‘asida inson ruhiyati, aniqrog‘i bolalar va o‘smirlarning ichki olami teran tadqiq etilgan psixologik asarlar ijobiy mazmun kasb etayotganini ta’kidlash joiz, albatta. Binobarin, yuqorida zikr etilgan bolalar adiblarining asarlarida ham bu jihat o`ziga xos uslubda namoyon bo`lganligini kuzatish mumkin.
Nosir Fozilov ijodiga xos bosh fazilat uning faqat o‘zi yaxshi bilgan, chuqur his etgan va puxta o‘rgangan mavzu, voqea va odamlar to‘g‘risida qalam tebratishidir. Uning “Oqim”, “Qush qanoti bilan” va “Qorxat” qissalari shu ma’noda kitobxonlarga alohida taassurot uyg`otadi. Yozuvchining “Qush qanoti bilan...” qissasi yetuk adabiyotshunos To‘xtasin Jalolovga bag‘ishlangan bo‘lib, qatag‘on qurbonlari, shaxsga sig‘inish davri oqibatlari badiiy adabiyotda yoritilgan dastlabki asar sifatida dolzarb. Qissada tuhmatga uchrab nohaq qamalgan Akmal aka qismati o‘smir yigit Sarvar tilidan hikoya qilinadi. Ya’ni davr ziddiyatlari, qamoqdan bo‘shab surgun muddatini o‘tagani Turkiston qishloqlaridan biriga yuborilgan Akmal akaga qishloq ahli, avvalo bolalar qilgan g‘amxo‘rlik, do‘stliklarining tarannum etilishi mustabid sho‘ro istibdodi avj olgan 60-yillar adabiyotida o‘ziga xos jasorat edi. Qissadagi yana bir jihat kitobxonning alohida diqqatini tortadi. Bu aynan bolalar va o‘smirlar orasidagina uchrab turadigan yashirin til ifodasi. Akbar, A’zam, Sarvarlar dalada mehnat qilisharkan, ularga tushlikda qatiq olib keladigan Hasan ko‘zoynakning aldayotganini sezib qolishadi. Ya’ni qatiqda maza-matrasa yo‘q, suv qo‘shib, suyultirib kelayotgani bilingach, uni nima qilish haqida bahslashayotgan paytda, ularga boshliq etib tayinlangan Akmal aka kelib qoladi. Bolalar nima qilishni bilmay turganda, Akbar gapida davom etaveradi:
– Lamaymizmipoy?
– Dayqan libqi?– deydi A’zam.
–Tato‘rt labo libbo‘ laymizpoy. Rimizbi, maningfer nidayo, rimizbi tao‘r dayo‘l. Mixo‘p?
–Tibo‘p.
–Chonqa mizboshlay.
–Rbi atdanso ngso‘.
Akmal aka bu qanaqa til degandek bolalarga qaraydi. Ular tushuntirishadi. Maktabda maynabozchilik uchun shunaqa tilda gaplashishlarini, bir so‘zni aytmoqchi bo‘lishsa, u so‘zning oxirgi bo‘g‘inini oldiga olib gapiraverishlari, qizlarniki yanada boshqacharoq, masalan “Uyga ketasanmi?”– demoqchi bo‘lsa: “Ultishga keltishasanmi?” tarzida ekanini tushuntirishadi.
Yozuvchining tasvir uslubi, leksik qatlami bolalar uchun katta xazina. Bunday ifodalar asarning bir necha o‘rnida takrorlanib keladi. Masalan, “Saraton” qissasi shunday tasvir bilan boshlanadi: “Arpa boshoqlari sarg‘ayib, bug‘doy boshoqlariga rang kira boshlagan, qovun palaklari tanob yozib, tuynaklar etik boshiday bo‘lib qolgan palla. Dehqonlarning tili bilan aytganda: yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan payt…”
Shundan keyin asar qahramonlari Kamola va To‘ra, ularning podachilik kasblari haqida so‘z boradi. Podachilik o‘zbek-u qozoq, turkman-u tojik, qirg‘iz xalqlarining qadimiy va azaliy kasblaridan biri hisoblanadi. Vatan urushi yillarida ham bu asosiy tirikchilik hamda mehr oqibat manbayi sanalgan. Ammo uning o‘ziga xos mashaqqatlari, qolaversa bu kasbga o‘smirlarning munosabati juda kam asarlarda badiiy talqin etilgan. Jumladan, N.Fozilov baayni yaylov manzarasini shunday jonlantiradi: “Poda har kuni oftob tikkaga kelganida belariq bo‘yiga – suvotga (mol sug‘oriladigan joy) olib kelinadi. Hozir ham Kamola bilan To‘ra poda ketida changga botib kelishyapti. Kun issiq, dim bo‘lishiga qaramay, ular ustilariga qalin fufayka, paxtali shim, kirza etik kiyib olishgan, boshlariga quloch bog‘ichlari qaytarilgan quloqchin. Egnilaridagi kiyimlarining rangi qanaqaligini bilish u yoqda tursin, chang-to‘zon orasida ularning qaysi biri Kamola-yu, qaysi biri To‘raligini ham ajratish qiyin edi... G‘iyos aka podaning oldida, eshakka minib olgan, ustida paxtalik sirma chopon, boshida ko‘hna tulki tumoq... Suvot podachilarning, qolaversa mollarning bir oz orom oladigan joyi... Ariq bo‘yida xuddi kampirning tishidek siyrak o‘n-o‘n besh tup tol bor, soya-salqin... tagidan g‘ir-g‘ir shabada esib turadi…” Albatta, XXI asr o`smirlarining qiziqishi, intellekti tubdan farq qiladi. Ularga ibrat bo`ladigan obrazlar ilm-fanda, ixtirochilikda, favqulodda holatlarda qahramonlik ko`rsata olishi lozim. Ammo shu bilan birga yaqin tariximizdagi real hayot, ota-bobolar jasorati va urush yillaridagi chinakam hayot navqiron avlodlar bilishi joiz haqiqatdir. Qolaversa, o`sha davr o‘smirlarining murakkab tuyulgan shu hayotni hech ranjimasdan qabul qilishi, ota-onalari qatori turmushning og‘ir mashaqqatini yelkasiga ortib, boz ustiga har qanday hayot vaziyatlariga bo‘yin egmaydigan bir tuyg‘u –balog‘atga yetishida sodir bo`ladigan ajib his-tuyg‘ularga o‘zlari sezmagan holda bandi bo‘lish onlari ta’sirchan aks etadi. Umuman, yozuvchining qissa va hikoyalari markazida asosan o`smirlar obrazi turadi. Aytaylik, “Tashvish” qissasida muallif Safaralining urush davri bilan bog‘liq xatiga nazar tashlarkan, o‘smirlarning kattalar olamiga qadam qo‘yishi, undan o‘z o‘rnini qidirishi, qalblarda birinchi bor chechak otgan musaffo va shirin muhabbat romantikasini ilhom bilan tasvirlaydi. Huri, Muso, To‘ra, Kamola muhabbatlari ana shunday bolalik beg`uborligi bilan yo`g`rilgan, andisha va hayoga to‘la samimiy, pok hamda ilk tuyg‘u sifatida o`quvchini hayratga soladi. Yana, shunday adabiy janrlar bo‘ladiki, ular o‘quvchida nafaqat badiiy-estetik zavq uyg‘otadi, balki ilmiy-nazariy bilimlarini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Adabiy xotira – yodnoma asarlar shu jihatdan tadqiqotchilar va keng kitobxonlar ommasida alohida qiziqish uyg‘otadi. Adibning 1988-yilda nashr etilgan “Ustozlar davrasida” kitobi o`z vaqtida ham yuqori baholangan. Oradan yigirma yildan ziyodroq vaqt o‘tib, yozuvchi bu asarni qayta to`ldirib, “Topdimu yo‘qotmadim” nomi bilan e’lon qildi. Kitobda qirqqa yaqin adabiyot salaflarining yorqin siymosi muallif xotirasi orqali qayta jonlantirilgan.
N.Fozilov o‘z adabiy xotiralarida ustoz san’atkorlar hayotining nodir sahifalarini yosh avlodga “tiriltirib” beradi. Chindan ham muallifning umr bo‘yi topganlari – do‘stu birodarlari eng qimmatli gavharga teng. Ularning yodi, olgan saboqlari yo‘qolmas inju. Buni keng kitobxonlar ommasi bilan baham ko‘rmaslik esa bila turib ularni shunday ganjinadan mahrum etishday bir gap. Shunga ko‘ra, bu kitob bugungi avlodlar uchun ham ulkan ma’naviy -hayotiy tarbiya maktabini o‘tay olishi bilan diqqatga sazovor. Darhaqiqat, Nosir Fozilovning bolaligidan shu kungacha tanigan-bilgan ustozlari, o‘zbeku qozoq ijodkorlar, umuman, yaxshi insonlar yodi, ruhi bilan yashayotganligi ibratli hayotining mazmunini belgilaydi. Binobarin, adib asarlari har jihatdan bugungi avlodlar uchun ulkan ma’naviy-hayotiy tarbiya maktabini o‘tay olishi bilan e’tiborga loyiq. Bolalar adabiyoti,– deb yozadi N.Fozilov,– nozik adabiyot. Bolalar adabiyoti biz bilgan kattalar adabiyotining boshi... Bolalar yozuvchilari o‘z asarlari bilan katta adabiyotga boshlovchi darg‘alar. Bu adabiyot – hurmattalab adabiyot, e’zoztalab adabiyot... Bolaning ko‘ngli ham shunday. Uni sindirib bo‘lmaydi. Unga hamisha e’tibor darkor.” Aytish mumkinki, yozuvchi ana shu e’tiqodiga umr bo`yi sodiq qoldi va o`z asarlari orqali butun mehrini, e’zozini namoyon qila oldi.

Download 81.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling