Maktabga aqliy tayyorlik, shuningdek bolalar tomonidan o’quv faoliyati elementlarini egallab olinishini ham o’z ichiga oladi.
Bolalar muntazam ta’lim sharoitlarida maktabgacha bolalik oxiriga kelib, o’quv faoliyatining asosiy tarkibiy qismlarini: tushunarli o’quv vazifasini qabul qilish, tarbiyachining ko’rsatmalarini tushunish va aniq bajarishni, ishni kattalar tomonidan ko’rsatilgan usullaridan foydalanib bajarib bir natijaga erishish, o’z faoliyati, xulq-atvori, topshiriqlarni bajarish sifati ustidan nazorat qilish ko’nikmasini, o’zining va boshqa bolalarning ishlariga tanqidiy baho berish qobiliyatini, egallab olishlari kerak. Bolalarni maktabdagi o’qishga tayyorlashda ularda o’z faoliyati va xulq-atvorlarini tarbiyachi tomonidan qo’yiladigan ma’lum talab hamda qoidalarga ongli bo’ysundirish ko’nikmasini tarkib toptirish alohida ahamiyat kasb etadi. Nutqni qanchalik yuqori darajada rivojlangan bo’lishi bolani maktabga aqliy tayyorgarligining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Tovushni aniq talaffuz qilish, lug’atning boyligi, o’z fikrini mantiqiy grammatik to’g’ri bayon qila bilish, madaniy nutq muomalasi - bularning barchasi maktabda muvaffaqiyatli o’qishning zaruriy sharti hisoblanadi.
Aqliy tayyorlik tarkbiga, shuningdek, savodning boshlang’ich asoslari oddiy matematik tasavvurlar, ona tili sohasidagi yetarlicha keng bilim, ko’nikma va malakalar doirasi ham kiradi. Bu bilim ko’nikma va malakalar bolalarni 1-sinfdagi tegishli o’quv fanlarini egallashlari uchun tayyorliklarini tashkil qiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, maktabdagi ta’lim uchun "maxsus" bilim, ko’nikma va malakalarning ahamiyati ko’p jihatdan ular qanday asosda tashkil etilganligi va qanchalik to’g’ri shakllantirilganligiga bog’liq bo’ladi. Ko’pgina tadqiqotchilar qayd etishicha (A.V. Zaporojets, A.M. Leushina, D.B. Elkonin, L.Ye. Jurova, N.I. Nepomnyashaya va boshqalar) maktabgacha muassasalarda savod hamda matematikani ilk bor o’qitilishi bolalarda miqdor va til tovushlari olamida tushunishni tarkib toptirib shu orqali fanni o’qitishga o’tish uchun zamin yaratishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |