Deformatsiyalashgan bozor iqtisodiyoti. Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan totalitar, markaziy rejalashtiriladigan tizim deformatsiyalashgan bozor iqtisodiyotiga eng yorqin misol bo’la oladi. U o’zining quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi:
1.Turli mulk shakllariga asoslangan bozor sub’ektlarining yo’qligi.
2.Resurslarni taqsimlash haddan tashqari markazlashtirilib, tijorat faoliyatida mustaqillikning yo’qligi.
3.Ishlab chiqarishda monopoliyalarning hukmronligi.
4.Talab va taklif muvozanatining buzilishi, uning borgan sari kuchayib borishi.
5.Milliy ishchi kuchi bozorining yo’qligi.
6.Tovar-pul munosabatlarining deformatsiyalashuvi, nobozor munosabatlarning ustunligi.
7.Samarali xo’jalik faoliyati yuritishga intilishning yo’qligi, barcha sub’ektlar iqtisodiy manfaatlarining deformatsiyalashuvi va boshqalar bilan xarakterlanadi.
Natijada:
a)tovar taqchilligi kuchayadi, iste’molchilarning tanlab olish imkoniyati tobora cheklana boradi;
v)«pinhoniy iqtisodiyot», chayqov bozori tobora gullab-yashnab boradi.
Bozor iqtisodiyoti deformatsiyalashuvini tugatish orqaligina, bozorning rivojlanishi uchun normal sharoit yaratilgan taqdirdagina uning salbiy oqibatlarini tugatish mumkin.
Kishilik jamiyati uzoq tarixiy taraqqiyot natijasida erishgan iqtisodiyot — bu tsivilizatsiyalashgan (tartibga solinadigan) bozor iqtisodiyotidir.
Tartibga solinadigan bozor iqtisodiyotida davlat kutilmaganda yuz beradigan tangliklarni yumshatish uchun chora-tadbirlar belgilash orqali ta’sir ko’rsatadi. Albatta, bu chora-tadbirlar xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyat erkinligini, ijodiy mehnat va tashabbuskorlikni cheklashga olib kelmasligi kerak.
Tsivilizatsiyalashgan bozor iqtisodiyotining ham o’ziga xos belgilari bor:
1.Xususiy mulk bilan bir qatorda boshqa mulk shakllari ham mavjud bo’ladi.
2.Ishlab chiqarish bozor talabini hisobga olgan holda olib boriladi. Marketing muhim rol o’ynaydi. Noma’lumlik kamayadi.
3.Xalol raqobat asosiy o’ringa chiqadi, uning madaniy usullari qo’llaniladi.
4.Iqtisodiyot sub’ektlari o’rtasida uzoq davrga mo’ljallangan doimiy aloqalar, o’zaro manfaatli sherikchilik munosabatlari qaror topadi.
5. Davlat iqtisodiy hayotga aralashib, iqtisodiyotni tartiblashda qatnashishi tufayli chuqur iqtisodiy tangliklar yuz bermaydi. Agarda ular yuz bersa ham undan tezda chiqib ketish chora-tadbirlari belgilanadi.
6.Iqtisodiyot yuksak darajaga erishganda jamiyat boy bo’ladi, shuning uchun tadbirkorlar faqat boy bo’lish uchun emas, balki obro’-e’tibor qozonish, hurmatga sazovor bo’lish uchun ham harakat qiladilar.
7.Iqtisodiyot ijtimoiy yo’naltirilgan, kambag’allarga yordam berish, ommaviy farovonlikni ta’minlashga qaratilgan bo’ladi.
8.Odamlarning iqtisodiy tabaqalanishi cheklanadi. Jamiyatda o’ziga to’q o’rta hol aholi asosiy qatlamni tashkil qiladi.
Tsivilizatsiyalashgan bozor iqtisodiyoti sharoitida tartibga solish faqat bozorning salbiy oqibatlarini cheklashga qaratiladi. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin, bozor iqtisodiyoti sharoitida bozor, avvalo, o’zini-o’zi tartibga soladi, undan tashqari, davlat ham iqtisodiyotni tartibga solishga ta’sir ko’rsatadi.
Bozorni boshqarishda iqtisodiy, tashkiliy-ma’muriy va nihoyat, ijtimoiy-pxisologik usullar qo’llaniladi.
Faqat, iqtisodchi V.Leontev ko’rsatganidek, eng muhimi bozorni o’zini-o’zi boshqarish bilan davlat tomonidan tartibga solishning optimal darajasini topishdir. Xozirgacha bu talabga ideal darajada javob beradigan davlat yo’q.
Shunday qilib, bozor iqtisodiyotiga qisqacha ta’rif bermoqchi bo’lsak, uni quyidagicha ifodalash mumkin: Bozor iqtisodiyoti tovar-pul munosabatlari, iqtisodiy faoliyat erkinligiga asoslangan, har bir insonni o’z faoliyati natijasini o’ylab, oqilona xo’jalik yuritishga undovchi demokratik iqtisodiyotdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |