Mavzu: cho'lponning kecha va kunduz asarini obrazlar tizimi orqali o'rganish mundarija kirish
Download 94.36 Kb.
|
CHO\'LPONNING KECHA VA KUNDUZ ASARINI OBRAZLAR TIZIMI ORQALI O\'RGANISH
- Bu sahifa navigatsiya:
- BOB CHOLPONNING KECHA VA KUNDUZ ASARINI OBRAZLAR TIZIMI ORQALI ORGANISH KIRISH
- Foydalanilgan adabiyotlar
MAVZU: CHO'LPONNING KECHA VA KUNDUZ ASARINI OBRAZLAR TIZIMI ORQALI O'RGANISH MUNDARIJA KIRISH BOB CHO'LPONNING KECHA VA KUNDUZ ASARINI OBRAZLAR TIZIMI ORQALI O'RGANISH Cho`lpon lirikasi Cho`lpon ijodida xalq va vatan obrazlari Cho`lpon adabiyotshunos BOB CHO'LPONNING KECHA VA KUNDUZ ASARINI OBRAZLAR TIZIMI ORQALI O'RGANISH KIRISH O`zbek adabiyotidagi ilk romanlar fonida "Kecha" romani hayotni badiiy tadqiq etish yo`lining o`ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu o`ziga xoslik Cho`lponning inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini uning qahramonlar ruhiyatida qoldirgan izlari orqali ochishga intilishida ko`zga tashlanadi. YA`ni, yozuvchining ko`zlagan g`oyaviy-badiiy niyati ijtimoiy va psixologik tahlillarning uyg`unlashuvi hisobiga amalga oshishi lozim edi. Boshqacha aytsak, "Kecha" o`zbek nasridagi ilk ijtimoiy-psixologik roman sifatida dunyoga kelgan. Romanchiligimizning ilk cho`qqisi — «O`tgan kunlar»dan farq qilaroq, «Kecha»da voqealar silsilasi emas, inson xarakteri, uning ruhiyasida kechayotgan jarayonlar markaziy o`rin tutadi. Cho`lponning romanchiligimiz taraqqiyotiga qo`shgan eng muhim yangiliklaridan biri ham shundadir. A.Qodiriy adabiyotimizga g`arbona shaklni olib kirgani holda, tasviru talqinda klassik nasrimiz — xalq kitoblari, jangnomayu qissalarimizga xos an`analar yo`lidan bordi, ularni yangi, yuksak bir pog`onaga ko`tardi. Romanning beqiyos shuhrat topishi, qo`lma-qo`l bo`lib, gap-gashtagu boshqa ma`rakalarda o`qilishining sababi ham shunda — milliy zamin bilan chambarchas bog`liqligida bo`lsa, ehtimol. Birinchi roman sifatida "O`tgan kunlar" o`z vazifasini ortig`i bilan uddaladi — g`arb adabiyotiga xos janr milliy zaminga o`tqazildi. Biroq, ma`lumki, bu paytga kelib yevropa romanchiligi yuksak darajada taraqqiy etib ulgurgan, uning ilg`or namoyandalari sarguzashtli syujet yaratishdan ko`ra ko`proq insonning murakkab ichki olamini kashf etishga intilardilar. Xususan, rus adabiyotining alplari — Dostoyevskiy va Tolstoy o`z asarlarida inson ruhiyasining eng chuqur qatlamlarigacha ko`z tashlab, so`z san`atining insonshunoslik bobidagi imkoniyatlari nechog`li keng ekanligini namoyish qilgandilar. Shu kabi ulug` san`atkorlarga ergashgan Cho`lpon ularning mahorat sirlarini o`zlashtirish va shu orqali milliy romanchiligimiz ravnaqiga xizmat qilishni niyat qilgan bo`lsa, ehtimol. Ikkinchi tomondan, 30-yillar avvalidagi ijtimoiy-tarixiy sharoit va unga bog`liq yozuvchining ruhiy holati ham ayni shu usulni taqozo qilgan ko`rinadi. YA`ni, Cho`lpon yaqin o`tmishni, Turkistonning tarixiy taraqqiyot yo`lini o`zi yaqindan bilgan ijtimoiy tiplar ruhiyasi orqali anglamoqchi, o`zini qiynagan savollarga javob topmoqchi bo`ladi. «Kecha va kunduz»da psixologik tahlil nuqtai nazaridan yuksak mahorat bilan yaratilgan xarakterlardan biri, shubhasiz, Miryoqub obrazidir. O`z oldiga qo`ygan g`oyaviy-badiiy niyat talabi bilan Cho`lpon Miryoqub ruhiyati tahliliga, uning psixologik jihatdan ishonarli bo`lishiga jiddiy e`tibor beradi. Professor O.Sharafiddinov bu obraz haqida to`xtalib: «Miryoqub obrazining ziddiyatli qirralarini belgilagan narsa shundaki, u, bir tomondan, yangicha burjua odamiga xos sifatlarga ega, ammo, ikkinchi jihatdan, o`z muhitidan butunlay uzilib ham ketgan emas1»,-deb yozadi. Cho`lpon Miryoqub ruhiyasidagi tadrijni tasvirlarkan, qahramonining o`z muhitidan uzilib» chiqishini, buning ijtimoiy-ruhiy ildizlarni ko`rsatishga intiladi. Miryoqubning ichki olamini ochish, uning ma`naviy qiyofasini o`zgartirgan, ijtimoiy siyosiy qarashlarini shakllantirgan (garchi bu narsa «Kecha»da nihoyasiga yetmagan bo`lsa-da) ruhiy jarayonni, bizningcha, bir-biriga uzviy bog`liq bo`lgan uch bosqichda ko`rsatadi: 1) psixologik zamin; 2) qahramon ruhiyasini xatti-harakatilari orqali ochish; 3) ruhiy jarayonlarning bevosita tasviri. Ko`ramizki, Miryoqb xarakterining yaratilishida realistik psixologik tahlilning har uchchala — dinamik, tipologik va analitik pinsiplari2 qo`llanadi. Shuni ham qayd etish lozimki, Miryoqub ruhiyasini ochishda analitik prinsip yetakchi mavqe tutadi, boshqalari esa uni to`ldirishga, konkretlashtirishga xizmat qiladi. Birinchi bosqich — psixologik zamin3 qahramonning keyingi xatti-harakatlarini psixologik jihatdan asoslashga, evolyutsiyaning boshlanishidagi start holatini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Gap shundaki, «Kecha va kunduz» qahramon hayotini bosqichma-bosqich, xronologik tarzda ko`rsatuvchi asarlar sirasiga kirmaydi. Cho`lponni ko`proq muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitning qahramon ruhiyatiga ta`siri qiziqtiradi, shu bois ham u Miryoqub hayotining ma`lum bir etapinigina qalamga oladi. Shunday ekan, qahramon psixikasining o`ziga xos xususiyatlarini, uning romanda tasvirlangan vaqtga qadar qanday shakllanganini tasavvur qilish yozuvchiga qahramon hatti-harakatlari, o`y-fikrlarining mantiqiy izchilligini ta`minlashga (o`quvchiga esa buni tushunishga) imkon beradi. Psixologik zamin asosini yozuvchining Miryoqubga bergan ta`rifiyu uning hayotidan olingan retrospektiv lavha tashkil qiladi. E`tibor berilsa, muallif ta`rifidan anglashiladigan Miryoqubning romanda tasvirlangan vaqtga qadar bo`lgan hayoti ham tadrijiy berilganini sezish qiyin emas. Shunday ekan, Miryoqubdagi evolyutsiyani ancha ilgaridan, taxminan, 15 yillik o`tmishdan boshlab kuzatish lozim. Cho`lpon Miryoqubga ta`rif berarkan, birinchi galda uning ijtimoiy qiyofasiga, to`g`rirog`i, qiyofasizligiga e`tiborni qaratadi. Gap shundaki, Miryoqub «faqir odam panada» qabilida ish ko`radi: u amaldor emas, shu bilan birga o`zi ish yuritayotgan hududni boshqarishda qo`li uzun; u katta-katta oldi-sotti ishlarini amalga oshiradi, buning natijasini esa «xudo biladiyu, xudoning sevimli bandasi Miryoqub biladi!» xolos. Ko`ramizki, Miryoqub toshpalla ostiga nozik a`zolarini yashirib harakat qiluvchi toshbaqani eslatadi. Aytish kerakki, toshpallani u 15 yillar ilgari o`z ixtiyori bilan yelkasiga olgan. Miryoqub shunday qilishga majbur edi: endigina qaror topa boshlagan kapitalistik iqtisodiy munosabatlar tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochgani holda, mavjud byurokratik tuzum bunga muayyan to`siqlarni qo`ygan. Ayni shu vaqtda u hukumatdorlar himoyasiga muhtoj bo`lgan va kerakli odamlarni qo`lga olishga intilgan ko`rinadi. Noyib to`raning eski qo`lyozmalarga o`chligini bilib (albatta, u so`rab surishtirgan), shu orqali uning ko`nglini oladi, natijada esa «sovg`a-salom, tansiq qo`lyozma asarlar va ba`zan oz-ko`p pul xususida to`ra Miryoqubga minnatdor bo`lib turadi, amaldorning qo`lidan keladigan ba`zi bir xil himoyat ishlari to`g`risida Miryoqub to`raga minnatdor bo`lib turadi». Noyib to`raning «himoyati» shunda ko`rinadiki, Miryoqubning «biror joyga biror chaqa soliq to`laganini, biror bir kasbga biror marta qizil qog`oz (patent) olganini hech kim bilmaydi». Anglashiladiki, Miryoqub katta miqdordagi soliqni to`lagandan yoki patent sotib olgandan ko`ra ozroq miqdordagi naqdinani noyib to`raga berishni afzal biladi. Bu kabi o`zaro manfaatdorlik asosiga qurilgan munosabatlar ularni mahkam bog`laganki, 10-15 yil mobaynida bunday ishlarning ko`p bo`lgani aqlga tayin. Shunga o`xshash, Akbaralining mingboshilikka tayin etilishi ham mutlaqo tasodif emas. Miryoqub o`zi ish yuritayotgan hududda o`z odami mingboshi bo`lishidan manfaatdor. Qovun saylidagi ilk uchrashuvdayoq u bo`lg`usi gumashtasining zaif jihatlarini nozik ilg`agan: keyincha buzoqday yetaklab, sigirday sog`sa bo`ladigan odamligini fahmlagan. Yo`qsa, ellikboshilikni olish uchun burungi mingboshiga «yaxshi bir uloqchi otni bekorga olib bergan» Akbaralining ilk uchrashuvdan ikki kun keyin jo`natgan «ikki arava qovun-tarvuz, ikki zambar uzum, ikki chorakkinaqayrog`i bug`doy» minboshilikni olish uchun kifoya bo`lmasdi. Aytmoqchimizki, Miryoqub bu o`rinda uzoqni o`ylagan, arqonni uzun tashlagan. Cho`lponning qahramoni o`tmishidagi ayni shu tafsilotlarga e`tiborni qaratgani bejiz emas. Miryoqub ilgari shu ikki amaldor panohida, istasa-istamasa ular bilan hisoblashib ish yuritishga majbur edi. Keyincha, kapitalistik munosabatlarning keng quloch yoyishi barobarida tadbirkorlik uchun imkoniyatlar ham kengaya boradi, tabiiyki, Miryoqub uchun «valene`matlar»ning zarurati kamayib, yo`qolib boradi. YA`ni, toshpalla xavfsizlikni ta`minlamasa-da, endi harakat imkoniyatini cheklay boshlaydi. Ma`lumki, tashqi sabablar (bu yerda tadbirkorlik uchun sharoit) shaxsning ichki imkoniyatlari bian aloqadagina harakatga keladi va natija beradi. Miryoqubda o`sha imkoniyatlar ortig`i bilan bor: u — uddaburo odam, zamona zaylini, mavjud sharoitda qanday harakat qilinsa yaxshi natija chiqishini tez ilg`ay biladi. Yozuvchi bergan ta`rifda uning chinakam burjua ishbilarmoniga xos xususiyatlari bo`rtib ko`rinadi. Miryoqubdagi «kerakli odam»lar bilan muomala qila bilish, oz sarf bilan ko`p foyda olishga intilish, boshlayotgan ishining oxir-oqbatini har jihatdan puxta o`ylash kabi sifatlar haqida yuqorida yuritgan mulohazalarimiz tasavvur bera oladi. Bularga qo`shimcha o`laroq, Miryoqub juda serg`ayrat, jonsarak odam: «Miryoqub akaning yurishi ko`p! U, aksari, piyoda yuradi, yurganda ham negadir shoshilib yuradi. «Assalomu alaykum» deb dona-dona qilib salom bersangiz, shoshilganidan bo`lsa kerak, «vass...» debgna qo`yadi». Qahramonga xos harakat tarzini qayd qilish bilan adib uning ichki xususiyatlari haqida tasavvurimizni kengaytiradi. Miryoqub yurgan yo`lida ish haqida o`ylab, hisob-kitob, xomcho`t qilib yuradi — qilayotgan ishi uning uchun hayoti mazmuniga aylangan. Ishlarini tezroq bitkazish uchun shoshsa-da, uning shoshilishi shoshqaloqlik emas. Buni retrospektiv usulda chizilgan lavha — Miryoqub noyib to`ranikida mehmonda ekanida rus injenerining kirib kelishi bilan bog`liq epizodda kuzatish mumkin. Yangi temir yo`l qurilishi, yo`lning qayerlardan o`tishi haqidagi sirdan ogoh bo`lib qolgan Miryoqub zudlik bilan harakatga tushadi: «Bir oyga yetar-yetmas, o`sha kelajak poyezd yo`li bo`ylaridan Miryoqub juda ko`p — bir necha yuz desyatin yer sotib oldi. Yerlarning hammasi deyarli suvsiz, noobod, tashlandiq yerlar edi. Shuncha ko`p yerga qancha oz pul ketdi. Ko`plar bu shoshilish savdoni bilmadilar, bilganlar Miryoqubni «jinni bo`libdi» dedilar...» Albatta, bu «shoshilish savdo» haqida Miryoqub ko`p o`ylagan. Zero, kishini ikkilantirib qo`yadigan gumonlar talaygina: ehtimol, yo`l qurlmay qolar? Ehtimol, qurilish kechikib, sarmoyasi o`lik kapitalga aylanib (bu esa tadbirkor uchun katta yo`qotish) qolar?.. Miryoqubning o`rnida boshqa odam bo`lganida, balki, jur`at qilolmas edi, lekin u — tavakkal ish qila oladigan odam, bu esa savdo-tijorat ishlarida juda muhim narsa. Shunisi ham borki, Miryoqubning tavakkalchiligi har jihatdan o`ylangan, hisob-kitob qilingan. Xavf yo`q emas, lekin kelishi mumkin bo`lgan foyda tavakkalchilkni oqlaydi, ya`ni, imkoniyat vujudga kelganda qo`ldan chiqarmaslik — tadbirkor odamning muhim atributi. Miryoqubda ko`rilgan tadbirkorga xos eng muhim xususiyat shuki, u sarmoyasini doimo harakatda tutadi, foyda keltiradigan ishga jalb qiladi: «Qishloqda ikita baqqollik, bitta qassoblik do`koni, guzarda ikkita samovar bor. Bilgan odamlar shu besh muassasadan to`rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini so`zlaydilar. Shaharda, katta yo`lning bo`yiga — qo`rg`on tashqarisiga bir yangi paxta zavodi tushdi, zavodning kattakon bir paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bilan paxta oladi. Ana o`sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar... Shahardagi katta bankalardan birida «uchyot qo`mitasi»ning a`zosi, haftada bir majlis o`tkazadi...» Ko`ramizki, endigina ish boshlagan paytlari kichikroq savdogar bo`lgan Miryoqub endilikda kattagina sarmoyador, sanoatchi boyga aylangan. Cho`lpon qahramonining yaqin o`tmishi haqidagi muxtasar ma`lumotida uning ijtimoiy mavqei kuchayganini bejiz ta`kidlab ko`rsatgan emas. Bizningcha, adib buning qahramonidagi ijtimoiy-ma`naviy tadrijning bosh omili sifatida talqin qiladi. Bu o`rinda muallif haq, chunki: birinchidan, ijtimoiy mavqeining kuchayishi barobari Miryoqubning o`ziga bergan bahosi ham ortgan. Bu bahoni o`zi uchun tasdiqlab olish istagi, tabiiyki, o`zini boshqalarga qiyoslashni, yaqin doirasidagi kishilar haqida o`ylash(birato`la baholash bilan)ni taqozo qiladi. Ikkinchidan, tabiatan serharakat odamning ishini yanada kengaytirishini, harakatlarda tamomila erkin bo`lishni istashi, bunga erishish yo`llarini izlay boshlashi ham tabiiy. Qahramon ma`naviy-ruhiy tadrijining ijtimoiy asoslarini ochib bergach, Cho`lpon uni bevosita xatti-harakatda tasvirlashga o`tadi. Psixologik zamin asosini tashkil qilgan yozuvchi ta`rifida Miryoqubning tipik xususiyatlari ko`rsatilgan bo`lsa, endi uning individual-psixik xususiyatlarini ochish yo`lidan boriladi. Bu xususiyatlarni ilg`ab olishda, qahramon aytayotgan gaplar mohiyatini to`g`ri anglashda psixologik zamin o`ziga xos kalit bo`lib xizmat qiladi. Miryoqub bilan Akbarali munosabatlarini olaylik. Miryoqub Akbaralining mingboshilikka tayinlanishiga bosh qo`sharkan, uzoqni ko`zlaganini aytib o`tgandik. Tabiiyki, uning Akbarali bilan munosabati ko`zlagan maqsadiga muvofiq: «ko`p umrini mingboshinikida o`tkazgan» Miryoqub «otaxoni»ning fe`l atvorini juda yaxshi o`rgangan, uning «eti bilan terisi orasiga» (A.Qahhor) kirib olgan. Noyib to`raga o`z ustidan tushgan ariza haqida gapirarkan, «mingboshining qovog`i solina boshlagan edi, qisiq ko`zlarining tez-tez yumilib parpiraganday bo`lganini Miryoqub ham payqadi. — Xo`jayin,- dedi,- xotirjam bo`lib, bitta-bitta gapirib bering! Hech bokisi yo`q». Ko`ramizki, Miryoqub mingboshining fe`lidagi o`zgarishni darhol ilg`aydi, ko`nglini tinchitishga shoshiladi. Bu o`rinda gapning aytilish oxangiga e`tibor berish lozim. Ma`lumki, yozuv og`zaki nutqning ohang jilolarini to`la aks ettirishga qodir emas, boz ustiga bu kamchilikni to`ldiruvchi muallif sharhi ham yo`q. Shunday bo`lsa-da, bu gap xotirjamlik bilan, qat`iy ishonch ohangida aytilganini tasavvur qila olamiz. Zero, «Miryoqub aralashgan ish epaqaga kelishini», uning g`oyat uddaburoligini psixologik zamindan bilamiz. Bu kabi gaplar (albatta, isbot-ijrosi bilan) mingboshida «o`zi uchun Miryoqubdan boshqa chin ko`ngildan kuyadigan odam yo`q»ligiga ishonch hosil qilgan. Mingboshining cheksiz ishonchi esa Miryoqubga uning davlatini istaganicha tasarruf qilish, «o`limiga yaqin Poshshaxondan boshqa merosxo`ri qolmasligi» haqidagi rejalarini amalga oshirish uchun kerak. Anglashiladiki, Miryoqubning mingboshiga munosabati tamomila o`zining maqsadlariga bo`ysundirilgan: «mingboshining gapini birdaniga qaytarmasligi», unga xush keladigan gap qilishga, ko`nglini ovlashga harakat qilishi — hammasi shu bilan izohlanadi. Shu bois ham Akbarali bilan munosabatda Miryoqub ma`lum rol o`ynashga, o`zining chin munosabatini yuzaga chiqarmaslikka majbur. Qahramon ruhiy holatining murakkabligi shundaki, unda bir paytning o`zida maqsaddan kelib chiqqan anglangan psixologik ustanovka(«mingboshiga yaxshi muomila qilishim kerak!») va suhbatdoshiga nisbatan antipatiya mavjud. Boz ustiga, subyektiv (o`z ixtiyori bilan) hosil qilingan psixologik ustanovka obyektiv(o`z ixtiyoridan tashqari) yuzaga kelgan antipatiyani bosib turishi kerak. Bunga erishish esa, tabiiyki, oson ish emas. Miryoqub qancha tirishmasin, botindagi zohirga yo`l topaveradi. Shu jihatdan uning ariza berguchilarni jazolash istagida yonayotgan Akbarali bilan muloqoti xarakterli: «— Yodgor echki bilan Umarali puchuqning bir adabini bermasam, ko`nglim tinchimaydi. Bir ilojini top! Senga aytaman! — Xo`p xo`jayin! Shoshmang, men yana bir surishtiray. — Surishtirishning nima keragi bor? O`shalardan boshqa kim qiladi? — Ehtiyot shart, xo`jayin! Adab berish qochmaydi... Masalaning tagiga yetaylik, balki boshqa gaplar ham chiqib qolar... Mingboshi bu so`zdan shubhaga tushdi: — Nima deding! Boshqa gap ham chiqib qoladi, dedingmi? Bu nima deganing? — Ehtiyot shart, deyman men! Ehtiyot! Yaxshiroq surishtirsak, yaxshiroq bilamiz-da, axir! Sizning ishingiz bo`lmasin, men o`zim ikki kunda tagiga yetib sizga arz qilaman». Qahramon ruhiyatida kechayotgan jarayonni izchil kuzatish uchun ko`chirmaga keng o`rin berdik. E`tibor qilinsa, Miryoqub o`ziga qo`ygan psixologik ustanovkaga amal qilib darhol «Xo`p!» deyayotgani ko`rinadi. Lekin u ko`p ish ko`rgan odam sifatida «ishning tagiga yetgachgina» harakat boshlash kerakligini yaxshi biladi, shu bois ham mulhazalarini aytdi. Mingboshi jahllangach, mulohazasini bosiqlik bilan (u hozircha antipatiyani bosib turibdi) tushuntirdi. Shunda ham bo`lmagach, o`ziga erk berdiki, oxirgi gapida antipatiya bor bo`yini ko`rsatadi. Buni ifodalovchi stilistik unsurlarga diqqatni jalb qilamiz: mingboshining «Nima deding!» deganiga javoban siltab «dedim men» («Shuni ham tushunmaysanmi, haftafahm?! - D.Q.) deyilishi; ikki qaytalab siltalash ohangida aytilgan "ehtiyot!" so`zi; «bilamiz-da, axir»da ikki bora tushayotgan yuklama va, nihoyat, «Sizning ishingiz bo`lmasin» («Fahmingiz yetmagan ishga aralashmang!»-D.Q) deyilishi yuqoridagi fikrimiz foydasiga guvohlik beradi. Keltirilgan parchada muallif luqma-sharhlari, gapiruvchining yuz-ko`z ifodasi, mimik-pantomimik harakatlari ko`rsatilmaganki, bu psixologik zaminning ahamiyati haqidagi gaplarimizni yana bir karra tasdiqlaydi. Aytish kerakki, Miryoqub nutqining stilistik qurilishi ko`p o`rinlarda hech qanday sharhga zarurat qoldirmaydi. Shu jihatdan yana bir epizodni kuzataylik. Gazetadagi maqolaga chora izlab bir fikrga kelolmayotgan Miryoqub Akbaralining sabrsizligidan jahllanib, zarda bilan chidashni maslahat beradi: «Mingboshi irg`ib o`rnidan turdi. — Tishimni-tishimga qo`yadigan hezlardan bo`lsam, ma, ol, bu shop-shaloplaringni! - dedi u baland ovoz bilan.- Menga pasport olib ber, Makatulloga jo`nayin! — O`tiring, xo`jayin! - dedi Miryoqub, uning ovozi ham biroz ko`tarila tushgan edi. - O`shqirish bilan, zarda bilan bitadigan ish emas bu. O`ylaylik, chora topaylik!»1. Bundagi bir xil ma`noli so`zlar va birikmalarning ikki o`rinda ikki qaytadan takror qilinishi Miryoqubning astoydil jahllanganidan darak beradi. To`g`ri, u o`z oldiga qo`yilgan psixologik ustanovka doirasidan chiqqanicha yo`q, lekin o`zini arang bosib turgani ham ayon. Shu bois ham u: «o`rnidan turib ayvonga bordi, u yerda choynak bilan piyola turgan edi, sovuq choyni piyolaga to`ldirib quygach, bir shimirishda (bu harakatda ham ma`lum zarda yo`q emas - D.Q) tamom qildi. So`ngra orqasiga qaytarkan odatdagdan qattiqroq va tezroq so`zlandi: — Gazetni shaharda ko`rdim. Shundan beri chora axtaraman («Tushun, men sening tashvishingda yuribman!» - D.Q). Hech bir chora topolmaganim uchun, nochor-noiloj («Tushun, mazahlaganimdan yoki sevinganimdan emas!» - D.Q) kulgiga zo`r bergan edim...» Mazkur parchada yozuvchi qahramon ruhiyatida kechgan psixologik ustanovka va insoniy g`urur, qadr hissi o`rtasidagi kurash jarayonini jonli tasvirlay olgan. Avvalda baland kela boshlagan g`urur hissi Miryoqubning o`rnidan turib choy ichishi davomida birmuncha soviydi — muvozanat yuzaga keladi. Shuning uchun ham u endi odatdagidan «qattiqroq» (jahl — og`ringan nafsoniyat mahsuli) va «tezroq» (xafalikning hayajonga aylanishidan) so`zlaydi. Biz qavs ichida bergan gaplar, fikrimizcha, qahramonning uyidagini bir qadar oydinlashtiradi. Gap shundaki, so`nggi jumlalar suhbatdoshning ayni shu tarzda tushunishi uchun mo`ljallangan va bu narsa jonli nutq jarayonida mos intonatsiya hisobga ifoda qilinadi. Mingboshining bu gaplardan so`ng biroz jim qolishi, so`ng «Ishqilib, bir ilojini topmasang bo`lmaydi», deya yalingannamo gapirishi shuni tushunganidan, deyish mumkin. Miryoqub mingboshining merosidan umidvor ekan, unga Zebini olib berib merosxo`r ko`paytirishdan ne matlab? Albatta, mantiqsizday ko`ringan bu hol ozmi-ko`pmi shubhalarga olib borishi mumkin. Bunga javob ham turlicha bo`lishi tabiiy: mingboshini yosh xotinga andarmon qilib qo`yib, o`zi bilganini qilmoqchi bo`lgan; o`z nafsini o`ylab olib bergan; mingboshini o`zidan yanada minnatdor qilish uchun va hokazo. Bu da`volarning hammasiga aksilda`volar topiladiki, biz «qo`qqisdan, g`ayri-shuriiy tarzda ham kishi hayoliga bir ish qilish istagi kelib qolish mumkin-ku!» deymiz-da, bu savolni ochiq qoldiramiz. Merosxo`r ko`payishi masalasiga kelsak, bu narsa Miryoqubni mutlaqo tashvishga solmagan, qanday bo`lmasin bir epini qilardi. Lekin romanda bir epizod borki, Miryoqub epaqani ham anchagina shoshirib, o`ylantirib qo`yadi. Biz mingboshi «o`sha g`iz menga nasib bo`lsa, undan keyin xotin olishni bas qilardim» deb qasam ichguday bo`lgan o`rinni nazarda tutyapmiz. Mingboshining fe`lini yaxshi bilgan Miryoqub avvaliga uning gaplarini jiddiy qabul qilmaydi, lekin: «— Ishonmaganingni qara, benamoz! Men astoydil gapirayotirman! Xudo bitta, so`z bitta! — Ho`h-ho`!.. Hali shu darajaga borib qoldingizmi? Bo`lgan ekan! — Nimasini aytasan. U kelsa, uchovidan ham kechmoqchiman. Uchoviga ham qaramay deyman... bor-yo`g`imni o`shanga beray deyman...» Mingboshining keyingi gaplari, ko`zlaridagi «allaqanday iztirob» Miryoqubni shoshirib (agar mingboshi aytganiday bo`lsa, meros haqidagi rejalar puchga chiqadi) qo`yganki, u hayronlik va shoshganligini yashirolmay qoladi. Bir qarashda uning «ho`h-ho`» degani mazaxday (romanni ilk bor o`qishda shunday tuyulishi tabiiy ham, chunki meros haqidagi rejalar keyinroq oshkor qilinadi) tuyuladi, aslida esa birinchi «ho`-ho`»siyoq niqoblangan tashvishdan o`zga emas. Miryoqub mingbosh taqdim qilgan jumboq ustida tinimsiz bosh qotiradi. Uning bu holati haqida adib: «Miryoqub butun umrida ko`rilmagan bu hol qarshisida shoshib qoldi. Yana bir necha marta boshini egib «ho`h-ho`, ho`h-ho`» deya takror qildi. Oraga jimlik cho`kdi. Faqat Miryoqubning chuqur o`yga ketib, torta-torta choy ichgani eshitiladi»,-deb yozadi. Ko`ramizki, yozuvchi o`ylov jarayonini bilvosita — tashqi belgilarni qayd etish orqali beradi. O`quvchi qahramonning nima haqida o`ylayotganini bilgani holda, uning bu chigalni qanday yechishini taxmin qila oladi, xolos. Oraga cho`kkan sukutni Miryoqubning o`zi buzadi: «Ho`h-ho`! Otasi qurg`ur yaqin kelmaydi-ku». «Ho`h-ho`»ning takrorlanishi uning qisqagina suhbat paytida ham o`z o`yi (meros masalasi) bilan bandligini anglatadi, gapning so`figa burilishi esa (so`fining qaysarligi uning uchun ahamiyatsiz, yo`lini topib qo`ygan, shu bois ham so`fini mazaxlayotganday, «ko`ramiz so`filigingni» deganday ohangda gapiradi) mingboshining shubhaga bormasligi, «mening tashvishimni qilyapti» deb o`ylashi uchun kerak. Cho`lpon qahramonining nechog`li uzoq o`yga tolganini ko`rsatish uchunmi, yozadi: «Shu choqqacha zo`r berib allanarsalarni o`ylamoqda bo`lgan Miryoqub yana cho`ntagidan soatini olib qaradi: Ho`h-ho`,- dedi,- o`n ikkiga yaqinlashib qolibdi». Garchi o`ylov jarayoni qancha dvom qilganini bilmasak-da(boshlanish vaqti qayd qilinmagan), uning nihoyasida Miryoqub ma`lum qaror bergani ayon. Ketar vaqtida mingboshining «maslahat nima bo`ldi?» degan tashvishiga javoban u: «Xotirjam bo`ling, xo`jayin!- dedi. Ovozida jiddiylik, keskinlik va o`ziga ishonch to`lib yotardi.- Otasini ko`ndiramiz, qiz sizniki bo`ladi. Men o`zim bajaraman bu ishni». Ko`ramizki, Miryoqub o`ylov jarayonida Zebini merosga yaqinlashtirmaslikning yo`lini ham topdi, ham mingboshi nazarida «so`fini unatish» yo`lini o`ylagan bo`lib qoldi. Miryoqubning mingboshi bilan muloqotlari kuzatilsa, uning «otaxoni»ni qg`oyil qoldirishga (masalan, Qumariqdagi «ishbuzuqi»larning kimligini aytib berishi, ularga «adab berish» uchun ko`rgan tadbirini arz qilishi, mingboshi uchun tayyorlangan xos xonani «syurpriz» sifatida taqdim qilishi va boshqalar.), qoyilligini og`zi bilan iqror qildirishga urinishi kuzatiladi. Cho`lpon qahramon xarakterining bu jihatiga alohida e`tibor qaratadiki, bu narsa psixologik zamindayoq bo`rtib ko`rinadi. Miryoqub yer sotib olish bilan bog`liq ishlarini noyib to`raga arz qilganida, noyib to`ra: «Sen xuddi bir amerikalikka o`xshaysan, Miryoqub! Lekin ko`nglingga olma, chakki shu sartiya ichida tug`ilib qolgansan!».- deya qoyilligini aytadi. Yozuvchi qahramonining shu paytdagi ruhiy holati haqida: «Miryoqub ko`ngligi og`ir olish tugul, bu gapga sevindi balki, yuzlariga yana o`sha yengil qizillik yugurdi»,- deya sharh beradi. Noyibning «sartiya xalqi» haqida mensimay gapirishiga Miryoqub tamomila befarq deb bo`lmas (bu haqda keyinroq to`xtalamiz), lekin buni «menlik hissi»ning qonganidan kelgan xursandlik bosib ketadi. Zero, kimsan noyib to`raning o`zi uni «sartiya» orasidan ajratib, «noyob odam»ligini e`tirof qilyapti. Ayni shunday hol Miryoqubning «mashhur no`mir» xo`jayini bilan suhbatida ham kuzatiladi. Xo`jayin: «Zavqingni sinamoqchi edim, jinni!- dedi.- O`zim bilardimki, o`shani tanlaysan! Miryoqubning «menlik xissi» qongan edi. Kuldi»(130). Fikrimizcha, Cho`lponning Miryoqub xarakteri dagi ayni shu jihatga qayta-qayta diqqatni jalb etishi bejiz emas. Qahramonning qoniqish istagan (va, aytish kerakki, qoniqmagan) «menlik hissi» hurujlarini uning xudbinligi bilangina izohlasak, masalaga juda tor yondoshgan bo`lib qolamiz. Bizningcha, qahramondagi «menlik hissi»ni qondirish istagi o`zining jamiyatdagi o`rnini anglashga intilishning stixiyali bir zarrasi, xolos. Gap shundaki, Miryoqubning ijtimoiy maqomi(status) bundan bir necha yillar ilgari mavjud ijtimoiy munosabatlar tomonidan belgilangan va birmuncha o`zgargan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda ham o`zgarishsiz qolavergan. Psixolog olim B.G.Ananyev shaxs maqomining mikromuhit va undan katta ijtimoiy doiradagi ayrim kishilar maqomiga mosligi, ayrimlariga esa zidligi insonning boshqa odamlar bilan birligini anglashida, «biz» hissining shakllanishida muhimligini ta`kidlaydi1. Miryoqub yashagan muhit Akbarali maqomidagi kishilar bilan cheklangan, shu bois ham «biz» deyolmaydi, o`zining boshqa doira odami ekanligini his qiladi. Ayni paytda, u noyib to`rani boshqa doira odami (mohiyatan esa Akbaraliyu noyib to`ra bir doira kishilari) deb hisoblaydi, o`sha doira tomon intiladi, lekin «chakki shu sartiya orasida tug`ilgan»i bunga xalal beradi. Mana shu ichki ziddiyat stixiyali tarzda o`z maqomini anglash ehtiyojini tug`diradiki, bu ehtiyojni Miryoqub evolyutsiyasining bosh sababi sifatida tushunish lozim. Romanning X bobida Miryoqubdagi mazkur stixiyali ehtiyoj anglangan zaruratga aylanadi. Yozuvchi qahramonidagi mazkur sifat o`zgarishini bir-biriga bog`liq uch yo`nalishda ko`rsatadi: 1) Akbarali bilan o`zini qiyoslash; 2) «moviy ko`z dilbar»ga munosabat; 3) noyib to`raning kimligini, imperiyaning botayotganini anglash. Akbaralini «mashhur no`mir»ga olib kelgan Miryoqub «o`n bittaning eng a`losini tanlab», «ichki ziynatlari oldida mingboshining xonasi ip esholmaydigan» xos xonasiga jo`natgach, o`zini «otaxoni» bilan qiyoslay boshlaydi. Qahramon o`ylarini berishda Cho`lpon psixologik hikoyalash2 yo`lidan boradi: Miryoqub psixikasidagi jarayon uchinchi shaxs — muallif tilidan beriladi: «Akbarali degan bir odamning yonida hukumat muhridan, zotida past bir itlikdan boshqa narsasi yo`q. Miryoqubning kattakon miyasi, o`tkir aqli bor!» Tabiiyki, qahramonning bu o`ylari uni tinimsiz ta`qib qiluvchi qoniqmayotgan «menlik hissi»ni qondirish istagidan tug`ilgan. Shu bilan birga, Miryoqubning o`ylari hali ijtimoiy ma`no kasb etmagan (xususiydan umumiyga o`tish boshlanganicha yo`q), ya`ni, u mingboshi mansub sinf va u xizmat qilayotgan hukumat inqirozidan mutloqo bexabar. Miryoqub yurt uchun o`zining(shaxsan) mingboshidan (shaxsan) ko`ra foydaliroq bo`lishini anglagani holda, buning sinfiy mohiyatiga yetgan emas: «Akbarali degan odam mingboshi bo`la turib, arzimas xotinlar orasida itlik rolini o`ynab yotadi. Shu topda yurt kuysa ishi yo`q, parvoyi falagiga! Miryoqub degan kishi mingboshi ham emas, savdogar ham emas, dehqon ham emas, shunday bir bekorchi odam — o`n bittaning eng a`losini tanlab qo`yib, o`zi mingboshilikning ishlari, ya`ni, yurt qayg`usi bilan piyoda halloslab noyib to`ranikiga ketib boradi». Mazkur ko`chirmadagi ikkita nuqtaga diqqatni jalb etamiz: 1) Miryoqub o`zining kimligini — «savdogar emas, dehqon emas, amaldor emas» — ya`ni, jtimoiy maqomini anglamagan; 2) Noyib to`raning hukumatdorligi nihoyalanib qolganini tushunmagan, shu bois ham «yurt qayg`usi»da uning oldiga ketib boradi. Tahlilda Cho`lpon izidan borishni maqbul sanaganimiz uchun romandagi tartib bo`yicha boramiz, zero, shundagina qahramonning «qalb dialektikasi»ni ravshanroq kuzatishimiz mumkin bo`ladi. Adib o`quvchi diqqatini endi Miryoqub dilda paydo bo`lgan «chin sevgi»ga qaratadi. Ma`lumki, fohishani botqoqdan tortib olib normal hayotga qaytarish bilan bog`liq syujet adabiyotda keng ishlangan. L.Tolstoyning «Tirilish», A.Kuprinning «Choh» («Yama») asarlari shular jumlasidandir. Shunisi ham borki, eslatilgan asarlarning birinchisida aybdorlik hissi qahramonni bu ishga undasa, ikkinchisida qahramonning gumanistik qarashlaridan kelib chiqib bu ishga qo`l urgani kuzatiladi. Miryoqub obrazi talqinida esa Cho`lpon o`zgacharoq yo`l tanlagan. O`n bitta ayol orasidan cherti-chertib Maryamni tanlab olarkan, Miryoqub odatdagi maqsad — ishrat qilishni ko`zlagan. Keyinroq, nomer xo`jayini bilan suhbatda Maryamni Qrimga birga olib ketishni diliga tukkan bo`lsa-da, mohiyat o`zgarishsiz qoladi, zero, bu ham sizdan ugina, bizdan bugina qabilidagi ish edi. Ayolni xos xonasiga yuborishlarini tayinlab ketgan Miryoqub qaytib kelib xonasiga kirganda «yosh juvon kiyimlarini yechgan, kartda uxlab yotardi. Boshi yostiqdan tushgan, sochlari tarqalgan...» Ko`ramizki, hamma narsa Miryoqub talabicha bo`lgan, shunday bo`lsa-da, u qaytib chiqadi. Qahramon dilida nelar kechgani, nima uchun qaytib chiqqani aytilmaydi-da, uning nomer xo`jayini bilan muloqoti beriladi: «— Borib uyg`ot, do`stim. Turib, yuvinib kiyimlarini kiysin. Men bilan to`ppa-to`g`ri kartda uchrashmoqchi emasman... — Senga nima bo`ldi, Miryoqub?- dedi xo`jayin, kuldi. — Menga hech narsa bo`lgani yo`q. Mening odatim shu... Men oshnachilikni kartdan boshlamayman...» Nomer xo`jayni doimiy cho`pqatidagi o`zgarishni payqaganki, hayron bo`lib kuladi. Miryoqubning biroz keskinroq (fosh bo`lganiga achchiqlangan misoli), o`zini oqlayotganday gapirishi vujudida aql va his kurashi boshlanganidan darak beradi. Maryam bian ilk uchrashuvda bu kurash yaqqolroq bo`y ko`rsatadi. Cho`lpon, bir ta`rifdan, qahramonining «qo`l qisishlari olovsiz va haroratsiz» ekanini aytsa, ikkinchi tomondan, Maryam uning ko`zlarida «oddiy xaridolik doirasidan chetkaroq chiqadigan alomatlarni mushohada etgani»ni yozadi. Qahramon ruhiyatidagi jarayonlar bilvosita tasvirlansa-da, o`quvchi buni yorqin tasavvur qilish imkoniga ega. Maryamni birinchi ko`rishdayoq Miryoqubda unga nisbatan simpatiya hosil bo`lgan. Buni shundan ham bilsa bo`ladiki, u «hali boya ko`mir egasining uyida bergan qarorini quvvatlash uchun xotinning moviy ko`zlaridan quvvatli dalillar topadi». Quvvatli dalillarni u «havoning tabiiy yorug`ida bir-ikki minut tikilishganidayoq» topadi. Seziladiki, qahramon uchrashuvga o`z oldiga psixologik ustanovka («u — yaxshi ayol!»- D.Q) qo`ygan holda kelgan va o`sha ilk taassurotni to`latish ham tasdiqlash uchun dalil izlagan. Cho`lponning chinakam realist san`atkorga xos mahorati shundaki, u Miryoqub Maryamni bir ko`rishdayoq sevib qoldi, demaydi. Bu o`rinda yozuvchi qahramonning xarakter mantiqidan kelib chiqadi: birinchidan, «mashhur no`mir»ga o`z faytonida emas, kira qilib keladigan odamning bunga botinishi qiyin — gap-so`zdan cho`chiydi; ikkinchidan, Miryoqub ishqdan kallasini yo`qotib qo`yadigan yigitcha emas, balki har qadamini o`ylab bosadigan tajribali odam. Yozuvchi faqat Miryoqub bu ayolga «boshqa shu xil ayollarga qaraganday qarayolmasligini tushuna boshlagani»ni yozadi. Muhimi esa, qahramonning xatti-harakatlari shunga mos: «Xotinning yoqimli jaranglab chiqadigan quvnoq ovozi Miryoqubning tanlariga ignaday botar, lekin nihoyat darajada kayfini keltirardi»,- shunchalikda-da u o`zidagi «itlik» fe`llarini jilovlaydi. Ilk uchrashuvda aql hisdan g`olib keladi, shu bois ham Miryoqub «bu jononni bir-ikki oy o`ynatib kelish uchun Krimga olib ketish» va «Krimdan so`ng qo`liga ikki ming so`m berish»ga qaror qiladi. Ayni paytda aql uzil-kesil g`olib kelolmagani ham ayon, chunki u holda Miryoqub Maryam bilan aloqani butkul uzar edi. Miryoqub ruhiyatida kechayotgan kurash Maryamning yonidan chiqib noyib to`raning uyiga ketayotganida yanada keskin tus oladi, nafs va vijdon kurashiga aylanib boradi. O`zi bilan o`zi qolgan qahramon qilayotgan ishlarini, o`zi tushib qolgan ahvolni tahlil qilishga urinadi. Mazkur eppizodda Cho`lpon qahramonini ikkiga ajratib yuboradi: ulardan biri Miryoqubni oqlasa, ikkinchisi qoralaydi. Yozuvchi o`zbek realistik nasrida ilk bor qo`llanayotgan bu usuldan qahramoni ruhiyatida boshlangan sifat jihatidan yangi — o`z-o`zini tahlil qilish jarayonini ko`rsatishda unumli foydalanadi. Shu o`rninda Cho`lpon L.Tolstoyning «Tirilish» romanidan ijodiy ta`sirlanganini qayd etib o`tish lozm. Tolstoy qahramoni haqida: «V Nexlyudove, kak i vo vsex lyudax, bilo dva cheloveka. Odin – duxovniy, ishushiy blaga sebe tolko takogo, kotoroye bilo bi blago i drugix lyudey, i drugoy — jivotniy chelovek, ishushiy blaga tolko sebe i dlya etogo blaga gotoviy pojertvovat blagom vsego mira1»,-deb yozgani kabi, Miryoqub dilida ham «itlik» va «insoniylik» kurashi kechadi. Tolstoy ta`siri masalasiga o`rni bilan yana to`xtalamiz, hozir esa mavzuga qaytsak: Miryoqubning o`z-o`zini tahlil qilish jarayoni yana o`zini Akbarali bilan qiyoslashdan boshlanadi. Aytish kerak, o`zini mingboshi bilan qiyoslash Miryoqub uchun yangilik emas. Biroq avvallari qiyos uning uchun qoniqmagan «menlik hissi»ni qondirish, o`zini ovutish («har holda falonchidan durustman-ku!») vositasi bo`lgan xolos. Og`riq qolidiruvchi vositalar muntazam ishlatilsa ta`siri yo`qolganidek, Miryoqub vujudida mudragan vijdon ham oxir bosh ko`taradi: «Bu ham (Miryoqub - D.Q) Akbaraliga o`xshagan minglarcha itlarning biri! Faqat bu bilan Akbarali mingboshi o`rtasidagi farq shuki, bu o`zini undan yuqori oladi. Shu yuqorilik hissi, shu g`urur – uning o`zini aldaydi». Seziladiki, Miryoqub endi o`zini mingboshiga qiyoslash hisobiga ovunolmay qolgan. Kishining o`zi to`g`risidagi haqiqatni tan olishi oson ish emas, buning uchun nafsni o`ldirish lozim. Miryoqubning vujudida endi og`ringan nafs qo`zg`alib, yuqoridagi gapni inkor qilishga shoshiladi: «Miryoqubda itlik yo`q!.. Bo`lsa ham bu tobda xech narsa qolmadi... Hammasini ana u moviy ko`zli go`zalning bilinmas kuchi yulib tashladi!...». Qahramon vujudidagi nafsu vijdon kurashidan ko`rinadiki, u o`zida ham Akbaralidagi «itlik»dan yo`q emasligini chor-nochor tan oladi, bundan qiynaladi. Uyg`ongan vijdon qiynog`i Miryoqubning ma`nan qayta tirilishiga umid tug`diradi. Sevgining poklochi kuchiga ishongan adib uni qahramonining ma`naviy ruhiy shakllanishidagi asosiy omillardan biri sifatida talqin qiladi. Miryoqub «moviy ko`z go`zal» domiga tushib borayotganini anglagani sari hislariga aql jilovini solishga intiladi: «Nima behudagarchilik bu? Mashhur bir nomirda ma`lum kasb bilan shug`ullanadigan bir xotinga yo`liqdi» (139). Qahramonning bu gaplarida o`zini tergash ohangi kuchli ekanini sezish qiyin emas. Miryoqubning vujudida «itlik» bosh ko`tara boshlaydiki, bu narsa uning nomer zinasida o`tirgancha surgan o`ylariga tas`ir qiladi: «Har qancha tannoz bo`lsa ham — yana o`sha joyning o`shanaqa xotini. Buning uyiga nega kirdi? Nega kirgani ma`lum. Bu kelganda yechingan kuyi muning kartida yotishi nega kirganini ko`rsatib turadi. Ochiq ko`z bilan qaraganda nima qilish kerak? Belgili...» Ko`rinadiki, bu kabi o`ylar qahramonni endi ma`lum harakatga undamoqda, lekin mazkur da`volar hisni yengish uchun hali kamlik qiladi. Miryoqub o`yida davom etadiki, bunda endi aql ustivor: «Shu zamonda «Majnun» bo`laman deganlarni o`lganlaridan so`ng tug` ko`tarib mozor qilmaydilar, «jinni edi, o`lib qolibdi» deydilar va bir kulib qo`yib o`taveradilar...» Shu kabi o`ylar nihoyasida his biroz chekinganday bo`ladi, Miryoqub o`zi anglamagan holda (bu ham qahramon ruhiy holatining o`ta murakkabligdan dalolatdir) yuqoriga — Maryamning yoniga chiqa boshlaydi. Mazkur o`rinda adib qahramonining «o`z xonasiga yaqin yetgach, derazadan yupqa to`r orqali ayvonga tushib turgan muloyim shu`lani ko`rgandan keyin negadir yuragi o`ynab, qadam bosishlari susaygani»ni yozadi. Qahramonni ruhiy holatini juda yaxshi his qilgan Cho`lpon «muloyim shu`la» uning xayolida assotsiativ ravishda Maryamni, ilk uchrashuvni jonlantirganini, shu bois ham «yuragi o`ynab, qadam bosishlari susaygani»ni nozik idrok qiladi. Bundan tashqari, «yosh xotinning shiralik ovoz bilan ohistagina (yana muloyimlikka uyqash sifatlar – D.Q) aytayotgan ashula»sini eshitgan Miryoqub «eshik qabzasiga qo`l uzatolmay» qoladi. Anglash mumkinki, qahramon dilining bir burchiga chekingan his «muloyim shu`la», «ohistagina aytilayotgan ashula»dan ruh olib bor bo`yini ko`rsatadiki, «itlik» xayollari tamomila ortga tisarilib ketadi. «Bu qanday ovoz? «Itlik» asari bormi shu ovozda? Shu ovoz bilan karavotga chaqirib bo`ladimi? O`xshamaydi-ku sira!..» Miryoqub endi avvalgi o`ylarini bir «bosirqash», shayton qutqusi deb hisoblaydi: «Ket, shaytoni mal`un! Men Akbarali emasman! Mening kumush kamarim, podshohlik muhirim yo`q! Men — Miryoqubman, Miryoqub!..» Seziladiki, Miryoqub endi Akbaraliga o`xshashni sira istamaydi va, muhimi, bu narsa avvalgiday og`ringan nafs hayqirig`igina emas. Gap shundaki, Maryamning tushib qolgan muhiti odami emasligini anlagan («O`xshamaydi-ku sira!») Miryoqub o`zining ham botayotgan botqog`iga munosib emasligini tushunish darajasiga keldi. Shu bois ham «Umringda bir marta, salgina, pichagina, qittakkina itlikni tashlash, odam bo`lish fursati topilibdi-yu, shunda ham mag`rur bo`yningni egging kelmaydimi?» - deya o`ziga ta`na qiladi. Bir qarashda mazkur sevgi voqealari «Tirilish»ga oshkora taqliddek, Miryoqubning bironta iboli ayolga ko`ngil qo`yishi milliy xarakter mantig`iga, hayot xaqiqatiga mosroqday. Lekin asar syujetida Maryamning (ayni shunday fohishaning) paydo bo`lishi bejiz emas. Aytmoqchimizki, Miryoqubning Maryamga munosabatidagi chigalliklar uning o`ziga munosabatidagi murakkabliklarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, Cho`lpon ko`r-ko`rona taqlid yo`lidan bormaydi, balki adabiyotda keng ishlangan bu syujetdan badiiy niyatini amalga oshirishda ijodiy foydalanadi. Noyib to`ra bilan suhbatda Miryoqubning siyosiy so`qirligi yaqqol namoyon bo`ladi. Noyib urush maydonlaridagi mag`lubiyatlar haqida gapirganida, u «Oqpodsho qayerdalar? Bir chora ko`rmaydilarmi?» deya hayron bo`ladiki, oqpodshoning qudratiga beshak ishonishini anglash qiyin emas. Suhbatdoshining gaplarida oqpodshoga ishonchsizlik ohanglari sezilganida, Miryoqubning «Unaqa demang, to`ra... Biz, sartiya xalqi, xudodan keyin oqpodshoga ishonamiz», deya e`tiroz qilishi ham shundan. Cho`lpon qahramonining ayni paytdagi ruhiy holati haqida: «Miryoqub nima deyshini bilmay qoldi. Bunaqa siyosatlarda sira aralashmagan bu to`g`rida shu choqqacha hech bir bosh qotirmagan kishi bunday katta siyosiy masalalar oldida birdaniga shoshmasdan iloji ham yo`q edi. Quruq bo`lmasin deb gapga aralashib» turdi. Miryoqub amaliy harakat qilib o`rgangan odam, «chorasiz dard yo`q»ligiga, har qanday chigallikni yechish mumkinligiga (o`zi harakat qilib yurgan doirada bunga ishonib qolgan) qattiq ishonadi. Shu bois ham suhbatdoshi unga «Germaniyaning qo`li nega baland kelayotgani»ni zo`r berib tushuntirarkan, «quruq bo`lmasin» deb gapga aralashib turgani holda chora haqida o`ylaydi. Noyib to`raning gapida ozginagina pauza bo`lishi bilan «Chora nima bo`ladi to`ra?» deb so`rashi ham shundan. Suhbatdoshi chorani aytmay, gapni aylantirganida, uning «Chorani aytmadingiz, to`ra?» deya luqma tashlashi shu birgina o`y bilan bandligidan dalolat beradi. Noyib «chorani inqilobiyun degan toifa ko`rsatishi»ni va qanday ko`rsatishini aytganida: «Miryoqub xoxolab kuldi. -Noma`qul otning tezagini yepti o`shalar! Savodi yo`q, omi bir yalangoyoq kelsinu yurtni so`rasin emish... Boylardan yerni tortib olib kambag`al ekar emish... Kambag`al shuncha so`kib urushsangiz ham yeringizga bunday bir hafsala qilib ishlamaydi-yu... xo`jayin bo`lmasa ishlar ekanmi?» Albatta, Miryoqub bu gaplarni o`z (va anglanmagan tarzda o`zi mansub sinf) manfaatlaridan kelib chiqib aytyapti. Bu fikrlarga qo`shilmaslik mumkin, lekin ratsional mag`zini tan olmaslik ham dushvor. Zero, «har bir oshpaz xotinning davlatni boshqara olishiga» erishilgani, hammani zo`raki tenglashtirib, odamlar ongidan xo`jayinlik hissini siqib chiqarilgani uchun ham sho`ro mamalakati nechog`li kulfatlarni boshdan kechirib iqtisodiy tanglik holiga kelgani hozirda sir emas. Miryoqub fikrida davom qilib: «O`sha urushni to`xtatsin degani durust... Urush chiqqandan beri yurt qimmatchilik bo`lib ketdi. O`ziga yarasha davlati, savdo-sotig`i bor odamlarni jin ham urgani yo`qku-ya... qayta mollarining narxi oshib, biri besh bo`ldi. Ammo, shu qimmatchilik bo`lgandan beri odamlarning ko`ziga qarasangiz, qo`rqib ketasiz, to`ra» - deydi. Ko`ramizki, uning diliga ham ozmi-ko`pmi qo`rquv, moliyu-jonining tashvishi oralagan. Shu bilan birga, noyib to`rani astoydil tahlikaga solgan bu fakt Miryoqubni unchalik tashvishga solgan emas. Sababki, u o`zining himoyachisi bo`lmish oqpodshoning qudratiga, «qozoq o`ris»ning kuchiga beshak ishonadi. Miryoqubning «inqilobiyun toifasi» haqida mensimaganday, masxara qilib gapirishi ham shundan. Mana shu ko`r-ko`rona ishonch undan haqiqiy ahvolni to`sib turadi. Shu bois ham noyib to`ra imperiyaning holakatga ketayotganini aytganida, uni bu gap zamiridagi haqiqat emas, «imperiya»ning o`zi nima ekani ko`proq qiziqtiradi. Shu ishonch tufayli Miryoqub suhbatdoshining «bu qadar zo`r masalalarni hech o`ylab o`tirmasdan, og`zining yeli bilan chiqarishini», tabiiyki, vahimaga tushib qolganini ham ichkilik ta`siriga yo`yadi. Yozuvchi o`rtada kechgan suhbatning har ikkisiga ayricha ta`sirini ko`rsata olgan: « ...to`ra og`ir bir nafas olgandan keyin: — Menga qara, Miryoqub,- dedi,- qo`y endi bu gaplarni! — Ha qo`ying, to`ra, odamni xafa qiladigan gaplarni gapirmaylik. «Ertaning g`amini eshak yeydi». Ertaga xudo poshsho egam...» Ko`rinadiki, mezbonni ruhiy tushkunlikka solgan, ko`pchilikning, jumladan, o`zining taqdiriga bevosita aloqador gaplar mohiyatini mehmon anglamaydi. Aslida-ku, Miryoqub bugunnigina o`ylaydigan odam emas, lekin anglamaganidan mezbonning gaplarini jiddiy qabul qilmadi. Uning nazarida bular «odamni xafa qiladigan» gaplar, xolos, shu bois ham mavzuning o`zgarganiga u hursand. Miryoqubning suhbatni hazil-mutoyiba yo`siniga burishi ham bejiz emas: u suhbatdoshining xafaligini tarqatmoqchi bo`ladi, o`zicha. Suhbat nihoyasida Miryoqub xotirjam bo`lishi uchun yana asos topganday bo`ladi: noyib to`ra qo`zg`olon ko`targan olomonni bostirish uchun «yoniga askar olib chiqib ketayotgani»ni va «har bir mingboshiga yana yettitadan yigit berish masalasi» ko`tarilganini aytadi. Noyib to`raning gaplarini Miryoqub ko`proq ichkilik ta`siriga yo`ygan bo`lsa, oshpaz Zunnunning gaplari uning fikrini o`zgartiradi: «Bizning to`ra ham juda xafa. Xonim bo`lsalar tez-tez «Rusiyaga ko`chib ketsakmikan?» deb qo`yadi. «Sen ham ketasanmi?» deb so`raydi. Ular dunyoning hamma holu ahvolini bilib turadigan odamlar, bir narani sezishgandir-da, men bu yerda har xil o`ruslar bilan gaplashaman. O`ylab ko`rsangiz, hammasining gapi bir: «Bir balo bo`ladiganga o`xshaydi». Miryoqub boshini ko`tardi. — O`ruslar shunaqa deydimi? Qani gapir, yana nima deyishadi?» Miryoqubning savollari uning ko`nglidagi bezovtalik to`yqus kuchayginidan darak beradi. Endi u noyib to`raning boyagi gaplarini ham o`zgacha idrok qiladi: «To`ra menga ko`p naralarni aytdi. Bir-biridan vahimalik... Uning gaplarini eshitib, men o`zimga «zamona oxir bo`pti. Qiyomat yaqin shekilli»dedim...» Ko`ramizki, noyib to`raning vahimasi suhbat chog`ida o`rinsizday, ortiqchaday ko`ringan bo`lsa, endi ma`lum ma`noda uning o`ziga ham ko`chadi. Zunnun bilan suhbat qahramon evolyutsiyada keskin burilish yasaydi. Zero ayni shu o`rinda Miryoqub o`zi ishongan oqpodsho amaldorlarining vahimaga tushib qolganlarini tushunib yetadi va, muhimi, ularning asl qiyofasini ko`radi. Miryoqub Akbaralining barcha sirlaridan voqif bo`lgani uchun ham uni haqir ko`rgan bo`lsa, noyib to`ra uning nazdida nufuzli amaldor, o`qimishli, aqlli odam sifatida hurmat qozongan. Uning uchun noyib to`radan maqtov eshitish, u bilan yaqin munosabatda bo`lishlik bir obro`, ko`nglini to`latadigan omil bo`lib kelgan. Bularning bari noyibning Miryoqub bilan munosabatda zarur «distansiya»ni saqlay bilganligidan, uning uchun alohida rolni o`ynay bilganidan. Endi, noyib to`raning asl qiyofasi ochilgach, Miryoqub shoshib qoladi. Qahramonning bu paytdagi ruhiy holatini Cho`lpon uning Zunnun bilan muloqoti orqali mohirona ochib beradi. Zunnun uylanishiga asosiy mone xonim ekanini aytganida: «Miryoqubning ko`zlari olaydi. Yana suhbatdoshiga tomon burildi: — Nimalar deyayotirsan? — Xonim bo`lmasalar erta qachon uylanib olardim, aka! — Obbo xudo urdi!- dedi Miryoqub, irg`ib o`rnidan turdi. Boshini chayqadi, ikkala qo`lini Zunnunning yelkasiga qo`ydi. — Nima balo, senga ko`ngli tushib qolganmi?» E`tibor qilinsa, ziyrak Miryoqub gapning shayini qay tomon ketayotganini darhol fahmlagani, lekin ishongisi kelmayotgani («Nimalar deyayotirsan?» — «O`ylab gapiryapsanmi? Nahotki?...-D.Q.), ishonolmayotgani seziladi. Suhbatdoshi ochibroq gapirganida «irg`ib o`rnidan turishi», «boshini chayqab» siltaganday «ikkala qo`lini Zunnunning yelkasiga qo`yishi» taxmini to`g`ri kelayotganidan lolligini anglatadi. Mantiqan keyingi savol «Nima balo bor o`rtangizda?» (bu savol keyinroq beriladi) shaklida berilishi lozim edi, lekin u hamon ishonolmayotganidan yaxshilik tomongaroq burmoqchi bo`ladi: «Nima balo, senga ko`ngli tushib qolganmi?» Keyin mavjud ahvolni o`z ko`zi bilan ko`rgani Miryoqubga shunchalar ta`sir qiladiki, o`yidagi beixtiyor tiliga ko`chadi: «Imperiyasi tag`in ham botmasinmi? Necha ming, necha lak fuqaroning joni shularning qo`lida. Bularning joni esa mana shunaqa manjalaqilar qo`lida ekan!..» Miryoqub siyosatdan yiroq odam sifatida noyib to`raning abstraklashgan (ya`ni, Miryoqub uchun mavhum faktlar asosidagi) fikrlarini tushunmagan bo`lsa, endi o`zi shaxsan ko`rgan-bilgan konkret xususiy faktlarni umumlashtirib, xuddi o`sha xulosalarga keladi. Shu jihatdan nomerga qaytayotgan Miryoqubning o`ylari xarakterli: «Imperiya nima desam oqpodshoni, o`zini, pogonini o`rsatdi. Oqpodshoning nimaligini o`zi aytib berdi, o`zining kimligini o`zim bilaman, bugun yana ham ochiqroq bildim, ertaga juda ravshan bilsam kerak... Endi yelkasidagi pogoni qoldi. U bir latta... «Eshagiga yarasha tushovi» degan gap bor. Egasiga yarasha pogoni... Demak, imperiya botishga boradi» Qahramon ruhiyatida kechayotgan jarayonlar shiddati, miyasining zo`riqishi shunchalarki, u ovoz chiqarib («o`z-o`ziga so`zlanib») o`ylaydi. Mazkur o`rinda adib monolog va ichki monolog xususiyatlarini birlashtirib yuboradiki, bu narsa qahramon o`ylarining o`ziga xosligi bilan izohlanishi mumkin. Uning gaplarida, bir tomondan, pishib yetilgan hukm (yuqoridagi parcha) sifatlari ko`rilsa, ikkinchi tomondan, bevosita o`ylov jarayoni (ichki monolog-mulohaza) kuzatiladi. Noyib to`radan farq qilaroq, Miryoqub tushkunlikka tushmaydi: «Biz nima bo`lamiz? Fuqaro nima bo`ladi? Bizning topgan-tutganlarimiz, orttirgan davlatimiz nima bo`ladi?» qabilidagi o`ylar uni chora izlashga, chigallikni yechishga undaydi. Shu bois ham u: «Imperiyasi chiribdi... Mening miyamda shu bugun g`alati fikrlar qo`zg`aldi. Nimaligini o`zim ham bilmayman... Ilgari hech bunaqa gaplar yo`q edi»,-deydi, «allakimlardan allanarsalarni» so`rab bilmoqchi bo`ladi. Ko`ramizki, qahramonda stixiyali tarzda paydo bo`lgan o`zining jamiyatdagi o`rni, ijtimoiy maqomini anglash istagi endi anglangan zaruratga aylanadi. «Imperiya» haqidagi o`ylar Miryoqubni to Maryamning yoniga kelguncha ta`qib qiladi. Yosh juvondagi ajib sokinlikni ko`rgachgina uning ruhi ham taskin topganday bo`ladi. Cho`lponning san`atkor-ruhshunos sifatidagi mahorati shundaki, u Maryamning o`zini tutishlarini, xatti-harakatlarini chizarkan unga Miryoqub nazari bilan qaraydi: «Bu daf`a Miryoqub xuddi o`zining necha yillik sinoqta xotinini ko`rganday bo`ldi. Bu xotin go`yo necha yildan beri har kuni shu ravishda buni kutib umr o`tkazgan... Imperiya esidan chiqdi. Xotin kitobini bitirguncha, ehtiyot bilan esnab oldi-da, so`ngra bu ishidan o`zi uyaldi, shekilli, yuzini qo`li bilan to`sib kuldi. Yumshoqqina kuldi... Betlariga qizil qon oqinlari yugurgan edi. Miryoqub ham kuldi va sekingina o`rnidan turdi. -Xo`p, yotib uxla, bo`lmasa...» Maryamning Miryoqub yo`qligida bo`lgan ishlarni «o`zi hohlamaganday, bo`lib-bo`lib» gapirib berishlari, «ertaga shu yerdan ketarmikanmiz?» deya yolvorguday bo`lishlari — bari uning nazarida ayolning o`zi tushib qolgan muhiti odami emasligini ko`rsatuvchi «quvvatli dalil»lar ekanligi ayon. Shunday dalillarni topgani uchun ham Miryoqub «ko`ngli ochilgan, allanechik yengillagan, ko`zlari, yuzlari, butun borlig`i bilan kulgani holda» chiqib ketadi, tashvishlarini unutadi. Shu o`rinda yana «Tirilish» bilan muqoyasa qilish joizki, undan ijodiy ta`sirlanish Miryoqub-Maryam munosabatlari talqinida ancha sezilarlidir. Miryoqub kabi Nexlyudov ham Katyusha Maslova bilan uchrashuvlarida uning yuz-ko`zlaridan o`ziga kerakli belgilarni qidiradi, topganida quvonib, topolmaganida eziladi. Fikrimiz asossiz bo`lmaligi uchun quyidagi parchani keltirib o`tamiz: «— Nu, a naschet bolnitsi,- vdrug skazala ona, vzglyanuv na nego kosim vzglyadom,- yesli vi xotite, ya poydu i vina toje ne budu pit... Nexlyudov molcha posmotrel yey v glaza. Glaza yeye ulibalis. — Eto ochen xorosho,- tolko mog skazat on i prostilsya s neyu. «Da, da, ona sovsem drugoy chelovek (ta`kid bizniki-D.Q.)»- dumal Nexlyudov, ispitivaya posle prejnix somneniy sovershenno novoye, nikogda ne ispitannoye im chustvo uverennosti v nepobedimosti lyubvi1». Ko`ramizki, ikkala san`atkor ham sevgini buyuk kuch deb bilgan, shuning uchun ham har ikki qahramonning ma`nan «qayta tirilish»ida u katta o`rin tutadi. Nexlyudov Katyushaning qismatida o`zini aybdor sanagani uchun uni botqoqdan tortib olishni maqsad qilgan bo`lsa, Miryoqub Maryamni hech bir maqsadsiz sevib qolgan va shu sevgisini tan olishi barobari poklanib boradi. Miryoqub o`zidagi «itlik» fe`llaridan hali tamom forig` bo`lmagan bo`lsa-da, Maryam oldida o`zini tiyadi, sabaki, ko`nglining bir chetida uni o`zidan pokroq deb biladi. Uning, noyib to`ra xotiniga mehmon bo`lgach, ertalab vijdon-tergovchi oldida bergan so`rog`ida bu narsa ravshan ko`rinadi. Shu choqqacha eplab kelgan ishini Miryoqub tergovchining — O`ZINING oldida uddalolmay qoladi, o`zini aldashga endi qurbi yetmaydi, tan oladi: «Miryoqubdan jirkanaman...» Qahramon ruhiyatida kechayotgan jarayon shartli ravishda «tergovchi» va «Miryoqub»ga bo`lib yuborilgan bo`lsa-da, biz buni yaxlit bir jarayon —ma`naviy-ruhiy evolyutsiyaning tadrijiy davomi sifatida tushunishimiz lozim. Zero, shundagina biz Miryoqubning, bir tomondan, o`ziga nisbatan o`ta shafqatsiz bo`la olishini, ikkinchi tomondan, O`ZINING o`zi haqidagi hukmlarini ko`tarolmasdan himoyalanishga urinishini bir insonga xos ziddiyat sifatida qabul qilishimiz mumkin bo`ladi. Shuni ham aytish kerakki, Cho`lpon qahramonida kechayotgan ruhiy jarayonni tasvirlarkan unga nisbatan tutgan ma`naviy pozitsiyasini ham berib ketadi. Qahramon ongida uyg`ongan «tergovchi»ning «biz» nomidan gapirishi ham bejiz emas. Vijdon-tergovchi avvaliga Miryoqubni umuminsoniy qadriyatlar, insoniylik nuqtai nazaridan taftish qiladi. Tergovchi Miryoqubning mingboshiga xiyonatini keskin qoralaydi, bu ishni nonko`rlikka tenglaydi. Miryoqub «meni yo`ldan urgan u (Poshshaxon - D.Q.) o`zi bo`ldi» deya o`zini oqlamoqchi bo`lganida, tergovchi uni «Poshshaxonni o`sha nomashru` munosabat yo`lidan to`xtatib qolish, unga mingboshidan chiqib, boshqa — o`zi teng bir erga tegib rohat yashov imkonini berish» qo`ldian kelgani holda shu ishni qilmaganlikda ayblaydi. E`tibor berilsa, Miryoqub insoniylik nuqtai nazaridan taftish qilinganida (aniqrog`i, o`z-o`zini taftish qilganida) shoshib qolgani, o`zini chinakamiga gunohkor sanayotgani seziladi. Lekin «sudning har holda o`ziga hayrixoh kishilardan, ya`ni, badavlat odamlardan iborat bo`lgani»ni bilgach, dadillanadi. Uning xatti-harakatlarini baholashdagi umuminsoniy mezonlar o`rnini endi tor sinfiy mezonlar egallab (qahramonda yana nafs g`olib kela boshladi) boradi. Miryoqub Poshshaxon bilan aloqasi meros umididan boshqa narsa emasligi, «mingboshining o`limiga yaqin uning Poshshaxondan boshqa merosxo`ri qolmasligi» haqidagi rejalarini aytganida, tergovchi «Bizning olamda munday dadil niyatlarni qoralash emas, oqlash kerak» deydi. Anglash mumkinki, muallif burjuaziyaning feodalizmga nisbatan progressiv hodisa ekanini tan olgani holda, uning ma`naviyatini oqlamaydi, qahramonning «natija vositani oqlaydi» qabilidagi aqidasini qoralaydi. Miryoqub o`zini noyib to`raning xotini masalasida «chinakamiga ayblamoqchi» bo`lgan tergovchiga qarata: «Poshshaxon masalasida xiyonatim katta edi, ham mingboshiga, ham uning to`rt merosxo`riga... Unutmangizki, shu to`rt kishi ichida Fazilatoy singari balog`atga yetmagan qiz bola, umr bo`yi mingboshiga xizmat qilib o`tgan Xadichaxon bor... Bu katta xiyonat edi!» -deydi-da, Poshshaxon masalasida oqlagan mahkama bu masalada qoralashga haqli emasligini aytadi. Miryoqubning aksilda`volari qarshisida tergovchi-vijdon chekinsa-da, qahramoninng ko`ngli tinchimagani ayon. Yuqoridagi parcha u o`zi qilgan ishlarning, insoniylik mezonlari bilan o`lchansa, ablahlikdan boshqa narsa emasligini tan olganini ko`rsatadi. Aytmoqchimizki, qahramon ongida umuminsoniy qadriyatlar bilan sinfiy aqidalar ziddiyati yuzaga keldi. Yozuvchi qahramonning mazkur ruhiy holatini X bob nihoyasida quyidagicha tasvirlaydi: «Boshida mushtday qattiq tungi – yostiqcha... Yonida bir choynak ko`k choy... Miyada sud majlisi, noyib to`ra xotini, nomerda kutib yotgan moviy ko`zli dilbar...» Romanning keyingi — XI bobida ham qahramon ruhiy holati avvalgi bob nihoyasidagicha qolgan. Miryoqubning mehmonasiga bostirib kelgan Poshshaxonga «bir tomondan nomerda qolgan oltin sochli dilbarni, yana bir tomondan mudhish sudning so`roqlarini eslab» sovuq muomala qilishi shundan dalolat beradi. U Poshshaxonni uyiga ketishga qistaydi, «nasihat qilgan bo`ladi», natija chiqmagach, uning «irodasiga bo`yin egish»ga majbur bo`ladi. Cho`lpon realist san`atkor sifatida insonning o`zi yashagan muhit blan nechog`li bog`liq ekanini, muhit ta`sirida shakllangan inson tabiatining o`zgarishi oson kechmasligini yana bir karra ko`rsatadi. Miryoqubning «Bu foniy dunyoda mashru` yo`l bilan bitadigan biror narsa bormi?» degan o`yida o`sha muhitdan nafratlanish, uning kuchi oldida ojizlik qilayotganidan ezilish ohanglari seziladi. Uning safar oldidan bolalari bilan xayrlashish uchun kirgan vaqtidagi holatini (XII bob): «Ilonni o`pgan harom lablarim bilan uxlab yotgan bolalarimni o`pay deb quyiga egildim, ko`nglim chidamadi. Ko`rpaning qirg`og`ini o`pdim»,-deya eslashi o`zidan jirkanishi iztirob darajasiga yetganini, keyingi ish ko`proq muhit ta`sirining inersiyasi bilan bo`lganini ko`rsatadi. Cho`lpon qahramonining safar arafasidagi ruhiy holatiga ta`rif berib, tergovchi «uning qulog`i ostiga kapa tikib yotgani»ni yozadi. Darhaqiqat, qahramon ruhiyatidagi o`z-o`zini taftish qilish jarayoni qisqa, lekin shiddatli kechadi. Miryoqubning «Kecha» romanidagi tergovchi bilan so`nggi muloqoti bu jarayon qanday natija topganini tasavvur qilishimizga imkon beradi. Tergovchi uni sevishga qodir bo`lmagani holda «chakki go`zal mahluqlarning ko`ngli bilan o`ynashayotgan»likda ayblasa, Miryoqub: «Meni behuda ayblaysiz. Men uni iflos joylardan o`g`irlab olib chiqdim. Endi hech bir harom qo`l, nomahram qo`l tegolmaydi unga! U hozir nomusli erning nomusli xotiniday toza... — Sen o`zing-chi? Sen o`zing? Endigina qilgan yangi gunohlaring bilan. —Yangi gunoh qilganim yo`q! Hali ham eski gunohlarim ketimdan quvalab yuribdi. O`shalardan qutulay deb qochdim. Qochib ketayotirman...» -deya javob beradi. Ko`rinadiki, Miryoqub Maryamning o`zidan ko`ra pokroq ekanini tan olgan. U «endi hech bir harom qo`l tegolmaydi unga» deganida o`zini ham nazarda tutgan, chunki quyiroqda «Men bunga tegmoqchi emasman, tegmayman ham» deb qat`iy aytadi. Uning fikricha, ular ikkalasi «belgisiz bir zamonda, belgisiz shartlar ichida (ya`ni, o`zi itlikdan qutilib, shunga munosib bo`lganda - D.Q) o`z-o`zlaridan qo`shilib qolishlari kerak». Miryoqubning «shu xotin bilan ko`rishganimdan beri o`z-o`zimni taniy olmay qoldim» degani ham shundan dalolat beradi. Bundan tashqari, yuqoridagi parchadan qahramonning shu choqqacha kechirgan turmushidan qoniqmay qolgani anglashiladi. Aytish mumkinki, uning «eski gunohlaridan qochib» ketayotgani hayotini yangilash, yangi asoslarga qurish ehtiyojidan kelib chiqqan narsadir. Yuqorida qahramon ongidagi ikkita ajralish haqida to`xtalib, bunda Tolstoy ta`siri sezilishini aytib o`tgandik. E`tibor berilsa, o`shandayoq ruhiy muloqot-musohaba subyektlari uchta ekani ko`rinadi: «qoralovchi», «oqlovchi» va «Miryoqub». Qahramon vujudida tergrgovchi-vijdon paydo bo`lishi bilan bu uchlik bo`rtibroq ko`rinadi: «Miryoqub», «itlik» va «tergovchi-vijdon». Fikrimizcha, bu narsa Cho`lponga Z.Freyd ta`limotining ham muayyan ta`siri bo`lganini taxmin qilishimizga imkon beradi. Ma`lumki, Freyd inson ruhiy hayotini uchta tagstrukturadan iborat deb biladi: 1) reallik prinsipiga amal qilib, tashqi dunyoni qabul qilish va unga moslashish funksiyasini bajaruvchi Men; 2) qoniqish prinsipiga amal qilib, jinsiy mayl va agressiv intilishlarni o`zida mujassam etuvchi U hamda 3) ijtimoiy ahloq normalarini o`zida mujassam etib, ichki senzor, vijdon vazifasini o`tovchi Men – ideal. Tashqi dunyo bilan munosabatda bo`luvchi Men o`zining xatti-harakatlarini, bir tarafdan, Men-ideal talablariga, ikkinchi tarafdan, Uning talablariga moslashi lozim. Freyd Men va U munosabatlarini chavandoz va ot munosabatlariga qiyoslaydiki, bir tomondan, chavandoz otni mahkam jilovda tutadi, ikkinchi tomondan: «... vsadniku, yesli on ne xochet rasstatsya s loshadyu, chasto ostayetsya tolko vesti yeye tuda, kuda yey xochetsya, tak i YA prevrashayet obiknovenno volyu Ono v deystviye, kak budto bi eto bilo yego sobstvennoy voley1». Yuqorida ko`rganimiz, Miryoqub(Men)ning o`zidagi «itlik»(U)ni jilovlashga intilgani holda noyibning xotini bilan aysh qilgani va buni o`z ixtiyori bilan qilgandek («ish ustidagi birinchi bay ochish») talqin qilishi, bizningcha, Freydning yuqoridagi gapiga uyqash ko`rinadi. Qahramon ruhiyatidagi shiddatli jarayonlar Men (Miryoqub) va Men-ideal (tergovchi-vijdon) ziddiyati asosida kechadiki, bu haqda Freyd quyidagicha fikr bildirgan: «...konflikti mejdu YA i YA-idealom v konechnom schete otrazyat protivorechiya realnogo i psixocheskogo, vneshnego i vnutrennego mirov2». Albatta, mazkur fikrimiz faqat taxmingagina tayanadi, zero, Cho`lpon Freyd ta`limoti bilan tanish bo`lganligi haqida dalilga ega emasmiz. Biroq biz ko`chirmalar keltirgan «YA i Ono» asari 1923 yilda yozilgani va 1924 yildayoq rus tiliga tarjima qilinib bosilgani; 20-yillar rus adabiyotida freydizm ta`siri kuchli bo`lgani3; nihoyat, Cho`lpon 1925 yildan e`tiboran Moskvada yashagani nazarda tutilsa, fikrimiz butkul asossiz emasligi ham ko`rinadi. Miryoqub evolyutsiyasida jadid savdogar bilan uchrashuv muhim o`rin tutadi. Yuqorida yuritgan mulohazalarimizdan kelib chiqsak, bu uchrashuvning tasodif emasligi, qahramonning izlanishlari uni ertami-kech jadidlarga ro`baro` qilishi muqarrar ekani anglashiladi. YA`ni, Miryoqubning ijtimoiy mavqei kuchaygani, shu choqqacha kuch deb topingani nuraginini anglab, topingani boshqa kuch izlay boshlagani; o`zi kechirgan turmushdan qoniqolmay qolib, hayotini yangidan boshlash ehtiyojini seza boshlagani undagi evolyutsiyaning sababi bo`lsa, jadid savdogar bilan uchrashuv sababning natijaga aylanishida bir vositadir. Romanda jadid savdogar paydo bo`lishi bilan Cho`lpon hikoyachilikni o`zidan soqit qilgani va buning sababi haqida ilgariroq aytib o`tdik. Poyezddagi ishlar, suhbatlar endi Miryoqub va Maryam kundaliklari orqali beriladi. Tanlangan usul muallifni go`yo «betaraf» qoldirgani holda, jadidlar haqida xolis yozish imkonini yaratadi. Shunisi ham borki, hikoyachilikni o`zidan soqit qilish bilan Cho`lpon qahramon ruhiy holatini ikki tomonlama — ham uning o`z iqrorlari va ham Maryamning kuzatishlari orqali tasavvur qilishimizga imkon yaratadi. Masalan, Miryoqub jadid yigitni ko`rishi bilan «u Maryamga qaramayaptimi?» deya tashvish tortganini aytsa, Maryamning kuzatishlari uning o`sha choqdagi ruhiy holatini tashqi belgilari orqali ko`rsatadi. Sharfutdin Xo`jayev bilan ilk suhbatdan keyin Miryoqub: «Savollarimning javobini endi topadiganga o`xshayman. Bu yigit jadidlarning kattalaridan biri ekan. Endi «imperiya»ni so`rab olay deyman. Shunday gaplarni gapiradiki, ko`zim piyoladay bo`ldi. Men uyquda ekanman... g`aflat bosgan ekan bizni. Millat degan narsamiz bor ekan, biz — omilar uni «fuqaro» deb yurganmiz. Bu yigit «millat» deganda allaqanday shirin eshitiladi». Seziladiki, jadid, avvalo, suhbatdoshining vujudida mudrab yotgan milliy g`ururni uyg`otish payidan bo`lgan. Shu o`rinda Miryoqub noyib to`ranikida ekanida rus injenerining kirib kelishi bilan bog`liq epizodni yana eslashga to`g`ri keladi. Injener «noyib to`ra bilan betakalluf ko`rishdi, Miryoqub bilan ko`rishib ham o`tirmasdan to`ppa-to`g`ri stolning to`g`risiga o`tdi...» Noyib mehmonga Miryoqubni tanishtirganida, u «o`tirgan o`rnida sekingina bosh silkib qo`ydi.» Miryoqub g`ururining kaltaklanishidan kelgan zaharxanda bilan kuldi». Miryoqubdagi o`zgarish ancha sezilarli bo`lgan bo`lsa kerakki, noyib to`ra qayta-qayta uzr so`ragan bo`ladi. Muallif buni sharhlab yozadi: «Bir injenerning (u, axir, noyib to`ra singari katta amaldor emas!), nahoyati bir injenerning bir-ikki marta sartlarni kamsitishi Miryoqubni shuncha bezovta qildimi? Yo`q, unaqa kamsitishdar har qadamda bor!» Tushunish mumkinki, milliy g`ururning kaltaklanishi Miryoqubni o`z vaqtida qiynagan, keyincha, ishning foydasini ko`zlab, o`zini ko`nikishga majbur qilgan bo`lsa-da, bu narsa uni tez-tez bezovta qilib turgan. Jadidning gaplari millatning haqir, zabun ahvolidan bo`lgandirki, Miryoqubning ko`zi «piyoladay bo`lgan», «millat» degani allaqanday shirin eshitilgan». Miryoqubning bu paytdagi ruhiy holati haqida Maryamning quyidagi gaplari yorqin tasavvur beradi: «Jakobning yuzida va ko`zida o`ychanlik aralash bir tabassum paydo bo`ldi. Diqqat qildim: ko`nglida ajib bir olov yona boshlaganga o`xshaydi». Ayol undagi bu o`zgarishni muhabbatga yo`ymoqchi bo`ladi, lekin «unday bo`lsa u ajib va shirin kulishi bilan kulgan ko`zlari nima uchun menga emas, boshqa yoqlarga, olislarga qaraydi?» deya o`z fikrini inkor qiladi. Jadid bilan suhbatlarda Miryoqub o`zini qiynagan savollarga javob topadiki, u aytgan «so`zlarning har biri ko`zimdan bir qavat pardani sidirdi» deya iqror qilishi shundan. Miryoqub jadid bilan o`zi orasida yaqinlik borligini tez his qiladi, shu bois ham «umrida birinchi marta yangi tanishgan kishiga ko`ngil sirini aytadi». Sh.Xo`jayev Miryoqubning Maryamga munosabatini qutlagan holda, uning noyib to`ra bilan aloqalarini yoqlamaydi. Uning: «Ulardan (ya`ni, noyib to`ra kabi mustamlakachilardan - D.Q.) bizga do`st yo`q. Bizning do`stimiz — millat! Ular – millat dushmanlari!» - deyishi mustamlaka siyosatiga nafratini ifodalaydi. E`tiborli jihati shundaki, jadid mustamlakachilarga qarshi kurashda millatni, ya`ni, xalqni o`z ittifoqchisi deb biladi. Uning «biz» deganda milliy burjuaziyani, jumladan, Miryoqubni ham nazarda tutgani ayon. «Imperiya»ning nimaligini tushuntirarkan, Sh.Xo`jayev «Imperiya degani o`ris podshosining qo`l ostidagi yerlar» ekanini, ular buni qiyomatgacha o`z qo`llarida saqlab qolishni istashlarini (ya`ni, mustaqillik uchun kurashish kerak) aytadi. Jadidning «siz-biz sog`im sigirmiz, bizning shirin sutimiz bor, ruslar va boshqa ajnabiylar bizni emib yotadilar» deganini topgan-tutganining bir qismini muttasil noyib to`raga berib kelgan Miryoqub albatta tushunadi. Jadidlarning qarashlari o`zining maqsadlariga muvofiq ekanini tobora chuqurroq tushunib borayotgan Miryoqubni ular «Boylarning yer-suvi, zavodchilarning zavodlari olinib, yalangoyoqlarga berilsin demaydilarmi?» degan savol qiynaydi. Suhbatdoshi bunga javoban jadidlar aksincha: «Boy bo`l! Zavod sol! Besh minglab, o`n minglab rabochi ishlat! Milliy sanoatni rivojlantir!» deyishlarini aytgach, ko`ngli tinchiydi. Jadid ayni paytda bu maqsadlarga «millatni o`yg`otish» orqali yetish mumkinligini, o`qish, zamona ahvolidan xabardor bo`lish zarurligini uqtiradi. Jadidlarning qarashlarida o`zini qoniqtirmagan nuqtalarni ko`rmagan Miryoqub avvaliga «jadid shu bo`lsa, nega men jadid emasman» deya shoshiladi. Keyin, yo`ldoshi tushib ketgach, u aytgan gaplarni «es tarozisiga solib» ko`ra boshlaydi. Qahramon o`zi iqror qiladiki: «Ilgari tinchgina pul topishimni bilardim. Ota-bobolarimiz yurgan yo`ldan bora berardim. Endi allakim chiqib, «ota-bobolarinng yo`li egri edi, to`g`ri yo`l buyoqda!» deydi. Odam ishonadigan qilib aytadi. Shu ikki yo`ldan birini tanlab olishim kerak. Birdaniga ikki yo`ldan yurib bo`lmaydi». Anglashiladiki, Miryoqub endi ilgarigidek pul topishgagina andarmon bo`lib qolmaydi, balki atrofida sodir bo`layotgan ishlarga faol munosabatda bo`ladi. «Ongli ravishda muayyan pozitsiyani egallay olish qobiliyatisiz shaxs mavjud emas1»ligini nazarda tutsak, Miryoqubning SHAXS sifatida shakllanish jarayoni boshlanganinin ko`rish mumkin bo`ladi. Qahramon o`zining ijtimoiy maqomini va uning jadidchilar maqomiga mosligini anglash arafasida, zero, uning: «Jadidlar to`g`risida gumonlarim yo`q emas. Lekin ko`nglim o`sha tomonga moyil bo`lib qoldi... jadidlarning deganlarini boshqalarning deganlaridan ko`ra osonroq va tezroq anglayman»,- deyshi ham shundan dalolat beradi. Yuqorida yuritgan mulohazalarimiz Miryoqubning jadidchilik harakatiga qo`shilishi muqarrarligi, bu narsa uning uchun ijtimoiy-shaxsiy zarurat ekanini ko`rsatadi. U — ijtimoiy harakat bo`sag`asiga kelgan odam. Lekin uning keyingi taqdiri qanday kechadi? Kim bo`ladi u oxir oqibat?... Taassufki, «Kunduz»ning yo`qolishi «Kecha»da qo`yilgan o`nlab savol alomatlarining qaddini bukib ketdi. Shunday bo`lsa-da, qahramon xarakteri ichki mantiqidan, adib romanda badiiy tadqiq etgan muammolar xarakteri va muallifning asar ustida ishlayotgan vaqtdagi biz tasavvur etgan ruhiy holatidan kelib chiqib, quyidagi ilmiy farazni ilgari surishga jur`at qilamiz: Turkiston ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotining tabiiy oqimini buzgan inqilob va undan keyingi dastlabki suronli yillar ziddiyatlarini Cho`lpon «Kunduz»da markaziy o`rinni egallovchi Miryoqub ruhiyatidagi ziddiyatlar orqali ochib berishni rejalashtirgan. Tabiiyki, bu narsa adibning o`tmish voqealariga yigirma yil yuksakligidan turib bergan bahosi bo`lur edi. Demak, Miryoqub obrazi inqilob yillaridagi yigirma yashar Cho`lponning ziddiyatlari bilan salkam qirq yoshli Cho`lponning iztirobli va teran aqlini o`zida uyg`un mujassam etib, jahon adabiyoti miqiyosida tan olingan Klim Samgin, Grigoriy Melexov kabi adabiy siymolar qatoridan o`rin olishi lozim edi. Miryoqub haqidagi mulohazalarimiz nihoyasida bu obraz talqinidagi yana bir jihatga diqqatni tortgimiz keladi. Yuqorida ko`rganimizdek, Cho`lpon Miryoqubning ma`naviy-ruhiy evolyutsiyasini tasvirlarkan, uning dilidagi his-tuyg`ular, miyasidagi o`y-fikrlarni bo`laklarga ajratib (analiz) tahlil qiladi. Ayni paytda, bu bo`laklar bir-biri bilan dialektik aloqadorlikda berilgan: bir hisdan ikkinchi his, bir uydan boshqa bir fikr o`sib chiqadi, ular bir-birini to`ldiradi, sifat jihatidan o`zgartiradi va hokazo. Bu esa Cho`lpon Miryoqub obrazi talqinida o`zbek nasrida ilk bor shaxs taqdiridagi keskin burilishlarni tayyorlash va ko`rsatishga keng imkoniyatlar beruvchi tolstoyona «qalb dialektikasi» shaklidan foydalangan deyishimizga asos beradi. XULOSA «Kecha va kunduz»da psixologik tahlil nuqtai nazaridan yuksak mahorat bilan yaratilgan xarakterlardan biri, shubhasiz, Miryoqub obrazidir. O`z oldiga qo`ygan g`oyaviy-badiiy niyat talabi bilan Cho`lpon Miryoqub ruhiyati tahliliga, uning psixologik jihatdan ishonarli bo`lishiga jiddiy e`tibor beradi. Professor O.Sharafiddinov bu obraz haqida to`xtalib: «Miryoqub obrazining ziddiyatli qirralarini belgilagan narsa shundaki, u, bir tomondan, yangicha burjua odamiga xos sifatlarga ega, ammo, ikkinchi jihatdan, o`z muhitidan butunlay uzilib ham ketgan emas1»,-deb yozadi. Cho`lpon Miryoqub ruhiyasidagi tadrijni tasvirlarkan, qahramonining o`z muhitidan uzilib» chiqishini, buning ijtimoiy-ruhiy ildizlarni ko`rsatishga intiladi. Miryoqubning ichki olamini ochish, uning ma`naviy qiyofasini o`zgartirgan, ijtimoiy siyosiy qarashlarini shakllantirgan (garchi bu narsa «Kecha»da nihoyasiga yetmagan bo`lsa-da) ruhiy jarayonni, bizningcha, bir-biriga uzviy bog`liq bo`lgan uch bosqichda ko`rsatadi: 1) psixologik zamin; 2) qahramon ruhiyasini xatti-harakatilari orqali ochish; 3) ruhiy jarayonlarning bevosita tasviri. Ko`ramizki, Miryoqb xarakterining yaratilishida realistik psixologik tahlilning har uchchala — dinamik, tipologik va analitik pinsiplari2 qo`llanadi. Shuni ham qayd etish lozimki, Miryoqub ruhiyasini ochishda analitik prinsip yetakchi mavqe tutadi, boshqalari esa uni to`ldirishga, konkretlashtirishga xizmat qiladi. Birinchi bosqich — psixologik zamin3 qahramonning keyingi xatti-harakatlarini psixologik jihatdan asoslashga, evolyutsiyaning boshlanishidagi start holatini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Gap shundaki, «Kecha va kunduz» qahramon hayotini bosqichma-bosqich, xronologik tarzda ko`rsatuvchi asarlar sirasiga kirmaydi. Cho`lponni ko`proq muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitning qahramon ruhiyatiga ta`siri qiziqtiradi, shu bois ham u Miryoqub hayotining ma`lum bir etapinigina qalamga oladi. Shunday ekan, qahramon psixikasining o`ziga xos xususiyatlarini, uning romanda tasvirlangan vaqtga qadar qanday shakllanganini tasavvur qilish yozuvchiga qahramon hatti-harakatlari, o`y-fikrlarining mantiqiy izchilligini ta`minlashga (o`quvchiga esa buni tushunishga) imkon beradi. Psixologik zamin asosini yozuvchining Miryoqubga bergan ta`rifiyu uning hayotidan olingan retrospektiv lavha tashkil qiladi. E`tibor berilsa, muallif ta`rifidan anglashiladigan Miryoqubning romanda tasvirlangan vaqtga qadar bo`lgan hayoti ham tadrijiy berilganini sezish qiyin emas. Shunday ekan, Miryoqubdagi evolyutsiyani ancha ilgaridan, taxminan, 15 yillik o`tmishdan boshlab kuzatish lozim. Foydalanilgan adabiyotlar: O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli.– Toshkent: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. M.Yodgorova.”Bir obraz tadriji va talqini.//O‘zbek tili va adabiyoti. – Тошкент, 2019. -№ 5 . – B. 80. Jovliyev B. Nazar Eshonqul hikoyalarida mifologik obraz.//O‘zbek tili va adabiyoti. – Тошкент, 2021. -№ 2 . – B. 68. G'or allegori. https://uz.wikiaro.ru/wiki/Allegory_of_the_cave Cho’lpon. “Kecha va kunduz”. Toshkent: Sharq, 2000. Download 94.36 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling