Mavzu: Daromatlarning taqsimlanishi, tengsizlik va qashshoqlik. Reja: Kirish


Download 126.18 Kb.
bet2/5
Sana20.06.2023
Hajmi126.18 Kb.
#1635937
1   2   3   4   5
Bog'liq
daromatlarning taqsimlanishi

Grafik Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.
Hududlarning umumiy daromadlari tarkibidan mamlakat tashqarisidan kirib kelgan pul o‘tkazmalari chiqarib tashlansa, vaziyat yanada jiddiylashadi. Daromadlari yuqori darajada shakllangan hududlarning umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi daromadlar darajasi past bo‘lgan hududlarnikiga nisbatan karrasiga kamroq. Xususan, 2021 yil holatiga Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatining umumiy daromadlari tarkibida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi mos ravishda 10,6 foiz hamda 4,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Xorazm, Samarqand, Andijon, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida bu ko‘rsatkich 20 foizdan yuqori. Boshqacha aytganda, umumiy daromadlar tarkibidan xorijdan pul o‘tkazmalarini chiqarib tashlangan taqdirda, xususan, Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyati misolida daromadlar darajasi o‘rtasidagi tafovut 3 barobarga yetadi (pul o‘tkazmalari qo‘shib hisoblanganda farq 2,8 barobar edi).
Muayyan hudud daromadlar darajasi bo‘yicha boshqa hududlardan jiddiy farq qilgan taqdirda, mazkur hududga boshqa hududlarlardan ko‘chib keluvchilar soni keskin oshishi va bu, o‘z navbatida, daromadlar darajasi bo‘yicha mavjud farqni qisqartirishi lozim. Biroq, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha ichki migratsiyaga turli cheklovlar mavjud edi. Shu sababli daromadlar darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga aholining ko‘chib o‘tishida faollik kuzatilmagan.
Biroq, 2017 yildan keyin ichki migratsiyaga nisbatan to‘siqlar sezilarli darajada yumshatildi. Bu esa aholining daromad darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga faol ravishda ko‘chib o‘tishiga turtki bo‘ldi. Xususan, 2016 yilda Toshkentga doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlar soni 18 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 112 ming kishiga yetgan. Guvohi bo‘lganimizdek, so‘nggi yillarda daromad darajasi eng yuqori bo‘lgan hududga boshqa hududlardan doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tganlar (poytaxt hududining kengaytirilganligi ham ta’sir ko‘rsatganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim) soni keskin oshgan. Biroq, bu tendensiyaning daromadlar tengsizligiga sezilarli ta’siri kuzatilmayapti.

Grafik Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, daromadlar bo‘yicha hududlararo tafovutlar yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu tendensiya, ayniqsa, 2017 yildan keyin sezilarli tezlashgan. Bundan tashqari, hududlar o‘rtasidagi tengsizlikning keskinlashishiga ko‘p hollarda bevosita qaror qabul qiluvchilar ham hissa qo‘shmoqda.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda qaror qabul qiluvchilar tomonidan turli davlat dasturlari — soliq imtiyozlari, subsidiyalar — vositasida nisbatan past daromadli aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga urinishlar yo‘q emas. Biroq, aksariyat hollarda ajratilayotgan subsidiyalar regressiv ta’sirga ega bo‘lib qolmoqda. Ya’ni dasturlarning manzilliligi va natijadorligi savol ostida bo‘lib, ulardan aynan aholining bunday ko‘rinishdagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj, past daromadli qatlami foydalanishi darajasi va ehtimoli turli sabablarga ko‘ra juda pastligicha qolmoqda.
Raqamlarga nazar tashlasak, hududlar kesimida o‘zlashtirilgan soliq imtiyozlarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Xorazm, Jizzax kabi viloyatlarda mazkur ko‘rsatkich 2 foizga ham yetmaydi. To‘g‘ri, soliq imtiyozlarining katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelishi bu hududda imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari nisbatan ko‘proq ekanligi bilan, kamroq soliq imtiyozlariga ega chiqayotgan hududlarda esa imtiyozlardan foydalanuvchilarning umumiy soni ko‘p emasligi bilan ham izohlanishi mumkin. Biroq, bu soliq to‘lovchilarning mablag‘larini bunday adolatsiz, regressiv va samarasiz sarflash mumkin degani emas.
Qaror qabul qiluvchilar bu singari teskari ishlovchi soliq yoki boshqa imtiyozlardan butunlay voz kechishi optimalroq yechim bo‘lar edi. Shu orqali ular hududlar orasidagi tengsizlikning yanada kuchayishiga kamroq hissa qo‘shishlari mumkin. Hukumat tomonidan qaysidir hududga ko‘proq e’tibor qaratilishi (investitsiyalar kiritilishi, infrastrukturaning rivojlantirilishi va h.k.) yoki turli dasturlar doirasida ajratilayotgan mablag‘larning aksariyatidan asosan daromad darajasi yuqori bo‘lgan hududlar ko‘proq naf ko‘rayotganligi, aholining past daromadli va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga nisbatan qo‘llanilayotgan jazodek gap. Boshqacha aytganda, davlat tomonidan turli ko‘rinishdagi qo‘llab-quvvatlashga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan hududlar amalda mavjud dasturlardan eng kam foydalanadi hamda bu ularning turmush darajasini deyarli o‘zgartirmaydi.
Hududlar o‘rtasida muayyan darajadagi tengsizlik mavjud bo‘lishi tabiiy, biroq ba’zi hududlarda aholining turmush darajasi minimal yashash standartlariga javob bermagan bir vaqtda, boshqa hududlar daromadlarining keskin o‘sishi, ayniqsa, vaziyatning bunday tus olishiga bevosita qaror qabul qiluvchilarning o‘zi sababchi bo‘lib qolayotganligi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Hozirgi holatda qaror qabul qiluvchilar mavjud tendensiyani sekinlashtirish va hatto vaziyatni o‘nglash imkoniyatiga ega. Birinchidan, davlat investitsiyalarni yo‘naltirishda muayyan darajada ta’sir kuchiga ega (tabiiy boyliklarga bog‘liq bo‘lmagan investitsiyalar), shu yo‘l bilan qaror qabul qiluvchilar daromad darajasi past bo‘lgan hududlarning daromadlari nisbatan o‘sishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qolaversa, infrastrukturaga qaratilgan investitsiyalar faqat daromad darajasi yuqori hududlar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Bu past daromadli hududlarning ham yashash va investitsiyalar kiritish uchun jozibaliroq hududlarga aylanishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bunday choralar hududlar o‘rtasidagi mavjud tengsizlikning qisqarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Download 126.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling