DAVLAT YER KADASTRI TO‘G‘RISIDA
1-modda. Mazkur Qonunning maqsadi
Mazkur Qonunning maqsadi davlat yer kadastri yuritishning, iqtisodiyotni rivojlantirish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning kafolatlarini ta’minlash, yerlardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va muhofaza qilish uchun kadastr ma’lumotlaridan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilashdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Davlat yer kadastri to‘g‘risidagi qonunchilik
Davlat yer kadastri to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonundan, boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining davlat yer kadastri to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Davlat yer kadastri
Davlat yer kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining asosiy tarkibiy qismi hisoblanib, u yerlarning tabiiy, xo‘jalik, huquqiy rejimi, toifalari, sifat xususiyatlari va qimmati, yer uchastkalarining o‘rni va o‘lchamlari, ularning yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar o‘rtasidagi taqsimoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda hujjatlar tizimidan iboratdir.
Davlat yer kadastri yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini, yerlarning miqdori va sifatining hisobga olinishini, tuproq bonitirovkasini, yerlarning qiymat bahosini, shuningdek yer kadastriga doir axborotlar bir tizimga solinishi, saqlanishi va yangilab turilishini o‘z ichiga oladi.
4-modda. Davlat yer kadastrini yuritishning asosiy prinsiplari
Davlat yer kadastrini yuritishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
mamlakatning butun hududini to‘la qamrab olish;
fazoviy koordinatalarning yagona tizimini qo‘llash;
er kadastriga doir axborotlar ishlab chiqish uslubiyotining birligi;
er kadastriga doir axborotlarning to‘g‘ri bo‘lishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |