Мавзу: Фалсафа фанининг предмети, ма=сади, вазифалари ва муаммолари
Qadimgi SHarq xalqlarining estetik qarashlari («Avesto», Hindiston, Xitoy)
Download 2.98 Mb.
|
2023 ФАЛСАФА Мажмуа1 11(1) —
- Bu sahifa navigatsiya:
- Hindistonga
Qadimgi SHarq xalqlarining estetik qarashlari («Avesto», Hindiston, Xitoy).
Sharq xalqlari taraqqiyoti tarixida qadimgi Eronzamin va Turonzamin aholisi yaratgan madaniyat katta o‘rin tutadi. Eronliklar va turonliklar o‘rtasidagi aloqalar ko‘pincha tinch-totuvlikka asoslangan emas. To‘maris, Shiroq haqidagi qadimgi voqelikka asoslangan afsonalar, keyinchalik Firdavsiy «Shohnoma»sidan o‘rin olgan buyuk turk xoqoni Alp Er To‘nga-Afrosiyobning Siyovush, Kaykovus, Kayxusrav bilan bo‘lgan munosabatlari buning dalilidir. Ayni paytda, bu qadimgi ikki mintaqa orasida madaniy, ma’rifiy aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi shubhasizdir. Xususan, mashhur zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»ning taqdiri bunga misol bo‘la oladi. Bundan 3 ming yil avval qadimgi Xorazmda Spitoma urug‘idan dunyoga kelgan Zardusht dastlab o‘z o‘lkasida Axuramazda dinini targ‘ib etishda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgach, o‘zga yurtlarga bosh olib ketadi. Sakastana yurtida Kaviy Vishtaspa saroyida panoh va uzlat topadi. «Avesto» gotlarini Zardusht badiha yo‘li bilan omma orasida qo‘shiq qilib aytgan. Bu turkum she’rlar-«got»larda o‘sha hayotiy lavhalar o‘z aksini topgan. «Got» so‘zi aslida «goh» ya’ni «kuy», «qo‘shiq» degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z mumtoz musiqa merosimizda «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh» kabi atamalar tarkibida saqlanib qolgan. Qadimgi «Avesto»dan bizgacha etib kelgan qismlar «Yasna», «Vedevdat», «Yasht», «Visparat» kitoblaridir. Zardusht ijod qilgan gotlardan 17 tasi «Yasna» kitobiga kirgan. Ayrim parchalar yashtlar ichida ham uchraydi. Aynan ana shu gotlar orasida qadimgi turonliklar va eronliklarda estetik tasavvurlarning qanday shakllanganligini ko‘rish mumkin. Qadimgi hind eposi «Mahobxarat»da tasvirlanishicha, Yudhishtir tomonidan ruhlarga atab o‘tkazilgan qurbonlik bayramida turli mamlakatlardan, jumladan Turondan shaklar, tohar va qang‘ilar davlatining elchilari qatnashadilar. Bu elchilar keltirgan sovg‘a-salomlar ichida xalq amaliy san’ati taraqqiyotidan dalolat beruvchi, o‘z davri estetik didini aks ettiruvchi jundan, paxtadan, ipakdan to‘qilgan matolar, nafis kiyim-boshlar, temir uchli nayzalar, oyboltalar, kesgir bolta va teshalar bo‘lgani aytiladi. Taxminan milodgacha bo‘lgan II ming yillik o‘rtalarida Shimoliy-g‘arbiy Hindistonga, hozirgi Panjob mintaqasiga g‘arbdan Hindukush dovonlari orqali o‘zlarini oriylar deb atagan jangovar qabilalar kirib kela boshladilar. Ular nafaqat harbiy iste’dodga, balki shoirlik qobiliyatiga, dunyoning qandayligi, uning qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi o‘z qarashlariga ham ega edilar. Ularning alqovlari, sharqiyalari eng qadimgi hind yodgorligi «Rigveda»ga asos bo‘ldi. «Veda»-muqaddas bilim, «Rigveda»-alqovlar vedasi demakdir. «Rigveda» o‘sha davr kishisining o‘zi va atrof muhit: ma’budlar, iblislar, devlar, fazo, ijtimoiy turmush axloqiy va estetik qadriyatlar haqidagi bilimlarni o‘z ichiga oladi. Eng keng yoyilgan nuqtai nazarga ko‘ra, Hindistonga bostirib kirgunlariga qadar oriylar O‘rta Osiyoning Amudaryo va Sirdaryo bo‘ylab Orol hamda Kaspiy dengizigacha bo‘lgan mintaqalarida yashaganlar. Zero «Rigveda» va «Avesto»ning tili bir-biriga nihoyatda yaqin. Yaqinlik ba’zan shu darajadaki, ikki matn bir qadimiy matnning ikki xil variantiga o‘xshaydi: faqat tovushlar mosligining qonun-qoidalarigina har xil. Buning ustiga «Rigveda» tili keyingi davrda sanskritda yozilgan she’rlar va mumtoz eposlar tilidan ko‘ra, «Avesto» tiliga yaqin. «Rigveda»dagi qator mifologik personajlarning «Avesto»da mavjudligini ham aytib o‘tish lozim; nomlar o‘xshashligidan tortib, syujetlar o‘xshashligigacha uchratish mumkin. Bundan tashqari, har ikki diniy tizimda sig‘inish obyekti umumiy; «Rigveda»da ham, «Avesto»da ham olovga sig‘inish e’tiqodiy asos sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday o‘xshashliklar juda ko‘p. «Rigveda»da so‘zning ahamiyati alohida o‘rin tutadi. Ma’budlarni e’zozlashda so‘z ibodat va qurbonlik kam hisoblangan emas. So‘z poklovchi, muqaddas omil hisoblangan, «Rigveda»da u ma’buda Voch («voc»–«so‘z», «nutq» degani) timsolida jonlantirilgan. Sharqiya-alqovlarni shoir-kohinlar-rishilar yaratganlar. Rishilar san’ati bizning hozirgi baxshi-shoirlarimiz san’atiga o‘xshash vorisiylik tabiatiga ega bo‘lgan, otadan o‘g‘ilga o‘tgan. Oriylarning Hindiston ichkarisiga kirib boraverishi bilan tabaqaviy to‘siqlar yo‘qola borgan; rishilar uchun zot emas, iste’dod birinchi o‘ringa chiqqan. «Rigveda»da oriylar jamiyatidagi shoir ilohiy karomatga dahldor, ma’budlar alqagan donishmand tarzida namoyon bo‘ladi. Shoir ma’buddan ana shu karomatli onlarni baxshida etishni so‘raydi. Donishmandlik, bu bir zum namoyon bo‘luvchi manzara. Unga erishishning usuli - ko‘rishdir. Shoir ichki nigoh, savqi tabiiy bilan, uning haqiqatning ilohiy manzarasini haqiqat nogoh yoritib yuboradigan nuri orqali ko‘radi. Bir manzara o‘rnini ikkinchisi egallaydi va bu manzara-karomatlar almashinuvi zaminida dhi deb nomlangan vedaga xos dunyoni bilish yotadi. Dhi-«fikr, tasavvur, qarash, tushuncha; intuitsiya (fahm), bilish, aql, bilim, san’at, ibodat», shuningdek, «ko‘z o‘ngiga keltirish, fikrlash» ma’nolariga uyqash. Shoir dhira-«dhi» egasi, donishmand, iste’dod egasi» deb atalgan. Shoirlar ma’budlardan dhi ato etishlarini so‘raganlar. Dhi tufayli shoirlar ma’budlar odamlar orasidagi vositachiga aylanganlar. Zero shoir-«doimo ma’budlar olami bilan uchrashuv» timsolidir. Ma’budlar olami esa mutloq go‘zallik maskani Vedalardagi tasavvurga ko‘ra, shoirlar o‘zlari yangi manzaralar yaratmaydilar, balki oddiy bandalar ko‘rolmaydigan ma’budlar dunyosiga tegishli manzaralarni so‘zga aylantiradilar. Bunda ilhomning o‘rni muhim. Ilhomgina shoirga ilohiy so‘z ustidan hukmronlik qilish imkonini beradi. Shu bois shoirning muvaffaqiyati Voch bilan bog‘liq. Voch deydi: «Kimni suysam o‘shani-qudratli, o‘shani-brahman, o‘shani-rishi, o‘shani-donishmand qilaman. Zero shoir-baxshining «So‘z bilan ko‘rmoqchiman iloh Agni siyratini», deyishi bejiz emas. «Rigveda»-she’riy matn. Uning she’riy o‘lchovi hijolarning muayyan soniga asoslangan. Ayni paytda uzun va qisqa hijolar farqlanadi. «Rigveda»da 1028 sharqiya-alqovlar mavjud. Uzoq zamonlardan buyon Hindistonda bu sharqiyalar musiqa jo‘rligida ijro etilishi odat tusiga kirgan. Chunonchi, «Samoveda» - butunasicha musiqaga solingan «Rigveda» sharqiyalaridan iborat. Qadimgi Xitoy estetikasi deganda, biz odatda, miloddan avvalgi VII asrdan milodning V asrigacha bo‘lgan davrni nazarda tutamiz. Mana shu davrda Xitoyda, garchand estetik tafakkur mustaqil fan maqomiga ega bo‘lmasa-da, lekin asosiy falsafiy-estetik tushunchalar shakllangan edi. Biroq, dastlabki nafosatga doir tasavvurlar, g‘oyalar, tushunchalar bundan ancha avval «Shutszin»(«Tarixlar kitobi»-miloddan avvalgi XII asr), «SHitszin («Qo‘shiqlar kitobi»-miloddan avvalgi XI-YI asrlar), «Itszi» («O‘zgarishlar kitobi»- miloddan avvalgi YIII-YII asrlar) deb nomlangan yodgorliklarida uchraydi. Ularni eng avvalo, mazkur kitoblardan joy olgan asotirlar-miflarda va she’riy eposlarda ko‘rish mumkin. Bular orasida «Shitszin» («Qo‘shiqlar kitobi») alohida o‘rin tutadi. Zero u qadimgi Xitoy xalqi tarixini ko‘pgina tarixiy, etnografik va boshqa yodgorliklarga nisbatan to‘laroq, chuqurroq aks ettiradi, desak yanglishmaymiz. «Shitszin» 305 she’riy asarni o‘z ichiga oladi. Ular to‘rt qismga bo‘lingan: «Gofun» («Saltanatlar odatlari»), «Syao ya» («Kichik qasidalar»), «Da ya» («Ulkan qasidalar») va «Sun» («Alqovlar»). «SHitszin»dagi she’riy asarlar asosan xalq og‘zaki ijodining yozib olingan variantlaridir, to‘g‘rirog‘i musiqaga solingan she’rlardir. Agar qadimda musiqa va raqs bir-biridan ajralib chiqmaganini azarda tutsak, bu yodgorlikda ham so‘z san’ati, ham musiqa san’ati, ham raqs san’ati ruhini, unsurlarini ko‘rish mumkin. Cuunonchi, «Yueszin» («Musiqa haqida kitob») deb atalgan qadimgi yodgorliklardan bizgacha etib kelgan bir parchada shunday deb yoziladi: «She’riyat-bu so‘zga aylangan intilish; qo‘shiq uni tovush orqali ifodalaydi; raqs obrazni harakat orqali yetkazadi. Har uchala tur yurakda ildiz otadi, keyin ularga musiqiy asboblar ergashadi». Bu parchadan o‘sha paytlarda so‘z san’ati kuy va raqs talablariga bo‘ysindirilgani ko‘rinib turibdi. Ieroglif - belgilar odamlarning reallikka estetik munosabati taraqqiyotini, badiiy ijod umumiy qonunlari shakllanishining manzarali belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois so‘zning she’riy ma’nosi ko‘p hollarda aniq va cheklangan doiralarda emas, balki asosiy ma’noga o‘xshashligi, yaqinligi, ba’zan esa zidligi bilan ochiladi. Satrlarda tugallangan obraz o‘rnida, o‘sha obrazning ko‘lankasi ishora, badiiy asosgina aks etadi; atayin qilingan nim ifoda, notugallik, ko‘pma’nolilik, bir chizgi, belgida homaki matn tarzida in’ikos topgan ishora ba’zan asl ma’nodan muhimroq ahamiyat kasb etadi. Natijada ijodiy hamkorlik tug‘iladi, o‘quvchi san’atkorning asosiy fikriga bo‘ysunuvchi, uni inkor etmaydigan rang-barang bo‘yoqlarni tasavvur qiladi. Bunda muallif qancha kam so‘z ishlatgan bo‘lsa, shuncha ko‘p ifoda vositalari iqtisod qilinadi, fikrlashga, tasavvurga, manzara yaratishni tugallashga shuncha katta imkon tug‘iladi. Shu bois kamso‘zlik, qisqalik, nozik ishora qimmatli hisoblanadi. Qadimgi Xitoy shoirlarining o‘zlarini cheklashga, iloji boricha kam so‘z ishlatishga, ifodaviy vositalarga «xasislik» qilishlariga intilishlari shundan. Qadimgi Xitoy estetikasida ikki yo‘nalish alohida ajralib turadi. Bular - daochilik va konfutsiychilik. Daochilik yo‘nalishining muhim belgisi bu-fazo (kosmos) va tabiatning azaliy va abadiy go‘zalligi; jamiyat va inson go‘zalligi darajasi esa ana shu borliq go‘zalligiga qanchalik o‘xshash, yaqin ekanligi bilan belgilanadi. Konfutsiychilik xulqiy go‘zallik muammosini o‘rtaga tashlaydi; axloqiy-estetik ideal uning eng muhim belgisi sanaladi. Download 2.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling