Falsafani ko‘pincha «tafakkur maktabi» deb ataydilar. U bir qolipda fikrlash uslubi tugagan, oydek ravshan bo‘lgan narsa shubha va taajjub uyg‘otgan joyda boshlanadi. Inson hayot mazmuni bilan bog‘liq masalalar (Immanuil Kant tilida ular quyidagicha yangraydi: «Men nimani bilishim mumkin?», «Men nima qilishim kerak?», «Men nimaga umid qilishim mumkin?», «Inson nima?») ustida bosh qotira boshlagani zahoti u darhol falsafaga «asir» tushadi, borliqni falsafiy anglab etish sohasiga kirib qoladi. Ingliz faylasufi Tomas Gobbs (1588–1679): «Falsafa sening tafakkuring farzandi... va sening o‘zingda yashaydi»5, deganida, bizningcha, to‘la haq bo‘lgan. Darhaqiqat, falsafiy mulohaza yuritish har bir insonga xos xususiyat. Zero hayotning mazmuni, erkinlik, adolat va umrboqiylik haqida mulohaza yuritishni biron-bir insonga taqiqlash mumkin emas.
FALSAFANING PREDMETI. Ma’lumki, falsafa predmeti tarixiy rivojlanish jarayoni mobaynida sezilarli darajada o‘zgargan. Falsafiy fanlarning har biri: ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika, mantiq, siyosatshunoslik, falsafa tarixi ham o‘z alohida predmetiga ega. Shu tufayli ham falsafa predmetini faqat o‘ta abstrakt tushunchalar yordamida belgilash mumkin. Shu ma’noda «dunyo – inson» munosabatlari tizimidagi umumiylik falsafaning predmeti hisoblanadi, degan fikr mazkur talablarga javob beradi.
Endi «Falsafa nimani o‘rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday ob’ektiv va sub’ektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi.
XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan «klassik falsafa» va ratsionallik inqirozi irratsionallik, intuitivlik, ongsizlik muammolarini namoyon etdi.
XX asrning birinchi yarmida ular «noklassik falsafa» tahlilining asosiy predmetiga aylandi, bu esa, o‘z navbatida, matnlar mantig‘i, tili, ularni talqin qilish va sharhlashga alohida qiziqish uyg‘onishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |