Mavzu: Falsafaning metod, qonun va kategoriyalari. Reja: Falsafada metod va qonun tushunchasi va uning mohiyati. Qonun va qonuniyat
Download 97.87 Kb.
|
Falsafaning metod, qonun va kategoriyalari.
Rivojlanish — bu progressdan iborat o‘zgarish bo‘lib, keng ma’noda quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga qarab ilgarilab boruvchi harakatdir. Rivojlanish shunday o‘zgarishki, u narsa va hodisalarning quyi bosqichi o‘rnini yuqoriroq bosqich olishidir. Rivojlanish boshqa jihatdan narsa va hodisalarning miqdor va sifat jihatdan tubdan o‘zgarib, boshqa narsa va hodisalarga aylanishidir. Rivojlanish, umuman olganda, to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakat emas, uni bunday tushunish xatodir. Bunday tushunishni tabiat rivojlanishi ham, jamiyat tarixi ham rad etadi. Har qanday real rivojlanish spiralsimon holda, uning har bir yangi o‘rami oldingisiga qaraganda kengroq boyroq, mazmunliroq, yuqoriroq, asosda egri-bugri yo‘llar bilan sodir bo‘ladi.
Fan va ijtimoiy-tarixiy amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tabiat, jamiyat, inson va inson tafakkuriga xos bo‘lgan asosiy umumiy xususiyatlardan biri — bu ularda progress tomon rivojlanishning, ya’ni taraqqiyotning mavjudligidir. Noorganik tabiatda rivojlanish moddiy ob’ektlarning, ulardagi o‘zaro aloqadorlik va harakat turlarining tobora murakkablashib borishi tarzida namoyon bo‘ladi. Organik tabiatda esa rivojlanish tirik organizmlarning tashqi muhitga moslashuvi asosida, ulardagi tabiiy va sun’iy tanlanish jarayonida eski, sodda turlarning o‘rniga yangi, murakkabroq turlarning paydo bo‘lib, ularning takomillashib borishida ifodalanadi. Insonning rivojlanishi deyilganda esa, odamning tobora ijtimoiylasha borib, mehnat, til, ong va ahloqning ta’siri tufayli ijtimoiy zot — insonga aylana borishi, nihoyat, ibtidoiy jamoa tuzumi kishisidan to hozirgi davr kishisigacha bosib o‘tilgan bosqichlar tushuniladi. Progress tomon rivojlanish, ayniqsa, jamiyat hayotida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jamiyatdagi rivojlanish bir quyi ijtimoiy-iqtisodiy bosqichdan unga nisbatan progressivroq, yuqoriroq ijtimoiy-iqtisodiy bosqichlarga o‘tib borish asosida ro‘y beradi. Inson tafakkuri jarayoniga xos rivojlanish esa, bu inson bilishining bilmaslikdan bilishga tomon, to‘la bo‘lmagan bilimlardan to‘laroq bilimlarga tomon, oddiy bilishdan ilmiy bilishga tomon yuksalib borishidir. Biz ko‘rib o‘tgan sohalarning har birida progress tomon rivojlanish o‘ziga xos shakllarda yuz beradi. Shu bilan birga, ularning hammasiga xos rivojlanishning umumiy tomonlari ham bo‘lib, ular birlikda bir butun dunyoning umumiy rivojlanish manzarasini ifodalaydi. Shuni aytish kerakki, rivojlanishning turli tomonlari, bosqichlari, uning konkret xususiyatlari turli konkret fanlar tomonidan o‘rganilib, ularning har biri o‘zining sohasiga oid alohida rivojlanish nazariyalarini ishlab chiqadi va mukammallashtirib boradi. Masalan, hozirgi zamon kosmologiyasi koinot, ayrim galaktikalar, turlicha kosmik ob’ektlarning kelib chiqishi kabi nazariyalarni ishlab chiqmoqda. Evolyusion biologiya esa tirik organizmlarning rivojlanishi, ularda sodda turlardan murakkab turlarning qanday kelib chiqishi haqida o‘z nazariyalariga ega. Tarix fanida esa kishilik jamiyatining rivojlanish qonuniyatlari haqida turli nazariyalar mavjud; tilshunoslik fani bo‘lsa turli tillarning rivojlanish qonuniyatlari haqidagi nazariyalarni ishlab chiqqandir. Bular rivojlanishning turli konkret maxsus sohalariga oid nazariyalardir. Rivojlanishning turli maxsus fanlar sohalariga oid bunday nazariyalarining umumiy jihatlari dialektikaning taraqqiyot nazariyasida ifodalanadi. Dialektikaning taraqqiyot nazariyasi esa bir butun borliqning harakati, o‘zgarishi va rivojlanish qonunlari va prinsiplarini o‘z ichiga olgan umumfalsafiy ta’limotdir. Taraqqiyotning bu umumfalsafiy nazariyasining vujudga kelishi va shakllanishi ham o‘z tarixiga ega. Mavjud olam rivojlanishining muayyan holatlarini ifodalaydigan tartiblilik va tartibsizlik, ya’ni qonun va xaos tushunchalari ham muhim ahamiyatga ega. Bu masala xususida falsafa tarixida turlicha g‘oyalar ilgari surilgan. Qadimgi mifologik, diniy-falsafiy qarashlarda olamning dastlabki tartibsizlik – “xaos” holati mavjudligi haqidagi g‘oya ilgari surilgan. Masalan, xitoylik zamondosh olimlardan biri Yuan Ke o‘zining “Qadimgi xitoy afsonalari” nomli kitobida xitoy xalqining afsonaviy-diniy dunyoqarashini tahlil qiladi. Bu afsonalarga ko‘ra, dunyoning dastlabki holati Xaos – tartibsizlik bo‘lib, so‘ngra ikki qarama-qarshi kuch – Yan (osmon qudrati) va In (er qudrati) o‘rtasidagi munosabat tufayli xaosning bo‘ysundirilishi va dunyoning tartiblanishi yuz berdi. Dunyoning tartibli tuzilishining asosida boshlang‘ich besh unsur (suv, olov, havo, tuproq va daraxt (yoki metall) ko‘rsatiladi. Bu unsurlar asosida tabiatning besh xil hodisasi – yomg‘ir, quyoshning tovlanishi (ufq), issiq xarorat, sovuqlik, shamol talqin qilinadi. Qadimgi Xitoydagi Konfutsiy falsafasida ham olamning tuzilishi, inson va jamiyat taqdiri osmonga, yaratuvchi ilohiy kuchga bog‘liq, deb ko‘rsatiladi. Uning ta’limotida Li degan tushuncha alohida ahamiyat kasb etadi. Li – tartib, qoida, qonun degan ma’noni anglatadi. Konfutsiy jamiyatning qat’iy tartibli ierarxik tuzilishini himoya qiladi va Li – jamiyat ravnaqining asosi, deb hisoblaydi. Eng umumiy shaklda qonun – olamdagi turli xil narsalar va hodisalar, voqea va jarayonlar o‘rtasidagi tartiblashgan munosabatlar, o‘zaro aloqalar demakdir. Lekin qonun barcha munosabatlarni ifodalaydi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Olam rivojlanishining, tabiat va jamiyatning har qanday qonuni uchta muhim tomoni bilan xarakterlanadi: 1) Qonun ob’ektiv asosga ega bo‘lib u olamdagi turli xil narsa va hodisalar, voqea va jarayonlar o‘rtasidagi muhim, zaruriy, umumiy va nisbiy barqaror (doimiy) aloqadorliklarni ifodalaydi; 2) Qonun xususiy xarakterga ega bo‘lib voqealar rivojlanishining qat’iy natijasini, muayyan yo‘nalishini belgilab beradi; 3) Qonun ma’lum bir shart-sharoitlarda namoyon bo‘ladi, narsa va hodisalarning mavjudligi hamda rivojlanishi uchun majburiy, zaruriy hisoblanadi. Shularni hisobga olgan holda qonunga quyidagicha ta’rif berish mumkin: Qonun – muayyan shart-sharoitda voqealar rivojlanishining xarakteri va yo‘nalishini belgilaydigan, ma’lum bir qat’iy natijani taqozo etadigan ob’ektiv dunyodagi narsa va hodisalarning muhim, zaruriy, umumiy, nisbiy barqaror munosabatlari, o‘zaro aloqadorliklaridir. Mavjud voqelikning qonunlari nihoyatda xilma-xildir. Tabiat qonunlari, jamiyat rivojlanishi qonunlari va ma’naviy olam (xususan tafakkur) qonunlari ob’ektiv jarayonlarni aks ettirishiga qarab bir-biridan farq filadi. Tabiat qonunlarini tabiatshunoslik fanlari, jamiyat qonunlarini jamiyatshunoslik fanlari, ma’naviy olam rivojlanishi qonunlarini ma’naviyatshunoslik fanlari o‘rganadi. Download 97.87 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling