Muammoli ta’lim texnologiyasi. Talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, muayyan farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash, ma’lum xulosalarga kelish kabi ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga xizmat qiladigan ta’lim muammoli ta’lim deb ataladi.
Muammoli ta’lim turlari (M.N.Skatkin):
1. Bilimlarni muammoli bayon qilish (muammoli ma’ruza).
2. Muammoli topshiriqlarni hal qilish (muammoli amaliy mashg‘ulot).
3. Kichik ilmiy tadqiqotlarni olib borish (muammoli tajriba).
Muammoli vaziyat – talabalarning ma’lum topshiriqlarni bajarish (masalani yechish, savolga javob topish) jarayonida yuzaga kelgan ziddiyatni anglashi bilan bog‘liq ruhiy holati bo‘lib, u hal etilayotgan masala bilan bog‘liq yangi bilimlarni izlashni taqozo etadi.
Muammoli vaziyatlarni hal qilish bosqichlari:
1. Muammoli vaziyatni yaratish.
2. Vaziyatni tahlil qilish asosida muammoni qo‘yish.
3. Farazlarni ilgari surish.
4. Yechimni tekshirish.
SH.A.Amonashvilining inson-shaxs texnologiyasi [9]. Shalva Aleksandrovich Amonashvili taniqli pedagog olim va amaliyotchi bo‘lib, u o‘zining eksperimental maktabida hamkorlik pedagogikasini, shaxsiy yondashuvni, til va matematika o‘qitishning ajoyib metodikasini ishlab chiqdi va hayotga tatbiq etdi. Sh.A.Amonashvilining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
bolaning shaxsiy xislatlarini namoyon qilish orqali unda olijanob insonning shakllanishi, rivojlanishi va tarbiyalanishiga imkon yaratish;
bolaning qalbi va yuragini ulug‘lash orqali boladagi bilishga bo‘lgan kuchlarni rivojlantirish va shakllantirish;
keng va chuqur bilim, hamda malaka olish uchun sharoit yaratish va ideal tarbiya – bu o‘z-o‘zini tarbiyalashga erishish.
SH.A.Amonashvili o‘zining texnologiyasini amalga oshirish uchun insonparvarlik, shaxsiy yondashuv, muloqot mahorati, oila pedagogikasining qo‘shimcha imkoniyati kabi metodika va metodik usullardan foydalandi.
SH.A.Amonashvili texnologiyasida bola faoliyatini baholash alohida ahamiyatga ega. Baholardan foydalanish o‘ta cheklangan bo‘lib, miqdoriy baholashdan ko‘ra sifatli baholashga urg‘u beradi, ya’ni tavsif, natijalar portfeli, o‘z-o‘zini baholash kabilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |