Mavzu: Hindiston ijtimoiy taraqiyoti Reja: 1
Aleksandr Makedonskiyning Hindistonga bostirib kirishi
Download 133 Kb.
|
Hindiston ijtimoiy taraqiyoti
Aleksandr Makedonskiyning Hindistonga bostirib kirishi
20 yoshli o‘spirin makedoniyalik Iskandar otasi o‘ldirilgach, (miloddan avvalgi 336 y.) davlat taxtini egalladi. U Yunonistonda o‘z davlatini mustahkamlab miloddan avvalgi 334 yilda Eronni zabt etish maqsadida yurish boshladi. Sulolalar kurashi va saroy to‘ntarishi oqibatida kuchsizlangan Eron imperiyasi Yunon – makedon qo‘shinlari hamlasiga bardosh bera olmadi. Ketma-ket Kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Finikiya, Misr davlatlari bosib olindi. Gavgamel yaqinidagi (shimoli – sharqiy Mesopotamiya) jangdan so‘ng Ahmoniylar qo‘shini yanada kuchsizlandi Bobil, Suza, Persepol, Pasargard shaharlari zabt etildi. Behisob o‘ljalar qo‘lga kiritildi. Shahanshoh Kir valiahdi Doro Kodomann va Doro III o‘ldirildi. Shu bilan Ahmoniylar sulolasi tugatildi. Makedoniyalik Iskandar Ahmoniylar shohi bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lab, bosib olgan viloyatlarni o‘ziniki qilib oldi. Makedoniya tarixchilarining ma’lumotiga ko‘ra, Iskandarning bu o‘lkadagi poytaxti Hirot atrofida bo‘lgan. U Gedroziya satrapiyasiga asos solib, Pura shahrini poytaxt etib belgilaydi. Keyinchalik bu joyda hozirgi Qandahor shahri barpo bo‘ladi. Baqtriya egallangach, uning hukmdori Bess Amudaryoning narigi betiga o‘tib qochadi. Shu bilan Makedoniya imperiyasi yana bir viloyat bilan boyidi.Aleksandr Bessni quvib borib, So‘g‘diyonani bosib oladi, hamda Sirdaryoni imperiyasining shimoliy chegarasi etib belgilaydi. Shu bilan Iskandar So‘g‘diyonani birlashtirib, ushbu daryo bo‘yidagi hozirgi Xo‘jand shahriga asos soladi. Miloddan avvalgi 327 yilda u o‘zini podsho Doroning vorisi, ya’ni «Ulug‘ shoh» deb e’lon qiladi, saroyda dabdabali sharqona rasm - rusumlar joriy qiladi.Aynan shu, ya’ni miloddan avvalgi 327 yilda makedoniyalik Iskandar Panjobga kirib keladi. Bu yurishdan so‘ng yunonlarning Hindiston haqidagi tasavvurlari o‘zgaradi. Avvallari yunonlar Hindistonni afsonaviy mamlakat, fillar kabi qo‘lga o‘rgatish mumkin bo‘lgan noyob jonivorlar, daraxtlarida jun tolalar o‘sadigan, shakar va bambuk esa bahaybat daraxtlarda terib olinadigan o‘lka ko‘rinishida tasavvur qilishar edi. Bu o‘lkada kam mehnat evaziga, yiliga 2-3 marta hosil olinishi yunonlarni lol qoldirardi. Chunki ular yurtida yiliga faqat bir marta hosil olinardi. Makedoniyalik Iskandar G‘arb va Sharq hukmdorlarini yengib, Elladadan to Hind daryosiga qadar hududlarni egallagan ulkan imperiyasini yaratdi. Iskandar Hindistonni buyuk g‘alabalari tufayli shon-shuhratga burkagan davrida bosib oldi. Kuchli va yaxshi qurollangan qo‘shini unga muvaffaqiyat va yutuqlar keltirdi. Erondagi yengil g‘alaba va Hind daryosi ortining afsonaviy boyliklari buyuk sarkardaning diqqat – etiborini jalb etadi. O‘ttiz kunlik qamaldan so‘ng u Charasaddani ishg‘ol qildi. Arrian ma’lumotlariga ko‘ra, yunon – makedon qo‘shinining Hind va Gidasp orasidagi Taksila shaxri xokimi makedoniyaliklarni qulay manzil va mo‘l – ko‘l oziq ovqat bilan ta’minlab, kuchli qo‘shni dushman davlatlarga qarshi yunonlar bilan birga qo‘shilib jang qilish istagini bildirdi. Shimoliy Hindistondagi davlatlarni o‘zaro nifoqlari Hindiston ichkarisiga kirib borishni osonlashtirdi. Bunga Iskandarning o‘zga davlatlarni o‘ziga og‘dirib, qarshilik ko‘rsatganlarni shafqatsiz jazolashi ham o‘z vazifasini o‘tadi. Ammo barcha hukmdorlar ham Taksila hokimidek ish tutmadilar. Iskandar dastlabki yurishlarida ba’zi qabilalarning kuchli qarshiligiga duch keldi. Hindlar besh metrli nayzalar bilan qurollangan Makedoniya askarlariga qarshi o‘zlarining jangovar aravalarini qo‘ydilar. Yunonlar bronza sovut kiygan bo‘lsa, hindlar charmdan sovut kiyib, qalqon hamda metall dubulg‘alar bilan jangga kirar edilar. Hind fillari har qanday piyoda qo‘shin ichiga yorib kirish qudratiga ega edi, lekin yarador fil o‘z jangchilarini ham ezib tashlashi mumkin edi. Fillar hujum boshlashdan avval kuchli otliq, kamonchi va piyoda qo‘shin panohida bo‘lardilar. Bazi hollarda hindlarning kamon o‘qlari qalqon va sovutni teshib o‘tar, Iskandar ham shunday yoy o‘qidan yaralangan edi. Yaqin masofadan otilgan yoy sovutni teshib o‘tib, qovurg‘asiga tegib, uni halokatga olib kelishiga oz qoldi. Odatda hind qabilalariga yollanma kshatriylar yordam bergan. Bu qabilalar ahil bo‘lmay, tinimsiz o‘zaro jang qilardilar. Arrian malumotlariga ko‘ra, bazi qabilalar kuchli qurollangan edilar. Ularda 30000 gacha piyoda, 2000 gacha suvoriy, 30 tagacha fillar bo‘lgan. Por nomi bilan ma’lum bo‘lgan Po‘rular shohi o‘zining kuchli qo‘shini bilan yunonlarga qarshi chiqdi.Miloddan avvalgi 326 yili iyul oyida Gidasp daryosi qirg‘og‘ida bo‘lgan jang Iskandarnning Hindiston yurishi tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Hind shohlari qo‘shini nafaqat miqdor, balki mahorat bobida ham ajralib turardi. Arrianning ma’lumot berishicha, hal qiluvchi jangda 4000 suvoriy, 300 harbiy arava, 200 fil, 30000 ming piyoda qo‘shin qatnashgan. Iskandar hiyla yo‘li bilan birinchi hamladayoq Po‘rularning harbiy aravalarini tor-mor qildi. Porning asosiy kuchlari bilan jang kun bo‘yi davom etdi va oqibatda Po‘rularning deyarli butun harbiy qo‘shini qirib tashlandi. Po‘rular shohining jasorati Iskandarni hayratga solib, u hukmdor jonini saqlab, hokimiyatini ham uning ixtiyorida qoldirdi. Yunonlar qo‘shini Sharq tomon Gidroat (hozirgi Ravi) daryosiga qadar yetib bordi. Iskandar Gifasis (hozirgi Beas) daryosidan kechib o‘tishdan avval daryoning ortidagi mamlakat, uning hukmdori, qo‘shinning qudrati haqida ma’lumot olmoqchi edi. Mahalliy hukmdorlar Iskandarga u mamlakatning boyligi, Agrames nomli shohi va uning ulkan qo‘shini haqida ma’lumot berdilar. Ayni shu paytda Iskandar qo‘shinida norozilik boshlandi. Askarlarning ma’naviy va jismoniy ahvoli nihoyatda og‘ir bo‘lib, ruhi tushib ketganligi sababli, ko‘pchilik bu mashaqqatli yurishni to‘xtatishni talab qildi. Chunonchi ular sakkiz yarim yil davomida o‘z oila va vatanidan uzoqda bo‘lib, Hindistonga qadar xavf-xatarga to‘la 18000 km yo‘lni bosib o‘tishgan edi. Natijada askarlar benihoya holdan toygandilar. Buning ustiga Hindistonning noxush issiq iqlimi, bu o‘lkaga xos yomg‘irlar mavsumi, chakalak o‘rmonlar Yunon-makedon jangchilarining tinkasini quritdi. Gifasis daryosiningsharq tomonida ular bilmagan, notanish o‘lka va viloyatlar mavjudligidan xabar topgan askarlar yurishni davom ettirishdan qat’iyan bosh tortdilar. O‘z qo‘shini bilan shon-shuhrat qozongan Iskandar bu gal ularga yon bosishdan boshqa iloj topa olmay, ortga qaytishga farmon berdi.Yunon-makedon qo‘shinlari vatanlari tomon yo‘l olganida ularga qarshi g‘alayon va qo‘zg‘olonlar ko‘tarildi. Ayniqsa kuchli qo‘shinga ega malla qabilalari bilan shiddatli to‘qnashuvlar bo‘ldi. Hindistonni tark etar ekan, Iskandar bosib olgan joylardagi satrapiyalarni saqlab qoldi va ularni idora qilish uchun o‘zining sinalgan lashkarboshilari va ayrim mahalliy hind hokimlarini noib etib tayinladi.Iskandar Hindistonda Por boshchiligida yangi viloyat tuzdi. So‘ng Himolay qarag‘aylaridan kemalar qurilib, yunon qo‘shinining bir qismi dengiz orqali, qolgan qismi esa qadim savdo yo‘li bilan vataniga jo‘nadilar. Yo‘l davomida yerli qabilalar bilan to‘qnashuvlar davom etdi. Hindiston yurishida hindlarning mag‘lubiyati ular ichida birlik yo‘qligini ko‘rsatdi. Chet el istilochilariga qarshi kurash keyinroq mahalliy hukmdorlarni kuchlarini birlashtirishga majbur etdi. Shu bilan birga yunonlarning Hindistonga yurishi ma’lum darajada bu o‘lkada qadimgi yunon – Ellin madaniyatining yoyilishiga sabab bo‘ldi. Iskandarning bu yurishida ishtirok etgan solnomachilar Ptolemey (keyinroq Misr imperatori), Nearx, Evmen, Diodot va boshqalar tomonidan bu mamlakat haqida tarixiy asarlar yaratildi. Hindistonda yunonlar asos solgan Nikeya, Butsefal kabi shaharlar qad ko‘tardi va ular uzoq muddat yashadilar. Yunonlar yurishi Hindistonning tashqi madaniy va savdo aloqalarining kengayishi va mustahkamlanishiga imkon berdi. Yunon-makedon qo‘shinlarining ayrim qismlari bir necha yilgacha Hindistonda qolib ketdi. Ba’zi viloyatlarda ularning hukmronligi oz muddat davom etdi. Miloddan avvalgi 317 yilda Iskandarning noiblaridan Evmen boshchiligidagi qo‘shin Hindiston hududini tark etdi. Miloddan avalgi 323 yilda Iskandar Bobilda bezgakdan vafot etdi. U qisqa umr ko‘rishiga qaramay, tarixda buyuk afsonaviy shaxs sifatida nom qoldirdi. Iskandar Hindiston shaharlarini zabt etish bilan cheklanmay, ularga yunonlar ta’sirini o‘tkazishga harakat qildi. U bosib olgan hududlarida hokimiyat tepasiga o‘z odamlari yoki hind hukmdorlarini qo‘ydi. Uning ba’zi chora – tadbirlari yerlik xalq o‘rtasida yunon va hind madaniyatini o‘zaro yaqinlashtirdi. Yevropa mamlakatlari bilan Hindistonning aloqalari mustahkamlandi. Ellin dunyosi shu vaqtga qadar noma’lum davlat bilan yaqindan tanishdi. Iskandar imperiyasi egallagan ulkan hudud haqida vataniga qaytgan askarlar ko‘rgan – bilganlarini so‘zlab berdilar. Harbiy rahbarlar va yurish qatnashchilari hind xalqining urf odatlari haqida nisbatan to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldilar. Tarixchilar Iskandarning yurishi Hindistondagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatib, kelajakda mamlakat birlashuvi va mauriylar imperiyasining kengayishi uchun turtki bo‘ldi degan fikrni bildirdilar. Hind tarixchisi Kosambining ko‘rsatishicha, shimoli – g‘arbiy Hindiston uzoq vaqt Magadxa imperiyasi hukmronligida bo‘lgan. Iskandar mahalliy qabilaviy davlatlarni mag‘lub qilib, ular kuchini sindirmaganida, Chandragupta Mauriyning bu o‘lkani bo‘ysundirishi qiyin kechardi. Makedoniyalik Iskandarning yurishi vaqtida Magadxa poytaxtida Pandalar sulolasidan Agrames shohlik qilgan. Panda imperiyasi haqida ma’lumotlar mahalliy hind manbalari orqali hozirgi vaqtga qadar yetib kelgan. Mahalliy hind shohlari Iskandarga Panda qo‘shinlarining kuchi, ammo shoh Agrames u qadar katta nufuzga ega emasligi haqida xabar berdilar. Yunon tarixchilaridan Diodor va Kursiy Ruf Agrames qo‘shinida 200 ming piyoda, 20 ming otliq askar, 2 ming yengil arava va 3-4 ming jangovar fil mavjud bo‘lgan deb aytadilar. Qadimgi hind manbalarida Pandalarning boylikka o‘chligi, hatto teri-charm, daraxt, qimmatbaho toshlarga ham soliq solganliklari haqida aytiladi.Pandalar qudratli qo‘shin yordamida soliq to‘lovlarini yo‘lga qo‘yib, faol tashqi siyosat olib bordilar. Ular ba’zi mahalliy sulolalar kuchi va mustaqilligini barbod etib, Dekanning janubiy o‘lkalariga kirib borganlar. Epigrafik yodgorliklardan ma’lumki, Kalinga (hozirgi Orissa) yoki uning bir qismi Nandlar imperiyasi tarkibiga kirgan. Bu imperiya keyinchalik yangi barpo bo‘lgan Mauriylar sulolasi tomonidan birlashtirilgan. Bu esa yangi hind davlati tashkil topishi uchun barcha sharoitni yuzaga keltirdi. Hind tarixiy manbalariga qaraganda, Nandlar kshatriylarni tugatib, taxt tepasiga kelgan shudralar avlodidan hisoblanadi. Nandlar sulolasiga Maxapadma asos solgan. Brahman manbalar bo‘lmish puronlarda Nandlar yomon fazilatli va pastkash deb ta’riflanadi. Bu ta’rif antik mualliflar asarlarida ham saqlanib qolgan. Tarixchi Plutarx so‘ziga binoan o‘sha davrda Pataliputra taxtida «zoti past hukmdor» o‘tirgan. Jayn asarlarida aytilishicha, Nandlarning ko‘pchiligi jaynizm diniga e’tiqod qilganlar.Bir qancha olimlar buddizm manbalari va hind an’analarini o‘rganib chiqib, Chandragupta Magadxa kshatriylari sulolalaridan biri – mauriylarga mansub degan xulosaga keldilar3. Shoh yoshligida ustozi va maslahatchisi Kautilya (boshqa manbalarda Chanakya) bilan uchrashgan. Magatxa taxtini o‘z qo‘liga olish rejasini Taksilada tuzganligi haqida қайдлар мавжуд. Қадимги манбаларда кўрсатилишича, Чанакя Таксила браҳманининг ўғли бўлган. Shri-Lanka yilnomasi orqali Chandragupta taxsil olishni tugallab, Chanakya bilan birga qo‘shin to‘plagani bizga ma’lum. Ular turli tumanlardan askar yollab, qisqa vaqt ichida katta qo‘shin to‘plaganlar. Hind manbalarida aytilishicha, Chandraguptaning taxtni egallash niyati amalga oshgach, u shoh Por bilan ittifoq tuzadi. Chandragupta va Por birgalikdagi g‘alabadan so‘ng imperiyani bo‘lib olishga kelishganliklari haqida ma’lumotlar saqlangan. U davrda Hindistonda Iskandar qo‘shini kuchli mavqega ega bo‘lgani sababli yunon-makedoniyaliklarga qarshi kurashish amri mahol bo‘lgan. Vaziyat qisqa fursatda o‘zgarib, Iskandar o‘z qo‘shini bilan mamlakat hududini butkul tark etadi. Istilo qilingan yerlar esa satraplar hamda hind hukmdorlari o‘rtasida taqsimlanadi. Keyingi voqealar keskin tus oldi. Makedoniyaliklarga qarshi kurash, satraplarning o‘zaro to‘qnashuvlari, Filippning o‘ldirilishi, ularning vaqtincha Evdem va Ambxi hukmiga berilishi, va nihoyat, Iskandarning vafoti siyosiy maydonda o‘z aksini topdi. Panjopdagi vaziyat qo‘shini tobora kuchayib borayotgan Chandraguptaga qo‘l keldi. Milladan avvalgi 317 yilda Evdem Porni yashirincha o‘ldiradi va uning jangovar fillarini olib, Hindistonni tark etadi. Porning o‘limi bilan Hindiston qudratli hukmdordan judo bo‘ladi. Qotillik Chandraguptaning ishtirokisiz yoki xohishsiz amalga oshmaganligi ayon. Asosiy e’tibor endi bir qancha davlatlar ittifoqiga tayangan holda, Magadxa taxtini egallashga qaratilgan edi. Hindistonda yunonlarga qarshi kurash asosan Iskandar o‘limidan keyin boshlandi. Download 133 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling