Mavzu: Investitsiya faoliyatini amalga oshirish va tartibga solishi
Qo’yiladigan resurslarning turlariga qarab, investitsiya resurslari qo’yidagi shakllarda bo’ladi
Download 182.5 Kb.
|
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish va tartibga solishi
Qo’yiladigan resurslarning turlariga qarab, investitsiya resurslari qo’yidagi shakllarda bo’ladi:
pul va boshqa moliyaviy mablag’lar, shu jumladan, kreditlar, paylar, aktsiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlar; ko’char va ko’chmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa moddiy boyliklar) hamda ularga doir huquqlar; intellektual mulk ob’ektlari, shu jumladan, texnikaviy hujjatlar tarzida tuzilgan texnikaga, texnologiyaga, tijoratga oid va boshqa bilimlar majmui, u yoki bu turdagi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur bo’lgan bilimlar va ishlab chiqarish tajribasi, nou-xau; yerga va boshqa tabiiy resurslarga, binolar, inshootlar, uskunalarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi, shuningdek, mulk huquqidan kelib chiquvchi ashyoviy huquqlar; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa boyliklar. Investitsiyalash maqsadlari ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yo’naltirilgan, texnik-iqtisodiy, biznes-boshqaruv, marketing va ishlab chiqarish rejalari kabi jihatlarga asoslangan, turli moliyaviy manbalar mablag’lari ishtiroki nazarda tutilgan kompleks hujjatlar asosida shakllantiriladigan investitsiya loyihalari orqali amalga oshiriladi. G’arb adabiyotida22 investitsiyalashning eng keng tarqalgan to’rt maqsadi keltiriladi: joriy daromadni ko’paytirish; kelgusida yirik xarajatalar uchun mablag’ jamg’arish; pensiya fondlarida mablag’ to’plash; daromadlarni soliqqa tortishdan himoyalash. Keltirilgan ro’yxatda investitsiyalash maqsadlarida manfaatlar ustuvorligi yaqqol va shu sababli uni sharhlashga zarurat yo’q, deb hisoblaymiz. Umuman olganda, investitsiyalash maqsadlarini to’rt guruhga ajratish mumkin: yangi ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatishni tashkil etish; ishlab chiqarishni yoki xizmat ko’rsatishini kengaytirish; ishlab chiqarish samaradorligini oshirish; davlat tashkilotlari talabini qondirish, ularni mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlash. Bundan ko’rinadiki, investitsiyalash maqsadlari turlicha bo’lib, ular, oxir-oqibatda, mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotini ta’minlash imkonini beradi. Investitsiya resurslarining taqchilligi sharoitida ustuvor yo’nalishga ega bo’lgan loyihalar qishloq xo’jaligi va sanoat tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda (fan, sog’liqni saqlash, madaniyat, maorif va h. k.) ishlab chiqilishi lozim. Investitsiya faoliyati sub’ektlari investitsiya sohasida faoliyat ko’rsatib, bu yerda ular tomonidan investitsiyalar amalga oshiriladi. Investitsiya sohasi tarkibiga quyidagilarni kiritish mumkin: kapital qurilish sohasi (bu soha buyurtmachi-investorlar, pudratchilar, loyihalashtiruvchilar, uskuna etkazib beruvchilar va boshqa tegishli tashkilotlar faoliyatini birlashtiradi); innovatsiya sohasi (ilmiy-texnik va intellektual salohiyat amalga oshiriladi); moliya kapitali muomalasi sohasi (qimmatli qog’ozlar va boshq.); investitsiya faoliyati sub’ektlarining mulkiy huquqlarini amalga oshirish sohasi. Investitsiya loyihalarining ishlab chiqilishi turli tarmoqlarda olib borilishi mumkin. Masalan: 1. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda agrosanoat ishlab chiqarishini barqarorlashtirish va oziq-ovqat resurslarini ko’paytirish kabi investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi mumkin. Bu loyihalar don xo’jaligini rivojlantirish va takomillashtirishga, chorva mollari mahsulotlarini ishlab chiqarishni oshirishga qaratilgan bo’lishi, shuningdek, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda, sotishda, saqlashda yo’qotishlarni kamaytirishga yo’naltirilgan bo’lishi lozim. 2. Mashinasozlik sohasida ishlab chiqilgan va amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari energiyani kam sarf qiluvchi mashina va uskunalar bilan ta’minlashga qaratilgan bo’lishi kerak. 3. Qurilish sanoatida investitsiya loyihalari, asosan, yakka tartibdagi va umumiy qurilish uchun kerak bo’lgan sifatli va arzon qurilish materiallari bilan bozorni to’ldirish, sanoat qurilish materiallari korxonalarini kam energiya sarf qiluvchi texnologiyalar bilan ta’minlash va qayta qurollantirish, xom ashyo bazasini rivojlantirish bilan bog’liq bo’ladi. 4. Aloqa va informatika tarmog’idagi korxonalarda loyihalar, ko’pincha, uni texnik qayta qurollantirish va elektr aloqa tarmog’ini ta’mirlash, yangi xizmat aloqalarini kengaytirish bilan bog’liq bo’ladi. 5. Kimyo sanoatidagi investitsiya loyihalari sanoatdagi raqobatbardosh yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni sotish bilan bog’liq bo’ladi. 6. O’rmon kompleksidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yog’ochni qayta ishlovchi korxonalarni yangi texnologiyalar bilan ta’minlash hisobiga ularning ish unumini oshirish, o’rmon xo’jaligining ishlab chiqarish tarmog’ini takomillashtirish va ekologiyaga ta’sir etuvchi chiqindilarni pasaytirishdan iborat. 7. Ekologiya tarmog’idagi loyihalar sanoat va qishloq xo’jaligi korxonalarining hozirgi va keyingi faoliyatlarini, ularning mulk shakllarini hisobga olgan holda, me’yor va qoidalar asosida ekologik vaziyatni yaxshilashga yo’naltirilgan bo’lishi kerak Real investitsiyalar milliy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo’lib, ular ichki jamg’armalar darajasidan ko’proq miqdorda kapital jamg’arish, to’lov balansini qo’llab-quvvatlash va import qilish imkoniyatini kengaytirish orqali iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar alohida korxonalarning faoliyati, ishlab chiqarish va kapital samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va menejment tizimini takomillashtirishda muhim o’rin tutadi. Ushbu jarayonlar mahsulot va xizmatlar etkazib beruvchilar, buyurtmachilar, raqobatchilarga bilvosita ta’sir ko’rsatish orqali ichki bozorni rivojlantirish, ishchilarning malakasi va amaliy tajribasini oshirishda yordam beradi. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar tarkibiga: ishlab chiqarish (asosiy va aylanma) fondlari, ularni kengaytirish, qayta qurish va qayta qurollantirishga qo’yiladigan iqtisodiy resurslar; ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma xarajatlari (bino va inshootlar, uy-joylar); pul qiymatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar (qimmatli qog’ozlar, patentlar, texnik va texnologik yangiliklar, loyihalar va boshqa intellektual mulk ob’ektlari)ni kiradi. Real investitsiyalar qo’yidagi elementlardan iborat: asosiy fondlar (asosiy kapital)ga investitsiyalar; yer uchastkalarini sotib olishga xarajatlar; nomoddiy aktivlar (patentlar, litsenziyalar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari)ga investitsiyalar; moddiy aylanma mablag’lari zaxiralarini to’ldirish xarajatlari. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalashda investorlarning bevosita o’zlari investitsiya qo’yilmalarini u yoki bu investitsiya ob’ektlariga kiritadilar. Bu faoliyatni investitsiyalanayotgan ob’ekt haqida chuqur ma’lumotga ega bo’lgan va investitsiyalash mexanizmlarini bilgan ixtisoslashgan investorlar amalga oshiradilar. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda xorijiy investitsiya-larning ahamiyati yuqorligi ularni keng ko’lamda jalb etishga, ayniqsa, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarga bo’lgan talabni oshiradi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan maqsad shartnoma ishtirokchilarini patentlar, savdo markazlariga ega bo’lishga, boshqarish tajribasini egallashga, sotish bozorlarini o’rganishga, tashkiliy bilimlarni egallash va boshqalarni o’zlashtirishga qaratiladi. Bunda eng muhimi jahon bozoriga o’z mahsulotlarini olib chiqish va ushbu bozor ishtirokchisi bo’lishdir. Tadqiqotlar ko’rsatishicha, milliy iqtisodiyotning to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish holati ichki bozor hamda eksportning hajmi, tabiiy va mineral resurslar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, bozor islohotlarini amalga oshirish sur’atlari, iqtisodiy barqarorlik omillari bilan bog’likdir. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar xorij kapitalining uzoq muddatga joylashtirilishini, investor tashkil qilayotgan firma aktsiyalari yoki aktsiyadorlik kapitaliga to’la ega bo’lishi yoki kamida 10 foizi xo’jalik faoliyatining ta’sirchan nazorat qilinishini ta’minlashini anglatadi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar: investorga investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan nazorat qilish huquqini beruvchi ishlab chiqarishga sarflangan uzoq muddatli xorijiy qo’yilmalarni; pirovard maqsadi foyda ko’rinishida daromad olishga qaratilgan tadbirkorlik kapitalining ustuvor shaklini; xususiy kapitalga asoslangan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni; xorijiy investorning investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan to’liq egalik qilishini; xorijiy investor tomonidan investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustav kapitalining 10 %dan kam bo’lmagan qismi ustidan nazorat o’rnatishini; xorijiy investorning investitsiya kiritayotgan ob’ektlarni boshqarishda samarali qatnashishini; mustahkam iqtisodiy munosabatlarni o’rnatish hamda korxona ustidan nazorat xuquqini qo’lga kiritish maqsadida kapital va resurslarning transchegaraviy harakatini qamrab oladi va namoyon etadi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning O’zbekistonga kirib kelishi qisqa vaqt ichida mulkchilikning turli shakllari tashkil topishiga ko’maklashdi, iqtisodiyotda tarkibiy qayta qurish, nufuzli tarmoqlarning barpo etilishini ta’minladi. Eng muhimi, iqtisodiyotning baynalmilallashuvini va xalqaro bozorga o’z mahsulotlarini olib chiqishini va u erda o’z o’rniga ega bo’lishini ta’minladi. Buning oqibatida eksport hajmi va salohiyati o’sishi va respublikamizning to’lov balansining tobora ijobiylashib borishiga erishildi. Xulosa To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirishga qulay sharoitlar yaratishda, birinchi navbatda, kapitalning mamlakatlararo ayirboshlanishidan, qo’shimcha aniq va noaniq risklarga duch kelish ehtimollaridan va kapital oqimining vaqtli qiymati kontseptsiyasidan kelib chiqqan holda ish yuritish kerak. O’zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida jami qo’shimcha risklar orasida valyuta riski ajralib turadi. Hukumat kafolati bilan olinadigan kreditlar va qarzlar rolini hisobga olgan holda investitsiya muhitini va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida keskin chora-tadbirlar ko’rilishi talab etiladi, unga mintaqalar iqtisodiyotining ustuvor sohalarida soliq imtiyozlaridan foydalanish bilan erishish mumkin. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni yangi loyihalarga keng jalb etish bilan ekologik toza va ilg’or texnologiyalar, eng yangi texnika va uskuna-jihozlarni joriy qilish, mehnatni oqilona tashkil etish hisobiga qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini jadal rivojlantirishga erishish mumkin. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ularni jalb qilish va foydalanish bo’yicha tasdiqlangan uzoq muddatli hududiy, maqsadli dasturlarga muvofiq tashkil etish zarur. Bunday dasturlarda ustuvor sohalar, ilmtalab va kapitaltalab tarmoqlar belgilanib, ularda to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni o’zlashtirish ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini aniq belgilash bilan bog’liq tadbirlar nazarda tutilishi maqsadga muvofiq bo’ladi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi respublikamizda xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etish bosqichlari bilan bog’liq bo’ldi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning oqimlari, eng avvalo, O’zbekiston iqtisodiyotida qo’shma korxonalarning barpo etilishiga asos soldi hamda xorijiy va qo’shma korxonalari barpo etilishiga zamin yaratdi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar kapital qabul qiluvchi mintaqa iqtisodiyotida bevosita tovar ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishga safarbar etiladi. Ushbu investitsiyalar mavjud bo’lgan korxona yoki boshqa xo’jalik yuritish sub’ektlarining aktsiyalari nazorat paketini xarid etish yoki o’z ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish yo’llari bilan safarbar etiladi. O’zga iqtisodiyotga kirib kelish shaklidan qat’iy nazar, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar o’z egalariga investitsiya ob’ektlarini boshqarishda samarali ishtirok etish, o’z mamlakatlari tashqarisida bo’lgan va kapitallari safarbar etilgan korxona va firmalar ustidan nazorat o’rnatish kabi imkoniyatlarni yaratib beradi. Kapital jalb qiluvchi mamlakatlarning ishlab chiqarish sohalariga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kiritilishi va uning o’sib borishi, bu davlatlarning iqtisodiy qoloqlikdan tezroq qutulishining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar investorning investitsiya jarayonida bevosita ishtirok etishini anglatib, bunda investor investitsiyalash ob’ektini, shuningdek, uni moliyalashtirishni tashkil etish va moliyalashtirish manbalarini bevosita o’zi aniqlaydi. Bilvosita investitsiyalash investitsiya yoki moliyaviy vositachilar orqali investitsiyalashdir (masalan, qimmatli qog’ozlar xarid qilish). Foydalanilgan adabiyotlar Vaxobov A.V., Xojibakiev Sh.X., Mo’minov N.G. “Xorijiy investitsiyalar”. O’quv qo’llanma.- T.: Moliya, 2010.-328 b. Вахабов А.В., Разыкова Г.Х., Хажибакиев Ш.Х. Иностранные инвестиции и модернизация национальной экономики. Монография. Т.: Молия, 2011.-300 с. Bekmurodov A.Sh., Karrieva Ya.K., Ne’matov I.U., Nabiev D.H., Kattaev N.T. Xorijiy investitsiyalar. O’quv qo’llanma. –T.:Iqtisodiyot, 2010.-166 b. Mamatov B., Xujamkulov D., Nurbekov O. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish. Darslik. – T.: Iqtisod-Moliya, 2014. – 608 b. Kayumov R.I., Xojimatov R.X. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish: Darslik. - T.: TDIU, 2010. - 496 b. Karlibaeva R. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish: O’quv qo’llanma. - T.: Cho’lpon, 2011.-124 b. Raimjonova M.A. O’zbekistonda erkin iqtisodiy hududlarga investitsiyalarni jalb qilish: nazariy asoslari, hozirgi holati va istiqbollari. T.: “Extremum-press”, 2013.-176 b. Toshov O. Investitsion faoliyatni moliyalashtirishni takomillashtirish. T.: “Akademnashr”, 2012.-165 b. Хазанович Э.С. Иностранные инвестиции: Учебное пособие/ Э.С.Хазанович.2-е изд., стер.-М.:КНОРУС, 2011.-312с. Xashimov A.A., Madjidov Sh.A., Muminova N.M. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish. Darslik. - T.: Sharq matbaa nashriyot uyi, 2014.-208 b. Шевчук Д.А. Организация и финансирование инвестиций. -Ростов на Дону.: Феникс, 2006.-272 с. Сергеев И.В., Веретенникова И.И. Организация и финансирование инвестиций. Учебное пособие. – М.: Финансы и статистика, 2001. – 272 с.
1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 Download 182.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling