Legenda kartadagi tasvirlanilayotgan voqea va hodisalarning hammasini o`z ichiga olishi kerak. Kartaning legendasi aniq, mantiqli hamda qisqa bo`lishi zarur. To`g`ri tuzilgan legenda kartadan to`g`ri va oson foydalanish imkoniyatini tug`diradi. Kartaning nomi, muallif va muharrirlarning (redaktorlarning) familiyalari, nashr qilingan vaqti, qaysi manbalar asosida tuzilganligi, nashriyot manzilgohi (adresi), chop qilingan joy nomi va boshqalar ham kartaning yordamchi elementlariga kiradi. Kartalardagi ochiq joylardan (ramkaning ichidagi va tashqarisidagi) mukammal foydalanish maqsadida asosiy kartaga qo`shimcha ravishda, qirqim kartalar (vrezka), grafiklar, profillar, diagrammalar, blokdiagrammalar va jadvallar beriladi, bu esa kartani yanada mukammallashtiradi. Bularning hammasi kartaning qo`shimcha elementlarini tashkil qiladi. Joyning topografik kartasini tuzish uchun kartaning negizi bo‘lgan geodezik asos bo`lishi zarur. U orqali yerning shakli, kattaligi va boshqa o‘lchamlari aniqlanadi, so‘ng topografik kartaning asosi vujudga keladi, bu ba’zan geodezik asos deb ham yuritiladi. Topografiya va kartografiya fanlari bir-biri bilan uzviy bog’liq. Geografik kartaning yuzaga kelishida har ikki fan ham o‘z hissasini qo‘shadi, shu sababli bu fanlarning tarmoqlari to‘g’risida qisqacha ma’lumot beramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |