Mavzu: Klassik iqtisodiy maktabning rivojlanishi Reja


Download 95.46 Kb.
bet4/7
Sana07.03.2023
Hajmi95.46 Kb.
#1245492
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Iqt. nazar 24-Mavzu

Renta nazariyasi. D.Rikardoning renta to’g’risidagi kontseptsiyasi bugungi kunda ham o’z faolligi bilan ajralib turadi. Yerdan foydalanilganlik uchun hamisha renta to’lanadi, bunda uning manbai, D.Rikardoning tasdiqlashicha, yerga sarflangan mehnat hisoblanadi.
Yer resurslari cheklanganligi sababli, xo’jalik amaliyotida unumdorligi va joylashishi bo’yicha har xil bo’lgan yer uchastkalaridan foydalaniladi. Buning natijasida qishloq xo’jaligi mahsulotlarining qiymati, D.Rikardo bo’yicha, eng yomon uchastkada ishlatiladigan mehnat sarflari bilan aniqlanadi.
Faraz qilaylik, unumdorligi yaxshi muayyan yer uchastkasida ishlashga 10 soat ketadi va bozorda mahsulot bahosi 10 pul birligiga teng. Aholining o’sishi oziq-ovqat tovarlari bahosining oshishiga olib keladi. Bu esa ishlab chiqaruvchilarni yomon yerlarda ham ishlashga majbur qiladi. Bu yerlardan ko’rsatilgan miqdordagi hosilni olish uchun 10 soat emas, balki 15 soat ish vaqti ketadi. Shunga muvofiq, mahsulotning bahosi ham 15 pul birligiga oshadi. Bozor bahosi bu summadan kam bo’lmasligi kerak, aks holda, yomon yer uchastkalari ishlatilmasdan qolib ketadi. Yaxshi uchastkada ishlovchi fermerlar ishlab chiqarish uchun 10 pul birligiga teng mehnat sarflaydilar, o’z mahsulotlarini esa 15 pul birlikka sotadilar. o’rtadagi 5 birlik farq yer egasiga tegadi. Ana shu, D.Rikardo nazariyasi bo’yicha, renta hisoblanadi. Renta qiymat yaratmaydi. Aksincha, renta miqdori bozor bahosi darajasiga bog’liq bo’ladi. «Renta to’langani uchun non qimmat emas, balki non qimmat bo’lgani uchun renta to’lanadi... Agar hatto, yer egalari barcha rentalardan voz kechganlarida ham nonning bahosi hech kamaymagan bo’lar edi», - deb yozadi D.Rikardo. Rentani tashkil etuvchi omillarni ham ishonarli qilib ko’rsatib berdi. Bunday omillar: tuproq unumdorligining har xilligi va yer uchastkasining bozorga uzoq yaqin joylashishi hisoblanadi.
Aholi soni oshib borishi bilan milliy daromadda renta hissasining ko’payib borish moyilligi amal qiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshib borishi va milliy daromadda renta miqdorining ko’payib borish moyilligi D.Rikardoni juda tashvishga solgan. U, bundan qutilishning yo’li, xuddi T.Maltusga o’xshab, tug’ilishni kamaytirish deb bilgan. D.Rikardo fikri bo’yicha, yomon yerlarni ishlamaslikka imkon beruvchi yana bir vosita xalqaro savdoni rivojlantirish, aholisi zich bo’lmagan mamlakatlardan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini olib kelish. Nihoyat, D.Rikardo ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga imkon beruvchi texnik taraqqiyotga ishonch hosil qilgan.
Ish haqi va foyda nazariyalari. D.Rikardoning ish haqi nazariyasi yoki uning yozishi bo’yicha “mehnatning tabiiy bahosi” va “mehnatning bozor bahosi” T.Maltusning nazariy qoidalariga asoslanadi. “Mehnatning tabiiy bahosi” bu ishchining yashashi va o’z naslini davom ettirishi uchun zarur bo’lgan baho hisoblanadi. U olinadigan pul miqdoriga emas, balki unga sotib olinishi mumkin bo’lgan zaruriy vositalar miqdoriga bog’liq. “Mehnatning bozor bahosi” mehnatga bo’lgan talab va taklifning real nisbati asosida shakllanadigan haq sifatida tavsiflanadi. D.Rikardo bo’yicha, ish haqi dinamikasi ishlovchi aholining soniga bog’liq, negaki ishlovchi aholining soni ishchi kuchi taklifiga ta’sir ko’rsatadi. Ishlovchi aholining tabiiy o’sishiga bog’liq holda mehnatga bo’lgan talab va taklif shakllanadi, demak ish haqi ham tebranib turadi. Aholining o’sish sur’atidan kelib chiqqan holda, ish haqi pasayish moyilligiga ega deb hisoblaydi, uningcha, ish haqi talab va taklif bilan tartiblanib turiladi, ishchilarning soni esa doimo ko’payib boradi, ularga bo’lgan talab esa sekin oshadi. D.Rikardo o’zining bu pessimistik qarashlarini tasdiqlashga urinib, ish haqining oshishi tovarlar bahosining oshishidan sekin yuz beradi, natijada ishchi ish haqi va baho oshgan davrgacha xarid qilishi mumkin bo’lgan tovarlarga qaraganda kamroq tovar sotib olishga majburligini qo’shimcha ham qiladi. Lekin ish haqini tartibga soluvchi turuvchi “omillarini” tadqiq qilgach, ish haqining pasayish moyilligi faqat uning davlat tomonidan tartibga solinmaydigan “xususiy va erkin raqobat bozori” sharoitida amal qilishi mumkinligiga izoh berib o’tadi.
D.Rikardoda foyda ishchining haq to’lanmagan mehnati natijasi sifatida tavsiflanadi. Erkin raqobat sharoitida foyda, xuddi ish haqiga o’xshab, pasayish moyilligiga ega, chunki jamiyatning rivojlanib va boyib borishi bilan qo’shimcha talab qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ketadigan mehnat sarflari ko’payib boradi. Lekin shu yerda u haqli ravishda, foydaning pasayish moyilligi muayyan vaqt o’tgandan keyin ishlab chiqarishda foydalanayotgan mashinalarni takomillashtirish, agronomiya yutuqlaridan foydalanish tufayli to’xtatiladi, deb qayd qilib o’tadi.
Kapital nazariyasi. D.Rikardo bo’yicha, kapital ishlab chiqarishda foydalaniladigan mamlakat boyligining bir qismi bo’lib, u oziq-ovqat, kiyim-kechak, asbob-uskunalar, xom-ashyo, mashinalar va boshqalardan iborat. Uning kapital to’g’risidagi qarashlari bu muammo bilan shug’ullangan klassik iqtisodiy maktabning boshqa vakillarining iqtisodiy qarashlari bilan ham ohang bo’lsa-da, ulardan farqli ravishda, bir xil kapital qo’yilmasidan keladigan daromadning har xilligi sababli kapital bir kasb turidan boshqasiga o’tib turishini ko’rsatib berdi. Har bir kishi ko’proq foyda olishga intiladi, shuning uchun u kam foydali ish joyini tashlab ko’p foyda keladigan joyga o’tishga harakat qiladi. Buning uchun fabrikachi o’z kasbini o’zgartirishi shart emas; u kapital qo’yilmasini kamaytirsa bas. Bundan kapitalning yuqori foydali tarmoqqa oqib o’tishining kuchayishini D.Rikardo nazariyasidan ko’rish qiyin emas.
Qiyosiy ustunlik nazariyasi. D.Rikardo birinchilardan bo’lib ayrim tovarlarni ishlab chiqarishdagina emas, balki mamlakatlar o’rtasida ham xalqaro mehnat taqsimoti va ixtisoslashuvning foydaliligini isbotlab berdi. Xalqaro mehnat taqsimotiga asoslangan holda, u qiyosiy ustunlik nazariyasini yaratdi. Bu nazariyaning asosiy qoidasi shundan iboratki, har bir mamlakat o’zining muayyan tovarni ishlab chiqarishga ketadigan xarajatlari bilan uni sotib olishga ketadigan xarajatlari o’rtasidagi farqni hisobga olgan holda tashqi savdodan foyda ko’radi. Muayyan tovarni ishlab chiqarish bir mamlakat uchun boshqa mamlakatlarga nisbatan qulayroq bo’lishi mumkin. Shu bois, qiyosiy ustunlik nazariyasiga binoan, mamlakatlar xarajatlarni hisobga olgan holda u yoki bu mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashishi kerak.
D.Rikardo shunday misol keltiradi. Portugaliyada muayyan miqdordagi vinoni tayyorlash uchun 80 kishilik mehnat, gazlama ishlab chiqarish uchun esa 90 kishilik mehnat talab qilinadi (bir yilga). Angliyada shu miqdordagi vinoni ishlab chiqarish uchun 120 kishilik mehnat, gazlamani ishlab chiqarish uchun 100 kishilik mehnat sarflash zarur. Garchi olib kelingan gazlama Portugaliyaning o’zida Angliyaga nisbatan kam xarajat evaziga ishlab chiqarilishi mumkin bo’lsa ham, bu sharoitda Portugaliya uchun vinoni gazlamaga ayirboshlash foydali. Gap shundaki, resurslarni gazlama ishlab chiqarishdan, Angliyaga nisbatan katta qiyosiy ustunlikka ega bo’lgan, vino tayyorlash tarmog’iga o’tkazib, Portugaliya vinoni ayirboshlash yo’li bilan 80 kishilik mehnat sarflari hisobiga, ya’ni 10 kishilik mehnatni tejash evaziga, gazlama olishi mumkin. Bunday ayirboshlash Angliya uchun ham foydali, negaki u o’z kuchini gazlama ishlab chiqarishga sarflab, gazlamani sotish yo’li bilan muayyan miqdordagi vinoni 120 kishining mehnati hisobiga emas, balki faqat 100 kishilik mehnat evaziga olishi mumkin (ya’ni 20 kishilik mehnatni tejash hisobiga). Bu misoldan shu narsa ko’rinadiki, qiyosiy ustunlik mavjud bo’lsa, ixtisoslashuv va ayirboshlash ikkala mamlakat uchun ham foydalidir. Bundan mamlakatlar o’rtasida mehnat taqsimoti va ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi zarurligi kelib chiqadi.


  1. Download 95.46 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling