Mavzu: Klassik iqtisodiy maktabning yakunlanishi


Download 68.99 Kb.
bet1/11
Sana07.02.2023
Hajmi68.99 Kb.
#1172890
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Iqt. nazar 25-Mavzu



  1. Mavzu: Klassik iqtisodiy maktabning yakunlanishi

Reja:
1.Jon Styuart Mill (1806-1873 y.)ning iqtisodiy qarashlari
2.Karl Marks (1818-1883y.) iqtisodiy ta’limotining umumiy tavsifi
3. A.Sеn-Simon, Sh.Furе va R.Ouen iqtisodiy qarashlari



  1. Jon Styuart Mill (1806-1873 y.)ning iqtisodiy qarashlari

Jon Styuart Mill (1806-1873 y.) klassik siyosiy iqtisodni yakunlovchilardan biri hisoblanadi. Uning otasi Jeyms Mill iqtisodchi, D.Rikardoning yaqin og’aynisi bo’lib, o’g’lining tarbiyasi bilan jiddiy shug’ullangan. Shuning uchun Millga o’n yoshidayoq jahon tarixini, grek va lotin adabiyotlarini ko’rib chiqishga to’g’ri kelgan. O’n uch yoshida u bir vaqtning o’zida falsafa, siyosiy iqtisod va boshqa fanlarni o’rganishni davom ettirgan holda Rim tarixini yozib chiqqan.
J.S.Mill o’zining birinchi siyosiy iqtisod bo’yicha «tajriba»sini 23 yoshida, ya’ni 1829 yil nashr etdi. 1843 yili unga shuhrat keltirgan «Mantiq tizimi» nomli falsafiy asari vujudga keldi. Asosiy asari «Siyosiy iqtisod asoslari…» bo’lib, u 1848 yili chop etilgan. Bu asar beshta kitobdan iborat: (1)“Ishlab chiqarish”, (2)“Taqsimot”, (3)“Ayirboshlash”, (4)“Jamiyat rivojlanishining ishlab chiqarish va taqsimotga ta’siri”, (5)“Davlatning bozor iqtisodiyotiga ta’siri to’g’risida”. Bu asarning so’z boshida yozilishicha, J.S.Mill iqtisodiy bilimlar darajasining yuksalib borishini va ilg’or zamonaviy g’oyalarni hisobga olgan holda A.Smitning “Odamlar boyligi ...” va D.Rikardoning “Siyosiy iqtisodning boshlanishi”ning yangilangan variantini yaratishni o’ziga maqsad qilib qo’ygan. Asarning ushbu yuqoridagi ko’rinishda tuzilishi esa, muallifning fikricha, Smit-Rikardo iqtisodiy nazariyalarini izohlashda muayyan tartib va aniqlik kiritadi. J.S.Mill nafaqat iqtisodiy bilimlarni tizimlashtirdi va ommaviylashtirdi, balki uning tomonidan bir qator qoidalar rivojlantirildi va ularga aniqlik kiritildi, xulosa va yakun dalillar bilan yana ham ishonarli qilib asoslab berildi.
J.S.Mill siyosiy iqtisodni boylikning mohiyatini, uni ishlab chiqarish va taqsimlash qonunlarini tadqiqot qiluvchi fan sifatida ta’riflaydi. Shu bilan birga, uning fikricha, taqsimot tarixiy xarakterga ega bo’lib, ishlab chiqarish qonunlari esa abadiy hisoblanadi.
Ko’pchilik mutaxassislarning fikriga ko’ra, iqtisodiy fanning metodologiyasini takomillashtirish J.S.Millning asosiy xizmati hisoblanadi. U nazariy xulosalar faqat muayyan sharoitda to’g’ri bo’lishidan kelib chiqqan holda, har qanday nazariy chizma (sxema)ning nisbiyligini doimo ta’kidlagan va ko’p omilli tahlilning zarurligini ko’rsatib bergan. Tadqiqot metodi J.S.Millning tavsiyasiga ko’ra, ikki asosiy narsaga asoslanadi: 1) xulosa va yakun, odatda, faqat muayyan sharoitda to’g’ridir; 2) ular har tomonlama (universal) bo’lishi mumkin emas. Iqtisodiy hayotda bitta emas, balki juda ko’p sabablar amal qiladi. Ularni anglash, asosini ajratib olish juda qiyin, shuning uchun ularni chalkashtirib yubormaslik, sabab va oqibatni bir-biridan ajrata bilish lozim.
O’zgarib turuvchi sharoitlarni va o’zaro aloqalarni hisobga olgan holda turli kontseptsiya va qarashlarni, yondashuv va tavsiyalarni taqqoslash, to’g’ri xulosa chiqara bilish iqtisodiy bilimlarning meros bo’lib qolishini ta’minlaydi.
J.S.Mill klassik iqtisodiy maktabni yakunlovchilardan biri sifatida iqtisodiy ta’limotlarning rivojlanishiga juda katta hissa qo’shdi. Biz uning asosiy iqtisodiy nazariyalarini quyida ko’rib chiqamiz.
Unumli mehnat nazariyasi. J.S.Millning bu nazariyasi o’z mohiyatiga ko’ra A.Smit nazariyasi bilan hamohang. J.S.Millning ta’kidlashicha, faqat unumli mehnat (natijasi ko’rinib turadigan mehnat) “boylik” ya’ni “moddiy ne’matlar”ni yaratadi. Uning nazariyasidagi yangilik shundan iboratki, mulkni muhofaza qiluvchi mehnatni va jamg’armalarni ko’paytirishga imkon beruvchi malakaga ega bo’lish uchun sarflanadigan mehnatni ham unumli deb hisoblaydi. J.S.Millning tasdiqlashicha, agar bu iste’mol “jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlarini qo’llab-quvvatlasa va ko’paytirsa”, unumli mehnatdan keladigan daromadlar unumli iste’mol hisoblanadi. Uningcha, unumsiz mehnatdan keladigan har qanday daromad bu–faqat unumli mehnat bilan yaratilgan daromadning oddiy qayta taqsimlanishidir. Agar u ishchining va uning oilasining yashashi uchun zarur bo’lgan vositalar minimumini ta’minlasa, hatto ish haqi iste’moli unumli hisoblanadi, uning “zeb-ziynat” keltiradigan qismi esa unumsiz hisoblanadi.
J.S.Mill qiymat, almashuv qiymat, iste’mol qiymat tushunchalarini ko’rib chiqadi. Uningcha, qiymat ishlab chiqarish sohasiga emas, balki muomala sohasiga xos hodisa hisoblanadi va bir tovarni boshqa tovarga, shu jumladan, pulga ayirboshlash uchun xarakterli bo’lgan o’rtadagi nisbat hisoblanadi; bunday nisbat bozorda o’rnatiladi. Qiymat (qimmat) nisbiy tushuncha bo’lganligi sababli, u barcha tovarlar bo’yicha birdaniga oshishi mumkin emas. Almashuv qiymat (tovar bahosi) talab va taklif muvozanatlashgan nuqtada o’rnatiladi, ya’ni talab va taklifga qarab o’rnatiladi, ishlab chiqarish xarajatlari esa taklifni aniqlab beruvchi omil sifatida tavsiflanadi. Tovar qiymatning puldagi ifodasi uning bahosi hisoblanadi. Baho bevosita raqobat asosida o’rnatiladi. Raqobat esa xaridor arzon olishga, sotuvchi esa qimmat sotishga intilishi sababli kelib chiqadi. Erkin raqobatda bozor bahosi talab va taklif darajasiga qarab o’rnatiladi. Aksincha, «monopolist o’z ixtiyoricha xohlagan yuqori bahoni o’rnatishi mumkin, faqat u xaridor sotib olishi yoki xohishi mumkin bo’lgan bahodan yuqori bo’lmasa bas; ammo bunga u faqat taklifni kamaytirish yo’li bilan erishishi mumkin».
Uzoq davr mobaynida tovar bahosi uning ishlab chiqarish xarajatlardan past bo’lishi mumkin emas, negaki hech kim o’z zarariga ishlashni xohlamaydi. Shuning uchun talab va taklif o’rtasidagi barqaror muvozanat «qachonki buyumlar bir-biriga faqat ularning ishlab chiqarish xarajatlariga mos ravishda ayirboshlangandagina o’rnatiladi».

Download 68.99 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling