Mavzu: Klassik iqtisodiy maktabning yakunlanishi


Download 68.99 Kb.
bet3/11
Sana07.02.2023
Hajmi68.99 Kb.
#1172890
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Iqt. nazar 25-Mavzu

Iqtisodiy taraqqiyot nazariyasi. Iqtisodiy taraqqiyot, J.S. Mill ta’limoti bo’yicha, fan-texnika taraqqiyoti, shaxsning va mulkning rivojlanishi bilan bog’liq. Ishlab chiqarish va jamg’arish ko’payadi, soliqlar ancha erkinlashadi, ko’pchilik kishilarning ishbilarmonligi oshadi, kooperatsiya takomillashib va rivojlanib boradi. Bularning barchasi samaradorlikning o’sishiga, ya’ni ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishiga va qiymatning pasayishiga olib keladi (oziq-ovqat va xom-ashyo qiymatidan tashqari).
J.S.Millda kapital evolyutsiyasi D.Rikardo nazariyasiga o’xshab ketadi. Foyda me’yori pasayib boradi, asta-sekin minimum darajaga intiladi, lekin bu holat hali ham kapitalni jamg’arishga va jamg’arilgan vositalardan unumli foydalanishga undaydi. Foiz me’yorining minimum darajasiga bo’lgan intilishni chetga kapital chiqarish va eksportni ko’paytirish bilan sekinlashtirish mumkin. Bunda foyda me’yorini pasaytiruvchi kapitalning ortiqcha qismi chetga chiqib ketadi; bu yerda kapital yo’qolmaydi, balki u yangi bozorlarni tashkil etish va chetdan arzon tovarlarni olib kelish uchun ishlatiladi. Kapitalning bir qismining chetga chiqib ketishi foydani va foiz me’yorini oshirib, jamg’armaga bo’lgan yangi intilishni keltirib chiqaradi. U, shuningdek, foyda me’yorining pasayish moyilligi davlat xarajatlarini oshirishga qarshi bo’lgan dalillarni kuchsizlantiradi, deb hisoblaydi.
Ko’rilayotgan kapital harakatning oxirgi natijasi–bu iqtisodiy yuksalish uchun kurash to’xtagan paytdagi turg’unlik holati hisoblanadi. Ammo J.S.Mill, agar turg’unlik holati ishlab chiqarishning yuqori darajasida yuzaga kelgan bo’lsa, unga ijobiy munosabatda bo’lgan «Faqat dunyodagi qoloq mamlakatlarda ishlab chiqarishni ko’paytirish eng asosiy vazifa hisoblanadi. Ancha rivojlangan mamlakatlarda taqsimotni takomillashtirish iqtisodiy zaruratga aylandi». Uning fikriga ko’ra, hech kim kambag’al bo’lmagan, hech kim boylikka intilmagan va birovlarning oldinga chiqib olishga qilgan harakati tufayli boshqalarning orqaga surib tashlanishi xavfi bo’lmagan vaziyatdagi jamiyat, odamlar uchun eng yaxshi yashaydigan jamiyat hisoblanadi. Bunday turg’unlik davrida madaniyatning barcha shakllarini rivojlantirish uchun ma’naviy va ijtimoiy taraqqiyot uchun imkoniyatlar hech cheklanmagan bo’ladi.
Odam o’zi yaratmagan narsalarga uning egalik qilish huquqini adolatsizlik deb hisoblovchi xususiy mulk tanqidiga J.S.Mill qarshi chiqdi. Masalan, ishchilar fabrikada barcha mahsulotni yaratadi, lekin uning ko’pchilik qismi boshqa birovga tegadi. «Bu e’tirozga javob shundan iboratki, fabrikada mehnat tovar ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan sharoitlarning biri hisoblanadi, xolos. Ishni materiallarsiz, asbob-uskunalarsiz hamda ishlab chiqarish paytida ishchilarni ta’minlash uchun oldindan tayyorlangan yashash vositalari zahiralarisiz bajarib bo’lmaydi. Bu narsalarning hammasi o’tgan mehnat mahsuli hisoblanadi. Agar ishchilar bu narsalarga ega bo’lganda, ularda mahsulotni boshqa birovlar bilan bo’lishishga zarurat bo’lmas edi. Ammo ishchilarda bu narsalar bo’lmaganligi uchun ular ekvivalentning bir qanchasini (mahsulotlarning bir qismini–muallif) ushbu narsalarga egalik qiluvchi kishilarga berishi kerak». Ammo xususiy mulk doirasidan yer chiqarib tashlanishi lozim (chunki u mehnat mahsuli hisoblanmaydi).
Ijtimoiy masalalar. Ko’pchilik klassiklarning kontseptsiyasida mehnatning qiymati ishchining hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan narsalarning qiymati bilan aniqlanadi. Ish haqi talab va taklif nisbatiga bog’liq holda mehnat qiymati atrofida tebranib turadi. Bu qonunning amal qilishi kishilarning xohishiga bog’liq bo’lmaydi va shuning uchun yollanma ishchilarning ahvolini yaxshilash uchun yo’naltirilgan har qanday ijtimoiy chora-tadbirlar foydasizdir. Ishchilarning ahvolini yaxshilash iqtisodiyotda kapital qo’yilmasini kengaytirish (mehnatga talab oshadi) yoki aholi o’sishini kamaytirish (mehnat taklifi qisqaradi) bilan amalga oshirilishi mumkin. J.S.Mill dastlab ushbu tamoyillarni yoqlab chiqqan bo’lsa-da, ammo keyinchalik undan voz kechadi.
Sotsialistlar g’oyasining ta’siri va taqsimot qonunlarining tarixiy xarakterini tan olishi (tarixiy bo’lganidan ularni o’zgartirish mumkin), ingliz iqtisodchisini klassik maktabning qator qoidalaridan voz kechishga majbur etdi. U ijtimoiy islohotlarning keng dasturini ilgari surdi va o’z takliflarini bildirdi. Ular quyidagilarni o’z ichiga oladi:
1. Ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish yo’li bilan yollanma mehnatni tugatish, J.S.Mill fikricha, mehnatga bo’lgan qiziqishni yo’qotadi. Shuning uchun kapitalistik korxonalar o’rniga kooperativ birlashmalarni tashkil etish zarur, unda ishchilar bir vaqtning o’zida mulk egasi ham hisoblanadi. U kasaba uyushmalarining rivojlanishi, kapitalistik korxonalarning foydasini taqsimlashda ishchilarning ishtirok etishi tarafdori bo’lgan.
2. Yer rentasini yer solig’i yordamida umumlashtirish. Renta yollanma mehnat kabi iqtisodiy erkinlik tamoyillariga ziddir. Renta yer egasiga emas, balki jamoaga (qishloq kooperativlariga) yoki barcha jamiyatga tegishli bo’lishi kerak.
3. J.S. Mill mayda yer egalarini qo’llab-quvvatlaydi. Uning fikricha, o’z yerida ishlovchi ko’pchilik dehqonlar renta to’lashdan ozod, ular mustaqil va tashabbuskor, shuningdek, yollanma ishchilardan farqli ravishda haddan tashqari o’z oilasini kengaytirishga moyil emas.
J.S. Mill o’zining ijtimoiy islohotlar dasturida «amaldagi individual erkinlik bilan yer sharidagi tabiiy boyliklarga egalik qilishning umumiyligini va mehnat daromadlarida barchaning baravar ishtirok etishini birlashtirish»ga harakat qildi. Bunda u go’yoki bir-biriga qarshi ikki yo’nalish: iqtisodiy erkinlik tamoyil (printsip)i bilan ijtimoiy adolat tamoyil (printsip)ini birlashtirmoqchi bo’lgandek tuyuladi. Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti tajribasi buning mumkin ekanligini ko’rsatib berdi.




  1. Download 68.99 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling