Mexanik kompyuter sichqonchalari
Mexanik kompyuter sichqonchalari, nomidan ham ko‘rinib turganidek, harakatlanuvchi qismlardan iborat. Ularning ostki qismida sichqoncha ma’lum yuza bo‘ylab harakatlanishi bilan aylanuvchi sharik bor. 1999-yilda optik sichqonchalar sahnaga kelishidan oldin mexanik sichqonchalar keng ommalashgan.
Sharikli ilk mexanik sichqoncha 1968-yilda nemis kompaniyasi Telefunken tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu qurilma yarimshar shaklida bo‘lib, uning ostida kichik trekbol bo‘lgan. 1973-yilga kelib, Bill Inglish zamonaviy kompyuter sichqonasiga o‘xshash ilk sichqonchani yaratadi. Bu sichqoncha Xerox Alto I kompyuter sistemasi bilan birga sotilgan.
Mexanik sichqonchalar qanday ishlaydi?
Sharik po‘latdan ishlangan og‘ir sfera bo‘lib, aylanishi osonroq bo‘lishi uchun usti rezina bilan qoplangan.
Roliklar slindrik shaklda bo‘lib, sharikka ulangan bo‘ladi va sharik bilan birga aylanma harakat qiladi.
LED'lar rolik boshidagi kichik tirqish orqali nur o‘tkazadigan ixcham lampaga o‘xshaydi. Yorug‘lik datchiklari LED'lar chiqargan nurni ushlab olib, uni elektr signaliga aylantiradi. Sharik sichqoncha o‘rtasida joylangan va ikki tomondan roliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktda bo‘ladi. Roliklarning biri sichqonchaning pastki qismida bo‘yiga, ikkinchisi esa eniga harakatlanadi. Sharik X o‘qi bo‘ylab aylanganida, bo‘yiga harakatlanuvchi rolik aylanadi va aksincha.
Rolik boshi LED chirog‘i va yorug‘lik datchigi o‘rtasida bo‘ladi. LED yorug‘lik datchigi tomon doimiy nur oqimini uzatadi va bu oqimni rolik boshi bloklab turadi. Lekin rolik boshi o‘rtasida kichik tirqish bo‘lgani bois ingichka nur oqimi uni kesib o‘ta oladi.
Rolik boshi harakatlanishi bilan uzuk-uzuk nur yorug‘lik datchigiga borib uriladi. Aynan shu usul bilan datchik sichqoncha qanday harakatlanayotganini aniqlab oladi. Yorug‘lik datchigi nurni aniqlagach, uni mikrokontrollerga uzatadi. Olingan axborotga mikrokontrollerda ishlov berilib va nihoyat kompyuterga uzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |