Mavzu: Mixail Baxtin
Xalq maydon kulgi madaniyati
Download 68.59 Kb.
|
Mixail Baxtin
- Bu sahifa navigatsiya:
- Xronotop nazariyasi.
Xalq maydon kulgi madaniyati. M.Baxtin frantsuz Uyg‘onish adabiyotining asoschisi F.Rable ijodini tadqiq etish jarayonida asoslab bergan muhim nazariy kashfiyot “xalq maydon kulgi madaniyati” deb nomlanadi. Ushbu masala talqini ilk bor olimning “Rable realizm tarixida” nomli nomzodlik dissertatsiyasida, keyinroq “Fransua Rable ijodi hamda o‘rta asrlar va Uyg‘onish davri xalq madaniyati” degan monografik tadqiqotida o‘z aksini topgan.
Baxtin talqiniga ko‘ra, Yevropa “xalq kulgi madaniyati”ning ildizlari qadim yunon nazariy adabiyotlarida qayd etilgan “jiddiy-kulgili” janrlarga borib bog‘lanadi. Ular bu janr tarkibiga mimlar, masallar, bukolik she’riyat namunalari, pamfletlar, memuarlardan tortib suqrotona, lukiancha dialoglargacha kiritganlar. Asosida xalq kulgi madaniyati yotuvchi ushbu janrlar, M.Baxtin fikricha, roman janri uchun poydevor bo‘lib xizmat qilgan. Xalq maydon kulgi madaniyati shunchaki quvnoqlik va hazil-mutoyibadan iborat emas. Buning ostida borliqda ro‘y berib turgan barcha voqea-hodisalar, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy muammolar, qolaversa, inson fenomeniga xalqona nuqtai nazar bilan yondashish, ularni shu asosda baholash va talqin qilish yotadi. Baxtinning ta’kidlashicha, xalq kulgisi har qanday jiddiy tasvir predmeti (voqea, inson, detal va h.k.) bilan tasvirlovchi o‘rtasida mavjud distantsiyani yo‘qotadi. Boshqacha aytganda, tasvirlovchi (ijodkor)ni o‘ziga yaqinlashtirish, o‘zini o‘rganish imkonini yuzaga keltiradi: “Kulgi – dunyoga qo‘rqmay munosabatda bo‘lishning asosini tayyorlashda muhim omil”[16] vazifasini bajaradi. Roman va unga yaqin boshqa janrlar mualliflari xalq kulgi madaniyatidan mana shunday nozik vaziyatlarni shakllantirishda foydalanadilar. Obrazlar tizimini shu asosda quradilar. Asar tili serqatlamligi va uslub quramaligiga shu tarzda erishadilar. Shu tarzda turg‘un syujet, rasmiy qahramon, rasmiy uslub talabidan yiroqlasharoq, mualliflik asarlarini ijod qilishga erishadilar. Dante Aligeri o‘zining “Ilohiy komediya”sida, garchi vertikal (samoviy) dunyo dekoratsiyasidan foydalangan bo‘lsa-da, o‘z zamonasiga xos ijtimoiy, siyosiy, maishiy muammolarni tasvir etishni maqsad qildi, bu niyatiga faqat tarixiy va zamonaviy qahramonlarni yaqinlashtirish, xalq kulgisi vositasida mavjud distantsiyalarni yo‘qotish orqaligina erishdi. Xristiancha va siyosiy iyerarxiya olamiga komediya orqali yo‘l topdi. Shuning uchun ham uning asari, keyinchalik muxlislari “ilohiy” sifatini taqishganiga qaramasdan, muallif zamonasi haqidagi ijtimoiy-maishiy komediyaligicha qoldi. Hech bir jihati bilan ilohiy rutbaga erisha olmadiki, ehtimol, Dantening asl niyati ham bu qadar ulkan bo‘lmagandir. Fransua Rable “Gargantyua va Pantagryuel” asari syujetini mutlaq ma’noda gorizontal olam (moddiy dunyo, hozirgi zamon, mavjud ijtimoiy turmush) tasviriga qurdi. Xalq kulgisi asosida bahaybat qahramonlar xonadoniga, hatto ularning ichki dunyosiga kirib bordi. Ularni el ko‘zida qilib bo‘lmaydigan ishlarni bajarishga, aytib bo‘lmaydigan so‘zlarni gapirishga undadi. Bunga erishdi ham. Frantsuzlarning haybatli, vajohatli Gargantyua, Pantagryuel haqidagi mustahkam chegaraga ega, ulkan distantsiya bilan ajratilgan qarashlarini kulgi madaniyati vositasida o‘quvchiga yaqinlashtirdi. Bu kabi jarayonlarni biz Shekspir, Servantes, Gyote, Shiller, Pushkin, Balzak, Dostoyevskiy singari jahonshumul ijodkorlar asarlarida ham kuzatishimiz mumkin. Bundan kelib chiqadiki, M.Baxtinning “xalq maydon kulgi madaniyati” haqidagi nazariy xulosalari dialog, polifoniya va roman nazariyalari singari universal ahamiyatga ega. Xronotop nazariyasi. Adabiyotshunoslikning badiiy adabiyot va unda harakatlanuvchi inson fenomeniga tomon maksimal darajada yaqinlashuvi M.Baxtinning xronotop nazariyasi bois amalga oshdi desak, sira ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Yunoncha chronos (zamon) va topos (makon) so‘zlarini biriktirish orqali hosil qilingan ushbu ilmiy atama oldindan matematika, fizika, ximiya, biologiya kabi sohalarda ayni shaklda istifoda etilgan. M.Baxtin XX asrning 30-yillarida xronotop tushunchasini bevosita adabiyotshunoslikka olib kirar ekan, uning badiiy asar negizidagi janr, kompozitsiya, syujet, badiiy matn strukturasi, obrazlar poetikasiga doir muhim qismlarni qamrab olishi, badiiy makon va zamonni uyg‘un aks ettirishini hisobga oladi. Chunki badiiy asar, undagi har bir poetik qism xronotop tizimida o‘rganilmas ekan, muayyan asarni mustaqil badiiy hodisa sifatida talqin etish murakkablashadi. “Adabiyotda badiiy idrok etilgan zamon va makon aro uyg‘unlikni x r o n o t o p (so‘zma-so‘z tarjimada zamon-makon degan ma’noni bildiradi), deb ataymiz. Ushbu istiloh matematika ilmida Eynshteynning nisbiylik nazariyasi negizida qo‘llab kelinadi. Istilohning biz uchun, matematikada qo‘llanadigan maxsus tushuncha sifatida ahamiyati yo‘q. Uni biz adabiyotshunoslikka (tom ma’noda bo‘lmasa ham) istiora o‘laroq qabul qilamiz. Muhimi, bu o‘rinda, istilohning zamon va makonni uyg‘un holatda (zamonni makonning to‘rtinchi o‘lchami sifatida) ifodalashidir”[17], deb yozadi bu haqda olim. “Estetika va adabiyot masalalari” kitobiga “Romanda zamon va xronotop shakllari” sarlavhasi bilan kiritilgan ushbu tadqiqot 1937–1938 yillarda yozilgan. Tadqiqotning “Xulosaviy fikrlar” deb nomlangan o‘ta muhim so‘nggi bo‘limini esa olim 1973 yilda yozib tugatgan. “Xulosa” 1974 yili “Adabiyot masalalari” jurnalining 3-sonida chop etilgan. Mutaxassislarning qayd etishlaricha, mazkur ish M.Baxtinning Yevropa “tarbiyaviy romani” shakllari ustida olib borgan keng qamrovli tadqiqoti bilan bog‘liq ravishda maydonga kelgan bo‘lib, afsuski, o‘sha kitob qo‘lyozmasi saqlanib qolmagan[18]. Tadqiqot sarlavhasi ostidan “Tarixiy poetikadan ocherklar” degan izoh keladi. Shu o‘rinda zukko o‘quvchi ko‘ngliga nima sababdan olim shunday jiddiy tadqiqotni ocherk janriga nisbat berdi, degan savol tug‘iladi. Haqiqatan ham, adabiyotshunoslik lug‘atlarida ocherk, asosan, badiiy va publitsistik janr sifatida ko‘rsatiladi. Unda ham hikoya va novelladagi singari konflikt, xarakter, obraz va badiiy tasvir singari poetik komponentlar vositasida ish ko‘rilishi ta’kidlanadi. Publitsistikada esa yuksak ijtimoiy-badiiy pafos hamda hujjatlilik ocherkning muhim belgisi ekani qayd etiladi. U holda M.Baxtin ushbu tadqiqoti janrini nega ocherk deb belgiladi? Bizningcha, ushbu nazariy tadqiqotda ocherkka xos yagona xususiyat borki, aynan u olimning tadqiqot janrini yuksak nazokat va zukkolik bilan belgilaganini ko‘rsatadi. Bu xususiyat Yevropa romanining turli adabiy yo‘nalishlar va davrlar zanjiri bilan tutashgan uzun yo‘li bir tadqiqotchi nuqtai nazari orqali talqin etilishi bilan bog‘liq. Tadqiqotchi roman xronotopining muayyan davrga xos xususiyatlarini tadqiq etar ekan, ularning har birini mustaqil hodisa, mustaqil epizod tarzida tahlilga tortadi. Asar markazida turgan mutafakkir-olim nazariy umumlashmalari tufayli o‘zaro asrlar, dunyoqarashlar, shakl va mazmunlar devori bilan ajratilgan badiiy matn namunalari yagona tizimga birlashadi. Ularni bir safga tizib turuvchi mustahkam rishta vazifasini, bu o‘rinda, xronotop poetikasi deb nomlangan nazariy muammo bajaradi. Boshqa tomondan, muammoning tarixiy poetika metodologiyasi asosida o‘rganilgani ham olim oldiga ilmiy ocherk uslubidan foydalanish talabini ko‘ndalang qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Gap umuman roman janri xususida ketar ekan, roman xronotopi muammosini faqat tarixiy aspektdagina o‘rganish majburiyati o‘rtaga tushadi. Chunki bunday yirik va jiddiy muammoni bir asar yoki bir millat romani misolida tadqiq etish mumkin emas edi. Romanga oid bor materiallarni bir joyga to‘plash va tahlil qilishning esa imkoni ham, zarurati ham yo‘q edi. Shu va shunga yaqin holatlarni hisobga olgan olim jahon romani tarixidagi eng e’tiborli vaziyatlarni, matni saqlanib qolgan, poetik jihatdan nisbatan mukammal manbalarni ilmiy tasnif etadi, tadqiq qiladi. O‘rganilgan adabiy tarixiy-manbalar xronologik jihatdan qariyb bir yarim ming yilni qamrab oladi. Mana shunday ulkan qamrovli roman materiallarini kuzatish asnosida olim romanning olti tipini va shu olti tipga xos xronotop shakllarini belgilaydi. Tadqiqotning “Xulosa” qismini istisno etganda yunon romanidan Rablegacha, Rabledan XIX asrgacha yozilgan romanlar tadqiqi olimga ular o‘rtasidagi poetik uzviylikni belgilash, shu asosda olti mustaqil epizodni umumlashtirish, ayni paytda, roman tiplari bilan bog‘liq xronotop shakllarini belgilash imkonini beradi. Har bir tipga oid materiallar, kashf etilgan poetik xususiyatlar, tahlilga tortish mumkin bo‘lgan masalalar shu qadar ko‘p ediki, asosiy maqsadi xronotop shakllarini belgilashga qaratilgan M.Baxtin bularning aksariyatini kengaytirishdan atayin o‘zini tiyadi yoki bu haqda muxtasar tezislarini bayon etish bilan cheklanadi. Shu ma’noda bu tadqiqot nafaqat xronotop poetikasi masalalarini yoritishda, balki roman nazariyasi va nazariy adabiyotshunoslikning o‘zak masalalarini talqin etishda ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Buning uchun tadqiqot mohiyatiga chuqurroq kirish, yo‘l-yo‘lakay tashlab ketilgan ilmiy yo‘riqlar, chuqur asosga ega nazariy tezislarni rivojlantirish lozim. Albatta, bu baxtinshunoslik oldida turgan alohida masala. M.Baxtin aniqlagan olti roman tipi va ulardagi xronotop shakllariga qaytamiz. Dastlab olim yunon romani tarkibidagi uch roman tipini aniqlaydi. So‘ngra shu asosda Yevropa romanining shakllanish va taraqqiyot omillarini belgilaydi, tarixiy jarayondagi adabiy ta’sir, poetik sintez muammolari xususida fikr yuritadi. Birinchi tipni “sinovga qurilgan avantyur romanlar” deb nomlaydi. Bunday romanlar sirasiga Geliodorning “Efioplar qissasi” yoki “Efiopika”, Axill Titiyning “Levkippa va Klitofont”, Xaritonning “Xerey va Kalliroy”, Ksenofont Efesskiyning “Efesslar qissasi”, Longning “Dafnis va Xloya” asarlarini kiritadi. Birinchi tip yunon romani boshdan-oxir avantyura (xavf-xatarga to‘la sarguzasht)ga qurilgan. Undagi kompozitsiya, syujet, qahramon, obraz, xarakter, detal, fabula, uslub, ya’niki barcha badiiy komponentlar oldidan avantyura istilohi qo‘llanilishi shart (avantyur syujet, avantyur qahramon, avantyur uslub singari). M.Baxtinning ta’kidlashicha, avantyur qahramon tasodiflar ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan odamdir. Uning avantyur syujet so‘qmoqlari bo‘ylab bosgan har bir qadami tasodif sinovlaridan iborat. Kutilmagan tasodiflar olovida toblanib, og‘ir sinovlarga dosh bergan va oqibat visolga erishadigan oshiq-ma’shuqa avantyur roman markazida turadi. Avantyur roman sinov tarozisiga oshiq-ma’shuqa muhabbati qo‘yiladi. Ayriliqdan visolga qadar bosib o‘tilgan sinovlar yo‘li roman syujetini tashkil etadi. Ularning hammasida muhabbat g‘olib chiqadi. Roman so‘ngida sevishganlar visolga erishadilar. Sinovlar tugab, oshiq-ma’shuqa topishgan nuqtada roman ham nihoyasiga yetadi. Ularning keyingi hayoti bu roman mavzusiga, aniqroq aytganda, sinovga qurilgan avantyur roman xronotopi doirasiga kirmaydi. Avantyur roman dunyosi avantyur zamon bilan boshqariladi. Bu zamon yil, oy, soat, daqiqalar bilan emas, “bir kuni”, “o‘shanda”, “o‘sha kuni”, “birdan”, “shu payt”, “kutilmaganda” kabi avantyur zamon birliklari bilan o‘lchanadi. Shunday zamon birliklari tasodifan ikkiga bo‘linib ketadi, oshiq-ma’shuqa zamonini bir-biridan ajratadi. Shunda har ikki zamon o‘z tasodiflari, sinovlari doirasida mustaqil yashay boshlaydi. Bunday zamon ayriliqlarini M.Baxtin tasodifiy aynizamonlilik va tasodifiy ayrizamonlilik degan xronotop terminlari bilan belgilagan. Avantyur romanda, asosan, zamon yetakchiligi kuzatiladi. Tasodifan dengiz halokatiga (raqib fitnasi, qaroqchilar hujumi, oilalar o‘rtasidagi dushmanlik, urushlar, bir manzildan boshqasiga ko‘chish va h.k.) yo‘liqib, boshlariga ayriliq savdosi tushgan oshiq-ma’shuqa shunday bir tasodif tufayli qayta topishadi, saodatli visolga erishadi. Shu o‘rinda M.Baxtin bu roman tipiga xos yana bir muhim jihatga – qahramonlar tasodifiy sinovlar girdobiga tashlangan vaqtning na astronomik, na biografik, na biologik zamon qonuniyatlariga bo‘ysunishiga e’tibor qaratadi. Asrlarga tatigulik sinovlardan keyin ham qahramonlarning biologik yoshlari o‘zgarmasligini, ular avvalgidek yosh va navqiron, qalblarida muhabbat o‘ti olovlangan holatda qolishlarini ayni tipning xos xususiyati sifatida qayd etadi. Bu tipga xos syujet, qahramon va xronotop shakllarining bugunga qadar yangi shakl va mazmun kasb etaroq yashab kelayotganini, roman taraqqiyotiga ulkan ta’sir o‘tkazganini tadqiqot davomida bosqichma-bosqich asoslab beradi. Ikkinchi tipini olim “maishiy-avantyur roman” tarzida belgilaydi. Bu tip roman xronotopini tadqiq etishda, asosan, qadim yunon yozuvchisi Apuleyning “Oltin eshak” asariga tayanadi. Qisman Petroniyning “Satirikon” asariga murojaat etadi. Bu tip romanlarda ham sinovga qurilgan avantyur romanlardagidek zamon hukmronligi yetakchilik qiladi. O‘sha tasodiflar, o‘sha sinovlar avantyur zamonning “birdan”, “shu payt” singari real zamon qonuniyatlariga bo‘ysunmaydigan mustaqil shakllarida ro‘y beradi. Sarguzashtlar po‘rtanasiga tushib qolgan qahramon qayerda sayozlik yoki qirg‘oqqa duch kelishini tasavvur ham qila olmaydi. Ammo bu tipning birinchi tipdan farqi syujet voqealarining maishiy xronotop bilan qorishib ketganida ko‘rinadi. Bunday asar markazida ishq-muhabbat mavzusi emas, kutilmagan sarguzashtlar, qahramonning o‘ta murakkab sinovlar g‘ujg‘on o‘ynagan makonlar aro sarson-sargardonligi turadi. Bunda o‘quvchi oshiq-ma’shuqaning sinovning olis yo‘llarini oyoqlatib, visol saodatiga erishuvini emas, tasodiflar girdobiga tushib qolgan qahramonning asl hayotiga qaytishini kutadilar. Garchi, bu tip romanlarda voqealar maishiy makon sathlarida kechsa-da, uning asl xususiyati maishiylikda namoyon bo‘lmaydi. Balki maishiy sath va unga xos bo‘lgan ko‘p vositalar asar markazida turuvchi bir narsaga – metamorfozaning tug‘ilishi va syujet oxiriga qadar yashashiga xizmat qiladi. Bu tipning birinchi tipdan yana bir muhim farqi qahramonning syujet markazi bo‘ylab yolg‘iz harakatlanishidir. Metamorfoza jarayonini boshdan kechirayotgan qahramon avantyur zamon va maishiy makon sathi bo‘ylab asliga tomon intilishi va shu asnoda ma’nan o‘zgarishi, o‘zini anglashi avantyur-maishiy romanning yetakchi xususiyati hisoblanadi. Ayni tip romanlar bu jihati bilan romandan ko‘ra ko‘proq qissaga o‘xshab ketadi. “Oltin eshak” asari qahramoni Lyutsiy o‘zining o‘yinqaroqligi va noo‘rin qiziqishlari tufayli eshakka aylanib qoladi. Uning eshakdan odamgacha yoki evrilgan qiyofadan asl qiyofasiga yetib kelguncha bosib o‘tgan yo‘li sinov va o‘z-o‘zini topish yo‘li sifatida metamorfozaviy mohiyat kasb etadi. Lyutsiy tushgan vaziyat (ya’ni eshak qiyofasida yashash, odamlar tomonidan eshak kabi xo‘rlanish) zohiran qaraganda uning fojiasi bo‘lib ko‘rinsa ham, mohiyatan qahramon shu qiyofa va shunday g‘ayriinsoniy vaziyat tufayli tozaradi. Tamomila boshqa odamga aylanadi. Shu bilan birga, eshak qiyofasida darbadar kezar ekan, odamlarning jamiyat ko‘zidan nihon norasmiy turmushlarini bevosita kuzatish, ularning eng nodir sirlaridan voqif bo‘lish imkoniga ham ega bo‘ladi. Lyutsiydagi qiziquvchanlik unga mana shunday imkoniyat berishi bilan birga, mislsiz xo‘rliklar, azob-uqubatlar ham keltiradi. Shubhasiz, asar muallifi Apuleyning asl niyati romandagi mana shunday tarbiyaviy jihatga urg‘u berish, tuban axloqli odamning komillikka tomon bosib o‘tgan yo‘lini ko‘rsatish, bu orqali o‘z o‘quvchisini ibrat olishga chaqirgan. Ammo M.Baxtinning bu tip romanlarga xos motivlarni keyingi romanchilik an’analari bilan qiyosan o‘rganib kelgan xulosalari, natija Apuley niyat qilgandan tamomila o‘zgacha bo‘lganini ko‘rsatadi. Qizig‘i shundaki, “Oltin eshak”dagi Lyutsiy funktsiyasi Apuley davridan to XIX asrgacha bo‘lgan Yevropa romanchiligida izchil davom etgan. Faqat axloqiy yuksalish, o‘zni anglash tarzida emas, odamlarning sirini bilish, nojoiz joylarga, taqiqlangan parda osha mo‘ralash vositasi sifatida xizmat qilgan. Endilikda eshak qiyofasida oilalar siriga “mahram” bo‘lib qolgan Lyutsiy o‘rnini boshqa qiyofadagi josuslar – “uchinchi odam”lar egallay boshlagan. “Xuddi shu – g‘ayrirasmiy hayot pardasi ortiga mo‘ralash va undagi sir-asrorlarni eshitib olish uchun Lyutsiy-eshakning vaziyati mutlaq qulaylik tug‘diradi. Shuning uchun ham bu vaziyat an’anaga aylangan. Romanning keyingi tarixida ham uning turli-tuman variatsiyalariga duch kelamiz. Ularda eshak metamorfozasidan qahramonning xususiy turmushga mo‘ralash, tinglash imkoniyatiga ega bo‘lgan, aynan “uchinchi odam” sifatidagi spetsifik mohiyati saqlanib qoladi”[19], deb yozadi bu xususda M.Baxtin. Eshak metamorfozasi ta’sirida shakllanib, ulkan “fosh etuvchilik” vazifasini bajargan “uchinchi”lar obrazi, ayniqsa, D.Didro, Bomarshe, D.Defo, Lesaj, E.Zolya, Smollet, Stendal va Balzak singari Yevropa romani qiyofasini belgilaydigan yozuvchilar asarlarida yaqqol kuzatiladi. Yevropa zamonaviy romanida metamorfoza jarayoni va undagi asl mohiyat chetga surib qo‘yiladi. Ammo obrazning ko‘z ilg‘amas ostki qatlamlarida metamorfoza izlari sezilib turadi. Yozuvchi botinida metamorfoza jarayonini boshdan kechirgan bunday obrazlar endilikda ayyor, avantyurist (tavakkalchi, chapani), xizmatkor, kurtizanka, fohisha, qo‘shmachi, yurist, vrach, sudxo‘r qiyofasida odamzod botiniy turmushi – bashariyat haramlariga mo‘ralay boshladilarki, bu maishiy-avantyur roman tipining tarixiy-poetik sintezlashuv nuqtai nazaridan ham boshqa tiplardan farqlanishini ko‘rsatadi. Uchinchi tip sirasiga biografik romanlar kiradi. Bu tip bugun biz tushunadigan ma’nodagi biografik roman shakliga kirishi antik davrda ro‘y bergan emas. Shuning uchun M.Baxtin antik zaminda mavjud bo‘lgan biografik va avtobiografik asarlarning hali roman darajasiga yetmagan turli epizodik shakllarini keyingi biografik romanchilikka asos bo‘lgan tiplar sifatida ko‘rsatadi. Ularning har biri Yevropa biografik romaniga nima bergani va ayni tiplarning qaysi tomonlari zamon taqozosiga ko‘ra tushib qolgani haqida so‘z yuritadi. Ayni tiplarning yetakchi pafosi, shu pafosni belgilovchi xronotop shakllarini belgilaydi. Olim biografik asarlarning birinchi tipini, shartli ravishda, platoncha tip deb ataydi. “Inson o‘z-o‘zini avtobiografik anglashiga doir bu tip mifologik metamorfozaning qat’iy shakllari bilan bog‘liq. Uning mohiyatida “asl ilmni izlayotgan odamning hayot yo‘li” – xronotopi yotadi”[20]. Bu tipga Platonning “Suqrot raddiyasi”, “Fedon” asarlari kiradi. Ma’rifat va tafakkur vositasida haqiqatni topish va bu yo‘l davomida o‘z-o‘zini anglash, asl mohiyatga yetishuv ayni tipning muhim belgisidir. Ikkinchi biografik tip esa antik yunon muhitida turli marosimlar negizida vujudga kelgan ritorik asarlar bilan bog‘liq ravishda shakllangan. Jamiyat kishilaridan har tomonlama ustun mashhur shaxslarni xotirlash, ularning hayot yo‘llarini tarbiyaviy aspektda hikoya qilish, faoliyatlaridagi e’tiborli jihatlarga urg‘u berish, voizdan biografik nutq irod etish mahoratini talab etgan. Nutqdagi ko‘tarinkilik va oshkoralik bu tip asarlarning xalq bilan to‘lib-toshgan maydonlarda so‘zlangani, eng muhimi, qadim yunon muhitidagi odamning har jihatdan ochiq-oshkor bo‘lgani bilan izohlanadi. Keyinchalik ijtimoiy-siyosiy marosimlar (tantanalar, ta’ziya marosimlari) doirasida shakllangan biografik tiplar negizida avtobiografik asarlar ham maydonga kela boshlagan. Qachonki faylasuflar odam o‘z-o‘zini sharaflashi, o‘zi haqida so‘zlashi mumkinmi, degan savolga javob topgach, avtobiografik tip shakllanishi, taraqqiy etishi, binobarin, Yevropa zamonaviy avtobiografik romaniga ta’sir ko‘rsatadigan maqomga ko‘tarilishiga imkon tug‘ildi. “Keyinchalik, insonning rasmiy butunligiga putur yetgan ellin-Rim davrida, Tatsit, Plutarx hamda ba’zi boshqa voizlar inson o‘z-o‘zini sharaflashi mumkinmi, degan ijtimoiy masala qo‘yganlar. Bu masala ijobiy hal qilingan”[21]. Ammo bunda antik zaminda tug‘ilgan avtobiografik asarlar tom ma’noda oshkora, tarbiyaviy xarakter kasb etgan. Xuddi shu jihati bilan bunday asarda etik ideal, pedagogik nuqtai nazar yetakchilik qilgan. Faqat Rable va Gyote davrlariga kelib, antik biografiya va avtobiografiya ichki struktural o‘zgarishga uchragan. Romanning uch antik yunoncha tipini tadqiq etgan olim “sinovga qurilgan avantyur roman”, “avantyur-maishiy roman”, “biografik roman” deb nomlangan bu uch tipni harakatga keltiruvchi zamon shakllarining manbasi qayerda, degan savol qo‘yadi va o‘zi folklorda deya javob beradi. So‘ng mifologiya va folklor asarlarida shakllangan zamonning tarixiy inversiya (o‘rin almashinuv) yo‘li bilan mazkur uch roman tipiga o‘zlashganini asoslaydi. “Jannat, Oltin asr, qahramonlik asri, ilk haqiqat to‘g‘risidagi miflar – tabiiy holatlar, asl huquqlar va boshqalar xususidagi bir qadar qadim tasavvurlar – aynan tarixiy inversiya ifodasi hisoblanadi. Uning biroz yuzakiroq ta’rifini keltirib aytish mumkinki, bu o‘rinda nimaiki o‘tmishda bo‘lib o‘tgan deya tasvirlansa, aslida kelajakda ro‘y berishi mumkin yoki kelajakda ro‘y beradi. Mohiyatan, u o‘tmish voqeligi emas, kelajakning maqsadi, burchi o‘laroq namoyon bo‘ladi”[22]. Olimning bu kuzatishlari o‘ta muhim xulosalarni ilgari surishga imkon tug‘diradi. Ya’ni “bugun” aynan tarixiy, harakatdagi zamon. Har qanday roman, qaysi mavzu, qaysi davr haqida hikoya qilmasin, bugunga tegishli. O‘zini bir qadar quyushqondan chiqqan deya hisoblaydigan bugun zamon mezonlarini doimo kelajak oldidagi burchlariga sodiq o‘tmishdan oladi. Shu tariqa tarixiy inversiya jarayoni ishga tushadi. Ideal, abadiy zamon shakllari antik romanning belgilovchi zamoniga aylanadi. Bundan ko‘rinadiki, chuqur xalqona asosga ega har qanday badiiy asar o‘z tarkibida insoniyat o‘tmishining saodati, mana shunday saodatga intilishning afzalligi, aksincha bo‘lsa, kelajakdagi jazoning muqarrarligi haqidagi samoviy haqiqatni saqlaydi. Bu o‘rinda M.Baxtinning kelajak, “esxatologiya”, “qiyomat”, “jannat”, “jahannam” singari tushunchalarga nisbatan xiyla istehzoli munosabatini esa u yashagan sovetlar tuzumi qo‘yadigan qat’iy talablar, qisman undagi materialistik nuqtai nazarga moyillik bilan izohlash mumkin. Antik yunon zaminida shakllangan yuqoridagi uch roman tipidan keyin M.Baxtin aniqlagan to‘rtinchi tip o‘rta asr Yevropa ritsar romanidir. Ritsar romanida ham, M.Baxtin xulosasiga ko‘ra, yunon romanlaridagidek avantyur zamon shakli yetakchilik qiladi. Bir qarashda ushbu romanlarning syujet qolipi ham, xronotop dunyosi ham o‘xshash. Ammo ritsar romani mana shunday o‘xshashliklar negizida qator yangi xususiyatlarini namoyon etganki, xuddi shu jihatlari bilan Yevropa romani taraqqiyotida muayyan rol o‘ynagan. Avvalo, ritsar romani qahramonlari yunon romanidagi qahramonlar kabi avantyura quroliga aylantirilmagan. Ular tasodiflar ichra tug‘iladilar, kurashadilar va o‘z baxtlarini shunda topadilar (ya’ni ular tom ma’nodagi avantyur – tasodiflar ichida yashaydigan qahramonlardir). Ikkinchidan, yunon romani qahramonlari o‘zaro o‘xshash va shu bois ular haqida faqat bir ijodkor, faqat bitta asar yozishi mumkin edi. Ritsar romani qahramonlari esa sof individual qahramonlar bo‘lib, ular haqida turkum romanlar yozilgan. Uchinchidan, ritsar romani qahramonlari harakatlanadigan xronotop maydoni chegaralanmagan. Ular dunyoning istalgan joyida turli sarguzashtlar ichra yashaydilar, g‘olib bo‘ladilar va sharaflanadilar. Butun dunyo ularning vatani. Ular muayyan millatga emas, butun bashariyatga oid qahramonlar hisoblanadiki, bunday xususiyatlar ritsar romani qahramonlarini epos qahramoni bilan tutashtiradi. Ritsar romanlaridagi bunday umumbashariy qamrov, bizningcha, ularning Yevropada “Injil” ta’limoti yoyilib, politeistik qarashlarga barham berilayotgan davrlarda maydonga kelgani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Bu tip roman yunon romanidan zamon o‘lchovlari jihatidan ham farq qiladi. Agar yunon romanidagi avantyur vaqt birliklari real kun, tun, soat, daqiqa bilan teng zamonni bildirsa, “Ritsar romanida zamonning o‘zi ham ma’lum darajada mo‘jizaviylik kasb etadi. Zamonning ertaknamo mubolag‘alashuvi ro‘y beradi. Soatlar kun qadar uzaysa, kunlar lahza qadar qisqaradi… Umuman, ritsar romanida zamon bilan sub’ektiv o‘yin maydonga keladi”[23]. Xuddi shu zamon shakli keyinchalik romantizm, simvolizm, ekspressionizm, syurrealizm vakillari asarlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. M.Baxtin rableyona xronotop tadqiqiga o‘tishdan oldin yana bir masala ustida to‘xtalishga zarurat sezadi. Bu o‘rta asrdan keyingi davr romani xronotopida faol “fosh etuvchi” rolini o‘ynagan telba, ayyor va masxara obrazlaridir. Ushbu moslashuvchan va yashovchan obrazlar genezisi, olimning kuzatishicha, eng qadimgi davr xalq ijodiyoti namunalarida ham bor edi. Ammo ularning bevosita romanga ko‘chishi o‘rta asr Yevropa xalqlari maydon teatrlarida ijro etilib kelgan fablio, shvank va farslar bilan bog‘lanadi. Bu janrlar tarkibida maydonga kelgan obrazlar jamiyatdagi ochiq-oshkora tanqid etish qiyin bo‘lgan illatlarga qarshi kurashuvchi o‘ziga xos vosita vazifasini bajaradi: “Ularni fosh etuvchi kuch sifatida (qishloqi, shaharlik etikdo‘z shogirdi, yosh butxona rohibi, umuman, turli toifadagi daydilar obrazidagi) ayyorning hushyorligi, quvnoqligi, fahm-farosati, masxaraning muqallidona mazaxlari, telbaning sodda anqovliklari qarshi qo‘yiladi. Og‘ir va zim-ziyo yolg‘onga firibgarona quvnoq yolg‘onlar, g‘arazu riyokorliklarga telbaning beg‘araz soddaligi, anqovligi va barcha majburiyatlar, yolg‘onlarga masxaraning fosh etuvchi harakatlari ters turadi”[24]. Ayni obrazlarning romanga ko‘chishi maishiy turmush, ijtimoiy hayot yoki alohida odamlarga xos illatlarni parodiyaviy kulgi vositasida fosh etish modusining yozuvchilar tomonidan ishlab chiqilishi natijasida amalga oshdi. Servantes, Rable, Lorens Stern, Grimmelshauzen, Volter, Smollet, Filding va boshqa ko‘plab keyingi davr ijodkorlari nasrida bu uch obrazning biri yoki har uchalasi uchrashini kuzatish mumkin. M.Baxtin o‘rgangan beshinchi tip roman xronotopi rableyona xronotop deb ataladi. Rableyona romanni o‘zigacha bo‘lgan to‘rt roman tipidan farqlab turuvchi asosiy jihat uning real olam gorizontal xronotopi tomon intilishdir. Ma’lumki, Rablening “Gargantyua va Pantagryuel” asariga frantsuzlarning “Bahaybat va buyuk Gargantyua haqida buyuk solnoma” nomli xalq kitobi asos bo‘lgan. Asardagi frantsuz xalq maydon kulgi madaniyati poetik usulining yetakchilik qilishi ham ushbu asos-manbaning xalqona tabiati bilan bog‘liq. Rable mana shu omillar vositasida o‘zi yashab turgan va ipidan ignasigacha o‘rgangan frantsuz ijtimoiy, siyosiy, diniy-ma’naviy hayotini parodiyaviy grotesk-satira usulida tasvirlaydi. Rable asaridagi barcha xronotop shakllari astronomik, geografik, matematik, geometrik, tibbiy va falsafiy nuqtai nazardan o‘zining ilmiy asosiga ega edi. Rable asaridagi inson tanasi a’zolari, urush manzaralari, jarohat, o‘lim kabi holatlar sof tibbiy bilim vositasida tasvirlanadi. M.Baxtin ushbu asardagi yetti guruhni ko‘rsatib o‘tadi. Bular: “1) inson tanasining anatomik, fiziologik bo‘laklari; 2) kiyim-kechaklar guruhi; 3) oziq-ovqatlar guruhi; 4) ichkilik va mast qiluvchi ichimliklar guruhi; 5) jinsiy a’zolar guruhi (jinsiy aloqa); 6) o‘limlar guruhi; 7) hojat chiqarish guruhi”[25]. Bularning barchasi Rablega ilgari surmoqchi bo‘lgan badiiy kontseptsiyasini ifodalash uchun xizmat qiladi. Roman xronotopi mana shu yetti guruhning kesishuvi, yonma-yon kelishi va sintezlashuvi natijasida hosil qilinadi. Roman kontseptsiyasini ifoda etishda yuqoridagi yetti guruhning oddiy xalq va qahramonlar grotesk dunyosi bilan sintezlashgan shaklda namoyon bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq maydon kulgi madaniyatiga xos oshkora fosh qiluvchilik ruhi Rable maqsadining amalga oshuvini ta’minlaydi. Xususan, o‘rta asr Yevropa cherkov ta’limotida inson va uning hayoti, ma’naviy qadriyatlar, dunyo va oxirat, ezgulik va yovuzlik masalalari diniy-ma’rifiy, umuminsoniy jihatdan buzib talqin qilinar edi. Yoshligidan monastirda o‘qib, mavjud cherkov ta’limotini chuqur egallagan Rable xalqning biroz qo‘pol, oshkora kulgisiga tayangan holda buzilgan cherkov ta’limotining asos-asoslarigacha zarba beradi. Eng muhimi, Rable o‘rta asr frantsuz cherkov muhiti sharoitida ilk bor insonni Xudoning eng oliy yaratig‘i, fikrlovchi iroda sohibi sifatida qaraydi. Inson va uning hayotiga nisbatan gumanistik munosabatni ilgari suradi. Uning qahramonlari roman xronotopi (tekisliklar, tog‘lar, dengiz va orollar) bo‘ylab asl ma’rifatni – Rable tushunchasidagi har xil bid’atlardan xoli, isloh qilingan xristiancha ta’limotni qidiradilar. M.Baxtin rableyona xronotop doirasida yozuvchining mana shunday qarashlarini ko‘radi. Ularning o‘tmish va zamonaviy adabiyot bilan munosabatini belgilaydi. M.Baxtin Rable romani xronotopi asoslari bevosita folklorda ekanini quyidagi dalillar negizida asoslaydi. Ya’ni birinchidan, Rable asarida istifoda etilgan zamon oddiy xalq mehnat jarayonida belgilagan tsiklik (mavsumiy) zamondir. Rable talqinicha, bu zamonga ekish, unish, ulg‘ayish, ko‘payish jarayonlari xos. Bu zamonda o‘lim ham fojia emas, yangi hayotning boshlanishi deb qabul qilinadi. Asarning makon ko‘lami esa yer, osmon va undagi barcha mavjudotlarni qamrab olgan butun borliqdir. Rable qahramoni bularning barchasiga Uyg‘onish davri odami nuqtai nazariga ko‘ra – aql, tajriba va muqoyasa usuli bilan yondashadi. Borliqdagi tsiklik zamondagi doimiylik va takroriylik Rable badiiy zamoniga singdirib yuborilgan. Kun, hafta, oy, yil, asrlar aylanib turganidek, inson hayoti ham uning avlodlari timsolida aylanib turadi. Yana bir muhim jihati shuki, rableyona xronotop dehqoncha tsiklik zamon uyg‘unlashgan xalq marosimlari bilan ham sintezlashib ketadi. Unda grotesk-satiraga xos badiiy talqinning yetakchiligi ham shu bilan belgilanadi. Rable romaniga xos bu jihatlar so‘nggi davrlar romanlarida ham u yoki bu darajada davom etib kelyapti. Nihoyat, bevosita qadim folklor an’analaridan Rable romaniga o‘zlashgan dehqoncha mehnat va maishiy turmushga xos ishlab chiqarish jarayonlari bevosita aks etadigan roman tipi asosida oltinchi – idillik xronotop maydonga kelgan. M.Baxtin eng muhim idillik shakllar sifatida, muhabbat, dehqonchilik, kosiblik mehnatiga doir idilliyalarni sanaydi. Shu va shularning oralig‘ida paydo bo‘ladigan idilliyalarga xos xronotopning asosiy xususiyati: “avvalo, idilliyadagi zamonning makonga munosabatida aks etadi. Hayot hodisalari ona diyorning barcha puchmoqlariga, qadrdon tog‘lar, vodiylar, keng maydonlar, daryo va o‘rmonlaru tug‘ilgan xonadonga naqadar uzviy bog‘langanida ko‘rinadi. Idillik hayot va unga doir voqelik ushbu – bobolar, otalar yashagan, bolalar va nabiralar ham yashaydigan – konkret makon burchaklaridan ayri holatda mavjud bo‘la olmaydi”[26]. Idillik xronotop zamon tsiklikligi, makon yagonaligi va avlodlar davomiyligida aks etadi. Undagi keyingi xususiyat ham shundan kelib chiqadi. Ya’ni tug‘ilish, turmush kechirish va o‘lim faqat mana shu xronotop doirasida kechadi. Bundagi syujet voqeligi kundalik turmush jarayonining badiiy modelidir. Idillik hayot tabiat maromi bilan qorishib ketgan insoniy umr manzaralaridir. Idillik nasr namunalari Gyote, Russo, T.Grey, Ch.Dikkens, N.Gogol, L.Tolstoy, Stendal, Balzak, Flober, T.Mann singari turfa oqim va turli uslubga ega yozuvchilar ijodida yaqqol kuzatiladi. M.Baxtin faqat oradan o‘ttiz besh yil o‘tib, roman xronotopiga doir jiddiy tadqiqotiga xulosa yozishni lozim topgan. Tadqiqot mohiyatini anglashda ulkan ahamiyatga ega ushbu xulosani yozish uchun olimga o‘ttiz besh yil kerak bo‘ldi, deyish to‘g‘ri bo‘lmas-u, ammo mana shu yillar ichida u shunday jiddiy kuzatuvlarni umumlashtiruvchi kichik bo‘lim bag‘ishlash zaruratini his qildi. O‘limidan ikki yil oldin ushbu muhim bo‘limchani qoyilmaqom qilib yakunladi. Xulosada olim yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy fikr xronotopning nazariy masalalari, xronotop shakllari, xronotop qiymatlari masalasidir. Xronotopning uchrashuv, yo‘l, qal’a, mehmonxona, ko‘cha, qishloq, shaharcha, ostona singari ko‘rinishidan texnik vazifa bajaradigan, aslida badiiy metaforiklashuv natijasida umuminsoniy muammolarni aks ettiradigan shakllari, ulardagi zamonning spetsifik funktsiyasini mazkur xulosa yordamisiz anglash mumkin emas. Bevosita badiiy asar, xususan, romanga xos poetik komponentlar nuqtai nazaridan qaralganda ro‘yxatning birinchi qatoriga syujet chiqadi. Zotan, syujetning biror bo‘lagi (ekspozitsiya, tugun, kulminatsiya, yechim va h.k.) yo‘qki, u xronotopsiz biror ma’no kasb etsin. Chunki syujet (va bir butun asar) tarkibida faqat xronotopgina: “zamon va makonning yagona moddiylashtiruvchisi sifatida bir butun roman timsolidagi aniqlashtiruvchi markaz hisoblanadi”[27]. Shuningdek, xronotop janr, kompozitsiya, obraz, badiiy asar tili va uslubi, muallif, o‘quvchi singari eng muhim birliklar potentsiyasi va tabiatini belgilaydi. Bu xronotop shakllari asar tarkibida yagona tizim bo‘lib, uzviy munosabatda yashaydi va harakatdagi badiiyat fenomenini hosil qiladi. M.Baxtinning roman va undagi xronotop shakllariga oid tadqiqoti ikki jihatdan muhimdir. Birinchidan, tadqiqotda roman janri tarixiy poetika nuqtai nazaridan umumlashtirilgan. Bunda olim, garchi bashariyat madaniyati tarixi ijtimoiy formatsiyalar mezonida o‘lchangan sho‘rolar tuzumi davrida ijod etgan bo‘lsa-da, Yevropa xalqlari tarixidagi uch ulkan davrning o‘zaro va, asosan, to‘rtinchi davrga ta’sirini ko‘rsatgan. Ya’ni yunon romanidan boshlanib, ellin-Rim davriga qadar davom etgan, yuqorida ko‘rib o‘tganimiz uch antik tipni maydonga keltirgan poleteistik (ko‘pxudolilik) davr romanchiligi; o‘rta asr Yevropasidagi “Injil” va cherkov ta’limotiga tayanuvchi monoteistik davr ritsar romani; cherkov qutqularidan ozod bo‘lib, materialistik borliqni anglashga intilgan aql-tafakkur (Uyg‘onish, Rable) davri romanining ilm-fan, sanoat, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat taraqqiyoti jadallashgan yangi davr (XVII–XX asrlar)dagi aks sadosini roman janri misolida yoritib bergan. Olimning bunday keng qamrovli kuzatishlaridan ma’lum bo‘ladiki, bashariyat estetik tafakkuri, xususan, badiiy ijoddagi yetakchi kontseptsiyalar har doim jamiyatda hukmronlik qilgan ishonch-e’tiqod bilan belgilangan. Bashariyat o‘z tarixi davomida xoh u mif tarzida buzilgan, xoh muayyan bid’atlar bilan qorishib ketgan bo‘lsin, ilohiy ko‘rsatma va axborotlarga, Yaratganning bildirganlariga tayangan. Hatto insoniyat Xudoni unutib, bir qadar dahriylashgan zamonlarda ham bunday ta’limotlar badiiy an’analar tarzida yashab qolgan, adabiyotning harakatlantiruvchi kuchi vazifasini bajarishda davom etavergan. Ikkinchidan, insoniyat yaratilgandan beri bir lahza bo‘lsin to‘xtamagan zamon va makon harakati hayotning badiiylashtirilgan modelini ishlab chiqishga da’vo qiladigan badiiy adabiyotning ham eng muhim sharti ekanini nazariy jihatdan isbot etgan. Badiiy niyatning tug‘ilishidan boshlab, asarning yozilishi, tugallanishi va bundan keyin o‘quvchi badiiy aurasida yashashigacha bo‘lgan jarayonlar haqida fikr yuritgan. Ayniqsa, tadqiqotdagi xronotopning yozuvchi, o‘quvchi, real muallif, muallif obrazida namoyon bo‘lish jarayonlari, xossalari, ularning badiiy asar komponentlari bilan tizimli munosabati haqidagi tezislar rivojlantirilsa, jahon adabiyotshunosligi ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga shubha yo‘q. Uzoq Jo‘raqulov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent “Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-12-sonlar Download 68.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling