Mavzu: Mixail Baxtin
Download 68.59 Kb.
|
Mixail Baxtin
- Bu sahifa navigatsiya:
- Polifoniya nazariyasi.
- Epos va roman masalasi.
Dialog nazariyasi. M.Baxtinga qadar ham falsafa, estetika, adabiyotshunoslikka doir ishlarda dialog tushunchasi va u haqdagi fikr-qarashlar mavjud edi. Yevropa falsafiy-badiiy tafakkurining ilk davrlarida – Suqrot, Platon, Aristotel asarlarida – dialogning muayyan adabiy janr doirasida qo‘llanishidan tashqari, falsafiy fikrning yetakchi ifoda shakli ekani ochiq-oydin ko‘rinadi. Faylasuf o‘z qarashlarini o‘rtaga tashlar ekan, albatta, uni fikrlashga undovchi, bahslashuvchi, ba’zi fikrlarini tasdiqlovchi suhbatdoshga ehtiyoj sezgan. U xoh Platon dialoglaridagi “yalang‘och daho” singari adresati aniq shaxs (Suqrot), xoh xayoliy-abstrakt suhbatdosh sifatida namoyon bo‘lsin, har qachon o‘zining dialog tashkillovchilik funktsiyasini saqlab qolgan. Mohiyatan har qanday harakat, faoliyatning asosida turuvchi fenomen hisoblangani bois keyinchalik barcha gumanitar sohalarda, hatto tabiiy fanlarda ham asosiy kategoriyalardan biriga aylangan. Yevropa falsafasida har jihatdan ishlangan, rivojlantirilgan dialogiklik ijtimoiy hayotning ham muhim sharti o‘laroq talqin etilgan.
Dialogik nutq shakli tarixan har uchala adabiy tur doirasida yashab kelgan bo‘lsa-da, uning spetsifik jihatdan dramatik turga yaqinligi deyarli barcha nazariy adabiyotshunoslik asarlarida qayd etib kelinar edi. Ammo XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asr ibtidosidan boshlab, turli madaniy, ma’naviy, ijtimoiy o‘zgarishlar sabab adabiy turlar spetsifikasida yangilanishlar ko‘zga tashlandi, tur va janrlar aro sintezlashuv jarayonlari ro‘y berdi. Xususan, sentimentalizm adabiyoti ta’sirida nasriy janrlarga chuqur psixologizm, naturalizm ta’sirida voqelikni detallashtirib ifodalash usuli kirib kelgan bo‘lsa, romantizm ayni janrni lirizm bilan to‘yintirdi. Endilikda ochiq dialogga asoslangan, bir qadar ommaviy dramaturgiya o‘z o‘rnini anchayin mahdud, shu bilan birga, elitar o‘quvchi ehtiyojlarini ifodalay oladigan psixologik nasrga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Natijada epik tur, ayniqsa, roman janrining shakl va mazmun nuqtai nazaridan yangi namunalariga nisbatan talab kuchaydi. Rus yozuvchisi Fyoodor Dostoyevskiy nasri mana shunday madaniy-ma’naviy, ijtimoiy-psixologik jarayonlarning hosilasi ediki, M.Baxtin kashf etgan dialog nazariyasi ko‘proq ayni manbaga tayanadi. M.Baxtin mana shunday badiiy tafakkur namunalari tahlili asosida ilgari surgan dialog nazariyasi falsafa, estetika va adabiyotshunoslik tarixidagi an’anaviy dialog nazariyalaridan tubdan farq qiladi. M.Baxtinning dialog nazariyasi bu ijtimoiy-psixologik, falsafiy-badiiy fenomenga nisbatan tamomila yangicha yondashuv mahsuli ediki, uning ilmiy va amaliy ahamiyati ham shunda. M.Baxtinga qadar dialog hodisasi, asosan, ikki qarama-qarshi qutblar orasidagi o‘zaro munosabatning dialektik birligi deb tushunilgan. Bunda dialogik vaziyatdagi qarama-qarshi ta’sir va buning natijasida paydo bo‘ladigan harakatga urg‘u berilgan. Osmon Yer bilan, ezgulik yovuzlik bilan, kun tun bilan, suv olov bilan doimiy ziddiyatda yashaydi, borliqdagi barcha katta-kichik harakatlar, faoliyatlar ayni qonuniyat asosida maydonga keladi, degan yagona kontseptsiya ilgari surilgan. M.Baxtin dialog nazariyasining yangiligi shundaki, u ayni hodisaning yagona qutb doirasida voqe bo‘lish qonuniyatini badiiy asar va undagi inson obrazi tahlili asosida ochib berdi. Ya’ni, juftlik hodisalar o‘zaro zid holatda dialogiklik kasb etgani holda, yakka holatida ham (Er, ezgulik, kun, suv kabi) ichki dialogik struktura va mazmunga ega. Jamiyatda (yoki badiiy asar dunyosida) o‘zining muqarrar antipodiga ega odam neytral holatda ham o‘zining botiniy antipodi bilan yashaydi. Bu hodisa badiiy asarda ichki dialog (mikrodialog) tarzida kuzatiladi. Xuddi shu xarakterdagi inson obrazi, M.Baxtin dialog nazariyasiga ko‘ra, badiiy asar chegaralarini buzib, ijtimoiy odam hududiga ko‘chishi, unda muayyan maqom egallashi mumkin. Ayni bois dialog chek-chegara bilmaydi va har qanday holatda intihosizdir. Olim F.Dostoyevskiy nasridagi dialog strukturasini talqin etar ekan: “Dostoyevskiy badiiyat dunyosi markazida dialog turishi lozimligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Unda dialog vositadan ko‘ra maqsad bo‘lib xizmat qiladi. Bu o‘rinda dialog harakat maydoniga olib chiquvchi eshik emas, balki aynan harakatning o‘zidir… Mavjudlik – muloqotga kirishmoq. Muloqot to‘xtagan joyda hamma narsa tugaydi”[4], degan fikrni ilgari suradi. Demak, M.Baxtin talqinidagi dialog fenomeni nafaqat badiiy asar syujeti, kompozitsion qurilishi, obrazlari harakatini, balki bir butun poetik voqelik mohiyatini tashkil etadi. Uning bevosita tirik jarayon, jonli so‘z va ayniqsa, faoliyatdagi inson bilan spiralsimon munosabatini yuzaga keltiradi. Badiiy asar dunyosida harakatlanuvchi odam obrazi doimiy muloqot vaziyatida yashaydi. Unga oid har qanday nutq mohiyatida dialog turadi. U har qanday holatda, qay shaklda (dialogik, mikrodialogik, monologik, polifonik) muloqotga kirishmasin, albatta, qarshisidagi “o‘zga” obrazini his qilib turadi. “Dostoyevskiy dialogining qolipi juda oddiy: odamning odam bilan – “men” va “o‘zga” sifatidagi qarama-qarshiligidir”[5], deb yozadi bu haqda M.Baxtin. Ammo mazkur qarama-qarshilik absolyut ma’nodagi ikki nuqtai nazarni anglatmaydi. “Men” “o‘zga” bilan muloqotga kirishar ekan, botinidagi g‘ayri qutbni tasdiqlashi, inkor qilishi, aldashi, avrashi, unga munojot qilishi, tazarru etishi mumkin. “O‘zga” funktsiyasini esa “men”dan boshqa barcha – Yaratgandan tortib, ota-ona, aka-uka, opa-singil, yor, do‘st, dushman, qo‘shni, ustoz, shogird bajarishi mumkin. M.Baxtin dialog nazariyasining o‘ta nozikligi va murakkabligi ham shunda. Syujet tizimida o‘zining haddi a’losiga yetgan dialog badiiy asar dunyosiga sig‘may qoladi. Endilikda u sun’iy muloqot (badiiy, yozuvchi tomonidan uyushtirilgan) maqomidan jonli muloqot maqomiga o‘tadi. “Garchi, ochiq-oshkor shaklda bo‘lmasa ham, xuddi shu “o‘zga”ning qo‘yilishi, shubhasiz, Dostoyevskiy dialogining mazmun-mohiyatini belgilaydi: ular syujet vositasida tayyorlangan, ammo ularning kulminatsion nuqtalari – dialoglar cho‘qqisi – syujetdan oshib o‘tib, abstrakt doiraga yuksaladi, odam bilan odamning chinakam munosabatiga aylanadi”[6]. Olimning ushbu fikridan kelib chiqib shunday xulosa qilish mumkinki, u kashf etgan dialog hodisasi faqat adabiyot, falsafa, estetika yoki fan va san’at sohasiga daxldor emas. Uning dialog nazariyasi keng ma’noda ijtimoiy, umumbashariy mohiyatga ega. Polifoniya nazariyasi. Olimning bu nazariyasiga ham F.Dostoyevskiy ijodi asos bo‘lgan. “Biz Dostoyevskiyni badiiy shakl sohasidagi ulkan kashfiyotchilardan biri, deb hisoblaymiz. Komil ishonch bilan aytamizki, u badiiy tafakkurning, biz shartli ravishda p o l i f o n i k deb atagan, tamomila yangi tipini kashf etdi”[7]. Polifoniya istilohini M.Baxtin musiqa nazariyasidan o‘zlashtirgan. Polifoniya bir nechta teng huquqli ovozlarning bir paytda uyg‘un ravishda yangrashini bildiradi[8]. Musiqa nazariyasidan adabiyot nazariyasiga o‘tgan ushbu termin endilikda ma’no jihatidan kengayadi. Agar musiqadagi ovoz, asosan, melodiya – musiqiy tovush ma’nosini anglatsa, M.Baxtin har qanday badiiy ovoz (golos) tushunchasi ostida mustaqil odamni ko‘radi. “Aynan yozuvchi ijodiy niyatiga ko‘ra, Dostoyevskiy bosh qahramonlari nainki muallif so‘zining ob’ektlari, balki mutlaq ma’noda o‘z so‘zlarining sub’ektlari hamdirlar… U asar strukturasida tom ma’noda mustaqil, eng muhimi, bu ovoz muallif va boshqa qahramonlar ovozi bilan bir qatorda qo‘shilib oqadi”[9]. Polifoniyadagi har bir ovoz mustaqil odamni bildiradi. U muallif ovozining takrori yoki aks-sadosi emas. Bu ovoz polifoniya deb atalgan maydon ichida muallif va boshqa qahramonlar ovozi bilan bir qatorda harakatlanishi, o‘zga ovozlar bilan qo‘shilishi, ulardan ajralib chiqishi, ularni tasdiq yoki inkor etishi, hatto o‘zga ovozlarga qarshi isyon ko‘tarishi mumkin. Har bir ovozning o‘z dunyosi, nuqtai nazari, g‘oyasi bor. U bularning barchasini himoya qilish, polifoniya doirasida namoyon etish va bu maydonda g‘olib yoki mag‘lub bo‘lish huquqiga ega. Qizig‘i shundaki, hatto muallif ovozining to‘la ma’nodagi mag‘lubiyati ham boshqa ovozlar faoliyatining o‘zgarishi va so‘nishiga olib kelmaydi. Shunga ko‘ra polifoniya, ba’zi o‘zbek adabiyotshunoslari qayd etganlaridek, ma’no serqatlamliligi, ko‘pma’nolilik emas. Undagi har bir ovoz bir mustaqil olam, ulkan dunyo ichidagi dunyochadir. Mana shu ovozlardan har biri polifoniya olami ichra mustaqil yashashi, bunda teng huquqli dunyo maqomini olishi uchun quyidagi uch falsafiy-badiiy, ruhiy-ma’naviy komponentga ega bo‘lishi lozim. Birinchidan, har bir ovoz ham tashqi, ham ichki tomondan dialogik mohiyat kasb etadi. Bunda u, yuqorida to‘xtalganimizdek, o‘zi uchun “o‘zga” maqomidagi barcha ovozlarga nisbatan oppozitsiyada turadi. Shu tariqa qahramonning mustaqil dialogiklashuvi jarayoni asar boshidan oxiriga qadar davom etadi. Ikkinchidan, har bir ovoz o‘z-o‘zicha ideolog sifatida namoyon bo‘ladi. Badiiy asar dunyosida o‘z yo‘li, dunyoqarashi, pozitsiyasini o‘rtaga tashlash, himoyalash, o‘tkazish huquqi uchun kurashadi. Bunda u o‘zi bilan teng maqomda turuvchi g‘oyalar bilan dialogga kirishuvi barobarida, muallif g‘oyasiga nisbatan ham mutlaq qarshiligini oshkor qila oladi. Hatto ba’zi o‘rinlarda muallif mafkurasini inkor etishi, unga tenglashuvi, undan o‘zib ketishi ham mumkin. Shu bilan birga, har qaysi mustaqil ovoz – ideolog o‘zining ichki polifoniyasi bilan tug‘iladi va hayot kechiradi. Uchinchidan, ayni polifonik dunyoda bir butun dialogik voqelik sifatida yashayotgan, mustaqil g‘oyasini namoyon etib turgan ovoz (qahramon) syujet davomida ro‘y berayotgan harakat hamda voqeliklar tizimida fenomenal qiyofa kasb etadi, o‘zini kashf etadi, anglaydi. Qizig‘i shundaki, bu murakkab jarayon maromiga yetgan nuqtada qahramonning tom ma’nodagi mustaqil hayoti boshlanadi. Natijada u asar badiiyat dunyosi bilan parallel ravishda real hayot, jonli nutq hududida ham yashay boshlaydi. Shunday qilib, M.Baxtin F.Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”, “Telba”, “Jinoyat va jazo” kabi asarlari asosida polifoniya nazariyasini ishlab chiqdi. Polifonik romanning tarixiy, maishiy, biografik romanlardan tamomila farq qiladigan, yangi roman shakli ekanini isbotladi. Unga xos kriteriylarni belgilab berdi. Epos va roman masalasi. M.Baxtinning qat’iy xulosasiga ko‘ra, adabiy janrlar ichida romanchalik beqaror, shakl va mazmunini doimiy o‘zgartirib turadigan, muayyan qolipga bo‘ysunmaydigan ikkinchi bir janrni topish qiyin. “Roman nazariyasining favqulodda qiyinligi mana shundan kelib chiqadi. Zero, bu nazariyaning ob’ekti mohiyatan boshqa janrlar nazariyasi ob’ektlaridan tamomila farq qiladi. Roman – shunchaki janrlar ichidagi janr emas. Bu – allaqachon suyagi qotib ulgurgan va qisman, halokatga yuz tutgan janrlar ichidagi yakkayu yagona shakllanayotgan janrdir. Bu – jahon tarixining yangi davri maxsuli va shuning uchun ham uning o‘ziga bag‘oyat hamohang birdan-bir janrdir; boshqa janrlar esa, yangi davrga tayyor holda o‘tmishdan meros bo‘lib o‘tganlar, ular yangi hayot sharoitlariga – biri yaxshiroq, biri yomonroq tarzda – moslashadilar xolos”[10]. Roman adabiy janrlar taraqqiy etgan davrlarda ro‘y beradigan umumiy sintezlashuv, kanonlashuv, uzviylashuv jarayonlarida ishtirok etmaydi. Adabiy janrlarning ulkan tserkulyativ harakatlaridan chetda turadi. Ayni paytda boshqa janrlar taraqqiyotiga ham, shakl va mazmuniga ham o‘z-o‘zicha ta’sir ko‘rsatadi. Bu poetik ta’sirlanuv hodisasidan nafaqat nasriy janrlar, balki lirik va dramatik janrlar ham bebahra qolmaydi. Ayni holat romanning boshqa janriy shakllanuv jarayonlarida tobe sifatida emas, yagona hokim kuch sifatida ishtirok etishini, o‘z-o‘zicha harakat va o‘zgarishdagi, zamon harakati, tabiati bilan hamqadam janr ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni, “Roman yangi dunyoning shakllanish tendentsiyalarini barcha janrlardan ko‘ra yaxshiroq ifoda eta olgani uchun ham yangi zamon adabiy taraqqiyoti dramasining yetakchi qahramoniga aylanadi…”[11]. M.Baxtinga ko‘ra, roman janriga xos bunday murakkabliklar adabiyot nazariyasini boshi berk ko‘chaga olib kelib qo‘yadi. Ayni paytda roman, Aristoteldan bugunga qadar jiddiy kanonik o‘zgarishlarga uchramagan boshqa janrlardan farq qilaroq, nazariy qonuniyatlarni o‘zgarishga majbur qiladi. M.Baxtin o‘zigacha mavjud roman nazariyasiga oid ishlardan haqli ravishda qoniqmaydi. Ma’lum darajadagi yangi fikrlarning esa ko‘proq adabiyotshunoslar tomonidan emas, balki amaliyotchilar – turli adabiy oqimlarga asos solgan yozuvchilar tomonidan ilgari surilganini alohida ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, M.Baxtingacha o‘rtaga tashlangan aksariyat nazariy ta’riflar roman janri xususiyatlarini aynan ifodalay olmagan, bu ta’rif-belgilarni yo boshqa janrlarlarda ham uchratish yoki romanning boshqa shakllarida mutlaq topmaslik mumkin edi. Masalan, roman ko‘pplanli janr deyilgani holda bir planli romanlarning, roman muammoli janr deyilgani holda ommaviy romanlarning urchib ketgani, roman ishq-muhabbat tarixi deyilgani holda bu mavzuga yaqin ham kelmaydigan ko‘plab Yevropa romanlarining mavjudligi, roman nasriy janr deyilgani holda she’riy romanlarning to‘lib-toshib yotgani va h. k. Shuning uchun ham “…tadqiqotchilarga romanning shunday bir aniq va mustahkam belgisini ko‘rsatish nasib etgani yo‘qki, unda “ammo-lekin”lar bo‘lmasa va ular ko‘rsatilgan belgini janriy xususiyat sifatida yo‘qqa chiqarmasa”[12]. Xo‘sh, unda M.Baxtinning o‘zi roman nazariyasiga nima qo‘sha oldi? Ta’kidlash joizki, olimning roman janri xususida kelgan to‘xtamlari adabiy-tarixiy jarayonni tizimli o‘rganish, adabiy manbalarga tarixiy poetika printsiplari asosida yondashish natijasidir. U roman janrining o‘zigacha hech bir adabiyotshunos qayd etmagan, yangi va asoslangan uchta xususiyatini belgilab berdiki, bu roman nazariyasi taraqqiyotiga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi. “Bular: 1) romanning o‘z tarkibida amalga oshadigan ko‘ptilli tafakkur bilan bog‘liq uslubiy uch o‘lchovliligi; 2) roman badiiy obraziga xos zamon koordinatlarining tubdan o‘zgarishi; 3) badiiy obrazning romandagi yangi qurilish zonasi va uning hozirgi notugal zamon bilan maksimal bog‘liqligi”[13]. Roman janri tillar va madaniyatlararo qorishuv, ko‘ptilli tafakkurning natijasi hisoblanadi. Xuddi shu jihatdan boshqa adabiy janrlardan farq qiladi. Agar boshqa qadimiy janrlar fabulaviy qurilishi bir o‘lchovli uslub qoidalariga bo‘ysundirilgan, shakl va mazmun tomonlama shu tarzda kanonlashtirilgan, badiiy tafakkur nisbatan sof tillarda o‘zini namoyon etgan bo‘lsa, milliy tillar mahdud holatda yashaydigan, madaniyatlar qorisha boshlagan, turli tillar ochiq maydonda bir-biri bilan jonli muloqotga kirishgan davrlardan boshlab, ko‘ptilli badiiy tafakkur maydonga keldi. Bunday jarayonlarning natijasi bo‘lib esa roman tafakkuri, romanga xos ko‘ptilli badiiy tafakkur ishga tushdi. Bu ko‘proq milliy tillar strukturasida emas, ijodkor badiiy tafakkurida ro‘y berdi. Ya’ni ijodkor badiiy tafakkurida sintezlashdi, qayta ishlandi va roman tili, romanga xos uch o‘lchovli uslub sifatida namoyon bo‘ldi. Olim romanning jahon xalqlari badiiy tafakkurida vujudga kelgan tamomila yangi poetik voqelik ekanini biror boshqa janr bilan qiyosan emas, aynan eng qadimiy va universal janr bo‘lmish – epos[14] bilan qiyosan isbotlab berdi. Buning bir sababi epos va romanning shakl jihatidan nisbiy yaqinligi bo‘lsa, boshqa sababi M.Baxtingacha ba’zi tadqiqotchilarning bu ikki janr o‘rtasidagi qarindoshlik masalasiga urg‘u berganlari edi. Bundan tashqari, olim romanga qiyoslash bahonasida epos janri spetsifikasini ham yoritishni ko‘zlaydi va bunga ma’lum darajada erishadi ham. M.Baxtin to‘xtamiga ko‘ra, eposning predmeti, avvalo, milliy epik o‘tmish yoki “mutlaq o‘tmish”dir. Ikkinchidan, epos muayyan shaxs (ijodkor)ning hayotiy tajribasi va shu tajriba asosida tug‘ilgan badiiy to‘qimadan emas, azaldan mavjud, shakllanib bo‘lgan milliy rivoyatlar va afsonalardan tarkib topadi. Uchinchidan, epos zamoni, undagi obrazlar baxshi va tinglovchi (o‘quvchi)lar zamonidan qat’iy chegara bilan ajratilgan bo‘ladi. M.Baxtinning mazkur xulosalari, shubhasiz, chuqur asosga ega. Har qanday epos namunasining asosi bashariyat yoki millatning ijtimoiy, madaniy, ruhiy-ma’naviy tarixidir. Jahon xalqlari obrazli tafakkuriga mansub barcha eposlarni to‘plab o‘rganilsa, ularning syujet, motivlar, obraz va detallari tipologiya qoidasiga bo‘ysunishiga, ya’ni yagona qolipga tushishiga amin bo‘lamiz. Buni diqqat markazida tutgan M.Baxtin epos haqida fikr bildirayotib, muayyan millat ijodiyoti namunasini ajratib ko‘rsatmaydi. Umuman, epos va uning spetsifik jihatlari haqida so‘z yuritadi. Olimning fikricha, epos dunyosi “ota-bobolar va bobokalonlar”, “birinchilar” va “eng yaxshilar” dunyosidir. Shuning uchun ham bu dunyo, unda harakatlanadigan qahramonlar, tasvir etilgan voqelik mutlaq daxlsiz hisoblanadi. Bu o‘rinda janr ham, undagi qahramonlar ham yuz foiz kanonlashtiriladi. O‘zgarmaydigan, daxl etib bo‘lmaydigan xotira aytuvchi yoki tinglovchi dunyosidan qat’iy chegara bilan ajratiladi. Uni faqat xotirada saqlash, aytib berish va unga havas qilish, undan ibrat olish mumkin. Epik o‘tmishni o‘zgartirish, qayta idrok etish, qayta baholash mumkin emas. Bir so‘z bilan aytganda, eposning aytuvchisi va tinglovchisi mutlaq o‘tmish kishilari, ular boshdan kechirgan voqelik bilan muloqotga kirishar ekan, unga ideal sifatida qaraydi, uni o‘z zamonasi va shu zamondoshlari bilan solishtiradi. Bu jarayonda esa epos voqeligi va qahramonlarini emas, o‘z-o‘zini qayta idrok etadi, baholaydi. Mana shunday retseptsiya jarayonlarida murakkab psixologik holatlar sodir bo‘ladi. Zamonaviy odam go‘yo o‘z-o‘ziga, o‘z vijdoni oldida hisobot beradi. Chunki zamonaviy odam o‘z davrini ham, zamondoshi bo‘lgan muayyan shaxsni ham ideal sifatida qabul qila olmaydi. U ideal qahramonni uning o‘zi uchun bir qadar mavhum genetik xotiradan, bobolar shaxsiyati, kechmishidan qidiradi. Qadim yunon didaktik adabiyotining otasi Gesiod o‘zining “Mehnat va kunlar” nomli kitobida o‘tmishni bashariy ideallar, yuksak etika nuqtai nazaridan “oltin davr”, “kumush davri”, “mis davri”, “mardu maydonlar davri (Troya davri)” va “hozirgi davr (ya’ni Gesiodning o‘z davri)” tarzida tasniflagan edi. M.Baxtin epos nazariyasida ko‘zda tutilgan o‘tmishning daxlsizligi, mutlaqligi haqidagi psixologik jarayon mana shu tasnifda ham yaqqol ko‘rinadi. Zotan, zamonaviy odam nazdida – o‘z zamonasi mukammal emas, kelajak esa mavhum. Faqat o‘tmishgina mukammal, ideal qidirishga loyiq dunyodir. Garchi, M.Baxtin yashagan sho‘rolar tuzumi, qolaversa, olim mansub materialistik nuqtai nazar bunday xulosani ilgari surish imkonini bermagan bo‘lsa-da, epos borasida qayd etilgan jarayonlar faqat psixologik holatlar, mavhum tuyg‘ular yoki mutlaqlashtirilgan an’analar bilangina bog‘liq emas. Ularda real voqelik unsurlari ham borki, buni hech ikkilanmasdan, bashariyat uzoq o‘tmish davomida unuta boshlagan oliy realliya unsurlari deyish mumkin. Bunday unsurlar M.Baxtin ta’kidlagan barcha turg‘un (romandan boshqa) janrlarda u yoki bu darajada mavjud. Ammo nisbatan qadimiy, absolyut ma’noda turg‘un janr bo‘lgan epos ayni fikrni rivojlantirish uchun yetarlicha asos beradi. Eposni syujet, motiv va obrazlar tipologiyasi nuqtai nazaridan tizimli kuzatish, bulardagi voqelik va obrazlar insoniyatning ilk o‘tmishiga borib taqalishini ko‘rsatadi. O‘z eposidagi syujet, obraz va motivlar tizimini nisbatan butunroq saqlab qolgan qaysi millat eposini kuzatmaylik, ularning biror jihati bilan ilk odam (Odam alayhissalom) va undan keyin kelgan payg‘ambarlar hayotiga o‘xshab ketishi ayon bo‘ladi. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun misol keltiramiz. Tarixdan bilamizki, har qanday rasul, payg‘ambar yoki nabi muayyan qavmda keskin ziddiyatlar, tartibsizliklar (xaos) ro‘y berayotgan, odamlar mutlaq boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaziyatlarda aynan shu jamiyat ichidan chiqadilar. Yangi yo‘l, yangi qoidalar, ya’ni ilohiy vahiy olib keladilar. Ma’naviy-ruhiy tanazzulga uchragan millatni yorug‘likka, to‘g‘ri yo‘l va yorqin kelajakka da’vat etadilar. Ularning tug‘ilishi va amalga oshirajak ishlari haqidagi bashoratlardan uzuq-yuluq xabardor qavm esa ilk daqiqalardanoq o‘z xaloskorlarini qabul qilishdan bosh tortadi. Ularni ta’qib etadi, badarg‘a qiladi, hatto o‘ldirishgacha borib yetadi. Ammo alal-oqibat payg‘ambarlar olib kelgan nizom jamiyatning yetakchi yo‘liga, ularning shaxslari esa idealga aylantiriladi. Payg‘ambarlar hayotiga doir real voqealar, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan sahih rivoyatlar ideallashtiriladi. Natijada daxlsiz, mutloq ideallashtirilgan tarixiy syujet va obrazlarga ega badiiy asar paydo bo‘ladiki, ular xalq tomonidan qissa, saga, doston yoki epos deb atala boshlaydi. Zamonlar o‘tishi bilan real voqealar haqidagi xotiralar xiralashib, uning ustini afsona va asotirlardan iborat qobiq egallaydi. Natijada ularni afsona tarkibida saqlanib qolgan ba’zi unsurlar orqaligina tanib olish, muayyan tarixiy haqiqatga solishtirish mumkin bo‘ladi. Masalan, zolim hukmdor, uni mahv etuvchi bahodirning tug‘ilishi haqidagi bashorat, buning oldini olish uchun zolim tomonidan o‘sha kunlarda tug‘ilgan barcha chaqaloqlarning qilichdan o‘tkazilishi, tanlangan chaqaloqning savat yoki sandiqqa solib suvga oqizilishi, uning taqdir taqozosi bilan o‘sha zolim xonadonida katta bo‘lishi va oxirida haqiqatning qaror topishi, zolimning mag‘lub bo‘lishi motivini olaylik. Payg‘ambarlar tarixida bu motiv Muso alayhissalom hayotlariga oid real voqea deb beriladi. Muhimi shundaki, ayni real voqeadagi bashorat, chaqaloqning ta’qib etilishi, suvda oqizilish, zolim xonadonida tarbiya topishi singari motivlar qator millatlar eposlarida saqlanib qolgan. Agar payg‘ambarlar hayotiga doir bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarni jahon xalqlari eposlari bilan jiddiy muqoyasa qiladigan bo‘lsak, bunday misollarni o‘nlab, hatto yuzlab topishimiz mumkin. Ammo bu o‘rinda bizning vazifamiz epos genezisini o‘rganish emas. Shu bois yuqoridagi misolning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak. Muhimi, biz ilgari surgan ushbu fikrlar epos dunyosining mutlaqligi, daxlsizligi, unga tegib bo‘lmasligi haqidagi M.Baxtin qarashlarini yanada mustahkamlaydiki, bashariyat uchun eng daxlsiz, eng muqaddas va eng ideal tarix payg‘ambarlar o‘tmishi bo‘lib kelgan va bizningcha, shunday bo‘lib qoladi. Garchi, zohiran epos bilan bir jinsga mansubga o‘xshab tuyulsa-da, roman janri harakatdagi, muallif va o‘quvchi yashab turgan hozirgi zamon haqida hikoya qiladi. Roman, M.Baxtin ta’biriga ko‘ra, hatto tarixiy mavzuni yoritganda ham bugun haqida so‘zlaydi. Ya’ni tarix va hozirgi zamon o‘rtasidagi chegaralar buzilib, distantsiyalar yo‘qolgan nuqtalardagina roman maydonga keladi. Eposdan farqli o‘laroq roman rasmiylashtirilgan, muayyan shaklga kiritilgan, turg‘un voqelik yoki unda harakatlanayotgan odam haqida emas, balki beqaror, o‘zgaruvchan, turg‘un qiyofaga kirmagan, tugallanmagan voqelik – hozirgi zamon haqida hikoya qiladi. Ayni sababdan uning tili va uslubi ham qurama, ko‘pqatlamli, ko‘pqirrali bo‘ladi. Aristoteldan toki Yevropa klassitsizm nazariyotchilariga qadar adabiy janrlar “yuqori”, “o‘rta” va “tuban” tarzida – uch qatlamga ajratilgan. Deylik, dramatik janrlardan tragediya olijanoblik va yuksak ideallarni, drama kundalik ijtimoiy muammolarni, komediya esa bashariyatning rasmiy turmushidan-da tuban bo‘lgan arzimas voqealarni aks ettiradi, degan qarash yetakchilik qilgan. M.Baxtin romandagi beqaror shakl, o‘zgaruvchan mazmun, ko‘ptilli qurama tafakkur haqida so‘z yuritar ekan, romanga xos bunday xususiyatlar undagi voqealarning aynan komediya qatlamida sodir bo‘lishidan kelib chiqishiga urg‘u beradi. “Zamonaviy voqelik, daryodek oqib o‘tuvchi, foniy, “tuban” hozirgi zamon – bu “ibtidosiz va intihosiz hayot” faqat past janrlarninggina tasvir predmeti edi. Lekin u birinchi navbatda “xalq kulgi madaniyati” deb nom olgan g‘oyat sarhadsiz va boy jabhaning asosiy tasvir predmeti bo‘lgan… Romanning folklordagi asl ildizlarini aynan shu yerdan – xalq kulgisidan izlash kerak”[15]. Haqiqatan ham, Dante Aligerining ijtimoiy turmush muammolari tasvirlangan keng epik qamrovdagi “Ilohiy komediya”si, Fransua Rablening frantsuz xalq maydon teatri, xalq maydon kulgi madaniyati an’analari bilan yo‘g‘rilgan grotesk-satirasi – “Gargantyua va Pantagryuel” romani, Balzakning yuz romandan iborat “Inson komediyasi” M.Baxtin xulosalarining haqligiga guvohlik beradi. Download 68.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling