Ekvivalentlik munosabatidagi hukmlar ham ma vaqt chin bo’ladi, chunki ularda aynan bir fikr turli shaklda ifodalanadi. Masalan, «A. Oripov O’zbekiston Respublikasi madxiyasining muallifi» va «A. Oripov – O’zbekiston Qaxramoni» mulohaza (hukm) lari o’zaro ekvivalentdir, ya’ni ular bir xil sub’ektga, lekin har xil predikatga ega bo’lgan mulohaza (hukm) lardir.
Hukmlarning chinligiga ko’ra munosabatini ifodalovchi yuqorida ko’rsatilgan qonuniyatlar bilishda katta ahamiyatga ega.
XULOSA CHIQARISH VA UNING TURLARI
Voqelikni bilish jarayonida inson yangi bilimlarga ega bo’ladi. Bu bilimlar abstrakt tafakkur yordamida, mavjud bilimlarga asoslangan holda vujudga keladi. Bunday bilimlarni hosil qilish mantiq ilmida xulosa chiqarish, deb ataladi.
Xulosa chiqarish deb bir va undan ortiq chin mulohazalardan ma’lum qoidalar yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqarishdan iborat bo’lgan tafakkur shakliga aytiladi.
Xulosa chiqarish jarayoni asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o’tishdan tashkil topadi. To’g’ri xulosa chiqarish uchun, avvalam bor, asoslar chin mulohazalar bo’lishi, o’zaro mantiqan bog’lanishi kerak.
Masalan, «Aristotel-mantiq fanining asoschisi» va «Platon yunon faylasufidir» degan ikki chin mulohazadan xulosa chiqarib bo’lmaydi. Chunki bu mulohazalar o’rtasida mantiqiy aloqadorlik yo’q.
Xulosa asoslari va xulosa ham o’zaro mantiqan bog’langan bo’lishi shart. Bunday aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan bo’ladi. Bu qoidalar buzilsa, to’g’ri xulosa chiqmaydi. Masalan: «Talaba A – a’lochi» degan mulohazadan «Talaba A – odobli», deb xulosa chiqarib bo’lmaydi.
Xulosa chiqarish xulosaning chinlik darajasiga ko’ra, aniqrog’i, xulosa chiqarish qoidalarining qat’iyligiga ko’ra hamda xulosa asoslarining soniga va fikrning harakat yo’nalishiga ko’ra bir qancha turlarga bo’linadi.
Mazkur klassifikatsiyada xulosa chiqarishni fikrning harakat yo’nalishi bo’yicha turlarga ajratish nisbatan mukammalroq bo’lib, u xulosa chiqarishning boshqa turlari haqida ham ma’lumot berish imkonini yaratadi. Xususan, deduktiv xulosa chiqarish zaruriy xulosa chiqarish, induktiv xulosa chiqarish (to’liq induktsiyani hisobga olmaganda) va analogiya ehtimoliy xulosa chiqarish, deb olib qaralishi, bevosita xulosa chiqarish esa deduktiv xulosa chiqarishning bir turi sifatida o’rganilishi mumkin.Deduktiv xulosa chiqarishning muhim xususiyati unda umumiy bilimdan juz’iy bilimga o’tishning mantiqan zaruriy xarakterga egaligidir. Uning turlaridan biri bevosita xulosa chiqarishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |