Mavzu: Nodira lirikasstrreplA


Download 28.26 Kb.
bet2/4
Sana09.01.2022
Hajmi28.26 Kb.
#265806
1   2   3   4
Bog'liq
Nodira lirikasi

Shoira ijodi to'g'risida. Yuksak iqtidor egasi bo'lmish shoira asarlarida "Nodira", "Komila", "Maknuna" (yashirin) taxalluslarini qo'llagan. U zullisonaynlik an'anasini davom ettirib, o'zbek va tojik tillarida ijod etdi. Forscha she'rlariga ko'pincha keyingi ikki taxallusini qo'ygan. Mutaxassislarning fikricha, asarlarining umumiy miqdori o'n ming misraga yaqin.

Nodira sohibi devon ijodkordir. Mumtoz adabiyotning bir qator janrlarida barakali ijod qilgan shoira avvalo ishq kuychisi sifati namoyon bo'ladi. "Et" radifli g'azalida yozadi:



Kuyib, ey Nodira, olam eliga

Muhabbat shevasini oshkor et.

Ko'rinadiki, Nodiraning hayot va ijoddagi maqsadi muhab­bat shevasini olam ahliga oshkor etishdan, ularga muhabbatdan saboq berishdan iborat. U ishq talqinida ijod va ma'naviyatda ustozi avval bo'lgan Ahmad Yassaviyga ergashadi. Agar piri Turkiston bo'lmish Yassaviy "Ishqsiz odam hayvon jinsi muni biling", "Ishqsizlarning ham joni yo'q, iymoni yo'q" deb bong urgan bo'lsa, Nodira



Muhabbatsiz kishi odam emasdur,

Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et, —

kabi unga hamohang baytlar bitadi. Bu oliy tuyg'uni ibodat darajasida biladi va "ishq namozini ado" etishini bildiradi.

Nodira, avvalo, majoziy muhabbatni tarannum etadi. Chunki majozda komil bo'lmay, haqiqatga yuksalib bo'lmaydi. Shuning uchun g'azallarida o'z yaqinlari, uni qurshab turgan ko'ngildosh kishilarga mehrini, muhabbatini bayon etadi. Ayniqsa, turmush o'rtog'i, ijodda ustozi, hayotda suyanchig'i bo'lmish Amiriy — Umarbekka bag'ishlab yozgan she'rlari talaygina.

Amir Umarxonning vafoti Nodiraga cheksiz iztiroblar, so'ngsiz qayg'ular olib keldi. Bu shoira she'riyatida anduh, g'am, hijron ohanglarimng yuzaga kelishiga sabab bo'ldi. Shoira bir g'azalida:



Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat,

Seli g'amdin bu imorat bo'ldi vayron oqibat, — deya ayriliq asoratlarini chizsa, boshqasida:

Nigori gulbadanimni tushimda ko'rsam edim,

Labi shakkar shikanimni tushimda ko'rsam edim, — kabi misralarda ilojsizlik ohangida zo'r qayg'u bilan ojiz ilinjlarni bayon etadi. Shu tariqa qonli ko'z yoshlarni siyoh qilib dildagi ohlarini qog'ozga yozib,biroz bo'lsada ko'nglini bo'shatmoqchi bo'ladi.

Nodira she'riyatida didaktik xarakterdagi she'rlar ham uchraydi. Ulardan biri "ehtiyoj" radifli g'azalidir.



Qilmag'il, zinhor izhor ehtiyoj,

Kim, aziz elni qilur хот ehtiyoj.

Odam qadrini har nedan ustun deb biladigan Nodira kishi har qancha muhtoj bo'lmasin bu haqida hech kimga bildirmaslik va aytmaslikni uqtiradi. Chunki ehtiyojlarni o'zgalarga aytish, muhtojlikdan shikoyat aziz odamni ham xor etadi. Do'stlaring ehtiyojingni bilgach, sendan yuz o'girishi yoki besabrliging tufayli ko'ngillari qolishi mumkin. Buni ta'kidlagan shoira keyingi baytlardan birida: "Gar tilarsen obro' ahbob aro, Aylama zinhor izhor ehtiyoj" deb nasihat qiladi.

"Abas" (bekor, befoyda ma'nosida) radifli g'azalida pand so'zlari to'g'ridan to'g'ri hukmdorlarga qaratilgandir. Shoira she'rni keng, falsafiy miqyoslarda boshlab, e'tiborni shohlikka burib, shunday yozadi:

Fuqaro holig'a gar boqmasa har shoh, anga

Hashmat-u saltanat-u rifat-u shon, barcha abas.

Shoh uldurki, raiyyatga tarahhum qilsa,

Yo'q esa, qoidai amn-u amon, barcha abas.

Demak, xalq ahvoli hamisha shohning diqqat markazida turishi kerak. Agar shoh fuqaro holiga boqmasa, uning hashamati-yu saltanati, shon-u shuhratining hech kimga keragi yo'q. Majoziy ishq o'sib haqiqiy — ilohiy ishqqa yetganidek, Nodiraning she'rlaridagi muhabbat talqini so'fiyona mazmun kasb eta boradi. Shoira Yaratganga qarata: "Ey jamoling quyoshi (mehri) olamga oroyish, chiroy beruvchi, dunyoda ne borki jamisi, bugina emas, ularni tashkil qilgan zarralarning barchasi ham yuzungga oshiq, mast-u shaydo", deya xitob qiladi. Quyidagi baytlarda esa shoira bu dunyoning, inson hayoti mazmunining so'fiyona talqinini beradi:



Kel, dahrni imtihon etib ket,

Sayri chamani jahon etib ket...

Maqsad hi edi, jahoni kelding,

Kayfiyatini bayon etib ket...

Dunyo (dahr) imtihon maydonidir. Unda inson sinaladi, imti­hon qilinadi. Ayni paytda u agar oqil bo'lsa, dunyoni, dunyo odamlarini ham sinovdan o'tkazadi. Kishi bu hayotga nega kelganligini to'g'ri anglashi kerak. Maqsad — yeb, ichib, xursandchilik qilib o'tish emas. Bu hayot insonga poklanish uchun berilgan muddat ekan, uni oqilona yashab o'tish lozim.

Ko'rinadiki, shoira she'rlarida suyukli yor izhorlari, hijron jafosidan zada ko'ngil fig'onlari, oqila malika o'gitlari, solik qalb izlanishlari zo'r samimiyat bilan aks ettirilgandir.


Download 28.26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling