Sabab va oqibat


Download 17.4 Kb.
Sana18.06.2023
Hajmi17.4 Kb.
#1596955
Bog'liq
Hujjat (2)




Sabab va oqibat — narsa va hodisalar oʻrtasidagi umumiy zaruriy aloqani ifodalovchi tushunchalar. Hodisalar zanjirida oʻzidan boshqa yana bir hodisani keltirib chiqaradigani sabab, paydo boʻlgan hodisa esa oqibat deyiladi.
Sabab va oqibat oʻrtasidagi aloqadorlik sababiyat sanaladi. Sabab, birinchidan, vaqt jihatdan oqibatdan oldin keladi, ikkinchidan, oqibatni tugʻdiruvchi, yaʼni oqibatning vujudga kelishida zaruriy shart boʻlib xizmat qiladi. Masalan, farzandning sababchisi ota-ona. Farzand ota-onadan ilgari dunyoga kelishi mumkin emas, yaʼni ota-ona shu farzandning vujudga kelishidagi zaruriy shart hisoblanadi. Sabablar turli koʻrinish, shakl va holatlarda namoyon boʻlishi mumkin. Falsafa tarixida narsa va hodisalar oʻzaro sababiy bogʻlanishda deb biluvchilar deterministlar, buni inkor etuvchilar indeterministlar deb ataladi. Sababning asosiy va asosiy boʻlmagan, tashki va ichki, obyektiv va subyektiv shakllari bor. Sabab oqibatni vujudga keltirganidek, oqibat ham sababga taʼsir koʻrsatishi mumkin. S. va o. aloqadorligi boʻyicha Aristotel, Forobiy, Ibn Sinolar maxsus asarlar yozishgan. Diniy taʼlimotlarda esa, birlamchi sabab yoki hamma narsaning sababchisi xudo deb taʼkidlanadi.
Sababiyat tushunchasi sabab va oqibat bog‘lanishini ifodalaydi. Hozirgi zamon fanlari borliqning mohiyatini o‘rganib, hodisalarning sababiy bog‘langanligini asoslamoqda. Olamning paydo bo‘lishi, hodisalarning rivojlanishi va bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tishining ob’ektiv sabablari borligini isbotlamoqda. Sababsiz hodisa bo‘lmaydi, har bir o‘zgarishning o‘z sababi bor. Sabab deb biror natijani yuzaga keltiradigan hodisaga aytiladi. Sabab ta’sirida oqibat kelib chiqadi. Oqibat sabab ta’sirida yuzaga kelgan natijadir. Bir hodisa ikkinchisini yuzaga chiqaradi, tug‘diradi. Sabab amal, martaba uchun olib borilgan kurashdir.Sabab va oqibat uzviy bog‘langan. Sabab oqibatni keltirib chiqaradioqibat sababsiz sodir bo‘lmaydi.Sabab va oqibat bog‘lanishining muhim metodologik ahamiyati bor.
Sabab va oqibat.
Narsa va hodisalar oʼzlarining paydo boʼlishlari, shakllanish va rivojlanishlarida bir-birlari bilan aloqadorlikda va sababiy bogʼlanishlarda boʼlishib, ularning biri sabab, ikkinchisi shu sabab tufayli kelib chiqqan oqibat boʼladi. Ularning oʼzaro bunday aloqadorligi sababiy bogʼlanish deyiladi. Bu sababiy bogʼlanishda bir narsa yoki hodisa ikkinchi bir narsa yoki hodisani vujudga keltiradi.
Xoʼsh, sabab va oqibat nima?
Bir hodisadan oldin kelib, uni vujudga keltirgan hodisa yoki hodisalar guruhi sabab deb ataladi. Sababning bevosita yoki bavosita taʼsiri bilan yuz beradigan hodisa oqibat deyiladi. Masalan, qoʼllarimizni bir-biriga ishqalaganimizda qoʼllarimiz qiziydi. Bu yerda ikki hodisa: ishqalanish va issiqlikning guvohi boʼlib turibmiz. Lekin bunda ishqalanish issiqlikni keltirib chiqarmoqda, yaʼni ishqalanish issiqlikning paydo boʼlishiga sabab boʼlmoqda. Demak, ishqalanish sabab, issiqlik - oqibat boʼlmoqda.
Odatda borliqdagi har bir hodisaning paydo boʼlishi va rivojlanishida oʼz sababi boʼladi va ayni vaqtda uning oʼzi ham boshqa hodisalarning kelib chiqishi va rivojlanishiga sabab boʼlib xizmat qilishi mumkin. Аyrim hodisalarni tushunmoq uchun biz ularni umumiy aloqadorlikdan ayirib olishimiz hamda ular¬ni alohida-alohida tekshirishimiz lozim. Bunday holda esa bir-biri bilan almashinib turuvchi harakatlardan biri sabab tarzida, boshqasi oqibat tarzida koʼz oldimizda namoyon boʼladi.
Sabab bilan oqibatning oʼzaro aloqadorligi sababiyat deb ataladi. Tabiat va jamiyatdagi sabab-oqibat bogʼlanishlarning kishilar fikridagi ifodasi sababiyat kategoriyasining paydo boʼlishiga olib kelgan. Sababiyat hodisalar oʼrtasidagi shunday ichki aloqadorlikki, bunda har doim bir hodisa mavjud boʼlar ekan, uning ketidan muqarrar ravishda ikkinchisi sodir boʼladi.
Kishilarda bir hodisa boshqa hodisaga sabab boʼladi, degan tasavvur ularning amaliyoti asosida kelib chiqqan.
Sababiyat borliqda umumiy, har tomonlama xarakterga ega. Sababsiz oqibatlar yoʼq va boʼlishi ham mumkin emas, hamma narsaning oʼz sababi bor. «Shamol boʼlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi» — deydi xalqimiz. Sababiyat obʼektivdir, u borliqqa inson aql-idroki yoki qandaydir Gʼayritabiiy kuchlar tomonidan kirilgan emas. Sababiyat aksincha, borliqning oʼziga xos aloqadorligi boʼlib, u inson tomonidan shu borliqni bilish jarayonida ochiladi. Аyrim hodisalarning sababi hozircha maʼlum boʼlmasa ham, u keyinchalik fan va ijtimoiy amaliyot taraqqiyoti davomida kashf etiladi. Sabab oqibatga aktiv taʼsir qiladi. Bu taʼsirning xususiyati shundan iboratki, u sababning hal qiluvchi kuchiga asoslangan boʼladi.
Borliqda doimo maʼlum vaqt muayyan aniq shart-sharoit mavjud boʼlgan taqdirdagina, sabab oqibatni keltirib chiqaradi. Lekin bu maʼlum sabab doimo bir xil maʼlum oqibatni keltirib chiqaradi, degani emas. Bunda oqibatning kelib chiqishi aniq shart-sharoitlar, aniq vaziyatlar bilan bogʼliq boʼladi.
Sababni oqibatni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlardan farq qilish zarur.
Sabab va oqibat vaqt jihatdan ketma-ket kelib, bunda sabab oqibatdan oldin, oqibat sababdan keyin keladi, yaʼni sabab oqibatni keltirib chiqaradi. Le¬kin borliqda ketma-ket keluvchi har qanday predmetlar va hodisalar bir-birlari bilan sababiy bogʼlanishda boʼlavermaydi. Masalan, qishdan soʼng bahor, bahordan soʼng yoz, yozdan soʼng kuzning kelishi sabab va oqibat bogʼlanishi emas, ular bir-birlarini kelti¬rib chiqarishmaydi. Bu hodisalarning roʼy berishi Yerning Quyosh atrofida oʼz holatini oʼzgartirgan holda aylanishi sababli sodir boʼladi.
Odatda sababni bahonadan ham farq qilish lozim. Bahona bevosita oqibatdan oldin sodir boʼladigan biror hodisa yoki voqea boʼlib, u oʼz mohiyati bilan oqibat sifatida roʼy bergan hodisaning haqiqiy va asosiy sababi boʼla olmaydi. Bunda bahona sababning oqibatini keltirib chiqarishda turtki boʼlishi, oqibatning sodir boʼlish jarayonini tezlatuvchi omil rolini oʼynashi mumkin. Masalan, bunga 1991 pil 19—21 avgustdagi favqulodda davlat komitetini misol qilib keltirish mumkin. Bu oʼrinda eski Ittifoq yemirilishini, uning oʼrniga yangi mustaqil davlatlarning paydo boʼlishining sabablari butunlay boshqa narsalar edi.
Borliqdagi barcha narsa va hodisalar oʼz tabiiy obʼektiv sabablari asosida paydo boʼladi va rivojlanadi. Tabiat hech qachon oldindan belgilangan maqsadlarni qoʼya olmaydi va qoʼymaydi ham. Jamiyatda esa ahvol boshqacha, chunki jamiyatda ongli mavjudotlar — insonlar faoliyat koʼrsatadilar, ular oʼz faoliyatlarini oldindan belgilangan maʼlum maqsadlar asosida amalga oshiradilar. Maqsadga muvofiq faoliyat koʼrsatish faqat insonlarga xosdir. Jamiyatda kishi nimani qilmoqchi boʼlsa, avvalo, u oʼzicha buni oʼylaydi, uning haqida fikr yuritadi, bu ish yuzasidan maʼlum reja tuzadi, uni amalga oshirish uchun oʼz oldiga maʼ¬lum maqsadlarni qoʼyadi va ularga erishish uchun harakat qiladi. Bunda maqsad kishining oʼzi tomonidan belgilangani uchun, odatda u koʼpincha tashqi shart-sharoitlarga bogʼliq, emasday tuyuladi. Аslida, insonning har qanday maqsadi (niyati, hatto orzusi ham) obʼek¬tiv sabablar asosida tarixiy shart-sharoitlar taʼsirida, uning miyasida zaruriy ravishda paydo boʼladi.
Umuman, insonning orzu-maqsadlari tabiat va jamiyat taraqqiyotining obʼektiv sabablari va qonuniyatlarini qatʼiy hisobga olish asosida paydo boʼlib, uning butun faoliyati, kuch-gʼayrati shu orzu va maqsad¬larni amalga oshirishga qaratilgan boʼladi. Borliqda¬gi sabab va oqibat aloqadorliklarini toʼgʼri bilish kishilarning oʼz oldilariga qoʼygan amaliy masalalarini ijobiy hal qilishda asosiy omillardan biridir. Shu bilan birga, jamiyatning moddiy va maʼnaviy hayotidagi salbiy hodisalarni bartaraf qilishda ham, kishilarning ongi va xulq-atvorida mavjud boʼlgan salbiy holatlarga qarshi kurashda ham sabab va oqibat kategoriyalari muhim ahamiyatga ega.
Borliqdagi sababiy bogʼlanishlarning murakkab zanjirida zaruriy va tasodifiy aloqadorliklar ham muhim rol oʼynaydi. Bunday aloqadorliklarni zaruriyat va tasodif kategoriyalari ifodalaydi.
Download 17.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling