Mavzu: Qarluqlar, O`g`uzlar, Tohiriylar Darsning maqsadi Ta’limiy maqsad
Download 180.99 Kb.
|
7-sin oguz qarluq tohiriy
- Bu sahifa navigatsiya:
- Uyga vazifa
III. Yangi mavzu bayoni.
Xalifalikning zaiflashuvi. VIII asr oxiri – IX asr boshlarida Arab xalifaligi og‘ir siyosiy tanglikka uchradi. Bo‘ysundirilgan xalqlarni itoatda tutib turish arablar uchun tobora qiyin bo‘lib qoldi. Movarounnahr va Xuroson aholisining tez-tez qo‘zg‘olon ko‘tarib turishi, uzluksiz davom etgan o‘zaro urush va ichki ziddiyatlar Arab xalifaligi hokimiyatini zaiflashtirdi. Bu esa mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Movarounnahrning shimoliy va shimoli sharqiy hududlaridagi hali xalifalikka bo‘ysundirilmagan chegaradosh yerlarda bir nechta davlatlar tashkil topdi. Ulardan biri Qarluqlar davlatidir. Qarluqlar davlati. Qadimda Oltoyning g‘arbida, so‘ngra Irtish daryosining o‘rta oqimida yashagan qarluqlar qadimiy turkiy qabilalardan hisoblangan. VI–VII asrlarda ular Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. VIII asr o‘rtalarida Yettisuv o‘lkasida Qarluqlar davlati tashkil topdi. Bu davlatning poytaxti Chu daryosidan shimolroqda joylashgan Suyob shahri edi. Qarluqlar davlati hukmdori “yabg‘u” yoki “jabg‘u” deb yuritilgan. X asr o‘rtalariga borganda qarluqlarning kattagina qismi musulmon bo‘lgan. Bu davrda bir nechta shaharlarda jome masjidlar bino qilingan. Qarluqlar davlati shimol va sharqdan Elsuvi daryosi vodiysigacha, chigil qabilasi yaylovlarigacha; g‘arbdan o‘g‘uz yurti va Farg‘ona vodiysi; janubda esa yag‘molar vohasi va Sharqiy Turkiston bilan chegaralangan. Bu diyorda poytaxtdan tashqari Jo‘l, Navkat, Karmankat, Yor kabi shaharlar va qator qishloqlar qad ko‘targan. Aholi qo‘ychilik, tog‘ jilg‘alari bo‘ylarida esa dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Sharqiy Turkiston va Movarounnahr bilan savdo-sotiq olib borilgan. Chetga asosan jun va junli mahsulotlar: gilam, sholcha, namat kabilar olib chiqilgan. X asrda qarluqlar Movarounnahrning shimoliy hududlarini egallagach, Shosh atrofi va Farg‘ona hamda Zarafshon vodiylariga kelib o‘rnashganlar. Keyinchalik o‘troq tarzda yashaydigan mahalliy aholiga singib ketganlar. O‘g‘uzlar. Turk xoqonligi hukmronligi davrida o‘g‘uzlar uning tarkibida bo‘lgan. Turk xoqonligi yemirilgach, o‘g‘uzlarning kattagina qismi Sirdaryo havzasi hamda Orol dengizi bo‘yida muqim o‘rnashib olganlar. Ular IX asr oxiri va X asr boshida O‘g‘uzlar davlatiga asos soladilar. Sirdaryo quyi oqimi bo‘yidagi Yangikent shahri O‘g‘uzlar davlatining poytaxti bo‘lgan. X asrdan boshlab o‘g‘uzlar Islom dinini qabul qiladilar. X asrning birinchi choragida O‘g‘uzlar davlati shimoli sharqdan qo‘zg‘algan qipchoqlar tomonidan qaqshatqich zarbaga uchrab, bo‘linib ketadilar. Ular o‘z yurtini tark etib, bir qismi g‘arbga, Shimoliy Kavkaz dashtlariga borib o‘rnashadi. Ularning ikkinchi qismi esa avval Movarounnahrga kirib boradi va undan janubi g‘arbga siljib, yangi sulola – saljuqiylar boshchiligida Old Osiyo mamlakatlarini istilo qilishga kirishadi. Bu ikki turkiy davlat faqat Movarounnahrninggina emas, balki butun O‘rta Sharq hamda Old Osiyo aholisining siyosiy hayotiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bu davlatlarning aholisi shu hududda yashovchi xalqlarning etnik tarixiga ta’sir qildi. Masalan: qarluqlar o‘zbek va tojiklarning, o‘g‘uzlar turkman, ozarbayjon, qoraqalpoqlarning etnogenezida muhim rol o‘ynadi. Tohiriylar davlati. VIII asr oxiri – IX asr boshida xalifalikni larzaga keltirgan og‘ir siyosiy vaziyat abbosiylarni Movarounnahr va Xurosonda olib borilayotgan siyosatni o‘zgartirishga majbur etdi. Mahalliy zodagonlar Movarounnahr va Xurosonni nafaqat o‘z tasarruflariga o‘tkazib oldilar, balki xalifalik markazida ham hokimiyatni boshqarishda tobora ko‘proq rol o‘ynaydigan bo‘lib qoldilar. Bunga, ayniqsa, xalifa Horun ar-Rashid (786–809) vafotidan so‘ng uning o‘g‘illari Ma’mun bilan Amin o‘rtasida 809–813-yillarda taxt uchun bo‘lgan kurash katta yo‘l ochib berdi. Xalifalikning markaziy qismidagi arablar Aminni xalifalik taxtiga ko‘taradilar. Bundan norozi bo‘lgan Ma’mun ukasi Aminga qarshi kurash boshlaydi. Hirot viloyatining zodagonlaridan Tohir ibn Husayn boshliq Xuroson va Movarounnahr mulkdorlari unga yordam beradilar. 813-yilda ular Bag‘dodga yurish qiladilar. Poytaxt qo‘lga kiritilib, Ma’mun xalifalik taxtiga o‘tiradi. Buning evaziga Tohir 821-yilda Xuroson va Movarounnahr noibi etib tayinlanadi. Shuningdek, Ma’mun Movarounnahr zodagonlarining ham yordamini unutmadi. Somonxudotning nabiralarini ayrim shahar va viloyatlarga noib qilib tayinlaydi. Nuhga Samarqand, Ahmadga Farg‘ona, Yahyoga Shosh va Ustrushona, Ilyosga esa Hirot tegadi. Buning evaziga aka-uka somoniylar Movarounnahrning har yilgi xirojidan juda katta mablag‘ini tohiriylar orqali xalifa xazinasiga yuborib turadilar. Tohir davlat ishlarini mustaqil idora etish maqsadida 822-yilda xalifa nomini xutbadan chiqartirib yuboradi. Bu amalda Bag‘dod bilan aloqani uzish va o‘zini mustaqil deb e’lon qilish edi. Biroq ko‘p vaqt o‘tmay u to‘satdan vafot etadi. Tohirning o‘g‘illari Talxa va Abul Abbos Abdulloh otasining o‘rniga birin-ketin noiblik qiladilar. Shunday qilib, Xuroson va Movarounnahr boshqaruvi tohiriylar xonadoniga meros bo‘lib qoladi. Abul Abbos Abdulloh noibligi (830–844) davrida poytaxt Marvdan Nishopur shahriga ko‘chiriladi. Movarounnahr shaharlarida noiblik qilayotgan Somonxudot avlodlarining mahalliy noibligi tohiriylar tomonidan tan olinadi. Somoniylar esa, o‘z navbatida, tohiriylarga tobe sifatida Movarounnahrni idora etadilar. Bu, shubhasiz, Xuroson va Movarounnahrda bir asrdan oshiqroq hukm surgan xalifalik hukmronligining tugaganligini bildirardi. Tohiriylar hokimiyatining barham topishi. Tohiriylar zamo nida ham mehnat ahlining ahvoli nihoyatda og‘irligicha qolaverdi. Mulkdor dehqonlarning jabr-zulmidan, davlatning og‘ir soliqlaridan bezor bo‘lgan xalq qo‘zg‘olon ko‘taradi. Ularga “g‘oziylar” ham qo‘shiladilar. Qo‘zg‘olonga safforiylar – miskar hunarmand aka-uka Ya’qub va Amr ibn Layslar boshchilik qiladilar. 873-yilda Xuroson poytaxti Nishopurni egallaydilar. Natijada tohiriylar hukmronligi tugatilib, hokimiyat safforiylar qo‘liga o‘tadi. Yangi mavzuni mustahkamlashda “Mozaika” usulidan foydalanamiz. Bu usulda yangi mavzu bo`yicha har bir o`quvchiga savol berib boriladi va O`zbekiston bayrog`I hosil bo`ladi. O`qituvchi bayroqni madh etuvchi qo`shiq jarangi ostida o`quvchilarda bayroqga nisbatan faxr g`urur tushunchalarini singdirish barobarida vatanparvarlik ruhi ostida tarbiyalaydi. Dars yakunida g`olib guruh aniqlanadi. O`quvchilar besh ballik tizimda baholanadi. Uyga vazifa: O`tilgan mavzuni o`qib kelish, mavzu yuzasidan test tuzib kelish, yangi mavzu bilan tanishib kelish hamda qo`shimcha ma`lumotlar to`plab kelish topshirilib dars yakunlanadi. Download 180.99 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling