Psixologik tomondan shuni tushuntirish juda qiyinki, bu savolga javob faqat bitta bo‘lishi mumkin: Elektron ikki tirqish orqali uchib o‘tadi. Biz mikrozarralar oqimini kichik sharchalarning yo‘naltirilgan harakati kabi tasavvur qilamiz va bu harakatni tasavvur qilish uchun mumtoz fizika qonunlarini qo‘llaymiz. Elektron (va har qanday boshqa mikrozarralar) nafaqat korpuskula, balki to‘lqin xususiyatiga ham egadir. Elektromagnit yorug‘lik to‘lqini ikki tirqish orqali qanday o‘tishini Yung optik tajribasida oson tasavvur qilamiz, chunki to‘lqin bo‘shliqda lokallashmagan. Agar fotonlar konsepsiyasi qabul qilinsa unda biz har bir foton lokallashmaganligini tan olishimiz kerak. Fotoplastinkagacha foton harakati trayektoriyasini kuzatib bo‘lmagani kabi foton qaysi tirqish orqali uchib o‘tganligini ko‘rsatish va u tushadigan nuqtani ko‘rsatish mumkin emas. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, foton interferometr orqali donalab uchib o‘tgan holda ham ko‘pgina mustaqil fotonlar uchib o‘tganidan keyin ham interferension manzara baribir sodir bo‘ladi. Shuning uchun kvant fizikasida shunday xulosa qilinadi: Foton o‘z-o‘zi bilan interferensiyalashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |