XUSUSIY ILMIY METODLAR – materiya harakatining asosiy shakliga mos bo‘lgan muayyan fanda qo‘llaniladigan bilish usullari, tamoyillari, tadqiqot usullari va tartib-taomillari majmui. Mexanika, fizika, kimyo, biologiya va ijtimoiy-gumanitar fanlarning metodlari shular jumlasidandir. Xususiy fanlar metodlarining o‘ziga xos xususiyatlari moddiy ifodasini topgan bilish vositalari: mikrofizikada zarralarni tezlatgichlar, tibbiyotda a’zolar faoliyatini qayd etuvchi turli o‘lchagichlar va shu kabilar hozirgi zamon metodologik tadqiqotining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
FANLARARO TADQIQOT METODLARI–asosan fan sohalari tutashgan joyda amal qiladigan (metodologiyaning turli darajasi elementlarini birlashtirish natijasida yuzaga kelgan) bir qancha sintetik va integrativ usullar majmui. Mazkur metodlar kompleks ilmiy dasturlarni amalga oshirishda keng qo‘llaniladi.
IJTIMOIY-GUMANITAR FANLAR METODLARI. Ijtimoiy-gumanitar fanlarda kuzatish natijalari ko‘p jihatdan kuzatuvchining shaxsiga, uning hayotiy qarashlariga va boshqa sub’ektiv omillarga bog‘liq bo‘ladi. Mazkur fanlarda oddiy (faktlar va hodisalar chetdan turib qayd etiladi) kuzatish va ishtirokchilikka asoslangan ichdan turib(bunda tadqiqotchi ma’lum ijtimoiy muhitga qo‘shiladi, unga moslashadi va hodisalarni «ichdan» tahlil qiladi) kuzatish farqlanadi. Psixologiyada kuzatishning o‘z-o‘zini kuzatish (introspeksiya) va empatiya (boshqa odamlarning ruhiy kechinmalariga kirib borish, ularning ichki dunyosi–sezgilari, fikrlari, xohish-istaklarini tushunishga intilish va h.k.) farqlanadi.
Etnometodologiya ichdan turib kuzatishning turlaridan biri bo‘lib, u ijtimoiy hodisa va voqealarni tavsiflash hamda kuzatish natijalarini ularni tushunish g‘oyalari bilan to‘ldirishni nazarda tutadi. Mazkur yondashuv hozirda etnografiya, ijtimoiy antropologiya, sotsiologiya va kulturologiyada tobora keng qo‘llanilmoqda.
Ijtimoiy eksperimentlar ular ijtimoiy tashkil etish va jamiyatni boshqarishni oqilonalashtirishning yangi shakllarini amalga tatbiq etishga ko‘maklashmoqda. Ijtimoiy eksperiment ob’ekti odamlarning ma’lum guruhi eksperimentning bevosita ishtirokchilaridan biri bo‘lib, ularning manfaatlari bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi, tadqiqotchi esa o‘zi o‘rganayotgan vaziyatga bevosita qo‘shiladi. Ijtimoiy eksperimentlar tadqiqotchidan axloqiy va yuridik norma va tamoyillarga qat’iy rioya etishni talab qiladi. Bu erda (tibbiyotda bo‘lgani singari) «ziyon etkazma!» tamoyili muhim ahamiyatga ega. Insonning intim dunyosiga kirish quroli bo‘lib xizmat qilish - ijtimoiy eksperimentlarning asosiy xususiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |