Mavzu: shaxs psixologiyasi


Download 27.24 Kb.
bet1/4
Sana19.01.2023
Hajmi27.24 Kb.
#1101486
  1   2   3   4
Bog'liq
16-mavzu seminar


MAVZU: SHAXS PSIXOLOGIYASI
Reja:

  1. Psixologiyada shaxs tushunchasi.

  2. Shaxs tuzilishi.

  3. Shaxs va jamoa.

Psixologiya fanining o’rganish obyekti odamdir. Odam insonshunoslik fanlari tomonidan har tomonlama o’rganilib kelinmoqda. Psixologiyada odam biologik evolyusiya mahsuli sifatida, jamiyat ishlab chiqarishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida, ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy munosabatlarning subyekti sifatida o’rganiladi. Odamning boshqa shaxslar bilan, tashqi olam bilan bo’lgan munosabatlari xilma-xil bo’lganligi uchun unga xos bo’lgan psixologik sifatlar va fazilatlar ham nihoyatda xilma-xildir.
Inson ilgarilari ham jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi va barcha ijtimoiy jarayonlarning subyekti bo’lib kelgan. Hozirgi davrda odamning psixologik sifatlarini keng namoyon qilishiga jamiyat tomonidan ehtiyoj ortib bormoqda. Mustaqillik tufayli jamiyatda yangi-yangi uyushmalar, guruhlar vujudga keldi. Ishbilarmonlik harakati avj olib bormoqda. Bularning hammasi har bir shaxsga xos bo’lgan psixologik sifatlarni mukammal bilishni taqozo etmoqda. Darhaqiqat, mustaqillik tufayli xalqimizning ma’naviy olamida, ongida jiddiy o’zgarishlar yuzaga kelmoqda. Shuning uchun davrimiz shaxsining psixologik sifatlarini tadqiq etish muammolariga ana shu sifatiy o’zgarishlarni hisobga olgan holda yondoshmoq zarur.
Insonning psixologik xususiyatlari, sifatlari deganda har bir konkret odamning, ya’ni shaxsning o’ziga xos bo’lgan xususiyatlari tushuniladi. Ma’lumki, har bir odamning o’z ehtiyojlari, qiziqishlari, ishonch - e’tiqodi, malaka va odatlari, qobiliyati, iste’dodi, temperament tipi va xarakter xislatlari bo’ladi. Umumiy psixologiya fani inson shaxsiga xos bo’lgan ana shu xususiyatlarning yuzaga kelishi va namoyon bo’lishi qonuniyatlarini o’rganadi.Shaxsdagi barcha psixik jarayonlar va shaxsiy xususiyatlar o’z-o’zicha yuzaga kelmaydi. Psixik jarayonlar (sezgi, idrok, xotira, xayol va h.k.) ham, shaxsning psixologik xususiyatlari (ehtiyojlari, qiziqishlari, malaka va odatlari, qobiliyatlari, iste’dodi va h.k.) ham odamning faoliyati jarayonida namoyon bo’ladi. Buning uchun umumiy psixologiya shaxsni uning turli faoliyati davomida o’rganadi. Odamning turli yo’nalishdagi faoliyati esa boshqalar bilan qiladigan munosabatlari jarayonida amalga oshadi.
Odam o’z faoliyati jarayonida boshqa odamlar bilangina emas, balki atrofdagi narsalar va o’z-o’zi bilan ham munosabatga kirishadi, buning natijasida u boshqa shaxslar va narsalarni o’z ongida aks ettiradi. Shuning uchun psixologiyada shaxsning psixik jarayonlari va psixologik xususiyatlarini o’rganish bosh muammodir.
Umumiy psixologiyaning so’nggi yillardagi erishgan yutuqlariga asoslanib, shaxsga quyidagicha psixologik ta’rif berish mumkin; “Ong egasi bo’lib, jamiyatga a’zo hisoblanuvchi, ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchi va jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etuvchi odam shaxs deb aytiladi”. Odam individ sifatida dunyoga keladi va keyinchalik shaxsga aylanadi. Har bir individ yoshlik chog’idayoq tayyor holdagi ijtimoiy munosabatlar tizimiga duch keladi va bu munosabatlar jarayonida shaxs sifatida shakllanadi. Shuning uchun ham shaxs ijtimoiy munosabatlarning majmuidan iboratdir.
Shaxs va uning mohiyati haqidagi psixologik ta’limotga muvofiq har bir konkret shaxs o’zi mansub bo’lgan ijtimoiy muhit va siyosiy sharoitning mahsulidir.
Psixologik tadqiqotlar natijalariga ko’ra, odam hayotining ilk davri tirik mavjudotlik bo’lib, bu tirik mavjudot dunyoga kelgandan keyin ijtimoiy taraqqiyot jarayonida shaxs sifatida shakllanadi. Chaqaloq dunyoga kelishining birinchi kunidanoq bevosita ijtimoiy muhitning doimiy ta’siri ostida bo’ladi. Agar tirik mavjudot sifatida dunyoga kelgach, odam ijtimoiy muhitdan chetda qolsa, unda shaxslik belgilari paydo ham bo’lmaydi, rivojlanmaydi ham.
Psixologiya tarixida ayiqni emib o’sgan bolalar, paviani emib o’sgan bolalar, qoplonni va qo’yni emib o’sgan bolalarga misollar borki, bunday odam bolalari odam singari yurishni ham gapirishni ham, fikrlashni ham bilmaydilar.Ularda insonlikning asosiy belgilari shakllanmaydi va o’smaydi. Demak, tirik mavjudot sifatida dunyoga kelgan odam bolasi ijtimoiy muhitdan chetda qolsa, u shaxslik belgilariga ega bo’lmaydi.
Psixologik tadqiqotlarning isboticha, faqat ijtimoiy muhitda, boshqa shaxslar bilan munosabatda bo’lgandagina, odam o’zini shaxs sifatida anglaydi, uning o’zligi paydo bo’ladi va taraqqiy etadi. Darhaqiqat, odam o’zini oynaga solganday, boshqa odamlarga razm soladi va buning natijasida o’zini odam deb bila boshlaydi. Shunday ekan, shaxsning mohiyatini uning ijtimoiy mavjudotligi, ijtimoiy munosabatlarning yig’indisi tashkil etadi.
Har bir shaxsning o’zi mansub bo’lgan jamoa a’zolariga nisbatan iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va axloqiy aloqalari o’sha shaxsning ijtimoiy munosabatlari bo’lib, bu munosabatlarning yig’indisi odamning shaxs sifatida shakllanishidagi asosiy omillardir.
Biz bu o’rinda shaxsning mohiyati muammolariga umumiy psixologik jihatdangina yondoshamiz. Chunki hozirgi vaqtda shaxsning mohiyatini turli tomondan o’rganuvchi fanlar tizimi mavjud bo’lib, bu fanlarning har qaysisi shaxsning mohiyatini o’z predmeti nuqtai nazaridan o’rganadi. Masalan, shaxsning sinflar va jamiyat tarkibidagi o’rnini tarixiy materializm, shaxsni ijtimoiy boyliklarni ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi sifatida iqtisod nazariyasi, shaxs tarbiyasining mohiyati, tamoyillari, usul va vositalarini pedagogika fani o’rganadi va h.k.
Shaxsshunoslik fanlari tizimidagi eng mas’uliyatli soha psixologiya fani zimmasidadir. Psixologiya fanining hamma tarmoqlari inson shaxsini turli tomonlardan o’rganishdan tashqari, umumiy psixologiya boshqa tarmoqlar bilan bog’liq holda shaxsning ruhiy olamini (ichki dunyosini) , bu olamning tashqi dunyo bilan munosabat yo’llarini, har bir shaxsning boshqalardan farqini, individualligini, o’zigagina xos bo’lgan shaxsiyatini ta’minlovchi xususiyatlarni o’rganadi. Onglilik, jamiyatga a’zo bo’lish, jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etish kabi jarayonlarda shaxsning o’zligi namoyon bo’ladi. Odamdagi o’zlik uning xulq-atvorida, boshqalar bilan munosabatlarida, irodaviy harakatlarida, qobiliyati va qiziqishlarida ifodalanadi hamda uning ijtimoiy mavqyeini belgilaydi.
Odam shaxs bo’lib dunyoga kelmaydi, balki u ijtimoiy taraqqiyot jarayonida shaxslik belgilariga ega bo’la boradi. Hadisi sharifda aytilganidek, har bir go’dak islom tabiatida tug’iladi, so’ng ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qiladi. Demak, odamning shaxsiy xususiyatlarini u mansub bo’lgan ijtimoiy-tarixiy sharoitdan, uning bu sharoitda egallagan mavqyeidan ajralgan holda qarash mumkin emas.
Tarixiy sharoit va ijtimoiy muhit ta’sirida odamning shaxslik mohiyatini ifodalovchi psixologik belgilar vujudga keladi. Bu xususiyatlar shaxsning ijtimoiyligi, ongi, o’z-o’zini anglashi, aniq maqsad sari intilish ehtiyojlari, e’tiqodi, ideali va dunyoqarashi kabilardir.
Amaliy faoliyat jarayonida shaxsning boshqalar bilan bo’lgan munosabatlari yig’indisi uning ijtimoiyligidir. Odam boshqalar bilan munosabatda bo’lgandagina unda ong paydo bo’ladi va psixik hayot muayyan mazmun kasb etadi. Odam ongining yuksak belgisi o’z-o’zini anglashidir. Bu sifat odamning subyektiv ravishda o’z “Men”ini his qilishida namoyon bo’ladi. Odam o’z tevarak-atrofidagi olamdan ajralgan holda o’z “Men”ini anglay olmaydi. Chunki odam ongining, o’zini anglashining, “Men”ining mazmuni o’sha odamni qurshab turgan real voqyelik in’ikosidir.
Shaxs hamma vaqt muayyan maqsadni ko’zlaydi va intiladi. Bu turdagi harakatlarida shaxsning o’zini anglashining mazmuni ifodalanadi. Odam hayotini busiz tasavvur qilib bo’lmaydi.
Odamning ma’lum maqsadni ko’zlashi va unga intilishi uning ehtiyojlariga asoslanadi. Tabiiyki, odam ehtiyojlarsiz yashay olmaydi. Odamning yashashi uchun moddiy ehtiyojlar ham, ma’naviy ehtiyojlar ham bab-baravardir. Chunki odam yashashi uchun yemoq, ichmoq, turar joy, kiyim-kechak kabi bir qancha narsalar zarurki, bularning barchasi shaxsning turli yo’nalishlaridagi ehtiyojlaridir.
Odamdagi ehtiyojlar ijtimoiy muhit, ta’lim-tarbiya va amaliy faoliyat ta’sirida shakllanadi. Moddiy ehtiyojlar ham, ma’naviy ehtiyojlar ham g’ayratga, shijoatga undaydi, unga ko’tarinki kayfiyat bag’ishlaydi, olg’a, yangi harakatlarga otlantiradi. Odam ehtiyojlari orasida mehnat qilish ehtiyoji alohida ahamiyat kasb etadi. Mehnat shaxsdagi moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni qondirishning yagona shartidir.
Shaxsning o’tmish ma’naviy qadriyatlariga va o’z davridagi ilg’or g’oyalarga nisbatan bo’lgan sadoqati va sodiqligi uning e’tiqodi bo’lib, bu qadriyatlar va ilg’or g’oyalarni davr va sharoit taqozosiga asoslangan holda taraqqiy ettirish borasidagi harakatlari majmui esa idealidir.
Har bir shaxsdagi e’tiqod va ideal uning ehtiyojlari va qiziqishlari bilan bog’liq holda namoyon bo’ladi. Shaxsdagi jamiyat moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini rivojlantirishga yo’naltirilgan g’oyalar inson umriga mazmun bag’ishlaydi, mavjud jamiyatni rivojlantirishda harakatlantiruvchi bo’lib xizmat qiladi.
Shaxsning eng qimmatli sifatlaridan biri mustaqillik, ichki erkinlik, ichki o’ziga xoslikdir. Mustaqillik o’zganing yo’l-yo’rig’isiz muhim qarorga kelish va uni amalga oshirish qobiliyatini; mas’ullik, o’z hatti-harakatalri uchun javob berishga tayyorlikni; xulq, fe’l-atvorning realligiga, ijtimoiy jihatiga va ma’naviy to’g’riligiga bo’lgan e’tiqodni o’z ichiga oladi.
Shaxsdagi uning mustaqilligini ifodalovchi bu sifatlar bir-biri bilan mustahkam bog’liq bo’lib, ulardan birortasining yetishmasligi shaxsning mustaqillik sifatiga salbiy ta’sir etadi. Psixologiyada mustaqillik madaniyatini va u bilan bog’liq bo’lgan ruhiy jarayonlarni ifodalovchi bir qancha xususiyatlar bor. O’z shaxsini namoyon qilishga, “men”ining barqarorligini saqlab turishga qobillik; o’z-o’zini nazorat qilish; hayotida kechgan eng muhim voqyealar uchun boshqalarni aybdor qilmay, hamma mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga moyillik shular jumlasidandir.
Amerikalik mashhur psixolog Jerom Kaganning tadqiqotlariga ko’ra, mustaqillik teng vaziyatlarda sharoitdan qochishga moyillki yoki oilaga ortiqcha tobelik singari bolalikdan shakllangan xususiyatlar o’smirlik davrida ham ma’lum darajada saqlanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, aqli raso odam tajriba jarayonida ham, hayotda ham i xususidagi hamda atrofini o’rab turgan muhit haqidagi ma’lumotni to’liq hisobga olgan holda ish ko’radi, harakat qiladi. Boshqacha aytganda, barcha shaxsiy sifatlar kabi mustaqillik ham ijtimoiy sharoitlar bilan shaxsiy hayot faoliyati mazmuni bilan chambarchas bog’liqdir. Shunisi ham borki, shaxsdagi ruhiy jarayonlar uning mehnat faoliyatidagi mustaqillikning mazmuni va darajasiga bog’liq bo’ladi.
Shaxsda mehnat jarayonida shakllangan sifatlar uning turmushida ham davom etadi. Ijodiy mehnat bilan mashg’ul bo’lgan kishilar ishdan bo’sh vaqtlarida o’zlarining aql-idroklari bilan boshqalardan ajralib turadilar. Mehnatda mustaqil psixologik moslashish qobiliyatiga ega bo’lgan kishilar boshqa shaxslardagi mustaqillik sifatlarini yuksak darajada qadrlaydilar. Yana bir tomoni, shaxsning aqliy faolligi uning o’z ishi ma’nosi va sharoitlariga bo’lgan talablari darajasini oshiradi.
Mustaqillikning shaxsiy psixologik asoslari o’zgarmas, doimiy emas. Shaxs mustaqilligining shakllanishida bolalik davrining katta ahamiyati bor. Chunki bolalikda kelajakdagi rivojlanishning asosi va imkoniyatlari tarkib topa boshlaydi.
Shaxsning mustaqilligi deganda, erkinlik va o’z faoliyatini nazorat qila olish imkoniyatlari nazarda tutiladi. Buning ikki tomoni bor. Birinchidan, nazorat tashqariga - shaxsning ehtiyoj va maqsadlariga muvofiq, atrof-muhitni o’zgartirishga; ikkinchidan, ichki obyektiv sharoitlar va muhit talablariga muvofiq o’z shaxsiy sifatlari va ehtiyojlarini o’zgartirishga yo’naltiriladi.
Tadbirkor shaxs o’zining ilgari ishlab chiqilgan nuqtai nazari va rejalarini qayta qurishga, hayot talablariga qarab o’z hissiy kechinmalarini bayon qilishga qobil bo’ladi. Shuning uchun shaxs mustaqillik sifatiga uzoq muddatli mehnat va aniq maqsadga yo’naltirilgan ta’lim va tarbiya tufayligina erisha oladi.

Download 27.24 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling