Mavzu: Tahlil san’ati Reja


Download 20.53 Kb.
Sana04.02.2023
Hajmi20.53 Kb.
#1162639
Bog'liq
4-Mavzu


Mavzu: Tahlil san’ati
Reja:

  1. Adabiyotda tahlil va talqin san’ati.

  2. Tanqidchilik tarixini davrlashtirish.

  3. O‘zbek tanqidchiligining shakllanish davrlari.

  4. O‘zbek tanqidchiligining taraqqiyot bosqichlari.

Adabiy tanqid so‘z san’atini tahil qilish vositasi bo‘lib, o‘zida ilm-fanning va badiiy ijodning ayrim xususiyatlarini mujassamlashtirganligi bilan ajralib turadi. Xususan, unda ilm-fanga xos mantiqiy tafakkur bilan badiiy ijoddagi obrazlilik o‘zaro chatishib ketgan bo‘ladi. Adabiyotshunoslikning boshqa tarmoqlaridan farqli holda tanqidchilik o‘z e’tiborini, asosan, zamonaviy ijodiy jarayonga qaratadi. Zamonaviy asarlar tahlili uchun zarur bo‘lgan paytlardagina tanqidchilikda xalq og‘zaki ijodiga, adabiyot tarixiga, boshqa xalqlar so‘z san’atiga ekskurslar, chekinishlar qilinishi mumkin.
O‘zbek adabiy tanqidchiligi yangi so‘z san’atimizni tahlil qiluvchi soha sifatida undan keyinroq yuzaga kelganligi sababli ularning taraqqiyot bosqichlari bir-biridan qisman farq qiladi. Adabiy tanqidchilik tarixi davrlashtirilganda, ijtimoiy hayot va so‘z san’ati rivojining o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda, uning ichki taraqqiyot qonuniyatlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur prinsiplardan kelib chiqib, o‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixini quyidagi to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin:
1.O‘zbek adabiy tanqidchiligining shakllanish davri. Bu bosqich o‘z ichiga 1914-yildan 1932-yilgacha o‘tgan muddatni qamrab oladi.
XIX asrning oxirlarigacha Turkistonda ham badiiy adabiyotning mohiyati, o‘ziga xosligi va asarlarning ahamiyati, asosan, alohida-alohida tanqidiy qarashlarda aks etgan. Shunga ko‘ra o‘zbek adabiy tanqidchiligining tug‘ilishi ham bevosita yurtimizda jurnalistika maydonga kelishi bilan bog‘liqdir.
O‘zbek tilidagi dastlabki tanqidiy maqolalar ham XX asr boshlaridagi gazeta va jurnallarda e’lon qilingan. Ilmiy tadqiqotlarda o‘zbek tanqidchiligining dastlabki chinakam namunasi qaysi asar bo‘lganligi haqida turli - tuman fikrlar bildirilgan.
O‘zbek tanqidchiligining shakllanish davridagi maqolalar orasida o‘sha vaqtda teatrlarda qo‘yilgan spektakllarga munosabat bildiruvchi taqrizlar ancha ko‘p bo‘lgan. Ularning aksariyatida badiiy asar tahlilidan ko‘ra uning mazmunini qayta so‘zlab berish tamoyili ustunlik qilgan.
O‘zbek adabiy tanqidchiligining shakllanish davrida uning taraqqiyotiga Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Oybek singari ijodkorlar bilan bir qatorda o‘z faoliyatini, asosan, shu sohaga bag‘ishlagan Vadud Mahmud, Sotti Husayn, Abdurahmon Sa’diy, Miyon Buzruk Solihov va Olim Sharafiddinov (”Ayn” taxallusi bilan ijod qilgan) kabi munaqqidlar ham muayyan hissa qo‘shdilar.
2. Tahlil ko‘lamining kengayishi bosqichi (1932-1961-yillar). Bu bosqich Sotti Husaynning 1932-yilda Bokuda bosilib chiqqan «O‘tgan kunlar» nomli kitobi bilan boshlanadi. Ko‘plab noto‘g‘ri, ziddiyatli, asossiz fikrlari bo‘lganiga, vulgar sotsiologizm botqog‘iga botib ketganiga qaramay, mazkur asar bitta roman tahliliga bag‘ishlangan dastlabki tanqidchilik kitobi edi.
30-50-yillar mobaynida o‘zbek tanqidchiligi ancha tez sur’atlar bilan rivojlanishining sabablaridan biri shunda ediki, bu vaqtda mazkur sohaga Rahmat Majidiy, Otajon Hoshim, Buyuk Karim, To‘xtasin Jalolov, Yusuf Sulton, Hamid Sulaymon, Saidg‘ani Valiev, Sanjar Siddiq singari yangi munaqqidlar avlodi kirib kelgan edi. Bu munaqqidlar badiiy ijodning ayrim qirralarini o‘ziga xos tarzda yorituvchi maqola va kitoblari bilan o‘zbek tanqidchiligi taraqqiyotida muayyan iz qoldirdilar. Faqat ular orasida ikki tanqidchi, ya’ni Izzat Sulton va Homil Yoqubov o‘z iste’dodlari hamda faol ijodlari bilan XX asr oxirlariga qadar bu sohaning karvonboshilari sifatida nom qozondilar.
Ikkinchi bosqichda o‘zbek tanqidchiligining tahlil ko‘lami kengayganligi, ayniqsa, adabiy portret janri rivojida yaqqol ko‘ringan edi. Xuddi shu davrda Hamza, Sadriddin Ayniy, Sulton Jo‘ra, Hasan Po‘lat, Oydin, Zafar Diyor, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Zulfiya singari yozuvchilar ijodiga oid ko‘plab adabiy portretlar va tanqidiy-biografik ocherklar nashr etildi.
So‘z san’atining mohiyatini, obrazli tabiatini inobatga olmaslik oqibatida urushdan keyingi yillar tanqidchiligida badiiy asarlarni o‘ylab chiqarilgan, ya’ni soxta mezonlar, qoidalar, xususan, konfliktsizlikdek mash’um «nazariya»lar asosida tahlil qilish va baholashdek salbiy tamoyil avj oldi. Faqat ikkinchi bosqichning oxirlaridan, aniqrog‘i, 50-yillarning o‘rtalaridan o‘zbek tanqidchiligida bu sohaning ayrim go‘zal an’analari, samarador estetik tamoyillari tomon sekin-sekin burilish sezila boshlanadi. Bunga, albatta, o‘sha davr jamiyati hayotida yuz bergan muhim o‘zgarishlar, «iliqlik» shamoli esishi va adabiyotda konfliktsizlik «nazariya» sining tanqid qilinishi asosiy sabab bo‘ladi. Shu bilan birga tanqidchilikdagi jonlanish urushdan keyin mazkur sohaga kirib kelgan munaqqidlar yangi avlodining ijodiy faoliyatiga ham bog‘liq edi. Urushdan keyingi yillarda o‘zbek tanqidchiligiga G‘.Karimov, A.Qayumov, L.Qayumov, A.Hayitmetov, S.Azimov, H.Abdusamatov, M.Sultonova, N.Vladimirova, T.Sobirov, Abdulla Olimjon singari yoshlar kirib keldilar va adabiy jarayonga faol ta’sir ko‘rsatishga intildilar. Ular orasida ikki iste’dodli tanqidchi, ya’ni Ozod Sharafiddinov va Matyoqub Qo‘shjonov o‘zlarining hayot hamda adabiyot hodisalariga yangicha yondashuvlari, badiiy asarlar tahlilida shakl-u mundarija birligi qonuniyatlariga suyanishlari bilan mazkur soha ravnaqida estetik talqin kurtaklari barq urib yashnashiga asos hozirladilar. Adabiyot tahliliga yangicha tamoyillar olib kirishlari oqibatida Ozod Sharafiddinov va M.Qo‘shjonov qariyb yarim asr mobaynida, aniqrog‘i, umrlarining oxirigacha, ya’ni 2005-yilgacha o‘zbek tanqidchiligining eng yirik namoyandalari bo‘lib qoldilar. 50-yillar oxirlarida esa, Ozod Sharafiddinovning «Lirika haqida mulohazalar» singari maqolalari va M.Qo‘shjonovning «Oybek romanlarida xarakter tasvirlash mahorati» nomli rus tilida nashr etilgan kitobi o‘zbek tanqidchiligi rivojida yangi bosqich nishonalari ko‘rina boshlaganligidan guvohlik bergan edi.
3. Umumlashmalar tomon burilish pallasi (1961-1991-yillar). Bu bosqich 1961-yildan boshlanishining sababi shundaki, xuddi o‘sha yili nashr etilgan ikki jildlik «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherki» kitobi tanqidchiligimiz taraqqiyotida o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘lgan edi.
Badiiy mahorat chiroyli iboralar, chiroyli ifodalar, antiqa voqealar, kulgili yoki qayg‘uli holatlar topish emas, xalqqa aytadigan zarur so‘zimizni kitobxonning qalbiga olib kiradigan obrazlar yaratish demakdir. Yozuvchining xalqqa aytadigan gapi naqadar zarur bo‘lsa, buni kitobxonning qalbiga olib kiradigan obraz shu qadar kuchli bo‘lishi kerak» (Abdulla Qahhor. Asarlar. Besh jildlik. Beshinchi jild. T., G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989, 232-bet).
Badiiy mukammallikka intilish samaralarini aniqlash bilan bir qatorda tanqidchilikda estetik jihatdan zaif asarlarni ro‘y-rost namoyon qilish, poetika nochorligi sabablarini ochish tamoyili ham maydonga keldi.
Estetik tahlilga yaqinlashish bilan bog‘liq holda mazkur bosqichda o‘zbek tanqidchiligining janrlar doirasi har vaqtdagiga qaraganda kengaydi. Endi tanqidchilikda ilgarigi shakllar bilan bir qatorda ijod ocherki, tanqidiy — biografik ocherk, monografiya, so‘zboshi, so‘ngso‘z, adabiy feleton, suhbat, bahs, «ochiq xat», esse kabi janr namunalari ham ancha ko‘payib qoldi. Ular orasida, ayniqsa, yozuvchi P.Qodirovning «O‘ylar» nomli esselar yoki badialar kitobi tanqidchiligimizning saviyasi har jihatdan, ya’ni ham mazmun, ham shakl e’tibori ila ancha yuksaklikka ko‘tarilganligini ko‘rsatdi.
Bu davrda tanqidchiligimiz biqiqlikdan butkul qutulishiga imkon bermagan nuqsonlardan yana biri uning ko‘proq o‘z qobig‘iga o‘ralib qolib, hurfikrlilikning oliy cho‘qqilariga ko‘tarila olmagani edi. 80-yillarning o‘rtalarida «Voprosы literaturы» jurnalida e’lon qilingan maqolasida tanqidchi N.Xudoyberganov bu illatni «mahalliychilik» deb atagan edi. O‘sha yillari Abdulla Qahhorning «Tobutdan tovush» komediyasi nohaq qoralanganligi, Cho‘lpon va Fitrat ijodining to‘lig‘icha xalqqa qaytarilmaganligi xuddi shu mahalliychilik kasalining asoratlari edi.
Xayol tezlikda ro‘yobga chiqadi, chunki navbatdagi “Kamolot yo‘lida” deb nomlangan bob ham ko‘pchilikka allaqachondan beri ma’lum gaplarning qayta bayoni va ayrim asarlar haqidagi ziddiyatli, chuqur o‘ylanmagan fikrlar bilan boshlanadi. Jumladan, bunday holni Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon” povesti yuzasidan bildirilgan fikrda yaqqol ko‘rish mumkin. A.Quljonov 30-yillar o‘zbek nasrida xalq hayoti bilan aloqa mustahkamlanganligini, yangi turmush ijodkorlari bo‘lgan qahramonlarni bevosita tasvirlash markaziy o‘ringa chiqqanini, zamonaviylik va “badiiyat mezonlari bilan mustahkam bog‘lanib” ketganini to‘g‘ri ta’kidlagandan so‘ng quyidagilarni yozadi: “...Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon” povestida zamonaviylik, birinchidan, muayyan davrni xarakterlaydigan yangi voqelikning aks etishida, qishloqda revolyusion ahamiyatga molik bo‘lgan kollektivlashtirishdek ulkan hayotiy problemaning ko‘tarilishida, ikkinchidan, yangi hayot materiallariga bog‘liq holda yangi qahramonlarni tanlashi va ularni faol harakatda ko‘rsatishida, uchinchidan, ularni talqin etishida, qismatini real, porloq kelajak nuri bilan ko‘rsatishida seziladi. Asarning syujet va kompozitsion qurilishiga, konflikt va xarakterlar tasviriga, qisqasi, uning butun ruhiga zamonaviylik singib ketgan”.
4. Talqinlarning yangilanish bosqichi (1991-yildan hozirgi kunlargacha o‘tgan muddat). Bu bosqich O‘zbekiston milliy mustaqillikka erishgan yildan boshlanishi g‘oyatda tabiiydir, chunki xuddi shu davrda ongimiz go‘yo yangidan uyg‘ongandek, butun borliqni, o‘tmish-u tarixni, barcha ijtimoiy va ma’naviy qadriyatlarni o‘zgacha idrok etib, muayyan bir mafkura nuqtai nazaridan emas, balki umuminsoniy mezonlar asosida qayta tushuna boshladik.
Sotsialistik realizm metodidan uzoqlashish natijasida endilikda har bir adabiy hodisani umumbashariy nuqtai nazardan va insoniyatning badiiy tafakkuri rivojida samaradorligi aniqlangan qoidalar-u mezonlar hamda qonuniyatlar asosida tahlil etish jarayoni boshlandi.
Hozirgi o‘zbek tanqidchiligining eng xarakterli belgilaridan biri shundaki, endilikda uning badiiy adabiyot bilan aloqasi har vaqtdagiga qaraganda mustahkamlangandek tuyuladi. Buni shundan ham payqash mumkinki, so‘nggi yillar tanqidchiligi asosiy e’tiborini hammadan ko‘ra ko‘proq bevosita hozirgi adabiy jarayon taqozo etgan muammolar tadqiqiga qaratmoqda. Masalan, so‘nggi yillarda ijod erkinligi kengayishi bilan bog‘liq ravishda o‘zbek modernistik adabiyotini yaratish yo‘lida harakatlar avj olib ketdi. Xuddi shu jarayon taqozosi bilan o‘zbek adabiyotida bir vaqtlar g‘arbda moda bo‘lgan tajribalarni takrorlashga, unutilgan g‘oyaviy mayllar-u uslubiy yo‘nalishlarni qayta jonlantirishga, samarasi mavhum shakllarni ona tili imkoniyatlari yordamida tiriltirishga, ba’zi nomdor modernistlarning ijod yo‘siniga ergashishga yoki taqlid qilishga intilish kuchaydi. Natijada tanqidchilik oldida modernizm tarixi-yu nazariyasi muammolarini xolis yoritish va o‘zbek yozuvchilarining o‘shanday adabiyot yaratish yo‘lidagi tajribalarini umumlashtirish hamda mantiqiy xulosalar chiqarish zarurati tug‘ildi. Oqibatda shu masalaning turli jihatlarini dalillar vositasida yorituvchi ko‘plab tadqiqotlar, xususan, Ozod Sharafiddinovning «Modernizm-jo‘n hodisa emas» («Ijodni anglash baxti» kitobida), U.Normatov va Ulug‘bek Hamdamovning «Dunyoni yangicha ko‘rish ehtiyoji» («Jahon adabiyoti», 2002, №12), B.Sarimsoqov bilan E.Ochilovning «Hozirgi o‘zbek she’riyatining taraqqiyot tamoyillari» («O‘zbek tili va adabiyoti», 2005, №3) kabi mazmundor maqola hamda suhbatlari maydonga keldi. Ular orasida hech shubhasiz, yozuvchi P.Qodirovning «Ma’naviyat, modernizm va absurd» (“O‘zAS”, 2004-yil 26-mart) nomli maqolasi g‘oyatda keskin tanqidiy ruhga, benihoya katta ishontirish qudratiga egaligi, mashaqqatli izlanishlar natijasida topilgan dalillarga, asosli xulosalarga va cheksiz samimiyatga boyligi bilan ajralib turadi. Maqolada xorijdagi modernizmning mohiyati, tabiati, ayrim g‘ayriinsoniy jihatlari rad qilib bo‘lmaydigan dalilu misollar vositasida ochib berilganligi va o‘sha tajribalardan kelib chiqib, o‘zbek adabiyotidagi g‘arbning umrini o‘tab bo‘lgan tamoyillari asosida ijod qilishga urinishlar yaxshi samaralarga olib kelmayotganligi ham she’riyat, ham nasr namunalari tahlili vositasida isbotlanganligi sababli P.Qodirovning mazkur tadqiqoti so‘nggi yillardagi tanqidchiligimizning eng jiddiy yutuqlaridan biri darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa ajab emas. Bu xildagi maqolalar hozirgi o‘zbek adabiyoti va tanqidchiligida an’ana hamda novatorlik muammosi nihoyatda dolzarblik kasb etganligidan guvohlik beradi. Endi uning talqinida ilgarigidan farqli holda, g‘arb adabiyotini va ayniqsa, modernizmni quruq qoralash, balchiqqa bulg‘ash kabi g‘ayriilmiy mayllar barham topib, barcha kuzatish-u umumlashmalarni samimiy hamda ishonarli tarzda ifodalashga, turli xalqlar so‘z san’atining o‘zbek adabiyotiga ko‘rsatgan ijobiy ta’sirini ro‘y-rost ro‘yobga chiqarishga, ulardan o‘tgan umidbaxsh an’analarni ardoqlashga da’vat ruhi hozirgi tanqidchiligimizning pafosini belgilamoqda. Xuddi shunday ruhni jahonga mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov ijodiga va uning an’analari o‘zbek adabiyotiga qanday barakali ta’sir ko‘rsatayotganligiga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalarda yaqqol payqash mumkin. Ular orasida iste’dodli munaqqid Saydi Umirovning «Sayyoraviy tafakkur adibi» nomli salmoqdor maqolasi 2004-yilda Moskvada rus tilida nashr etilgan «Kovcheg Chingiza Aytmatova» degan to‘plamda dunyo yuzini ko‘rgan bo‘lib, mazkur tadqiqot olamga taniqli adib ijodi yuzasidan yangi qarashlarga, an’analarining umrboqiyligiga oid umumlashmalarga boyligi tufayli o‘zbek tanqidchiligining hozirgi sharoitda ham mamlakatimiz hududlaridan tashqarida e’tibor qozonish, ravnaq topish imkoniyatlari mavjudligini isbotladi. Bu xildagi baynalmilal qimmatga ega bo‘lgan tadqiqotlarda mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida realistik an’analarning ustuvorligi, ular bilan modernizm alomatlari sintezlashtiriluvi ma’lum ijobiy samaralarga olib kelayotganligi to‘g‘risidagi ilmiy konsepsiya yuzaga chiqmoqdaki, bunday asosli umumlashmalar hozirgi tanqidchiligimizning nazariy durdonalar xazinasini boyitishi shubhasizdir. Ularda turli ijodiy metodlarning o‘zbek adabiyotidagi tadrijini va o‘zaro munosabatlarini o‘rganish chinakam badiiy kashfiyotga yaqin turuvchi muvaffaqiyatlarni, ya’ni novatorlik hodisalarini namoyon qilishga yo‘l ochmoqda. Xususan, bir qator mazmundor kitob va maqolalarda shoir Abdulla Oripov ijodining XX asr o‘zbek adabiyotida chinakam novatorlik hodisasi darajasiga ko‘tarilganligi va shunday kashfiyotning yuzaga kelish sabablari, omillari keng ko‘lamda, aniqrog‘i, tarixiy-gnoseologik tahlil yo‘llari vositasida tadqiq etildi. Unday tadqiqotlar, xususan, M.Qo‘shjonov va Suvon Melining «Abdulla Oripov» nomli kitobi hamda B.Do‘stqoraevning «XX asr o‘zbek she’riyati va Abdulla Oripov ijodi» («Filologiya masalalari», 2002, № 1—2) sarlavhali maqolasi badiiylik qonuniyatlaridan kelib chiquvchi yondashuvlarga, kutilmagan qiyoslarga, turli xildagi tahlil metodlari unsurlarining chatishuvidan tug‘ilgan kuzatishlar-u xulosalarga boyligi bilan ajralib turadi. Bu xildagi tadqiqotlar sistemali tahlil metodining imkoniyatlari deyarli cheksizligini va tanqidchiligimizni yangidan-yangi marralarga olib chiqishga qodirligini yaqqol isbotlamoqda. Sistemali tahlil metodining ahamiyatini to‘lig‘icha anglab еtmaslik yoki ongli ravishda unga amal qilmaslik oqibatida so‘nggi yillardagi ayrim kitob, maqola va taqrizlarda ham eskicha fikrlashga moyillik, bayonchilik, mantiqsizlik, yolg‘onligi ayon ko‘rinib turgan mushohadalarni haqiqat sifatida taqdim etish, ma’lum gaplarni bir oz boshqacha shaklga solib takrorlash, mayda-chuyda dalillar-u tafsilotlar atrofida o‘ralashish, ijodkorlar zimmasiga nohaq ayblar yuklash hamda chinakam san’at durdonalari qadr-qimmatini asossiz ravishda pastga urish, umrini o‘tagan talqin usullariga berilish singari illatlar barham topmay, tanqidchilikning gurkirab rivojlanishiga halaqit qilmoqda.
Anglashiladiki, katta bilim, mas’uliyat, aql-zakovat va mahorat bilan qo‘llangandagina, sistemali tahlil metodi tanqidchilik ravnaqi uchun mahsuldor zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Har holda hozircha xuddi shu yo‘l, ya’ni ilgarigi ko‘plab usullarning, xususan, sotsiologik, falsafiy, qiyosiy, tipologik, biografik, tarixiy-gnoseologik, funksional, estetik, struktural talqinlarning eng yaxshi unsurlarini o‘zida mujassamlashtirgan sistemali tahlil metodi tanqidchiligimiz oldida charog‘on ufqlar ochishi mumkinligi aniqroq ayon bo‘lmoqda.
Taxminan shunday davrlashtirilganda, ijtimoiy taraqqiyotning ta’siri ham, adabiy jarayon, badiiy ijod va alohida asarning o‘ziga xosligi ham, tanqidchilikning ichki rivojlanish qonuniyatlari-yu tahlil tadriji ham yaxlit holda hisobga olingan, binobarin, haqiqatga ko‘proq yaqinlashilgan bo‘ladi.


Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:

  1. Adabiy tanqidning asosiy xususiyatlari va vazifalari nimalardan iborat?

  2. O‘zbek adabiy tanqidchiligi qaysi asardan boshlanadi?

  3. Tanqidchilik kasbini egallamoq uchun qanday fazilatlar zarur bo‘ladi?

  4. O‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi qanday bosqichlarga bo‘linadi?

  5. Adabiy tanqid qanday janrlarga bo‘linadi?

  6. Hozirgi o‘zbek adabiy tanqidchiligining asosiy yutuqlari nimalarda ko‘rinadi?

  7. Hozirgi o‘zbek adabiy tanqidchiligi taraqqiyotiga qanday illatlar halaqit bermoqda?

Download 20.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling