TARKIBIDA IZOXINOLIN HOSILASIGA KIRUVCHI ALKALOIDLAR BO‘LGAN DORIVOR O‘SIMLIKLAR QONCHO‘P YERUSTKI QISMI – HERBA CHELIDONII O‘simlikning nomi. Katta qoncho‘p — Chelidonium majus L., ko‘knordoshlar — Papaveraceae oilasiga kiradi (40-rangli rasm). Ko‘p yillik, bo‘yi 30—100 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Ildizpoyasi ko‘p boshli va kalta. Poyasi tik o‘suvchi, yuqori qismi shoxlangan. Bargi oddiy, yupqa, mo‘rt, 3—5 bo‘lakka chuqur patsimon qirqilgan, ildizoldi va poyaning pastki qismidagilari bandli, yuqori qismidagilari esa bandsiz, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Och sariq gullari poya va shoxlari uchida 4—8 tagacha bo‘lib, oddiy soyabonni tashkil etadi. Kosachabargi ikkita, gullaganda tushib ketadi, tojbargi 4 ta. Mevasi — ko‘p urug‘li, pishganda ochiladigan ikki xonali ko‘sakcha. Urug‘i tuxumsimon, qora, eshkaksimon dumchali. O‘simlikning hamma qismida to‘q sariq sut-shira bor. Qoncho‘p may oyi oxiridan boshlab sentabrgacha gullaydi, mevasi iyun oyidan pisha boshlaydi. Geografik tarqalishi. Salqin yerlarda, butalar orasida, o‘rmon chetlarida, jar bo‘ylarida, aholi yashaydigan joylarda, bog‘ va polizlarda o‘sadi. Qoncho‘p keng tarqalgan: Ukraina, Moldova, Belorus, Boltiqbo‘yi davlatlari, Rossiyaning Yevropa qismi, Oltoy, Qozog‘iston, Sibir va Uzoq Sharqda uchraydi. Mahsulot, asosan, Ukraina, Belorus, Rossiyaning markaziy tumanlarida tayyorlanadi. Mahsulot tayyorlash. O‘simlikning yerustki qismi o‘simlik gullagan vaqtida î‘rib olinadi. Soya va havo kirib turadigan joyda quritiladi. Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot poya, barg, gul, ba’zan meva aralashmalaridan iborat bo‘ladi. Poyasi biroz qirrali, uzun va yumshoq tuklar bilan siyrak qoplangan. Bargi yupqa, mo‘rt, chuqur 3—5 bo‘lakka patsimon qirqilgan bo‘lib, eng yuqorigi bo‘laklari pastdagilariga nisbatan yirikroq, bargning ustki tomoni yashil, pastki tomoni esa zangori, asosiy tomirlari bo‘ylab yumshoq tuklar o‘rnashgan. Guli to‘g‘ri, och sariq, kosachabargi ikkita, gullaganida tushib ketadi. Tojbargi 4 ta, otaligi ko‘p sonli, onalik tuguni bir xonali, yuqoriga joylashgan. Mevasi — ko‘p urug‘li, ikkixonali, cho‘ziq (uzunligi 5 sm cha) ko‘sakcha.
Do'stlaringiz bilan baham: |