Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar


Download 0.77 Mb.
bet22/78
Sana13.04.2023
Hajmi0.77 Mb.
#1352419
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   78
Bog'liq
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)

2-masala:
Ma’lumki, O`rta Osiyo hududida qadim-qadimdan tili, dini, tarixi, madaniyati, an’analari bir-biriga juda yaqin, mushtarak qardosh va qondosh xalqlar yashab kelganlar. Bu yerda istiqomat qilgan o‘zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlarning xo‘jalik hayoti, turmush tarzi, udumlari ham o‘xshash bo‘lib, shu muqaddas ona zaminni o‘zlarining asl Vatanlari deb bilganlar. “Biz ildizi, tomirlari bir xil xalqmiz”, degan g‘oya azaldan avloddan-avlodga o‘tib keladi. Bu g‘oya doimo hudud yaxlitligi, birligiga xavf tug‘ilganda kuchli, yengilmas tushunchaga aylangan, xalqlarning bir-biridan ajralib, uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Biroq, afsuslar bo‘lsinki, pixini yorgan sovet hokimiyati arboblari qondosh va jondosh, tarixan bir hududda yashab kelgan birodar xalqlarni bir-biridan ajratib tashlash, ularning birlashib davlat tuzishlariga izn bermaslik ushun butun choralarni ishga solib borganlar. Bundan kuzatilgan bosh maqsad o‘lka xalqlarining birlashuviga, o‘z istiqlolini va istiqbolini birgalikda bunyod etishiga yo‘l qo‘ymaslik va shu asosda Markazning bu yerdagi hukmronligiga, sotsialistik qayta qurish jarayonining avj olishiga keng maydon yaratish edi. Shu maqsadda Turkistonni milliy o‘ziga xoslik, til birligi asosida bo‘lib tashlash g‘oyasi ilgari surildi.
Markazning hukmronlik irodasini bajarishga da’vat etilgan Turkiston ishlari bo‘yicha maxsus komissiya – Turkkomissiya zimmasiga o‘lkada milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazish va shu asosda bu hududda bir qator sovet respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan edi. RKP(b) Markazqo‘mi kotibi Ya.Rudzutak bu tadbirga bosh mutasaddi qilib belgilangan edi. Markaz mo‘ljallayotgan milliy siyosat mazmuni, mohiyatidan xabardor bo‘lgan Turkistonning ilg‘or ziyolilari o‘lka birligini zo‘r berib himoya qilishga urindilar. Biroq o‘lka jilovini qo‘lda mahkam tutgan bo‘lshevik mutasaddilar ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Yagona va mustaqil Turkiston g‘oyasi uchun kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda, turkparastlikda, islomparastlikda va sovet hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar va qoralandilar. Shunday qilib, O`rta Osiyoni milliy-hududiy jihatdan alohida respublikalarga bo‘lib tashlash masalasi bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm respublikalarida, ularning kompartiyalari plenumlarida, RKP(b) MQning O`rta Osiyo byurosi plenumlarida muhokama etilib, mahalliy xalqqa ta’sir va tazyiqlar o‘tkazilib borildi. O`rta O`siyo respublikalarida milliy-hududiy chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komissiya tuzildi. Loyiha RKP(b) MQ O`rta Osiyo byurosining 1924-yil 2-iyundagi yig‘ilishida muhokama etilib, asosan ma’qullandi. Bundan norozi bo‘lgan mahalliy aholi vakillari, xususan, Xorazm respublikasining bir guruh mas’ul xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinayev, ichki ishlar noziri Abdusalomov, Yoqubov; Turkiston va Buxoro vakillari Sultonbek Xojanov, Sanjar Asfandiyorov va boshqalar yagona Turkistonni bo‘lib tashlash maqsadga muvofiq emas, deb e’tiroz bildirdilar. Ular Turkiston xalqlari birligini saqlab qolishga qaratilgan “O`rta Osiyo Federatsiyasini tuzish to‘g‘risida” taklif kiritdilar. Shuningdek, 1924-yil 8-mayda RKP(b) MQga “Xorazmda milliy masalani hal etish to‘g‘risida xat” kelib tushadi. Bu xatda ham Xorazm respublikasini bo‘lib yuborish maqsadga muvofiq emas, deyilgan edi. Biroq mahalliy xalqlarning talab va takliflari inobatga olinmadi. Aksincha, 1924-yil 12-iyunda RKP(b) MQ Siyosiy byurosi “O`rta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralash to‘g‘risida”gi masalaga yana qaytib, uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Munozaralar tobora qizib borganligi sababli vaqtincha Xorazm respublikasida milliy-hududiy chegaralanishni to‘xtatib turishga qaror qilindi. Bu borada Xorazm Kompartiyasi va hukumati rahbarlariga har tomonlama ta’sir o‘tkazib borildi. Ularning ko‘pchiligi vazifasidan olinadi, qolganlari partiya qaroriga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Oqibatda 1924-yil 26-iyunda Xorazm Respublikasi rahbarlari Xorazm uchun ham milliy chegaralanishning zarurligini “e’tirof” etadilar. Shundan so‘ng, 1924-yil 15-iyulda O`rta Osiyo byurosi milliy chegaralanish loyihasini tayyorlash va 1924-yil oktabr oyida uni o‘tkazish zarur, degan xulosaga keldi. Bu qaror 1924-yil 14-oktabrda SSSR BMIQ tomonidan ham ma’qullanadi. Shu tariqa, sovet hukumati va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining 1920–1924-yillar davomida O`rta Osiyoda olib borgan, xalqqa yolg‘on va’dalar berishni ko‘zda tutgan “lenincha milliy siyosat”ni hayotga tatbiq etish bobidagi amaliy ishlari yakun topdi. Buning orqasida o‘lkaning tarixan tarkib topgan o‘ziga xos milliy xususiyatlari, hududiy yaxlitligi zavol topdi. Uning hududlarini kichik-kichik milliy bo‘laklarga bo‘lish ishlari yakuniga 1924-yil 24-oktabrda RKP(b) MQ plenumi so‘nggi nuqtani qo‘ydi.
Shunday qilib, hukmron Markaz zo‘ravonlarining bir necha yillik sa’y-harakatlari orqasida O`rta Osiyoning siyosiy jo‘g‘rofiyasi sun’iy ravishda o‘zgartirildi. Bu hududdagi ko‘p asrlik milliy davlatchilik tarixi an’analariga chek qo‘yildi. Buning yorqin ifodasi xususan Buxoro va Xorazm davlatlarining zo‘ravonlik yo‘li bilan tugatilganligida namoyon bo‘ladi. O`rta Osiyo hududida shu davrga qadar hukm surib kelgan uch davlat: Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida endilikda O`zbekiston SSR, Turkmaniston SSR, shuningdek, O`zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tuzildi. Qirg‘izlar yashagan huddudlar Qoraqirg‘iz (Qirg‘iziston) muxtor viloyatiga birlashtirilib RSFSR tarkibiga, Turkistonning qozoqlar yashaydigan tumanlari Qozog‘iston ASSR ixtiyoriga berildi. Qoraqalpoqlar yashaydigan hududlar Qoraqalpoq muxtor viloyatiga birlashtirilib Qozog‘iston ASSR tarkibiga kiritildi. O`lkada beshta milliy davlat birlashmalari tashkil etildi. Natijada, yagona Turkiston xalqlari bir-biridan sun’iy ravishda uzoqlashtirildi. Bu hol sovetlarga o‘lkada o‘z hokimiyatini mustahkamlash ushun katta imkoniyatlar yaratib berdi.

Download 0.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   78




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling