Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar


Download 0.77 Mb.
bet25/78
Sana13.04.2023
Hajmi0.77 Mb.
#1352419
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   78
Bog'liq
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)

2-masala:
Azaldan sun’iy sug‘orishga asoslangan, dehqonchilik madaniyati maskani hisoblangan Turkistonda aholining ko‘pchiligi yersiz edi. Yerga muhtoj bo‘lganlar boylar, yirik zamindorlarning mulkida chorakorlik bilan kun kechirardilar. Buning ustiga chor Rossiyasi bosqinidan so‘ng ko‘plab serhosil, unumdor yerlar ko‘chirib keltirilgan rus oilalari foydasiga majburan olib berilgan edi. Shu bois ham mahalliy yerli aholi yangi sovet hokimiyatining “yer – dehqonlarga” degan balandparvoz da’vatiga umid ko‘zini tikib kelayotgandi. Darhaqiqat, sovet hokimiyatining 1917-yil 25-oktabrda qabul qilgan “Yer to‘g‘risida”gi dekretida butun mamlakatda kambag‘al, batrak, yersiz dehqonlarni yer bilan ta’minlash, yirik yer mulklarini musodara qilish va undan so‘ng milliylashtirish vazifalari e’lon qilingan edi.
Sovet hukumati ko‘p sonli dehqon aholisini o‘z tomoniga qaratib olishni ko‘zlab yer to‘g‘risidagi dekretni qabul qilgan bo‘lsada, ammo uni amalga oshirishdan kuzatilgan va uzoqqa mo‘ljallangan maqsadlari boshqa edi. Sovetlarning yer-suv islohoti masalasida tutgan pirovard maqsadi yirik xususiy yer-mulklarni musodara qilish, milliylashtirish orqali ularni tugatib, asta-sekinlik bilan ular asosida yirik jamoalashgan sotsialistik xo‘jaliklarni qaror toptirish edi. Turkistonda ham ana shu uzoqqa mo‘ljallangan maqsadlarni ko‘zlab, yer-suv islohotini o‘tkazishga kirishildi.
1920-yil sentabr oyida Turkiston sovetlarining XI-s’ezdida o‘lkada yer-suv islohoti masalasi ko‘rib chiqildi, bu sohadagi asosiy vazifalar belgilab olindi. Bunga ko‘ra aholining boy qismi qo‘lidagi katta yerlarni musodara qilish, yevropalik kelgindi aholi bilan yerli xalqlar o‘rtasida yer-suv masalasida vujudga kelgan tengsizlik munosabatlariga barham berish, mehnatkash aholini sovetlar tevaragiga jipslashtirish zarur deb topildi. Yer ishlari xalq komissarligi rejasiga ko‘ra tortib olingan yerlar kam yerli va yersiz dehqonlarga bo‘lib berilishi ta’kidlangan edi. Bu jarayon kelgindi va mahalliy boy xo‘jaliklarga ma’muriy choralar va tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan olib borildi. Bu xil tadbirlarga batrak-dehqonlar ommasi ham keng jalb qilindi. Shu maqsadda joylarda qishloq va ovullar mahalliy aholisining yersiz, kambag‘al qismini birlashtiruvchi “Qo‘shchi” uyushmalari tuzila boshladi. “Qo‘shchi” uyushmalari kommunistlarning dehqonlar orasidagi tayanchiga aylanib, yer-suv islohotini o‘tkazishda partiyaga katta yordam ko‘rsatib bordi. Turkiston ASSR hududida 1921-yil davomida tuzilgan “Qo‘shchi” uyushmalari 160 ming a’zolarni birlashtirgan edi.
Turkistonda 1921–1922-yillar davomida olib borilgan yer-suv islohotining birinchi bosqichi yirik yer-suv egalariga qarshi keskin kurash shiori ostida o‘tkazildi. Respublika bo‘yicha boy va o‘ziga to‘q aholidan 1,7 mln. desyatina yer tortib olindi, ularning 117 ming desyatinasi yersizlarga va kambag‘allarga bo‘lib berildi, qolgan katta qismi asosida “Qo‘shchi” uyushmalari tuzildi. Bu sovet hokimiyatining kambag‘allarni o‘z tomoniga og‘dirib olishga qaratilgan harakati edi. O`rtahol dehqon xo‘jaliklari saqlab qolindi. Yer-suv islohotining birinchi bosqichi yakunida dehqon xo‘jaliklarini jamoalashtirish uchun zamin yaratildi.
O`zbekiston SSR tuzilgan paytda ham respublikada sovetchasiga agrar siyosatni amalga oshirish to‘la hal etilmagan edi. O`zbekistonning asosiy paxtakor viloyat va tumanlarida yerning katta qismi yangi iqtisodiy siyosat asosida xo‘jalik yuritayotgan o‘rtahol dehqonlar qo‘lida to‘plangan edi. Ular respublikada yetishtirilayotgan paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy qismini yetkazib berar edi. Kambag‘al dehqonlar esa yerni ulardan ijaraga olib ishlatardi.
1925-yil noyabrdagi O`zbekiston Kompartiyasining II-s’ezdida bu hol feodal munosabatlarning qoldig‘i deb baholandi va xususiy mulkchilik munosabatlari sotsialistik iqtisodiyot ta’siriga bo‘ysundirilishi kerakligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng O`zbekiston KP(b) MQ Ijroiya byurosida viloyat, shahar, tuman partiya va sovet tashkilotlarida yer-suv islohotining ikkinchi bosqichini o‘tkazish masalasi bir necha bor muhokama qilindi va uning nihoyatda dolzarbligiga e’tibor qaratildi. Joylarda yer-mulklarni qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Bu ish birinchi navbatda asosiy dehqonchilik muzofotlari hisoblangan Toshkent, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida boshlandi. Yer-suv islohotining mazmuni dastavval quyidagi muammolarni hal etishga qaratildi:

  1. Qishloqda ishlab chiqaruvchi kuchlarni yanada rivojlantirishga bo‘lgan barcha to‘siqlarni olib tashlash.

  2. Yer va suv manbalarini tezroq milliylashtirish.

  3. Mehnat qilmay boshqalar mehnati hisobiga yashaydiganlarning yerlarini tortib olish.

  4. Yangi tashkil etilayotgan xo‘jaliklarga yordam berish va xokazo.

Bu aslida qishloqda yangi iqtisodiy siyosatdan chekinish edi. Shuning uchun ham mahalliy rahbarlar yer-suv islohoti jarayoniga o‘ziga xos tarzda baho berdilar. O`zbekiston SSR Yer ishlari xalq komissari Inomjon Xidiraliev va boshqa mas’ul xodimlar O`zKP(b) Markaziy Qo‘mitasi va O`rta Osiyo byurosiga ariza bilan murojaat qilib, yer-suv islohoti mahalliy xalqning xohish-irodasiga, turmush-tarziga zid, deb islohotga oshkora e’tiroz bildirdilar. Biroq ular Markaz qudrati oldida yakkalanib qoldilar.
1925-yil dekabrida bo‘lgan O`zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining favqulodda sessiyasi “Yer va suvni milliylashtirish to‘g‘risida” dekret qabul qildi. Dekretga binoan quyidagi tarzda yerlar batamom musodara qilinishi kerak edi:
1. Qayerda turishidan qat’iy nazar Farg‘ona vodiysida 40 desyatinadan, Toshkent va Samarqand vohalarida 50 desyatinadan ortiq sug‘oriladigan yeri bo‘lgan mulk egalari jami jonli va jonsiz mulki bilan.
2. Qishloq va ovullarda yashamagan, o‘zlari va oila a’zolaridan birortasi ham yerda ishlamaydigan shaxslarga qarashli yerlar, boshqa mol-mulki bilan.
3. Vaqf yerlari, xo‘jayinlari noma’lum yerlar musodara qilinadigan bo‘ldi.
1926-yilda yuqoridagi uch viloyatda o‘tkazilgan yer-suv islohoti respublika miqyosida umumlashtirilib, uni qolgan viloyatlarda ham o‘tkazishga qaror qilindi. Islohot Zarafshon, Qahsqadaryo, Surxondaryo va Xorazm vohalarida ham o‘tkazildi. Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda 20 gektar sug‘oriladigan hamda 45 gektar lalmikor va bahorikor yerga ega bo‘lgan katta yer egalarining ortiqcha yerlari musodara qilindi. 1929-yilda yer-suv islohoti Qoraqalpog‘istonda ham o‘tkazildi.
Shunday qilib, yer-suv islohoti natijasida O`zbekistonda jami 1492 ta o‘ziga to‘q xo‘jaliklar tugatildi. 27992 ta badavlat mulkdorlarning ortiqcha yerlari tortib olindi. Respublikaning yer fondiga tortib olingan 474393 desyatina yer qo‘shildi, ularning 10 foizi kam yerlilarga berildi. Qishloq aholisini qishloq xo‘jalik kooperativlariga birlashtirish kuchayib bordi. 1929-yilda jamoa xo‘jaligi hisoblangan kooperatsiyalarga birlashtirilgan dehqon xo‘jaliklarining respublikadagi salmog‘i 81 foizga yetdi. Bu jarayon, afsuski, oddiy mehnatkashlar manfaatiga zid holda ham olib borildi. Jumladan, shunday hollar ham sodir bo‘ldiki, unda o‘rtahol dehqonlar, kustarlar, hunarmandlar, hatto qishloq kambag‘allari ham quloq dehqonlar qatoriga qo‘shib quvg‘in yoki surgun qilindi, mol-mulklari musodara qilindi.
Respublikada yer-suv islohoti qanday murakkab, ziddiyatli sharoitlarda o‘tkazilmasin va ko‘plab noxush, salbiy holatlar bilan bog‘liq kechmasin, biroq u O`zbekistonning asosiy qishloq aholisi uchun bir talay o‘zgarishlar olib keldi. Yurtning ko‘plab kambag‘al, batrak aholisi islohotdan bahra olib, o‘z xojalik hayotlarini bir qadar tiklab olish imkoniga ega bo‘ldi. Biroq shu narsa afsuslanarliki, bu jarayon uzoqqa bormadi. 20-yillar oxirlaridan qishloqda yalpisiga boshlangan jamoalashtirish siyosati o‘zbek dehqonlarining hayot tarziga asoratli ta’sir ko‘rsatdi.

Download 0.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   78




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling