Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar
Download 0.77 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)
4-masala:
XX-asrning 20–30-yillarida hukmron kommunistik partiyaning madaniy qurilish siyosati asosan “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat”ni shakllantirishga qaratildi. Zero, “lenincha madaniy inqilob g‘oyasi”ning bosh maqsadi ham ko‘p millatli sovetlar mamlakatida yagona sotsialistik madaniyatni tarkib toptirish va uning “samaralari”dan SSSRning barcha xalqlari va millatlarini bahramand etish edi. Shu bois bu yillarda o‘zbek xalqining olis asrlarga borib qadaluvchi moddiy va ma’naviy madaniyati durdonalari, osori-atiqalariga, masjidu madrasalar, gumbazu maqbaralar ko‘rinishidagi noyob me’moriy obidalariga zo‘r berib hujum uyushtirildi. Odamlar ongiga kommunistik g‘oyalarni singdirishdan iborat maqsadga erishishda joylarda “Xudosizlar jamiyatlari” tuzilib, ular orqali diniy e’tiqod va tasavvurlarga qarshi, uning pokdoman peshvolariga qarshi hujumkor ateistik kurash, tashviqot va targ‘ibot avj oldirildi. Buning oqibatida yurtning ilg‘or ziyolilari bo‘lgan qancha-qanchalab ruhoniylar, eshonu mullalar, ulamoyu fuzalolar ayovsiz ta’qibu quvg‘inlarga duchor etildi yoki qirg‘in qilindi. Ularning ko‘plari jonlarini xovuchlab, oila, bola-chaqasi bilan ne azobu uqubatlarni boshidan kechirib, uzoq xorijiy yurtlarga bosh olib ketishga majbur bo‘ldilar. O`zbek xalqining ko‘plab yurtparvar ziyolilari fidoyilik namunalarini ko‘rsatib, barcha qiyinchiliklarga bardosh berib republikaning madaniy hayotida faol qatnashdilar. Ularning sa’y-harakatlari bilan teatrlar, klublar, kutubxonalar va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalar bunyod etilib faoliyat ko‘rsata boshladi. 1929-yilda o‘zbek musiqali teatriga asos solindi. 1933-yilga kelib Hamza nomli akademik drama teatri ish boshladi. Har qanday mafkuraviy tazyiqlarga qaramasdan milliy ruh ustuvor bo‘lib qolaverdi. Xalqimiz orasidan uning asriy dil-armoni, orzu-istaklarini kuylagan Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Ota G`iyos Abdug‘aniyev, Domla Halim Ibodov, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Madrahim Sheroziy, Shorahim Shoumarov, Abror Hidoyatov, Soraxonim, Tamaraxonim, Lutfixonim, Mukarramaxonim singari nomdor san’atkorlar yetishib chiqdi va dovruq qozondi. 1936-yilda Toshkent Davlat konservatoriyasining ochilishi xalqimizning madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi. O`zbek musiqa madaniyatining zabardast vakillari – Yunus Rajabiy, Muxtor Ashrafiy, Mutal Burhonov, Tolibjon Sodiqov, To‘xtasin Jalilov singari san’atkorlar ijodi xalq dilidan chuqur joy oldi. 1937-yilda Moskvada o‘tkazilgan birinchi o‘zbek san’ati va adabiyoti o‘n kunligi xalqimiz madaniyatining yorqin ko‘rigi bo‘ldi. Unda “Gulsara”, “Layli va Majnun” operalari, “Farhod va Shirin” musiqali dramasi va boshqa sahna asarlari katta mahorat bilan namoyish etildi. 30-yillarda O`zbekistonda kino san’ati shakllanib bordi. Uning yorqin ifodasi sifatida shu davrda yaratilib ekranlarga chiqarilgan “Asal”, “Qasam”, “Ravot qashqirlari”, “Azamat” singari filmlarni tilga olib o‘tish joizdir. Ularni yaratishda Komil Yormatov, Sulaymon Xo‘jayev, Yo‘ldosh A’zamov, Rahim Pirmuhammedov singari ajoyib o‘zbek kino ustalarining xizmatlari benazirdir. O`zbekistonda madaniy qurilish jarayonining chuqurlashib borishiga mamlakatda avj olgan totalitar tuzum zo‘ravonligi va bedodligi jiddiy to‘sqinlik tug‘dirdi. Bunday keskin, nosog‘lom muhitda madaniyat muassasalarining faoliyati cheklanib, bu soha xodimlarining ijodkorligi har tomonlama qiyin-qistov va siquvga olindi. Bu esa respublika madaniy hayoti maromining normal kechishiga, shubhasiz, salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu davrda o‘zbek adabiyoti ham jiddiy hayotiy sinovlar jarayonini boshdan kechirdi. O`zining boy tarixiy an’analariga ega bo‘lgan bu adabiyot xalq ruhining ko‘zgusi sifatida uning ma’naviy hayotini tashkil qilishda, zamon muammolarini idrok etish hamda hal etishda o‘z hissasini qo‘shib bordi. Sovetlar insonlarning ongi, shuuriga ta’sir etish, ularni ma’nan va ruhan tarbiyalashda adabiyot va san’atning o‘rni va roli beqiyosligini hisobga olib, uni yangi sotsialistik qurilish xizmatiga faol jalb etishga intildilar. Ularning nazdida adabiyot kuchli mafkuraviy qurol sifatida yangi tuzumni mustahkamlashga xizmat qilishi lozim edi. VKP(b) MQ ning 1925-yil 18-iyunda qabul qilgan “Partiyaning adabiyot sohasidagi siyosati to‘g‘risida” nomli qarorida shu ruh, shu g‘oya aks ettirilgan edi. Bu hujjat o‘zbek adabiyoti va uning namoyondalari uchun ham qo‘llanma hisoblanardi. Unda ochiqdan-ochiq sovet mafkurasiga zid adabiyot “burjua mafkurasi xizmatkori”, deb e’lon qilingandi. Bu albatta, har bir ijodkor zimmasiga mashaqqatli vazifa yuklardi. Negaki, har bir shoir yoki adib sovet mafkurasi talablaridan biroz bo‘lsada chetlashsa, o‘z xalqining boy tarixiy o‘tmishi yoki ulug‘ ajdodlari hayotidan asar yozguday bo‘lsa, uning og‘ir jazoga ro‘baro‘ kelishi hech gap emas edi. Biroq har qanday tazyiqu ta’qiblarga qaramay o‘zbek adabiyoti bu yillarda muhim yutuqlarga erishib, jiddiy o‘zgarishlar yo‘lidan ilgarilab bordi. Bu o‘rinda Abdulla Qodiriyning “O`tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Cho‘lponning “Kecha va kunduz”, Sadriddin Ayniyning “Odina”, “Sudxo‘rning o‘limi”, Fitratning “Abulfayzxon”, Oybekning “Qutlug‘ qon”, G`afur G`ulomning “Ko‘kan”, “Yodgor” va shu singari o‘z davri uchun muhim voqea bo‘lgan badiiy g‘oyasi yuksak asarlarni alohida qayd etmoq lozim bo‘ladi. Download 0.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling