Ish haqining ishbay va vaqtbay tizimlarini qo‘llash. Mehnatga haq to‘lashning oddiy tizimlari. Bu tizimlar ishchilarning ish haqini mehnat natijalarini hisobga olishning faqat bir ko‘rsatkichiga: ish vaqtiga yoki bajarilgan qurilish ishlari miqdoriga qarab shakllantiradi.
Oddiy vaqtbay tizim xodimning maoshini uning tarif stavkasiga va amalda ishlagan vaqtiga qarab shakllantiradi. SHunga muvofiq holda soatbay, kunbay va oylik tarif stavkalari qo‘llanadi. Oddiy vaqtbay haq to‘lashda ishlangan vaqt miqdori bilan maosh o‘rtasidagi aloqa proporsional xarakterga ega bo‘ladi.
Oddiy ishbay haq to‘lashda ishchining maoshi tayyorlangan mahsulot (bajarilgan ish) birligiga to‘lanadigan haq miqdoridan iborat bo‘lgan ishbay belgilangan narxga va ana shu mahsulot miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Amaliyotda mehnatga haq to‘lashning bevosita individual, jamoa (brigada), akkord, bilvosita, ishbay-progressiv, ishbay-regressiv tizimlari qo‘llanishi mumkin.
Mehnatga haq to‘lashning akkord tizimi shunisi bilan ajralib turadiki, unda ayrim operatsiyalar yoki ish turlarining bajarilishiga emas, balki akkord topshiriqqa kiradigan ishlarning muayyan kompleksi bajarilishiga haq to‘lanadi.
Ishbay-progressiv haq to‘lashning o‘ziga xos unsurlari ishbay normalarni bajarishning boshlang‘ich darajasidan (rassenkaning ko‘payishi shundan boshlanadi (baza)) hamda normalarni boshlang‘ich bazadan muayyan darajada oshirib bajarilganida ishbay rassenkaning ko‘payish miqdorini ko‘rsatuvchi progressiv qo‘shimchalar shkalasidan iborat.
4.2. Ish vaqti fondi
Xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
Ish vaqtining normal muddati. Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati etti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.
Korxonada ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilingan taqdirda Mehnat Kodeksining 123-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |